Keksalik va o‘limning sababi
O‘LIM Xudoning insoniyatga nisbatan niyatiga kirmagan. Ilk ota-onamiz bo‘lmish Odamato va Momohavo aqlan va jismonan mukammal qilib yaratilgan edi; ular hozirgacha tirik bo‘lishlari mumkin edi. Bu Yahovaning Odamatoga Adan bog‘ida o‘sgan bir daraxt haqida aytgan so‘zlaridan aniq ko‘rinib turibdi.
Xudo Odamatoga: «Undan [daraxtdan] yegan kuni o‘lasan»,— degan. (Ibtido 2:17) Agar Xudo Odamatoni qarib, o‘ladigan qilib yaratganida, bu amrni berishdan hech qanday ma’no bo‘lmasdi. Odamato daraxtning mevasidan yemasa, o‘lmasligini bilardi.
INSONLARNING O‘LISHI XUDONING NIYATIGA KIRMAGAN
Odamato bilan Momohavo hayotini davom ettirish uchun bu daraxtning mevasidan yeyishlari shart emasdi, chunki bog‘da boshqa ko‘plab mevali daraxtlar bor edi. (Ibtido 2:9) Bu daraxtning mevasidan yemay ilk juftlik ularga hayot ato etgan Zotga itoatkor ekanligini ko‘rsatishardi. Qolaversa, Xudo ularga yo‘l-yo‘riq berishga haqli ekanini tan olayotganini namoyon etishardi.
ODAMATO VA MOMOHAVO NEGA O‘LISHGAN?
Odamato bilan Momohavo nega o‘lishganini tushunish uchun, barchamizga o‘z ta’sirini o‘tkazgan bir suhbatga e’tibor qaratishimiz lozim. Shayton Iblis ziyon yetkazish maqsadida ilon orqali yolg‘on gapirgan. Muqaddas Kitobda shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «Xudovand Yahova yaratgan barcha yovvoyi jonivorlar ichida eng ehtiyotkori ilon edi. U ayoldan: “Xudo bog‘dagi hech bir daraxtning mevasidan yemanglar, deb aytgani rostmi?” — deya so‘radi». (Ibtido 3:1)
Momohavo unga shunday javob bergan: «Bog‘dagi daraxtlarning mevasidan yeyishimiz mumkin. Lekin Xudo bog‘ning o‘rtasidagi daraxtning mevasi haqida: “Undan yemanglar, unga tegmanglar. Aks holda, o‘lasizlar”,— deb aytgan». Bunga javoban ilon unga shunday degan: «Aslo o‘lmaysizlar. Xudo biladiki, undan yegan kuniyoq ko‘zlaringiz ochiladi va sizlar Xudo kabi nima yaxshi va nima yomon ekanini biladigan bo‘lasizlar». Shu tariqa, Shayton Yahovani ilk ota-onamizdan yaxshi narsalarni yashiradigan yolg‘onchiga chiqargan. (Ibtido 3:2–5)
Momohavo eshitganlariga ishongan. U daraxtga yaxshilab qaraganida, uning mevasi ko‘zga yoqimli ko‘ringan. Shunda u mevani olib yeya boshlagan. Voqeaning davomi haqida Muqaddas Kitobda: «Keyin eri uning yoniga kelganida, unga ham berdi va eri ham yedi»,— deyilgan. (Ibtido 3:6)
Xudo Odamatoga: «Undan yegan kuni o‘lasan»,— degan. (IBTIDO 2:17)
Bolalar quloq solmaganida ota xafa bo‘lgani singari, Xudo ham ilk juftlik bila turib Unga itoat etmaganida nihoyatda ranjigan. Bu vaziyatda U qanday yo‘l tutgan? Yahova Odamatoga: «Sen tuproqdan yaralgansan va tuproqqa qaytasan... Chunki sen tuproqdirsan va tuproqqa qaytasan»,— deb aytgan. (Ibtido 3:17–19) Shu bois «Odam hammasi bo‘lib 930 yil umr ko‘rdi va hayotdan ko‘z yumdi». (Ibtido 5:5) O‘lgach, Odamato osmonga yoki narigi dunyoga ketmagan. Yahova uni tuproqdan yaratguniga qadar u hech qayerda mavjud bo‘lmagan. Shuning uchun o‘lganida u o‘zi olingan tuproq kabi yana jonsiz bo‘lib qolgan va yo‘q bo‘lib ketgan. Qanchalik ayanchli!
NEGA BIZ MUKAMMAL EMASMIZ?
Bila turib itoatsizlik qilishgani uchun Odamato va Momohavo mukammallikdan va abadiy yashash istiqbolidan mahrum bo‘lishdi. Ularning jismoniy holati o‘zgardi; ular nomukammal va gunohkor bo‘lib qolishdi. Xudoga itoatsizlik qilgani tufayli gunoh nafaqat ularning o‘zlariga ta’sir qildi, balki avlodlariga ham meros bo‘lib o‘tdi. Rimliklarga 5:12 da shunday deyilgan: «Bitta odam [Odamato] dastidan dunyoda gunoh paydo bo‘ldi, gunoh orqali esa o‘lim. Shu tariqa o‘lim barcha insonlarga o‘tdi, demak ularning barchasi gunoh qilgan».
Muqaddas Kitobda gunoh va o‘limga «barcha xalqlar ustidagi yopinchiq» va «hamma millatlar ustidagi qoplama» deb ta’rif berilgan. (Ishayo 25:7) Bu o‘xshatma insoniyat gunoh va o‘limdan qochib qutula olmasligini anglatadi. Darhaqiqat, «Odamato dastidan hamma o‘limga duchor bo‘lgan». (1 Korinfliklarga 15:22) Xudoning xizmatchisi Pavlus ko‘targan quyidagi savol bizni ham qiziqtiradi: «O‘limga duchor bo‘ladigan mana shu tanamdan meni kim qutqaradi?» Bu kimningdir qo‘lidan keladimi? (Rimliklarga 7:24)