Xudoning ismi nima?
Kim bilandir tanishayotganda, birinchi navbatda: «Ismingiz nima?» — deb so‘raysiz. Agar Xudoga shu savolni berganingizda, U nima degan bo‘lardi?
«Men Yahovaman. Bu — Mening ismim». (Ishayo 42:8)
Ehtimol, bu siz uchun yangilikdir. Chunki aksariyat Muqaddas Kitob tarjimonlari Xudoning ismini kamdan-kam qo‘llagan yoki umuman olib qo‘ygan. Aksar holda ular bu ismni «RABB» yoki «EGA» unvoni bilan almashtirgan. Ammo Muqaddas Kitobning asl nusxasida Xudoning ismi taxminan 7 000 marta uchraydi. Bu ism to‘rtta ibroniycha undosh harfdan iborat bo‘lib, YHVH harflari bilan ifodalanadi. O‘zbek tiliga bu ism «Yahova» deb tarjima qilingan.
Ibroniycha matnda va boshqa tarjimalarda Xudoning ismi ko‘p marotaba uchraydi
NEGA XUDONING ISMINI BILISH MUHIM?
Bu ism Xudo uchun muhim. Hech kim Unga bu ismni bermagan, Uning O‘zi mazkur ismni tanlagan. Yahova shunday degan: «Bu — Mening abadiy qoladigan ismimdir va nasldan naslga Meni shu ismim bilan yodga olishadi». (Chiqish 3:15) Muqaddas Kitobda Xudoning ismi Qodir Tangri, Ota, Rabb, Ega yoki Xudo kabi unvonlaridan hamda Ibrohim, Muso, Dovud va Iso singari insonlarning ismlaridan ko‘ra ko‘proq uchraydi. Qolaversa, Yahovaning O‘zi ismi hammaga ma’lum bo‘lishini istaydi. Zero Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Xalqlar isming Yahova ekanini, zamin uzra yolg‘iz Sen Alloh Taolo ekaningni bilib olsin». (Zabur 83:18)
Bu ism Iso payg‘ambar uchun muhim. Iso payg‘ambar namunali ibodatida shogirdlariga: «Isming muqaddas bo‘lsin»,— deb ibodat qilishni o‘rgatgan. (Matto 6:9) Uning o‘zi ham Xudoga: «Ota, ismingni ulug‘la»,— deb ibodat qilgan. (Yuhanno 12:28) Iso Xudoning ismini ulug‘lashni hayotida birinchi o‘ringa qo‘ygan. Shu sababli u ibodatida: «Men ismingni ularga ma’lum qildim va yana ma’lum qilaman»,— deya olgan. (Yuhanno 17:26)
Bu ism Xudoni tanib-bilganlar uchun muhim. Xudoning qadimgi xizmatchilari qutqarilish va najot topish Xudoning ismi bilan chambarchas bog‘liq ekanini tushunishgan. «Yahovaning ismi mustahkam qal’adir. Odil kishi u yerga qochib borib, omon qoladi». (Hikmatlar 18:10) «Yahovaning ismini aytib chaqirgan har bir inson qutqariladi». (Yo‘el 2:32) Muqaddas Kitobdan ko‘rinib turganidek, Xudoning ismi Unga xizmat qilayotganlarni ajratib turadigan belgidir. «Barcha xalqlar o‘z xudosining nomi ila yuradi, biz esa, abadulabad Xudoyimiz Yahovaning nomi ila yuramiz». (Mixo 4:5; Havoriylar 15:14)
XUDONING ISMI NIMANI OSHKOR QILMOQDA?
Bu ism Xudoning shaxsiyatini ochib beradi. Ko‘p olimlar «Yahova» degan ism «U bo‘ldiradi» degan ma’noga ega deb hisoblaydi. Yahova Musoga: «Men Kim bo‘lishni istasam, O‘sha bo‘laman»,— deb aytganida, ismining ma’nosini ochib bergan. (Chiqish 3:14) Bu ism U butun borliqning Yaratuvchisi ekanidan ko‘proq narsani oshkor etadi. U nafaqat O‘zi Kim bo‘lishni istasa O‘sha bo‘ladi, balki O‘z xohishiga muvofiq ijodlari vositasida irodasini bo‘ldiradi. Unvonlar Xudoning mavqei, hokimiyati yoki kuchini tasvirlab bersa-da, faqatgina Uning «Yahova» degan ismi Uning shaxsiyatini hamda Kim bo‘la olishini yaxshi ochib beradi.
Bu ism Xudo bizga befarq emasligini oshkor etadi. Mazkur ismning ma’nosidan U ijodlariga, jumladan, bizga g‘amxo‘rlik qilayotganini ko‘rsa bo‘ladi. Boz ustiga, Xudo O‘z ismini ochib bergani Uni tanib-bilishimizni istayotganidan dalolat beradi. Qolaversa, odamlar Uning ismi bilan qiziqishidan oldin Xudo tashabbus ko‘rsatib, O‘z ismini oshkor etgan. Demak, Xudo Unga nisbatan mavhum bir ilohiy zotdek emas, balki Unga yaqinlashish mumkin bo‘lgan mavjud Shaxsdek qarashimizni istaydi. (Zabur 73:28)
Xudoning ismini tilga olganimiz biz Unga befarq emasligimizni ko‘rsatadi. Faraz qiling, siz do‘stlashmoqchi bo‘lgan insondan ismingizni aytib chaqirishni so‘radingiz. Mabodo bu inson atayin ismingizni aytmasa, o‘zingizni qanday his qilardingiz? Shunday paytda «Umuman bu odam men bilan do‘stlashishni xohlaydimi?» deya o‘ylanib qolasiz. Xudo bilan ham vaziyat xuddi shunday. Yahova insoniyatga O‘z ismini ochib berdi va U bizni ismini aytib chaqirishga undaydi. Uning ismini tilga olganimizda, Unga yaqinlashish istagimiz borligini ko‘rsatamiz. Hatto Xudo Uning «ismi ustida mulohaza yuritadiganlarga [yoki “e’zozlaydiganlarga”, izoh]» e’tibor beradi. (Malaki 3:16)
Xudoning ismini bilish Uni tanib-bilishda qo‘yilgan birinchi muhim qadamdir. Ammo bu bilan kifoyalanib qolmasligimiz kerak. Biz bu ism egasi qanday Shaxs ekanini o‘rganishimiz lozim. Uning qanaqa fazilatlari borligini bilib olishimiz zarur.
XUDONING ISMI NIMA? Xudoning ismi — Yahova. Bu ism Xudo O‘z va’dasini bajaradigan Shaxs ekanini oshkor etadi