Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

2-TADQIQ MAQOLASI

Jamoat ichra Tangri Yahovaga hamdu sano ayting

Jamoat ichra Tangri Yahovaga hamdu sano ayting

Jamoat ichra Senga hamd-u sano aytaman. ZAB. 22:22

59-QO‘SHIQ Yahni madh etaylik!

BU MAQOLADA *

1. Dovud Yahovaga nisbatan nimani his etgan va bu tufayli u nima qilgan?

SHOH DOVUD: «Yahova buyukdir, yolg‘iz U hamd-u sanoga loyiq»,— deb yozgan. (Zab. 145:3) U Yahovani yaxshi ko‘rgan va bu sevgi tufayli u «jamoat ichra» Unga hamd-u sano aytgan. (Zab. 22:22; 40:5) Shubhasizki, siz ham Yahovani yaxshi ko‘rasiz va Dovudning quyidagi so‘zlariga qo‘shilasiz: «Senga abadulabad madhlar bo‘lsin, ey Yahova, otamiz Isroilning Xudosi!» (1 Sol. 29:10–13)

2. a) Qanday qilib Yahovaga hamd-u sano ayta olamiz? b) Ayrimlar qanday qiyinchilikka duch kelmoqda va nimaga diqqat qaratamiz?

2 Bugungi kunda Yahovaga hamd-u sano aytishimizning bir usuli yig‘ilishlarda sharh berish. Gap shundaki, anchagina birodar-u opa-singillarimiz bir qiyinchilikka duch kelmoqda. Ular uchrashuvlarda sharh berishni istashadi, ammo qo‘rquv dastidan bunday qilishga qiynalishadi. Xo‘sh, bu qo‘rquvni yengishda nima qo‘l keladi? Barchamizga dalda baxsh etadigan sharhlar berishimizga qanday amaliy maslahatlar ko‘maklashadi? Ushbu savollarga javob olishdan avval, keling, nega uchrashuvlarda sharh berish muhimligini ko‘rsatuvchi to‘rtta omilga diqqat qarataylik.

NEGA UCHRASHUVLARDA SHARH BERAMIZ?

3–5. a) Ibroniylarga 13:15 da aytilganiday, nima uchun yig‘ilishlarda sharh beramiz? b) Hammamiz bir xil sharh berishimiz kerakmi? Tushuntiring.

3 Yahovaga hamd-u sano aytish barchamiz uchun katta sharaf. (Zab. 119:108) Sharhlarimiz «hamd-u sano qurbonligimizning» bir qismi va bizning o‘rnimizga uni boshqa odam keltira olmaydi. (Ibroniylarga 13:15 ni o‘qing.) Yahova bizdan bunday qurbonlik keltirishimizni talab qiladimi? Aslo!

4 Yahova qobiliyatlarimiz va sharoitimiz turlicha ekanini biladi. Shuning uchun Unga keltira olishimiz mumkin bo‘lgan qurbonliklarimizni juda qadrlaydi. Isroil xalqi Unga keltirgan qurbonliklari borasida fikr yuritib ko‘ring. Ayrimlari qurbonlikka qo‘zi yoki takani keltira olardi. Biroq kambag‘al odamlar qurbonlikka «ikkita g‘urrakni yoki ikkita kaptar palaponini» keltirishi mumkin edi. Bordi-yu, u bunday qushlarni qurbonlikka keltira olmasa, Yahova qurbonlik sifatida «efaning o‘ndan bir qismiga teng oliy navli unni» ham qabul qilar edi. (Lev. 5:7, 11) To‘g‘ri, un arzonroq edi, ammo Yahova bu qurbonlikdan mamnun edi, chunki u «oliy navli un» bo‘lgan.

5 Mehribon Allohimiz hozir ham o‘zgarmagan. Sharh berganimizda Yahova biz gapga chechan bo‘lgan Apollos yoki boshqalarni ko‘ndira olgan Pavlusday bo‘lishimizni talab qilmaydi. (Havor. 18:24; 26:28) Yahova biz imkonimiz boricha eng yaxshi sharh berishimizni istaydi, xolos. Ikki chaqani xayr-ehson qilgan kambag‘al beva ayol esingizdami? Yahovaga u ma’qul kelgan, chunki ayol o‘zida bor bo‘lgan eng yaxshisini bergan. (Luqo 21:1–4)

Sharh berish bizga va boshqalarga foyda keltiradi (6–7- xatboshilariga qarang.) *

6. a) Ibroniylarga 10:24, 25 ga ko‘ra, eshitgan sharhlarimiz bizga qanday ta’sir qilishi mumkin? b) Daldali sharhlarni qadrlayotganingizni qay yo‘sin ko‘rsata olasiz?

6 Sharhlarimiz bilan bir-birimizga dalda beramiz. (Ibroniylarga 10:24, 25 ni o‘qing.) Barchamizga yig‘ilishlardagi har xil sharhlarni eshitish yoqadi. Bolajonlarning oddiy va samimiy sharhlaridan zavqlanamiz. Kimdir yangi bir narsani bilib olganini xursand bo‘lib aytib berayotganini eshitganimizda dalda olamiz. Ba’zilar ular uyatchan yoki biz gapiradigan tilni endi o‘rganayotgan bo‘lsa-da, jasorat ila sharh berayotganini ko‘rib quvonamiz. (1 Salon. 2:2) Xo‘sh, qanday qilib ularning harakatlarini qadrlayotganimizni ko‘rsata olamiz? Yig‘ilishdan keyin daldali sharhi uchun minnatdorchilik bildirsak bo‘ladi. Shuningdek, o‘zimiz ham sharh berishimiz mumkin. O‘shanda nafaqat o‘zimiz dalda olamiz, balki boshqalarga ham dalda beramiz. (Rim. 1:11, 12)

7. Sharh berish bizga qanday foyda keltiradi?

7 Sharh berish o‘zimiz uchun ham foydali. (Ishayo 48:17) Qiziq, qanday qilib? Birinchidan, sharh berishni maqsad qilsak, bu bizni jamoat uchrashuviga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishga undaydi. Puxta tayyorgarlik ko‘rganimizda esa, Xudoning Kalomini chuqurroq tushuna olamiz. Tushunchamiz oshgani sayin, bilib olayotganlarimizga yaxshiroq amal qila olamiz. Ikkinchidan, yig‘ilishlarda qatnashganimiz uchun ular bizga ko‘proq zavq keltiradi. Uchinchidan, sharh berish uchun ancha harakat qilganimiz bois, aytganlarimiz uzoq vaqt mobaynida esimizda qoladi.

8–9. a) Malaki 3:16 ga ko‘ra, sizningcha, Yahova sharhlarimizni eshitib nimalarni his qiladi? b) Ba’zilar nimadan qo‘rqishi mumkin?

8 Imonimiz haqida gapirganimizda Yahova mamnun bo‘ladi. Yahova bizni eshitishidan va sharh berish uchun qilayotgan harakatlarimizni qadrlashidan shubhamiz yo‘q. (Malaki 3:16 ni o‘qing.) Yahova Uni quvontirish uchun qilayotgan harakatlarimizga baraka berib, buni qadrlayotganini ko‘rsatadi. (Mal. 3:10)

9 Darhaqiqat, yig‘ilishlarda sharh berish uchun ko‘p sabablarimiz bor. Shunday bo‘lsa-da, ba’zilar qo‘l ko‘tarishdan qo‘rqishi mumkin. Agar sizda ham shunday bo‘lsa, ruhingiz tushmasin. Keling, Muqaddas Kitobdan ba’zi prinsiplarni, bir nechta misolni va ayrim amaliy maslahatlarni ko‘rib chiqaylik. Ularning yordamida barchamiz ko‘proq sharh bera olamiz.

QO‘RQUVNI YENGING

10. a) Ko‘pchiligimiz nimadan qo‘rqamiz? b) Nega sharh berishdan qo‘rqishning yomon joyi yo‘q?

10 Qo‘l ko‘tarib, sharh bermoqchi bo‘lganingizda, yuragingiz taka-puka bo‘ladimi? Agar shunday bo‘lsa, siz yolg‘iz emassiz. Negaki, aksariyatimiz sharh berayotganda oz-moz qo‘rqamiz. Bu qo‘rquvni yengish uchun avvaliga uning sababini aniqlashingiz darkor. So‘zlaringizni unutib qo‘yishdan qo‘rqasizmi yoki noto‘g‘ri gapirib qo‘yishdanmi? Boshqalarday yaxshi sharh bera olmayman deb tashvishlanasizmi? Aslida, bunday qo‘rquvlarning yomon joyi yo‘q. Demak, siz kamtarinsiz va boshqalarni o‘zingizdan ustun qo‘yasiz. Yahova kamtarlik fazilatini yaxshi ko‘radi. (Zab. 138:6; Filip. 2:3) Ammo Yahova siz Unga hamd-u sano aytishingizni va yig‘ilishda imondoshlaringizga dalda berishingizni ham xohlaydi. (1 Salon. 5:11) Alloh sizni yaxshi ko‘radi va jasorat baxsh etadi.

11. Muqaddas Kitobdagi qaysi fikrlar bizga yordam berishi mumkin?

11 Keling, Muqaddas Kitobdagi ba’zi fikrlarga e’tibor beraylik. Masalan, barchamiz nimadir aytganimizda va uni qanday ohangda gapirganimizda xato qilib turamiz. (Yoqb. 3:2) Yahova ham, birodar-u opa-singillarimiz ham mukammal bo‘lishimizni kutmaydi. (Zab. 103:12–14) Biz bir oiladaymiz va bir-birimizni yaxshi ko‘ramiz. (Mark 10:29, 30; Yuhan. 13:35) Gohida sharh berayotganimizda sal xato qilib qo‘yishimiz mumkinligini ular yaxshi tushunadi.

12–13. Naximiyo va Yunusning misolidan nimalarni bilib oldik?

12 Qo‘rquvni yengishga Muqaddas Kitobdagi ba’zi kishilar haqida mulohaza yuritish yordam beradi. Masalan, Naximiyoning misoliga diqqat qarataylik. U shoh saroyida xizmat qilardi. Naximiyo Quddus devorlari va darvozalari vayronaga aylangani haqida eshitgani uchun g‘amgin edi. (Naxim. 1:1–4) Shoh undan g‘amgin yurganining sababini so‘raganda, yuragi qanchalar taka-puka bo‘lganini tasavvur qiling! Naximiyo darrov ibodat qilib, javob bergan. Natijada, shoh Xudoning xalqiga juda ko‘p yordam bergan. (Naxim. 2:1–8) Yoki Yunus haqida o‘ylab ko‘ring. Yahova unga Nineviyaga borib, hukmini e’lon qilishini aytganda, Yunus qo‘rqqanidan qarama-qarshi tomonga qochib ketgan. (Yunus 1:1–3) Lekin Yahovaning ko‘magi bilan u vazifasini bajara olgan. Uning so‘zlari Nineviya aholisiga juda yaxshi ta’sir qilgan. (Yunus 3:5–10) Naximiyoning misolidan javob berishdan oldin ibodat qilish muhim ekanini bilib olyapmiz. Yunusdan esa, qanchalik qattiq qo‘rqishimizdan qat’i nazar, Yahova biz Unga xizmat qilishimizga yordam bera olishini bilib olyapmiz. Axir, yig‘ilishda sharh berish Nineviya aholisiga hukm xabarini yetkazishdan osonroq, shunday emasmi?!

13 Sharh berishimizga qo‘l keladigan qanday amaliy maslahatlar bor? Keling, bir nechtasini ko‘rib chiqaylik.

14. Nega har bir yig‘ilishga tayyorlanishimiz kerak va buni qachon qila olamiz?

14 Har bir yig‘ilishga tayyorlaning. Oldindan reja tuzib, yaxshi tayyorlansangiz, yanada aminlik ila sharh bera olasiz. (Hik. 21:5) Albatta, yig‘ilishga tayyorgarlik ko‘rish jadvalimiz bir-birimiznikidan farq qiladi. Masalan, Eloiz ismli yoshi 80 da bo‘lgan beva opamiz «Qo‘riqchi minorasi» tadqiqiga haftaning ilk kunlarida tayyorlana boshlaydi. U shunday dedi: «Oldindan tayyorgarlik ko‘rsam, yig‘ilishlardan ko‘proq foyda olaman». Kun bo‘yi ishlaydigan Joy ismli imondoshimiz esa bu tadqiqqa shanba kuni tayyorgarlik ko‘radi. U: «Yig‘ilishdan sal-pal oldin tayyorgarlik ko‘rsam, ma’lumotni yaxshiroq eslab qolaman»,— dedi. Oqsoqol va kashshof bo‘lib xizmat qiladigan birodarimiz quyidagicha bo‘lishdi: «Birdaniga ko‘pgina ma’lumotni ko‘rib chiqishdan ko‘ra, hafta orasida oz-ozdan tadqiq qilishni o‘zim uchun foydali deb topdim».

15. Qanday qilib yig‘ilishga yaxshi tayyorgarlik ko‘ra olasiz?

15 Yaxshi tayyorgarlik ko‘rish nimani o‘z ichiga oladi? Tadqiq qilishdan avval doim ibodat qilib, Yahovadan muqaddas ruhini so‘rang. (Luqo 11:13; 1 Yuhan. 5:14) Maqolani ko‘zdan kechirib, mavzusi, sarlavhalari, rasmlari va ramkalari bo‘yicha fikr yuriting. Har bir xatboshini tadqiq qilayotganda esa keltirilgan barcha oyatlarni o‘qishga intiling. Ma’lumot ustida mulohaza yuritib, sharh bermoqchi bo‘lgan fikrlarga alohida e’tibor qarating. Qanchalik yaxshi tayyorlansangiz, shuncha ko‘p foyda ko‘rasiz va sharh berish osonroq bo‘ladi. (2 Kor. 9:6)

16. Qanday ilovalarimiz bor va siz ulardan qay yo‘sin foydalanyapsiz?

16 Imkon bo‘lsa, siz bilgan tilda mavjud bo‘lgan ilovalardan foydalaning. Yig‘ilishlarga tayyorgarlik ko‘rishimizga yordam berish uchun Yahova tashkiloti orqali turli ilovalarni taqdim etgan. Tadqiq uchun mo‘ljallangan adabiyotlarimizni JW Library® (jey-dabl-yu laybreri) ilovasi yordamida elektron qurilmamizga yuklab olsak bo‘ladi. So‘ng uni xohlagan payt va joyimizda tadqiq qilishimiz, ya’ni o‘qishimiz yoki tinglashimiz mumkin. Ba’zilar bu ilovadan ishda yoki maktabda tanaffus paytida yoxud yo‘lda ketayotganda foydalanadi. «Elektron kutubxona» va «Qo‘riqchi minorasining ONLAYN KUTUBXONASI» yordamida chuqurroq ko‘rib chiqmoqchi bo‘lgan mavzular bo‘yicha tadqiq o‘tkaza olamiz.

Yig‘ilishlarga qachon tayyorlanasiz? (14–16- xatboshilariga qarang.) *

17. a) Nima uchun bir nechta sharh tayyorlash oqilona? b) «Tangri Yahovaning do‘sti bo‘ling. Sharhingizni tayyorlang» videosidan qanday saboq oldingiz?

17 Imkon bo‘lsa, bir nechta sharh tayyorlang. Nima uchun? Sababi, qo‘lingizni ko‘targaningizda doim ham sizdan so‘ramasliklari mumkin. O‘sha paytda boshqalar ham qo‘l ko‘tarishi hech gap emas va muhokamani o‘tkazayotgan birodar ularning biridan so‘raydi. Yig‘ilish o‘z vaqtida tugashi uchun birodar bir nechta kishidan so‘rashi mumkin. Shu bois, u muhokamaning boshida sizdan so‘ramasa, xafa bo‘lmang yoki ruhingiz tushmasin. Agar bir nechta sharh tayyorlasangiz, javob berish imkoniyatingiz ko‘proq bo‘ladi. Tayyorlangan sharhingiz biron oyatni o‘qib berishdan iborat bo‘lishi mumkin. Iloji bo‘lsa, o‘z so‘zlaringiz bilan sharh berishga tayyorlaning *.

18. Nega qisqa sharhlar berish kerak?

18 Qisqa sharhlar bering. Odatda daldali sharhlar qisqa va oddiy bo‘ladi. Shunday ekan, qisqacha javob berishni maqsad qiling. Taxminan 30 soniya ichida sharh berishga intiling. (Hik. 10:19; 15:23) Yig‘ilishlarda ko‘p yillar davomida sharh berib kelayotgan bo‘lsangiz, qisqa sharh berib yaxshi o‘rnak ko‘rsatishingiz muhim. Agar ko‘pgina fikrlarni bir necha daqiqa davomida gapirsangiz, boshqalar siz kabi yaxshi sharh bera olmasligidan qo‘rqib qolishi hech gap emas. Qolaversa, qisqa sharh berilsa, muhokamada ko‘proq odamlar qatnasha oladi. Ayniqsa birinchi bo‘lib sharh berayotgan bo‘lsangiz, u oddiy va aniq bo‘lsin. Xatboshidagi bor ma’lumotni aytishning hojati yo‘q. Xatboshidagi asosiy fikr aytilgach, qo‘shimcha sharhlar berishingiz mumkin. (« Nima haqida sharh bersam bo‘ladi?» nomli ramkaga qarang.)

19. Muhokamani o‘tkazadigan birodar sizga qanday yordam berishi mumkin va siz nima qilishingiz kerak?

19 Muhokamani o‘tkazadigan birodarga siz javob bermoqchi bo‘lgan xatboshini ayting. Bunday qilishni istasangiz, unga buni uchrashuv boshlanmasidan oldin ayting. Siz sharh bermoqchi bo‘lgan xatboshi kelganda, bu birodar sizni ko‘risha olishi uchun qo‘lingizni darrov baland qilib ko‘taring.

20. Qay yo‘sin jamoat uchrashuvlarini do‘stlar bilan birga ovqatlanishga o‘xshatsa bo‘ladi?

20 Jamoat uchrashuvlarini yaqin do‘stlarimiz bilan birga ovqatlanishga o‘xshatsa bo‘ladi. Aytaylik, sizni o‘tirishga taklif qilib, biron nima pishirib kelishingizni so‘rashadi. Qanday yo‘l tutasiz? Oz-moz xavotirlanarsiz, lekin hammaga yoqimli bo‘lishi uchun qo‘lingizdan kelgan eng yaxshi narsani pishirarsiz. Egamiz Yahova yig‘ilishlarimizda bizga eng a’lo taomlarni to‘kin-sochin qilib taqdim etyapti. (Zab. 23:5; Mat. 24:45) Biz oddiy, lekin berishimiz mumkin bo‘lgan eng yaxshi sovg‘amizni olib kelsak, U juda quvonadi. Shu bois, puxta tayyorgarlik ko‘rib, imkon qadar ko‘proq sharh bering. O‘shanda, nafaqat Yahovaning dasturxonidan tanavvul qilib ketasiz, balki sovg‘angizni jamoatdagilar bilan ham bo‘lishasiz.

2-QO‘SHIQ Ismingdir Yahova

^ 5- x.b. Sano bastakori Dovud kabi barchamiz Yahovani yaxshi ko‘ramiz va Unga hamd-u sanolar aytishdan zavqlanamiz. Xudoga topinish maqsadida boradigan yig‘ilishlarimizda Unga bo‘lgan sevgimizni namoyon etishning o‘zgacha bir imkoni bor. Lekin ba’zilarimiz uchun jamoatda sharh berish oson bo‘lmasligi mumkin. Agar siz ham shunday vaziyatda bo‘lsangiz, bu maqola qo‘rquvlaringizni aniqlashga va ularni yengishingizga ko‘maklashadi.

^ 17- x.b. jw.org saytida «Tangri Yahovaning do‘sti bo‘ling. Sharhingizni tayyorlang» nomli videoni tomosha qiling. MUQADDAS KITOB TA’LIMOTLARI > BOLALAR sarlavhasi ostiga qarang.

^ 63- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Jamoat a’zolari «Qo‘riqchi minorasi» tadqiqida quvonch ila ishtirok etishyapti.

^ 65- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. «Qo‘riqchi minorasi» tadqiqida ishtirok etgan jamoat a’zolarining ba’zilari. Ularning har biri o‘zgacha vaziyatda bo‘lsa ham, yig‘ilishga tayyorlanish uchun vaqt ajratyapti.