MUQADDAS KITOB NUQTAI NAZARI
Qimor
Ba’zilar qimor o‘yinlarini zararsiz, boshqalar esa xavfli deb biladi.
Qimor o‘yinlarini o‘ynash yomonmi?
ODAMLARNING FIKRI.
Aksariyat insonlar, agarda qimor o‘yinlari davlat tomonidan rasman ruxsat etilgan bo‘lsa, bu o‘yinlarni zararsiz vaqtichog‘lik deb hisoblaydi. Ayrim rasmiy qimor o‘yinlari, masalan, davlat homiylik qiladigan lotereyadan tushgan pullar jamiyat ehtiyojlariga sarflanadi.
MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN?
Muqaddas Kitobda qimor o‘yinlari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytilmagan. Lekin undan Xudo qimor o‘yinlariga nisbatan qanday munosabatda ekanini ko‘rsatuvchi prinsiplarni topsa bo‘ladi.
Qimor o‘yinlarining asosiy maqsadi boshqa insonlarning yutqizgani hisobidan pul ishlab olishdir. Lekin bu Muqaddas Kitobdagi «o‘zingizni har turli ochko‘zlikdan saqlanglar» degan ogohlantirishga ziddir. (Luqo 12:15) Qimor o‘yinlari insonda ochko‘zlikni rivojlantiradi. Qimor o‘yinlarini o‘tkazuvchi tashkilotlarda qancha pul ishlab olishingiz mumkinligini aytishadi-yu, o‘sha pulni yutib olish imkoniyatingiz kam ekanini hatto tilga ham olishmaydi. Boyib ketish istagi insonlarni kazinolarda ko‘p miqdorda pul tikishga undaydi. Qimor o‘yinlari insonlarni ochko‘zlikdan himoyalamaydi, aksincha, oson yo‘l bilan pul topish istagini kuchaytiradi.
Qimorbozlik xudbin istakka, ya’ni boshqalar yutqizgani hisobidan pul ishlab olishga asoslanadi. Ammo Muqaddas Kitobda «har kim o‘zining emas, o‘zganing manfaatini ko‘zlasin» degan chorlov bor. (1 Korinfliklarga 10:24) Musoning Tavrot kitobidagi O‘nta amrdan birida shunday deb aytilgan: «Yaqiningizning... [hech bir narsasiga] ko‘z olaytirmanglar». (Chiqish 20:17) Odam qimor o‘ynaganida esa boshqalar yutqizgan puldan foyda ko‘rishga umid qiladi.
Muqaddas Kitob omadni baraka keltiruvchi g‘ayrioddiy kuch deb hisoblashdan ogohlantiradi. Masalan, qadimda ba’zi isroilliklarning Xudoga bo‘lgan imoni sustlashgani dastidan ular omad xudosiga dasturxon yozishgan. Lekin Xudo omad xudosiga sig‘inishni ma’qullarmidi? Yo‘q, albatta. U isroilliklarga shunday deb aytgan: «Mening nazarimda yomon ishlar qilaverdingiz, Meni ranjitadigan narsalarni tanladingiz». (Ishayo 65:11, 12)
To‘g‘ri, dunyoning ayrim joylarida davlatlar qimor o‘yinlaridan tushgan pullarni ilm-fan, iqtisodiyot hamda ijtimoiy dasturlarni rivojlantirish uchun sarflaydi. Lekin bu mablag‘lardan foydalanish pullar qaysi yo‘l bilan topilganini oqlamaydi. Zero qimor o‘yinlari insonlarni ochko‘zlik, xudbinlik hamda oson yo‘l bilan mo‘maygina daromad topish istagini kuchaytiradi.
«Yaqiningizning... [hech bir narsasiga] ko‘z olaytirmanglar». (Chiqish 20:17)
Qimor o‘yinlari qanday yomon oqibatlarga olib keladi?
MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN?
Muqaddas Kitobda shunday ogohlantirish bor: «Boyib ketish niyatida yurganlar esa vasvasaga tushib, tuzoqqa ilinib, insonlarni halokat-u o‘limga olib boradigan ko‘p bema’ni va zararli istaklarga mubtalo bo‘ladilar». (1 Timo‘tiyga 6:9) Insonlarni qimor o‘yinlarini o‘ynashga ochko‘zlik undaydi. Ochko‘zlik esa shunchalik yomon illatki, u hatto Muqaddas Kitobda qoralangan ishlar qatorida tilgan olingan. (Efesliklarga 5:3)
Qimor o‘yinlarining maqsadi: oson yo‘l bilan pul topish. Qolaversa, qimor insonni pulni sevishga undaydi. Muqaddas Kitobda esa: «Har turli yomonlikning negizi pulparastlikdir»,— deb aytilgan. Pulga bo‘lgan sevgi kuchayib borganidan inson huzur-halovatini yo‘qotadi va Xudo bilan bo‘lgan munosabatlari buziladi. Muqaddas Kitobda pulga berilgan insonlar «ko‘pgina azoblarga duch kelib, [majoziy ma’noda] o‘zlarini yaralashdi» deb aytilgan. (1 Timo‘tiyga 6:10)
Ochko‘zlik insonning qalbida ildiz otganida, u hayotidan, moddiy ahvolidan norozi bo‘la boshlaydi va quvonchini yo‘qotadi. Muqaddas Kitobda quyidagicha deyilgan: «Kumushni sevgan kumushga, boylikni sevgan esa mol-dunyoga aslo to‘ymaydi». (Voiz 5:10)
Millionlab insonlar qimor o‘yinlariga qaram bo‘lib, tuzoqqa ilinishgan. Bu muammo shunchalik keng tarqalganki, birgina Amerika Qo‘shma Shtatlarining o‘zida millionlab insonlar bu kasallikka mubtalo bo‘lishgan.
Muqaddas Kitobda quyidagicha yozilgan: «Ochko‘zlik bilan olingan meros, natijada baraka keltirmaydi». (Hikmatlar 20:21) Qimor o‘yinlariga qaram bo‘lib qolgan insonlar qarzga botib ketishadi, kasodga uchrashadi. Ishidan, do‘stlaridan va hatto oilasidan mahrum bo‘lishadi. Lekin Muqaddas Kitob prinsiplarini qo‘llash orqali qimor o‘yinlari keltiradigan ko‘plab muammolardan qochsa bo‘ladi.
«Boyib ketish niyatida yurganlar esa vasvasaga tushib, tuzoqqa ilinib, insonlarni halokat-u o‘limga olib boradigan ko‘p bema’ni va zararli istaklarga mubtalo bo‘ladilar». (1 Timo‘tiyga 6:9)