Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

34-TADQIQ MAQOLASI

Yangi vazifani quvonch ila bajarish

Yangi vazifani quvonch ila bajarish

Alloh adolatsiz emas. Chunki... Uning ismiga ko‘rsatgan sevgingizni hamda mehnatingizni unutmaydi. IBRON. 6:10

38-QO‘SHIQ U sizni mustahkamlaydi

BU MAQOLADA *

1–3. To‘la vaqtli xizmatdagilarning vazifasi o‘zgarishiga nimalar sabab bo‘lishi mumkin?

ROBERT va Meri-Jo shunday dedi: «To‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y sifatida 21 yil xizmat qilganimizdan so‘ng ikkovimizning ham ota-onamiz kasal bo‘lib qoldi. Ularga g‘amxo‘rlik qilishdan xursand edik. Ammo qalbimizdan joy olgan xizmatni qoldirish og‘riqli bo‘lgan».

2 «Sog‘ligimiz tufayli xizmatni davom ettira olmasligimizni bilganda, yig‘laganmiz. Yahovaga boshqa yurtda xizmat qilishni istagandik, ammo bu xizmat o‘z yakuniga yetgandi»,— deb bo‘lishdi Uilyam va Terri.

3 Aleksey esa, quyidagicha aytdi: «Ta’qib qiluvchilar filialimizni yopmoqchi ekanini bilardik. Men u yerda xizmat qilardim. Bu yuz berganidan va Baytildan ketishga majbur bo‘lganimizdan barchamizning ko‘nglimiz tushgandi».

4. Bu maqolada qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

4 Bu voqealarga yangi vazifa olgan minglab baytilchilar-u boshqa imondoshlarni qo‘shsa bo‘ladi *. Bu sadoqatli birodar-u opa-singillar uchun sevimli vazifasini qoldirish oson bo‘lmagan. Bunday o‘zgarishlarga moslashishga ularga nima yordam berishi mumkin? Siz ularni qanday qo‘llab-quvvatlay olasiz? Bu savollarning javoblari barchamizga o‘zgargan vaziyatlarga moslashishga ko‘maklasha oladi.

O‘ZGARGAN VAZIYATLARGA MOSLASHISH

Nega to‘la vaqtli xizmatchi uchun vazifasini qoldirish qiyin bo‘lishi mumkin? (5-xatboshiga qarang.) *

5. Vazifamiz o‘zgargani bizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

5 Dalada yoki Baytilda xizmat qilamizmi, odamlarga va hududimizga bog‘lanib qolamiz. Vazifamizni qoldirishning sababi qanday bo‘lmasin, qalbimizga tikan sanchilganday bo‘ladi. Birodar-u opa-singillarimizni sog‘inamiz, ayniqsa, quvg‘unlar dastidan ketishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, ular haqida tashvishlanamiz. (Mat. 10:23; 2 Kor. 11:28, 29) Yangi vazifaga tayinlanish yoki o‘z yurtimizga qaytish tufayli ko‘pincha yangi madaniyatga moslashishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Robert va Meri-Jo shunday fikr bildirdi: «O‘z madaniyatimiz va hatto ona tilimizda va’z qilish bizga begona bo‘lib qolgandi. O‘z yurtimizda go‘yoki musofirday edik». Yangi vazifaga tayinlanganlarning ba’zilari kutilmaganda moddiy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Ehtimol, ular bezovta bo‘lar, xavotirlanar hamda tushkunlikka tushar. Ularga nima yordam bera oladi?

Yahovaga yaqinlashish va Unga ishonish muhimdir (6–7-xatboshilariga qarang.) *

6. Qay yo‘sin Yahovaga yaqin bo‘lishda davom eta olamiz?

6 Yahovaga yaqin bo‘lishda davom eting. (Yoqb. 4:8) Buni qanday qilsa bo‘ladi? Masalan, Unga «ibodatlarni Eshitguvchi»si sifatida ishonishimiz mumkin. (Zab. 65:2) Xudoning Kalomida: «Yuragingizni Unga to‘kib soling»,— degan so‘zlarni o‘qiymiz. (Zab. 62:8) Yahova «biz so‘ragan yoki xayol qilganimizdan ham ancha ortig‘ini bajarishga qodir». (Efes. 3:20) Yahova ibodatlarimizda so‘ragan asosiy narsalarimizni berish bilangina chegaralanib qolmaydi. U muammolarimizni hal qilish uchun biz kutmagan darajada yordam bera oladi.

7. a) Yahovaga yaqin bo‘lishda davom etishda nima yordam beradi? b) Ibroniylarga 6:10–12 ga ko‘ra, sadoqat ila xizmat qilishda davom etganimizning natijasi qanday bo‘ladi?

7 Alloh Yahovaga yaqin bo‘lishda davom etish uchun Muqaddas Yozuvlarni har kuni o‘qib, ustida mulohaza yuriting. Oldin to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lgan imondoshimiz quyidagicha dedi: «Oldingi vazifangizdagi oilaviy topinish va yig‘ilishlarga tayyorgarlik ko‘rish jadvalingizga amal qiling». Qolaversa, yangi jamoatingizdagi imondoshlar bilan xushxabarni va’z qilish uchun qo‘lingizdan kelganini qiling. Xizmatchilari oldingiday ko‘p qila olmasa ham, Yahova sadoqat bilan xizmat qilishda davom etayotganlarni unutmaydi. (Ibroniylarga 6:10–12 ni o‘qing.)

8. Yuhannoning birinchi maktubi 2:15–17 ga ko‘ra, sodda hayot kechirishga nima yordam beradi?

8 Sodda hayot kechiring. Shayton dunyosidagi tashvishlar ma’naviyligingizni «bo‘g‘ib» qo‘yishiga yo‘l qo‘ymang. (Mat. 13:22) Yahovaga xizmat qilmaydigan insonlar, do‘stlaringiz yoki qarindoshlaringiz yordam berish maqsadida sizni ko‘proq pul topishga undasa, buni rad eting. (1 Yuhanno 2:15–17 ni o‘qing.) Yahova «muhtoj bo‘lganimizda» ma’naviy, hissiy va moddiy tarafdan yordam berib, imonimizni mustahkam saqlashga ko‘maklashadi. (Ibron. 4:16; 13:5, 6)

9. Hikmatlar 22:3, 7 da aytilganiday, nima uchun majbur bo‘lmasak, qarz olish kerak emas va dono qaror chiqarishimizga nima yordam beradi?

9 Majbur bo‘lmasangiz, qarz olmang. (Hikmatlar 22:3, 7 ni o‘qing.) Ko‘chish ancha qimmatga tushishi va osonlikcha qarzga botib ketish mumkin. Iloji boricha qarzdor bo‘lmaslik uchun siz aslida muhtoj bo‘lmagan narsalarni kreditga xarid qilmang. Hissiy bosim ostida bo‘lganda, ayniqsa, kasal bo‘lgan yaqinimizga g‘amxo‘rlik qilayotgan bo‘lsak, qancha qarz olishni aniqlash qiyin kechishi hech gap emas. Bunday vaziyatlarda «ibodat va iltijo» dono qaror chiqarishingizga ko‘maklashishini yodda tuting. Yahova ibodatlaringizga javob tariqasida, «qalbingizni va ongingizni himoyalab» tinchlik baxsh etadi va xotirjamlik ila fikr yuritishingizga yordam beradi. (Filip. 4:6, 7; 1 Butr. 5:7)

10. Qay yo‘sin yangi do‘stlarni topa olamiz?

10 Do‘stona munosabatlarni rivojlantiring. Yaqin do‘stlaringiz, ayniqsa, siznikiga o‘xshash vaziyatni boshdan o‘tkazganlar bilan his-tuyg‘ularingiz-u qiyinchiliklaringizni bo‘lishing. Bu hissan tiklanishga yordam bera oladi. (Voiz 4:9, 10) Oldingi vazifangizdagi do‘stlar, buyog‘iga ham do‘stlaringiz bo‘lib qolaveradi. Lekin bu yangi vazifangizda ham yangi do‘stlar orttirishingiz lozim. Unutmangki, do‘st topish uchun, o‘zingiz do‘st bo‘lishingiz kerak. Xo‘sh, qanday qilib yangi do‘stlar orttira olasiz? Yahovaga xizmat qilib ega bo‘lgan ajoyib tajribangizni va quvonchingizni boshqalar bilan bo‘lishing. Balki jamoatdagi ayrimlar to‘la vaqtli xizmatga bo‘lgan ishtiyoqingizni tushunmas, ammo boshqalar o‘rnagingizga ergashib, siz uchun yaxshi do‘stlarga aylanishi mumkin. Mulohazakor bo‘lib yutuqlaringizga noo‘rin e’tibor qaratmang va salbiy tuyg‘ularga berilmang.

11. Qay yo‘sin nikohingizda baxtiyorlikni saqlay olasiz?

11 Bordi-yu, turmush o‘rtog‘ingizning sog‘ligi tufayli vazifangizni qoldirishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, uni ayblamang. Qolaversa, sizning sog‘ligingiz yomonlashgani tufayli bunday bo‘lgan bo‘lsa, turmush o‘rtog‘imning umidlarini puchga chiqardim deb o‘zingizni aybdor his qilmang. «Bir tan» ekaningizni va har qanday vaziyatda bir-biringizga g‘amxo‘rlik qilishga Yahovaning oldida va’da berganingizni unutmang. (Mat. 19:5, 6) Kutilmagan homiladorlik tufayli vazifangizni qoldirishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, farzandingiz siz uchun o‘sha topshiriqdan ham muhimroq ekanini his etishiga harakat qiling. Farzandingizga u Xudoning «mukofoti» ekanini tez-tez aytib turing. (Zab. 127:3–5) Shuningdek, xizmatingizda yuz bergan qiziqarli voqealarni u bilan bo‘lishing. Bu farzandingizga butun hayoti davomida siz kabi Yahovaga quvonch ila xizmat qilishiga turtki bo‘lishi mumkin.

BOSHQALAR QANDAY YORDAM BERA OLADI?

12. a) To‘la vaqtli xizmatdagilar xizmatini davom ettira olishi uchun nima qilsak bo‘ladi? b) Yangi sharoitlarga moslashishlari uchun ularga qanday yordam bera olamiz?

12 Shunisi ajoyibki, ko‘pgina jamoatlar va alohida birodar-u opa-singillar to‘la vaqt xizmat qilayotgan imondoshlar xizmatini davom ettira olishi uchun qo‘llaridan kelgancha yordam beradi. Masalan, ular xizmatni davom ettirishga undaydi, moddiy yoki boshqa tarafdan yordam beradi yo bo‘lmasa, olisdagi oila a’zosiga g‘amxo‘rlik qiladi. (Galat. 6:2) To‘la vaqtli xizmatdagilarning vazifasi o‘zgarib, jamoatingizga tayinlansa, ular yaxshi xizmat qilmagani yoki noto‘g‘ri ish qilib qo‘ygani uchun shunday bo‘ldi deb o‘ylamang *. Aksincha, ularga o‘zgarishlarga tezroq moslashishga yordam bering. Sog‘ligi yomonlashgani tufayli ko‘p narsaga kuchi yetmayotgan bo‘lsa ham, ularni iliq kutib oling va qilgan mehnati uchun maqtang. Ular bilan yaqindan tanishing. Bunday imondoshlarimizning mo‘l-ko‘l bilimidan, ta’lim berish uslubidan va tajribasidan foyda oling.

13. Vazifasi o‘zgarganlarga qanday yordam bera olamiz?

13 Yangi vazifaga tayinlanganlar boshida uy-joy, transport, ish va boshqa ehtiyojlar bo‘yicha yordamingizga muhtoj bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ular boshqa kundalik masalalar, misol uchun, soliq to‘lash yoki tibbiy yordam olish borasida so‘nggi ma’lumot olishi kerakdir. Eng asosiysi, ularga achinishga emas, balki yangi vaziyatini tushunishga harakat qilishingiz lozim. Ular o‘zlarining yoki oila a’zosining sog‘lik muammolari bilan kurashayotgandir. Yoki yaqinining o‘limi tufayli qayg‘urayotgandir *. Bunday dard va turli his-tuyg‘ular bilan kurashish uchun muayyan vaqt talab qilinishi mumkin.

14. Qay yo‘sin mahalliy va’zgo‘ylar bir imondoshimizga yangi sharoitlarga moslashishiga yordam berdi?

14 Shu bilan birga yordamingiz va o‘rnagingiz moslashishda ularga yordam bo‘lishi mumkin. «Oldingi vazifamda har kuni Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazardim,— deb bo‘lishdi o‘zga yurtda xizmat qilgan imondoshimiz,— Yangi vazifamda esa, xizmatda hatto Muqaddas Kitobni ochish yoki video ko‘rsatish qiyin bo‘lardi. Ammo mahalliy va’zgo‘ylar meni takroriy tashriflariga yoki tadqiqlariga taklif qilardi. Birodar-u opa-singillar g‘ayrat va jasorat ila Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazayotganini ko‘rish ijobiy nuqtai nazarda bo‘lishimga yordam berdi. Yangi hududda suhbatlar boshlashga o‘rgandim. Bu yana quvonch bilan xizmat qilishimga ko‘maklashdi».

OLG‘A INTILISHDAN TO‘XTAMANG

O‘z hududingizda xizmatni kengaytirish yo‘llarini izlang (15–16-xatboshilariga qarang.) *

15. Qanday qilib yangi vazifangizda muvaffaqiyatli bo‘la olasiz?

15 Yangi vazifangizni bajarishda muvaffaqiyatli bo‘la olasiz. Yomon ish qilib qo‘yganim yoki noloyiq bo‘lganim uchun vazifam o‘zgardi deb o‘ylamang. Yahova hozirda sizga qanday yordam berayotgani haqida fikr yuritib, va’z qilishdan to‘xtamang. Birinchi asrdagi sadoqatli masihiylarga taqlid qiling. Ular qayerda bo‘lsa ham, «Allohning kalomi to‘g‘risidagi xushxabarni e’lon etishardi». (Havor. 8:1, 4) Xizmat qilishda davom etganingiz, ijobiy natijalar keltirishi mumkin. Masalan, muayyan yurtdan ketishga majbur bo‘lgan kashshoflar qo‘shni mamlakatga ko‘chdi. U yerda ham ularning tilida gapiradiganlarga ehtiyoj katta edi. Bir necha oy ichida u yerda guruhlar tashkillashtirildi va ular tezda o‘sdi.

16. Yangi vazifangizda qay yo‘sin quvonch topa olasiz?

16 «Yahova berayotgan quvonch kuchingizdir». (Naxim. 8:10; izoh) Xizmatimizni qanchalar yaxshi ko‘rsak ham, birinchi navbatda undan emas, balki Yahovadan quvonch topishimiz kerak. Shu bois, quvonchga to‘lishni istasak, Yahovaga yaqin bo‘lib qolishimiz va Unga tayanishimiz darkor. Yodingizda bo‘lsinki, odamlarga yordam berishni istaganingiz tufayli, oldingi vazifangizga ko‘ngil bog‘lagansiz. Endi hozirgi vazifangizni bajarishda ham shunday yo‘l tuting hamda Yahova unga ko‘ngil bog‘lashingizga qanday yordam berishini kuzating. (Voiz 7:10)

17. Hozirgi vazifamizni bajarar ekanmiz, nimani yodda saqlashimiz zarur?

17 Shuni unutmasligimiz kerakki, vazifamiz vaqtinchalik, lekin Yahovaga qiladigan xizmatimiz abadiydir. Yangi dunyoda barchamizning vazifamiz o‘zgarishi mumkin. Maqolaning boshida tilga olingan Aleksey hozirda yuz berayotgan voqealar uni kelajakka tayyorlayotganini aytdi. U shunday dedi: «Yahova hamda yangi dunyo men uchun chin edi, lekin ozgina uzoqday tuyulardi. Hozir esa, Yahova go‘yoki ko‘z o‘ngimda, yangi dunyo esa, hayot yo‘limdagi keyingi bekatday». (Havor. 2:25) Vazifamiz qanday bo‘lmasin, keling, Yahova bilan yurishda davom etaylik. U bizni hech ham tashlab ketmaydi va Uning xizmatida qilayotgan barcha ishni quvonch bilan bajarishimizga yordam beradi. (Ishayo 41:13)

90-QO‘SHIQ Bir-birimizga dalda beraylik

^ 5- x.b. Ba’zida to‘la vaqtli xizmatdagi birodar-u opa-singillarimiz maxsus xizmatini davom ettira olmasligi yoki yangi vazifa olishi mumkin. Ushbu maqolada qay yo‘sin ular qiyinchiliklarni yenga olishi va o‘zgargan vaziyatlarda muvaffaqiyatli bo‘lishda nima yordam berishi haqida bilib olamiz. Shuningdek, ularga dalda berish va qo‘llab-quvvatlash uchun boshqalar nima qila olishi hamda o‘zgargan vaziyatlarda barchamizga qo‘l keladigan prinsiplarga e’tibor beramiz.

^ 4- x.b. Ko‘pgina mas’uliyatli birodarlar muayyan yoshga yetgach, vazifalarini yoshroq birodarlarga topshirdi. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2018-yil sentabr sonidagi «Yoshi ulug‘ imondoshlar, Yahova sadoqatingizni qadrlaydi» va oktabr sonidagi «O‘zgargan vaziyatlarga qaramay, ichki xotirjamlikni saqlang» nomli maqolalarga qarang.

^ 12- x.b. Ular kashshof, oqsoqol yoki jamoat xizmatkori sifatida xizmatini davom ettira olishi uchun oldingi jamoatidagi oqsoqollar imkon qadar tezroq yangi jamoatiga tavsiyanoma yuborishi kerak.

^ 13- x.b. «Uyg‘oning!» jurnalining 2018-yil № 3 «Qayg‘uni yenga olasiz» nomli turkumiga qarang.

^ 57- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Bir juftlik o‘zga yurtdagi to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylik xizmatini tugatishga majbur bo‘lib, ko‘z yoshlar ila jamoatdagilar bilan xayrlashyapti.

^ 59- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. O‘sha juftlik o‘z yurtiga qaytgach, qiyinchiliklar bilan kurashishda yordam so‘rab Yahovaga tinmay ibodat qilyapti.

^ 61- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Yahovaning ko‘magi bilan o‘sha juftlik to‘la vaqtli xizmatini davom ettiryapti. To‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lganida til o‘rgangani tufayli, hududidagi musofirlar bilan xushxabarni bo‘lishyapti.