O‘quvchilarning savollari
Muqaddas Kitobda yozilishicha, bironta qilmish borasida qaror chiqarish uchun kamida ikkita guvoh kerak. (Sah. 35:30; Qonun. 17:6; 19:15; Mat. 18:16; 1 Tim. 5:19) Lekin Tavrotga binoan, qadimda kishi unashtirilgan qizni «dalada» zo‘rlasa va qiz baqirsa, u zino qilganlikda ayblanmagan, kishi esa aybdor hisoblangan. Bu qilmishni ko‘rgan hech qanday guvoh bo‘lmasa, unda nega qiz aybsiz, kishi esa aybdor hisoblangan?
Qonunlar 22:25–27 dagi hodisa avvalambor kishining aybdorligini tasdiqlash bilan bog‘liq emasdi, chunki bu kundek ravshan bo‘lgan. Bu qonunning maqsadi qizning aybsiz ekaniga e’tibor qaratish edi. Keling, matn tarkibini ko‘rib chiqaylik.
Oldingi oyatlarda kishi unashtirilgan qizni «shaharda» zo‘rlagani haqida gap ketyapti. Bu vaziyatda kishi zinoga qo‘l urganlikda ayblanardi, boisi unashtirilgan qiz xuddi turmush qurgan ayol singari edi. Qiziq, bu qiz haqida nima desa bo‘ladi? U «shaharda bo‘la turib baqirmagan». Agar u shunday qilganida, boshqalar uni eshitib, qutqara olardi. Ammo u baqirmagan. Shu yo‘sin u zinoga qo‘l urgan. Shuning uchun, ularning ikkovi ham aybdor deb topilardi. (Qonun. 22:23, 24)
Ikkinchi vaziyat: «Bordi-yu, kishi unashtirilgan qizni dalada uchratib qolsa va uni zo‘rlasa, qizni zo‘rlagan erkaknigina o‘ldiringlar, qizga hech narsa qilmanglar. Qiz o‘limga loyiq gunoh qilmagan. Buni bir kishi yaqiniga hujum qilib, uni o‘ldirgan vaziyatga o‘xshatsa bo‘ladi. Chunki o‘sha odam qizni dalada uchratib qolgan edi va unashtirilgan qiz baqirgan bo‘lsa-da, u yerda uni qutqaradigan hech kim yo‘q edi». (Qonunlar 22:25–27)
Ushbu vaziyatda hakamlar bu qizga ishonardi. Nima uchun? Chunki hakamlar «qiz baqirgan bo‘lsa-da, u yerda uni qutqaradigan hech kim» bo‘lmagan degan xulosaga kelishardi. Shu bois, u zinoga qo‘l urmagan deb topilardi. Kishi esa zo‘rlashda va zinoda aybdor deb topilardi, sababi u unashtirilgan qizni «zo‘rlagan».
Demak, hatto bu qonunga binoan, qizning aybsizligiga e’tibor qaratilgan bo‘lsa-da, bo‘lib o‘tgan voqeada kishi zo‘rlashda va zinoda aybdor deb hisoblangani shubhasiz. Aminmizki, o‘sha hakamlar «masalani atroflicha o‘rganib chiqib», Xudo aniq va ko‘p marta takrorlagan me’yorlarga muvofiq qaror chiqarishgan. (Qonun. 13:14; 17:4; Chiq. 20:14)