Oxirat qachon keladi?
O‘tgan maqoladan bilib olganimizday, Muqaddas Kitobda dunyoning oxiri deganda Yer sayyorasi yoki insoniyat yo‘q bo‘lib ketishi nazarda tutilmaydi. Aksincha, bu shuni anglatadiki, yovuzlikka to‘lgan hozirgi zamon va uni qo‘llab-quvvatlayotgan barcha yo‘q qilinadi. Lekin Muqaddas Kitobda ushbu yovuz dunyoning oxiri kelishi haqida aytilganmi? Keling, bu borada Iso payg‘ambar nima deganini ko‘rib chiqaylik.
ISO PAYG‘AMBAR DUNYONING OXIRI HAQIDA AYTGAN IKKITA FIKR:
«Shunday ekan, hushyor turinglar, chunki aniq kunni ham, soatni ham bilmaysizlar». (MATTO 25:13)
«Shunday ekan ko‘z-quloq bo‘lib, hushyor turinglar, chunki aniq kunni ham, soatni ham bilmaysizlar». (MARK 13:33)
Demak, yer yuzida hech kim bu zamonning oxiri qachon kelishini aniq bilmaydi. Biroq Xudo dunyoning oxiri keladigan ma’lum «kun va... soatni» belgilagan. (Matto 24:36) Bu oxirat qachon kelishini bilish imkonsiz deganimi? Albatta yo‘q. Iso shogirdlariga dunyoning oxiri yaqin ekanini aniqlashga yordam beruvchi bir nechta hodisani aytib o‘tgan.
BELGI
Iso aytib o‘tgan quyidagi hodisalar «zamon oxirlab borayotganining» belgisi bo‘ladi: «Xalq xalqqa qarshi, podshohlik podshohlikka qarshi ko‘tariladi. Bir joyda, keyin boshqa joyda oziq-ovqat yetishmovchiligi va zilzilalar bo‘ladi». (Matto 24:3, 7) U shuningdek, «o‘latlar», ya’ni epidemiyalar bo‘lishini aytgan. (Luqo 21:11) Iso payg‘ambar bashorat qilgan hodisalar yuz berayotganini ko‘ryapsizmi?
Bugungi kunda insonlar urushlar, ocharchilik, zilzilalar va ketma-ket paydo bo‘layotgan kasalliklar tufayli azob chekyapti. Masalan, 2004-yili Hind okeanidagi kuchli zilzila oqibatida yuz bergan sunami taxminan 225 000 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Uch yil davomida COVID-19 pandemiyasi dastidan dunyo bo‘ylab taxminan 6,9 million inson vafot etdi. Iso alayhissalom aytganidek, shu kabi hodisalar zamon oxirlab borayotganining belgisi bo‘ladi.
«OXIRGI KUNLAR»
Muqaddas Kitobda oxirat kelishidan sal oldingi davr «oxirgi kunlar» yoki «oxirzamon» deb atalgan. (2 Butrus 3:3, 4) 2 Timo‘tiyga 3:1–5 ga ko‘ra, oxirzamonda odamlar axloqan buzilib ketishadi. (« Oxiratdan oldin yuz beradigan hodisalar» nomli ramkaga qarang.) Bugungi kunda insonlar xudbin, ochko‘z, shafqatsiz va mehr-oqibatsiz bo‘lib ketganiga guvoh bo‘lyapsizmi? Bu ham dunyoning oxiri yaqinlashib qolgan paytda yashayotganimizning isbotidir.
Oxirzamon qancha davom etadi? Muqaddas Kitobga binoan u «oz» vaqt davom etadi. Keyin Xudo yerni «xarob etuvchilarni» yo‘q qiladi. (Vahiy 11:15–18; 12:12)
YER YUZIDA BO‘LADIGAN JANNAT YAQINDIR!
Xudo bu yovuz zamonni yo‘q qilish vaqti va soatini allaqachon belgilab qo‘ygan. (Matto 24:36) Shunga qaramay, xushxabar bor: Alloh «hech kimning halok bo‘lishini istamaydi». (2 Butrus 3:9) Tangri insoniyatga Uning me’yorlari bo‘yicha yashash uchun imkoniyat beryapti. Nega? Chunki U oxirat kelganida omon qolishimizni va yer yuzini jannatga aylantirganida yangi dunyoda yashashimizni istaydi.
Alloh insonlar qanday qilib Uning Shohligi ostidagi yangi dunyoning fuqarolari bo‘lish mumkinligini bilib olishlari uchun umumjahon ta’lim berish dasturini tashkillashtirgan. Iso payg‘ambar Xudoning Shohligi haqidagi xushxabar «butun dunyo bo‘ylab va’z qilinishini» aytgandi. (Matto 24:14) Dunyo bo‘ylab Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitobdagi umidbaxsh xabarni va’z qilish va ta’lim berish uchun milliardlab soat sarflashdi. Iso alayhissalomning so‘zlariga ko‘ra, bu va’zgo‘ylik ishi dunyoning oxiri kelguniga qadar butun yer yuzi bo‘ylab amalga oshirilishi kerak edi.
Yaqinda insoniy boshqaruv o‘z yakuniga yetadi. Lekin xushxabar ham bor: siz dunyoning oxiri kelganida omon qolishingiz va Xudo va’da bergan yer yuzidagi jannatda yashashingiz mumkin. Keyingi maqolada bu yangi dunyoda yashash uchun nima qilishingiz kerakligi haqida gap boradi.
Hazrati Isoning «oxirzamon» haqidagi bashorati bizga umid bag‘ishlamoqda