Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Xudoning Shohligi nimalarni amalga oshiradi?

Xudoning Shohligi nimalarni amalga oshiradi?

Iso payg‘ambar shogirdlariga Shohlik kelishi haqida ibodat qilishni o‘rgatgan. U yer yuzida sodir bo‘layotgan dahshatli voqealar Xudoning niyatiga kirmaganini va Xudoning Shohligi muammolarni bartaraf eta oladigan yagona hukumat ekanini bilgan. Xo‘sh, Xudoning Shohligi nimalarni amalga oshiradi?

XUDONING SHOHLIGI NIMALARNI AMALGA OSHIRGAN?

O‘tgan maqolada Hazrati Iso aytib o‘tgan belgini ko‘rib chiqdik. Ushbu belgi — Iso Masih boshqaruvi ostidagi Allohning Shohligi osmonda o‘rnatilganining ko‘zga ko‘rinadigan yaqqol dalilidir.

Muqaddas Kitobda Iso taxtga o‘tirishi bilan Shayton va jinlarni osmondan uloqtirishi bashorat qilingandi. Endi ular faqatgina yer yuziga o‘z ta’sirini o‘tkaza olishadi. Bu esa 1914-yildan beri yer yuzidagi ahvol keskin yomonlashib ketayotganining sabablaridan biridir. (Vahiy 12:7, 9)

Dunyodagi vaziyat og‘irlashib borayotganiga qaramay, Iso alayhissalom Xudo Shohligining Shohi sifatida butun yer yuzidagi insonlarga yordamlashish uchun ancha mehnat qilyapti. Iso tomonidan karomat qilingan Muqaddas Kitob umumjahon ma’rifat ishi tufayli ko‘plab odamlar ilohiy prinsiplarni o‘rganishyapti va ularni kundalik hayotlarida qo‘llashyapti. (Ishayo 2:2–4) Millionlab insonlar qanday qilib oilada baxtga erishish mumkinligini, shuningdek, ish yoki moddiy narsalarga berilib ketmaslikni o‘rganishyapti. Ular bu ta’limdan hozirning o‘zida foyda olishyapti va Xudo O‘z Shohligida ko‘rishni istaydigan fuqarolar bo‘lishyapti.

XUDONING SHOHLIGI YANA NIMALAR QILADI?

Garchi Hazrati Iso samoda allaqachon boshqarayotgan bo‘lsa-da, insoniy hukumatlar yer yuzi ustidan hamon hokimlik qilib kelmoqda. Ammo Xudo Isoga: «Borib dushmanlaring orasida hukmronlik qil»,— deb amr etgan. (Zabur 110:2) Yaqinda Shoh Iso barcha dushmanlarini batamom yo‘q qiladi va Xudoga tayyorlik bilan bo‘ysunayotgan insonlarni jamiki muammolardan xalos etadi.

Tez orada Xudoning Shohligi quyidagi ishlarni amalga oshiradi:

  • Soxta dinga batamom chek qo‘yadi. Xudo haqida soxta ta’limotlar o‘rgatib, odamlarning hayotini qiyinlashtirayotgan dinlar yo‘q qilinadi. Allohning Kalomi soxta dinni fohisha sifatida tasvirlaydi. Uning halokati ko‘plarni larzaga tushiradi. (Vahiy 17:15, 16)

  • Insoniy boshqaruvga yakun yasaydi. Xudoning Shohligi barcha insoniy hukumatlarni yo‘q qilish uchun amaliy choralar ko‘radi. (Vahiy 19:15, 17, 18)

  • Yovuz odamlarni yo‘q qiladi. Qabih ishlarga mukkasidan ketgan va Xudoga bo‘ysunishni istamayotgan kishilar bilan nima bo‘ladi? «Yovuzlar... yer yuzidan qirib tashlanadi». (Hikmatlar 2:22)

  • Shaytonni va jinlarni qirib tashlaydi. Shayton va jinlari boshqa hech qachon «xalqlarni yo‘ldan ozdira» olishmaydi. (Vahiy 20:3, 10)

Bularning bari Xudo Shohligining tarafdori bo‘lgan insonlar uchun nimani anglatadi?

XUDONING SHOHLIGI INSONIYATGA QANDAY BARAKALAR YOG‘DIRADI?

Hazrati Iso osmonda Shoh sifatida boshqarayotganida hech bir hukmdor qila olmagan ishlarni amalga oshiradi. Insonlar orasidan tanlangan va u bilan hukm suradigan 144 000 kishi unga bu ishda ko‘maklashadi. (Vahiy 5:9, 10; 14:1, 3) U Allohning irodasi yer yuzida bajarilishiga g‘amxo‘rlik qiladi. Xudoning Shohligi yer ahliga qanday barakalar yog‘diradi?

  • Kasalliklar va o‘limni bartaraf qiladi. «Hech kim: “Men kasalman”,— demaydi» va «o‘lim... boshqa bo‘lmaydi». (Ishayo 33:24; Vahiy 21:4)

  • Haqiqiy tinchlik va xavfsizlik o‘rnatadi. «Ularning tinchligi cheksiz bo‘ladi» va «ularning har biri o‘zining toki va anjir daraxti tagida o‘tiradi. Ularni hech kim dahshatga solmaydi». (Ishayo 54:13; Mixo 4:4)

  • Mazmunli ish bilan ta’minlaydi. «Tanlaganlarim o‘z qo‘llari mehnatining rohatini ko‘radi. Ular behudaga mehnat qilmaydi». (Ishayo 65:22, 23)

  • Atrof-muhit muammolarini hal qiladi. «Sahro va qaqragan yer quvonadi, dasht-biyobon shodlanib, za’faron kabi gullaydi». (Ishayo 35:1)

  • Abadiy yashash uchun nima qilish kerakligini odamlarga o‘rgatadi. «Abadiy hayotga ega bo‘lish uchun, Seni — tanho haq Xudoni va Sen yuborgan Iso Masihni tanib-bilish kerak». (Yuhanno 17:3)

Xudo yuqorida tilga olingan barakalardan bahramand bo‘lishingizni xohlaydi. (Ishayo 48:18) Navbatdagi maqolada ushbu ajoyib kelajakni qo‘lga kiritish uchun hozirdan qanday choralar ko‘rishingiz mumkinligi tushuntiriladi.