Xudoni tanib-bilish sizga qanday foyda keltiradi?
Ushbu maqolalar turkumida biz «Xudo aslida qanaqa?» degan savolga javob topishga yordam beradigan turli omillarni birin-ketin ko‘rib chiqdik. Biz Muqaddas Kitobga ko‘ra Xudoning ismi Yahova ekanini va Uning asosiy fazilati sevgi ekanini ko‘rib chiqishdan boshladik. Shuningdek, U insonlar uchun nimalar qilgani va kelajakda nimalar qilmoqchi ekanini muhokama qildik. Alloh haqida bilib olishimiz mumkin bo‘lgan narsalar juda ko‘p, ammo sizni «Bundan menga nima foyda?» degan savol qiziqtirishi mumkin.
Yahova shuni va’da beryaptiki, Uni izlaganlar albatta topadi. (1 Solnomalar 28:9) Xudoni tanib-bilganingiz va izlaganingiz sayin, nihoyatda qimmatbaho hadyaga, ya’ni «U bilan yaqin do‘st bo‘lish» imkoniga ega bo‘lasiz! (Zabur 25:14) Bunday do‘stlik sizga qanday foyda keltiradi?
Haqiqiy baxtga erishasiz. Yahova «baxtiyor Tangri» deb atalgan. (1 Timo‘tiyga 1:11) Unga yaqinlashsangiz va Uning yo‘llaridan yursangiz, haqiqiy baxtga erishasiz. Bu esa sizga hissan, ruhan va jismonan yaxshi ta’sir qiladi. (Zabur 33:12) Zararli hayot tarzidan qochib, foydali odatlarni hamda boshqalar bilan yaxshi munosabatlarni rivojlantirsangiz, baxtli hayot kechirasiz. Shunda siz ham sano bastakorining mana bu so‘zlariga qo‘shilsangiz kerak: «Men uchun Xudoga yaqinlashish qanchalar yaxshi!» (Zabur 73:28)
Xudoning g‘amxo‘rligi va e’tiborini o‘zingizda his qilasiz. Yahova O‘z xizmatchilariga: «Sendan ko‘zimni uzmay, maslahat beraman»,— deb va’da bermoqda. (Zabur 32:8) Bu Yahova har bir xizmatchisiga alohida e’tibor berib, ularning o‘zgacha ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishini anglatadi. (Zabur 139:1, 2) Tangri Yahova bilan yaqin munosabatlarni rivojlantirsangiz, U doim yoningizda ekanini his qilasiz.
Sizni porloq kelajak kutadi. Xudovand Yahova nafaqat hozir baxtli va mazmunli hayot kechirishingizga yordam beradi, balki siz uchun porloq kelajakka yo‘l ochmoqda. (Ishayo 48:17, 18) Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Abadiy hayotga ega bo‘lish uchun, Seni — tanho haq Xudoni va Sen yuborgan Iso Masihni tanib-bilish kerak». (Yuhanno 17:3) Ushbu qiyin vaqtlarda Xudo taqdim etayotgan umid biz uchun «langardek ishonchli va mustahkamdir». (Ibroniylarga 6:19)
Biz Xudoni yaxshiroq tanib-bilish va U bilan shaxsiy munosabatlarni rivojlantirish kerakligining muhim sabablaridan bir nechtasini muhokama qildik. Bu borada ko‘proq ma’lumot olish uchun siz Yahova Shohidlarining biri bilan suhbatlashishingiz yoki jw.org saytiga kirishingiz mumkin.