Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Haqiqatni izlab...

Haqiqatni izlab...

Haqiqatni bilish hayot-mamot masalasi bo‘lishi mumkin. Masalan: «Yuqumli kasalliklar qanday tarqaladi?» — degan savolning javobi hayotimizga qay yo‘sin ta’sir qilganini ko‘rib chiqaylik.

Minglab yillar davomida ushbu savolning javobini hech kim aniq bilmagan. Bu davr ichida epidemiyalar millionlab insonlarni hayotdan olib ketgan. Oxir-oqibat olimlar haqiqatning tagiga yetishdi. Ular odatda bakteriya va viruslar kabi mikroblar kasalliklarga sabab bo‘lishini bilib olishdi. Shu birgina haqiqat ko‘pgina kasalliklarning oldini olish va davolashda yordam berdi. Bu tufayli milliardlab odamlar uzoq va sog‘lom hayot kechiryapti.

Boshqa muhim savollar, masalan, quyidagilar haqida nima desa bo‘ladi:

  • Xudo aslida qanaqa?

  • Iso Masih kim?

  • Xudoning Shohligi — u nima?

  • Bizni qanday kelajak kutyapti?

Millionlab insonlar ushbu savollarning javobini topishdi va hayotini yaxshilashdi. Siz ham bu savollarning javobini bilishdan foyda olishingiz mumkin.

HAQIQATNI TOPISHNING ILOJI BORMI?

«Haqiqatni topishning iloji bormi?» — deb hayron bo‘layotgandirsiz. Chindan ham ko‘p narsalar to‘g‘risida haqiqatni bilish tobora qiyin bo‘lib boryapti. Nega?

Aksariyat insonlar hukumatlar, kompaniyalar yoki jurnalistlar ularga rost gapirayotganiga ishonishmaydi. Ular faktlarni shaxsiy qarashlardan, qisman rost bo‘lgan xabardan va xuddi ishonchli ma’lumotday taqdim etilayotgan g‘irt yolg‘ondan farqlashga qiynalishadi. Odamlar bir-biriga ishonmagani hamda ko‘p ma’lumotlar soxta bo‘lgani sababli, ular nafaqat faktlar qanday talqin qilinishi, balki aslida nima fakt ekani borasida bir qarorga kela olishmayapti.

Bunday qiyinchiliklarga qaramay, hayotdagi eng muhim savollarga ishonchli javoblar topishning iloji bor. Qanday qilib? Bunda kundalik hayotdagi uncha muhim bo‘lmagan masalalarni hal qilayotib qo‘llaydigan yondashuvimiz asqatadi.

HAQIQATNI IZLASH YO‘LIDA

Qaysidir ma’noda haqiqatni har kuni izlaysiz. Jessika ismli ayolning vaziyatini ko‘rib chiqaylik. U shunday deydi: «Qizimning yeryong‘oqqa kuchli allergiyasi bor. Hatto yeryong‘oq oqsilining ozgina miqdori ham uni o‘ldirishi mumkin». Shuning uchun Jessika sotib olayotgan oziq-ovqat mahsulotlari qizi uchun xavfsiz ekaniga amin bo‘lishi kerak. Gapida davom etib, u quyidagicha dedi: «Birinchi navbatda mahsulot tarkibini tekshirish uchun uning yorlig‘ini yaxshilab o‘qib chiqaman. Keyin esa izlanish olib borishda davom etib, ishlab chiqaruvchi bilan bog‘lanaman. Undan zavodda ishlab chiqarilgan mahsulot tarkibiga yeryong‘oq oqsili adashib qo‘shilib qolish ehtimoli bor-yo‘qligini surishtiraman. Bundan tashqari, oziq-ovqat tayyorlash borasida bu zavod ishonchli ekaniga kafolat bera oladigan boshqa ishonchli manbalarni ko‘rib chiqaman».

Ehtimol, siz kundalik hayotda izlaydigan savollarning javobi Jessikaniki kabi muhim emasdir. Ammo o‘z savollaringizga javob izlayotib, u kabi quyidagi yondashuvni qo‘llasangiz bo‘ladi:

  • Faktlarni bilib oling.

  • Qo‘shimcha izlanish olib boring.

  • Manba ishonchli ekaniga amin bo‘ling.

Bunday yondashuv hayotdagi eng muhim savollarga ishonchli javoblar topishingizga yordam beradi. Qanday qilib?

HAQIQAT MANBAI BO‘LMISH NOYOB KITOB

Hayotdagi eng muhim savollarga javob izlayotib, Jessika qizining oziq-ovqatga bo‘lgan allergiyasi tufayli izlanish o‘tkazganida qo‘llaydigan usulidan foydalandi. U shunday dedi: «Muqaddas Kitobni sinchkovlik bilan o‘qish va chuqur tadqiq qilish ishonchli javoblarni topishimga yordam berdi». Jessika kabi millionlab insonlar quyida keltirilgan savollarga Muqaddas Kitobda qanday javob berilganini bilib olishdi:

  • Nima uchun dunyoga kelganmiz?

  • O‘limdan keyin nima sodir bo‘ladi?

  • Nega odamlar azob chekyapti?

  • Xudo azoblarga chek qo‘yish uchun nima qiladi?

  • Oilaviy baxtga qanday erishsak bo‘ladi?

Muqaddas Kitobni o‘qish va www.dan124.com saytida onlayn qo‘shimcha izlanish olib borish orqali bu va boshqa savollarga ishonchli javoblar topa olasiz.