Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Dunyoning oxiri keladimi?

Dunyoning oxiri keladimi?

Ehtimol, Muqaddas Kitobda dunyoning oxiri haqida aytilganini bilarsiz. (1 Yuhanno 2:17) Bu hamma odamlar qirilib ketishini anglatadimi? Yer yuzida hayot tugaydimi? Sayyoramiz butunlay yo‘q bo‘lib ketadimi?

MUQADDAS KITOBDA BU SAVOLLARGA «YO‘Q» DEB JAVOB BERILGAN

Nima yo‘q qilinmaydi?

INSONIYAT

Muqaddas Kitobda nima deyilgan? «Tangri Yerni bekorga emas, insonlar yashashi uchun barpo etgan». (ISHAYO 45:18)

YER SAYYORASI

Muqaddas Kitobda nima deyilgan? «Bir avlod o‘tib, boshqasi keladi, lekin yer abadiy turadi». (VOIZ 1:4)

BU NIMANI ANGLATADI? Allohning Kalomiga ko‘ra, Yer hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydi va unda hamisha insonlar yashaydi. Agar shunday bo‘lsa, dunyoning oxiri deganda nima nazarda tutiladi?

O‘YLAB KO‘RING. Muqaddas Kitobda bu dunyoning oxiri yaqinlashayotgan payt Nuh payg‘ambarning davri bilan solishtirilgan. O‘shanda yer «zo‘ravonlikka to‘lib ketgan» edi. (Ibtido 6:13) Lekin Nuh odil inson bo‘lgan. Shunga Xudo uni va oilasini saqlab qolgan, yovuz insonlarni esa to‘fon bilan yo‘q qilgan. Bu borada Muqaddas Yozuvlarda shunday deyilgan: «O‘sha qadimgi dunyo suvlar ostida qolib, yo‘q bo‘lib ketgan». (2 Butrus 3:6) Shu tariqa o‘sha dunyo oxiriga yetgan. Xo‘sh, o‘shanda nima yo‘q qilingan? Yer emas, balki undagi yovuz odamlar. Demak, Muqaddas Kitobda dunyoning oxiri haqida aytilganida, Yer sayyorasi emas, aksincha, yovuz insonlar yo‘q qilinishi va ularning yomon ishlariga chek qo‘yilishi nazarda tutiladi.

Nima yo‘q qilinadi?

MUAMMOLAR VA YOVUZLIK

Muqaddas Kitobda nima deyilgan? «Yana bir ozdan so‘ng yovuzlar yo‘q bo‘ladi, ularning joyiga qaraysan-u, ammo ularni topa olmaysan. Kamtar kishilar esa yer yuziga egalik qiladi, ular tinchlik-xotirjamlikda umr kechirib, behad shod bo‘ladi». (ZABUR 37:10, 11)

BU NIMANI ANGLATADI? Nuhning davridagi To‘fon yovuzlikni butkul yo‘q qilmagan edi. To‘fondan so‘ng yovuz kimsalar yana odamlarga ozor bera boshlashdi. Lekin yaqinda Alloh yovuzlikka chek qo‘yadi. Sano bastakori aytganiday, «yovuzlar yo‘q bo‘ladi». Xudo yovuzlikni O‘z Shohligi, ya’ni odil insonlar ustidan boshqaradigan yagona samoviy hukumati yordamida yo‘q qiladi.

O‘YLAB KO‘RING. Yer yuzidagi hukmdorlar Xudoning Shohligiga bajonidil itoat etishadimi? Muqaddas Kitobda aytilishicha, ular bunday qilishmaydi, aksincha, nodonlarcha Xudoning Shohligiga qarshi chiqishadi. (Zabur 2:2) Natijada nima yuz beradi? Xudoning Shohligi barcha insoniy hukumatlarning o‘rnini egallab, «o‘zi abadiy turadi». (Doniyor 2:44) Biroq nega insoniy boshqaruvga chek qo‘yilishi kerak?

Insoniy boshqaruvga CHEK QO‘YILISHI KERAK

Muqaddas Kitobda nima deyilgan? «Odamga hatto o‘z qadamlarini yo‘naltirish vakolati berilmagan». (YEREMIYO 10:23)

BU NIMANI ANGLATADI? Insonlar o‘zini-o‘zi boshqaradigan qilib yaratilmagan. Shunga ular boshqa odamlarni boshqarishga va ularning muammolarini hal qilishga ojiz.

O‘YLAB KO‘RING. Bir ensiklopediyaga ko‘ra, «qashshoqlik, ocharchilik, kasallik, tabiiy ofat, urush yoki boshqa zo‘ravonliklarni bartaraf etish» alohida hukumatlarning qo‘lidan kelmaydiganga o‘xshaydi. («Britannica Academic») U yerda yana: «Ayrimlarning fikricha, faqatgina dunyo ustidan o‘rnatilgan yagona boshqaruv bu muammolarni uzil-kesil hal qila oladi»,— deyilgan. Ammo barcha insoniy hukumatlar birlashsa ham, dunyoni yuqorida tilga olingan muammolarga chek qo‘ya olmaydigan nomukammal insonlar boshqargan bo‘lardi. Aslida faqatgina Xudoning Shohligi barcha global muammolarni butunlay bartaraf eta oladigan hukumatdir.

Muqaddas Yozuvlarga binoan, yaxshi insonlar bu dunyoning oxiridan, ya’ni yomon ishlarga chek qo‘yiladigan paytdan qo‘rqmasliklari, aksincha, uni intiqib kutishlari lozim. Chunki o‘shanda hozirgi yovuz dunyoning o‘rnini Xudo boshqaradigan yangi dunyo egallaydi.

Bularning bari qachon sodir bo‘ladi? Bu haqda Muqaddas Kitobda nima deyilganini keyingi maqoladan bilib olamiz.