Yangi dunyoda yashash uchun nima qilishingiz kerak?
Oldingi maqolalarda aytilganiday, yaqinda Xudo buzilib ketgan hozirgi jamiyatni va uning barcha muammolarini yo‘q qiladi. Bu yuz berishiga aminmiz. Nega? Chunki Xudoning Kalomi, ya’ni Muqaddas Kitobda shunday deyilgan:
«Dunyo... o‘tib ketadi». (1 YUHANNO 2:17)
Lekin omon qolganlar ham bo‘lishiga ishonishimiz mumkin. Negaki, yuqoridagi oyatning davomida quyidagi va’da bor:
«Xudoning irodasini bajarayotgan kishi esa abadiy yashaydi».
Demak, omon qolishning kaliti Xudoning irodasini bajarishdir. Xudoning irodasi nimadan iborat ekanini bilish uchun, avvalo, Uni tanib-bilishimiz kerak.
OXIRATDA OMON QOLISH UCHUN XUDONI «TANIB-BILISH» LOZIM
«Abadiy hayotga ega bo‘lish uchun, Seni — tanho haq Xudoni... tanib-bilish kerak». (Yuhanno 17:3) Oxiratda omon qolish va abadiy yashash uchun Xudoni tanib-bilishimiz darkor. Bu shunchaki Xudo mavjudligini yoki U haqida ayrim dalillarni bilishdan ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. Biz U bilan do‘st bo‘lishimiz lozim. Agar kim bilandir do‘stligimiz mustahkam bo‘lishini istasak, u bilan birga vaqt o‘tkazishimiz kerak. Xudo bilan do‘stlashish ham xuddi shunday. Alloh bilan do‘stligimizni rivojlantirishga va mustahkam saqlashga yordam beradigan Muqaddas Kitobdagi ba’zi muhim haqiqatlarni ko‘rib chiqaylik.
MUQADDAS KITOBNI KUNDA O‘QING
Biz yashash uchun muntazam ovqatlanamiz. Ammo Hazrati Iso: «Odam faqat non bilan emas, balki Yahovaning og‘zidan chiqqan har bir so‘z bilan yashaydi»,— deb aytgan. (Matto 4:4)
Bugungi kunda Yahovaning so‘zlarini Muqaddas Kitobdan topsak bo‘ladi. Mazkur kitobni tadqiq qilar ekansiz, Xudo o‘tmishda nima qilganini, hozir nima qilayotganini va kelajakda nima qilishini bilib olasiz.
YORDAM SO‘RAB XUDOGA IBODAT QILING
Bordi-yu, Xudoga itoat etishni istasak, ammo U noto‘g‘ri deb aytgan ishlardan voz kechish biz uchun qiyin bo‘lsa, qanday yo‘l tutishimiz mumkin? Bunday vaziyatda Xudoni tanib-bilish bizga katta yordam bera oladi.
Bir ayolning misolini ko‘rib chiqaylik. Aytaylik ismi Salima. U axloqsiz hayot kechirgan. Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni boshlaganida, Xudoning «zinodan qochinglar» degan amrini bilib olgan. (1 Korinfliklarga 6:18) Salima Xudoga ibodat qilib kuch so‘ragan va axloqsiz ishlarni tashlagan. Lekin u vasvasalar bilan kurashishda davom etgan. «Agar axloqsiz fikrlar xayolimga kelsa, — deydi u, — bu bilan o‘zim kurasha olmasligimni bilib, Yahovaga ibodatda hammasini ochiq aytardim. Ibodat yordamida men Yahovaga yaqinlasha oldim». Salima kabi millionlab odamlar Xudoni tanib-bilishyapti. Alloh ularga hayotiga o‘zgarishlar kiritish va Unga ma’qul tarzda yashash uchun kerakli kuchni taqdim etyapti. (Filippiliklarga 4:13)
Xudoni yaxshiroq tanib-bilganingiz sari, qadrli do‘st sifatida U «tomonidan tanilasiz». (Galatiyaliklarga 4:9; Zabur 25:14) Shunda siz omon qolib, Xudo va’da berayotgan yangi dunyoda yashay olasiz. Ammo bu yangi dunyo qanday bo‘ladi? Buning javobini keyingi maqoladan bilib olamiz.
a Muqaddas Kitobga binoan, Xudoning ismi Yahova.