Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

49-TADQIQ MAQOLASI

Ishlashning va dam olishning «o‘z vaqti bor»

Ishlashning va dam olishning «o‘z vaqti bor»

Kelinglar, xilvat joyga borib, u yerda bir oz dam olamiz. MARK 6:31

143-QO‘SHIQ Xizmat-la band bo‘l va umid-la Yahovaga boq

BU MAQOLADA *

1. Ish borasida ko‘p odamlar qanday fikrda?

SIZ yashaydigan hududda aksariyat odamlar ishga qanday nuqtai nazarda? Ko‘p mamlakatlarda odamlar har qachongidan ko‘ra og‘ir mehnat qilib, uzoqroq vaqt ishlamoqda. Haddan ortiq ko‘p ishlaydigan odamlar odatda juda band bo‘lib, oilasi bilan vaqt o‘tkazish yoki ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga vaqt ajratmaydi. (Voiz 2:23) Ammo ba’zilar ishlashni yoqtirmaydi va ishlamaslik uchun bahonalar topishga harakat qiladi. (Hik. 26:13, 14)

2–3. Mehnat qilish borasida Yahova hamda Iso qanday o‘rnak ko‘rsatishmoqda?

2 Haddan ortiq ko‘p ishlaydigan yoki yetarlicha ishlamaydiganlardan farqli ravishda, Yahova hamda Iso ishga qanday qarashi to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring. Shubhasizki, Yahova mehnat qilishni yaxshi ko‘radi. Iso quyidagi so‘zlarni aytib, buni aniq ko‘rsatgan: «Otam hanuzgacha mehnat qilib kelyapti, men ham mehnat qilyapman». (Yuhan. 5:17) Xudo behisob ruhiy mavjudotlarni-yu ulkan koinotni yaratganida, qancha mehnat qilgani to‘g‘risida fikr yuriting. Go‘zal Yer sayyorasida ham Xudoning ijodlari buni yaqqol namoyon etmoqda. Sano bastakori: «Naqadar ko‘pdir Sening ishlaring, ey Yahova! Bularning barini donolik ila yaratgansan. Yer ijodlaring bilan liq to‘ladir»,— deb aytganda yanglishmagan. (Zab. 104:24)

3 Iso Otasiga taqlid qilgan. Xudo «osmonni hozirlaganida», u donolik timsoli sifatida Unga yordamlashgan. U Yahovaning oldida «mohir ishchi» edi. (Hik. 8:27–31) Ko‘p yillar o‘tgach, Iso yer yuzida bo‘lganida ajoyib ishlarni amalga oshirgan. Yahova topshirgan vazifani bajarish u uchun ovqat kabi edi. Iso yer yuzida qilgan har qanday ish uni Xudo yuborganini isbotlardi. (Yuhan. 4:34; 5:36; 14:10)

4. Dam olish borasida Yahova hamda Isodan qanday saboq olyapmiz?

4 Og‘ir mehnat qilishda Yahova hamda Isoning o‘rnagi dam olishga hojat yo‘q ekanini anglatadimi? Aslo. Tangri Yahova hecham charchamagani bois, jismoniy dam olishga muhtoj emas. Lekin Muqaddas Kitobda Yahova osmon-u yerni yaratgach, «ishlaridan tinib, dam olgani» to‘g‘risida aytilgan. (Chiq. 31:17) Ammo bu Yahova to‘xtab, qilgan ishlaridan mamnuniyat his etganini anglatishi mumkin. Iso yer yuzida bo‘lganida, og‘ir mehnat qilgan bo‘lsa-da, do‘stlari bilan dam olish va birga ovqatlanish uchun vaqt ajratgan. (Mat. 14:13; Luqo 7:34)

5. Ko‘plar qanday qiyinchilikka duch keladi?

5 Muqaddas Kitob Xudoning xalqini mehnat qilishga undaydi. Uning xizmatchilari yalqov emas, tirishqoq bo‘lishi kerak. (Hik. 15:19) Ehtimol, oilangizga g‘amxo‘rlik qilish uchun ishlarsiz. Qolaversa, Isoning barcha shogirdlari xushxabarni va’z qilish kabi mas’uliyatga ega. Shu bilan birga yetarlicha dam olishingiz ham kerak. Gohida ishga, xizmatga va dam olishga yetarlicha vaqt ajratishga qiynalasizmi? Qancha ishlashni-yu qancha dam olishni qanday aniqlasa bo‘ladi?

MUVOZANATLI BO‘LISH

6. Mark 6:30–34 dan Iso ish va dam olish borasida muvozanatli bo‘lgani qanday ko‘rinmoqda?

6 Ish masalasiga kelsak, muvozanatli bo‘lish muhim. Shoh Sulaymon ilohiy ilhom ostida shunday yozgan: «Har bir narsaning o‘z vaqti bor». U ekishni, qurishni, yig‘lashni, kulishni, raqsga tushishni va boshqa ishlarni sanab o‘tgan. (Voiz 3:1–8) Darhaqiqat, ishlash va dam olish hayotning ikkita muhim sohasidir. Iso ish va dam olish masalasida muvozanatli edi. Bir safar havoriylar va’z qilib qaytishgan. Ular shunchalik band bo‘lishganidan «hatto ovqatlanishga ham vaqti yo‘q edi». Iso ularga: «Kelinglar, xilvat joyga borib, u yerda bir oz dam olamiz»,— dedi. (Mark 6:30–34 ni o‘qing.) Garchi u va shogirdlari doim ham istaganiday dam ololmagan bo‘lsa-da, Iso shuni bilardiki, ularning barchasi dam olishga muhtoj.

7. Shabbat kuni haqidagi qonun borasida fikr yuritish bizga qanday yordam beradi?

7 Ba’zida hammamiz dam olishga va kundalik jadvalga o‘zgarish kiritishga muhtoj bo‘lamiz. Xudo qadimgi xalqi uchun tashkillashtirgan tadbirdan, ya’ni har hafta Shabbat kuniga amal qilishni aytganidan buni ko‘rsa bo‘ladi. Musoning Qonuni ostida emasmiz, lekin Shabbat borasida mulohaza yuritib, foyda olishimiz mumkin. Bilib olganlarimiz ish va dam olish borasidagi nuqtai nazarimizni tekshirishga yordam beradi.

SHABBAT DAM OLISH VA TOPINISH VAQTI EDI

8. Chiqish 31:12–15 ga ko‘ra, Shabbat qanday kun bo‘lgan?

8 Muqaddas Kitobga ko‘ra, Xudo olti «kun» davomida ijod qilgach, yer yuzidagi ishlarini to‘xtatib turgan. (Ibt. 2:2) Biroq Yahova mehnat qilishni yaxshi ko‘radi va boshqa sohalarda U «hanuzgacha mehnat qilib kelyapti». (Yuhan. 5:17) Yahova olti «kun» mehnat qilib, yettinchi «kun» dam olgan va Isroil xalqiga ham har yettinchi kuni dam olishni buyurgan. Xudo Shabbat Uning va Isroil xalqining o‘rtasida belgi bo‘lishini aytgan. Shabbat «butunlay dam oladigan kun» bo‘lib, «Yahova uchun muqaddas hisoblanardi». (Chiqish 31:12–15 ni o‘qing.) Barchaga, jumladan, bolalarga, qullarga va hatto uy hayvonlariga ishlash man etilardi. (Chiq. 20:10) Bu tufayli odamlar ko‘proq e’tiborini ma’naviy narsalarga qarata olardi.

9. Isoning davrida ba’zilar Shabbat borasida qanday noto‘g‘ri nuqtai nazarga ega bo‘lgan?

9 Shabbat kuni Xudoning xalqiga foyda keltirgan; ammo Isoning davrida ko‘p din rahbarlari bu kun borasida og‘ir qonun-qoidalar o‘rnatgan. Masalan, ular Shabbatda hatto ozgina bug‘doy yig‘ish yoki kasal odamni davolash mumkin emas, deb hisoblagan. (Mark 2:23–27; 3:2–5) Bunday nuqtai nazar Xudoning fikrlash tarzini aks ettirmagan va Iso buni tinglovchilariga aniq ochib bergan.

Isoning oila a’zolari Shabbat kunlari diqqatini ma’naviy narsalarga qaratgan (10-xatboshiga qarang.) *

10. Isoning Shabbat borasidagi nuqtai nazari haqida Matto 12:9–12 dan nimani bilib olyapmiz?

10 Iso va uning yahudiy izdoshlari Musoning Qonuniga tobe bo‘lgani sababli, Shabbat kuniga amal qilishgan *. Lekin Iso ham so‘zlari, ham ishlari bilan Shabbat kuniga amal qilib, mulohazakor, mehribon bo‘lish va yordam berish mumkin ekanini ko‘rsatdi. U ochiqchasiga: «Shabbat kunida yaxshi ishlar qilish qonuniy ekan-da»,— deb aytgan. (Matto 12:9–12 ni o‘qing.) U mehr ko‘rsatish va yordam berish Shabbat qonunini buzish, deb hisoblamasdi. Isoning xatti-harakatlari Shabbat kunining asl mohiyatini ko‘rsatdi. Xudoning xalqi kundalik ishlaridan dam olgani tufayli diqqatini ma’naviy narsalarga qarata olardi. Iso ona shahri Nosirada bo‘lganida yuz bergan voqeani o‘qib shunday xulosaga kelish mumkin: «[Iso] odatdagidek Shabbat kuni ibodatxonaga kirib, Muqaddas Yozuvlardan o‘qib berish uchun o‘rnidan turdi». (Luqo 4:15–19)

ISHGA NISBATAN MUNOSABATINGIZ QANDAY?

11. Iso ish borasida qanday o‘rnak qoldirgan?

11 Shubhasizki, Yusuf tutingan o‘g‘li Isoga duradgorlikni o‘rgatish bilan birga Xudoning ish borasidagi nuqtai nazarini ham tushuntirgan. (Mat. 13:55, 56) Qolaversa, Yusuf katta oilasiga g‘amxo‘rlik qilish uchun har kuni og‘ir mehnat qilganini Iso ko‘rgan. Shunisi qiziqki, keyinchalik Iso shogirdlariga: «Ishchi o‘z mehnatiga yarashasini olishga sazovor»,— deb aytgan. (Luqo 10:7) Ha, Iso og‘ir mehnat qilish nima ekanini bilardi.

12. Ko‘p ishlash borasida Muqaddas Kitobda nima deyilgan?

12 Havoriy Pavlus haqida ham shunday desa bo‘ladi. Uning asosiy maqsadi Iso hamda uning ta’limotlari to‘g‘risida shohidlik berish edi. Shu bilan birga u o‘zini ta’minlash uchun ishlagan. Salonikaliklar Pavlus biron kishiga og‘irligi tushmasligi uchun «tun-u kun ter to‘kib mehnat qilganini» bilishardi. (2 Salon. 3:8; Havor. 20:34, 35) Balki Pavlus chodir tikib ishlaganini nazarda tutgandir. U Korinfda bo‘lganida Akila va Priskilla bilan hamkasb bo‘lgani bois, ular bilan birga yashab, ishlay boshladi. Pavlus «tun-u kun» ishlagani u tinmay mehnat qilganini anglatmaydi. U ba’zida, masalan, Shabbat kunlari dam olgan. Bu kuni unda yahudiylarga shohidlik berish imkoni tug‘ilardi, boisi ular ham Shabbat kuni ishlashmasdi. (Havor. 13:14–16, 42–44; 16:13; 18:1–4)

13. Pavlusning misolidan qanday saboq olyapmiz?

13 Havoriy Pavlus yaxshi o‘rnak qoldirgan. U ishlagan bo‘lsa-da, muntazam ravishda «Allohning xushxabarini e’lon qilib», «muqaddas xizmatda ishtirok etish» uchun vaqt ajratardi. (Rim. 15:16; 2 Kor. 11:23) Pavlus boshqalarni ham shunday qilishga undagan. Natijada, Akila va Priskilla uning «Iso Masih yo‘lidagi hamkorlariga» aylanishgan. (Rim. 12:11; 16:3) Pavlus korinfliklarni «doimo Rabbimizning ishi bilan band bo‘lishga» undagan. (1 Kor. 15:58; 2 Kor. 9:8) Yahova havoriy Pavlusni hatto shunday deb yozishga ilhomlantirgan: «Ishlamagan — tishlamasin». (2 Salon. 3:10)

14. Iso Yuhanno 14:12 dagi so‘zlarni aytganda, nimani nazarda tutgan?

14 Ushbu oxirzamonda eng muhim ish va’z qilish va shogird tayyorlashdir. Darvoqe, Iso uning shogirdlari undan ham ortig‘ini qilishini bashorat qilgan. (Yuhanno 14:12 ni o‘qing.) Iso biz u kabi mo‘jizalar yaratishimizni nazarda tutmagan. Aksincha, izdoshlari undan ko‘ra kengroq hududlarda, ko‘proq odamlarga va uzoqroq vaqt davomida va’z qilishini aytmoqchi bo‘lgan.

15. O‘zimizga qanday savollar berishimiz lozim va nega?

15 Biron yerda ishlasangiz, o‘zingizga quyidagicha savollar bering: «Ishxonamda mehnatsevar ishchi sifatida tanilganmanmi? Ishimni o‘z vaqtida va qo‘limdan kelganicha yaxshi bajaramanmi?» Bordi-yu, savollarga «ha» deb javob bera olsangiz, ish beruvchingiz sizga ishonishi mumkin. Qolaversa, sizni kuzatayotgan odamlar Shohlik xabarini qabul qilish ehtimoli oshadi. Va’z qilish va ta’lim berish masalasiga kelsak, o‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Xizmatda mehnatsevar inson sifatida tanilganmanmi? Birinchi suhbatlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘ramanmi? Qiziqish bildirgan insonlarnikiga tezda takroriy tashrif qilamanmi? Xizmatning har xil turlarida muntazam ravishda ishtirok etamanmi?» «Ha» deb javob bera olgan bo‘lsangiz, xizmatingizdan quvonch topasiz.

DAM OLISHGA NISBATAN MUNOSABATINGIZ QANDAY?

16. Dam olish borasida Iso va havoriylar hamda bugungi kundagi ko‘plar o‘rtasida qanday farq bor?

16 Iso shuni bilganki, ba’zida u va havoriylari dam olishi kerak edi. Lekin o‘sha paytdagi va hozirgi ko‘p odamlar Isoning masalidagi boy kishiga o‘xshaydi. O‘sha kishi o‘ziga o‘zi ishonib: «Endi maza qilib yeb-ichib rohatini ko‘raman»,— deb aytgan. (Luqo 12:19; 2 Tim. 3:4) U diqqatini dam olib, rohat topishga qaratgan. Iso va havoriylarning hayotida esa bu kabi narsalar eng muhim o‘rinda bo‘lmagan.

Ish va dam olishga muvozanatli nuqtai nazarda bo‘lish bizga kuch bag‘ishlaydigan ishlarga diqqat qaratishga ko‘maklashadi (17-xatboshiga qarang.) *

17. Ta’tilda bo‘lganimizda vaqtimizdan qanday foydalanamiz?

17 Bugungi kunda ham ta’tilda bo‘lganimizda nafaqat dam olamiz, balki yaxshi shohidlik berishga va Yig‘ilishlarga borishga harakat qilib, Isoga taqlid qilamiz. Ha, shogird tayyorlash va yig‘ilishlarga qatnash biz uchun shunchalik muhim bo‘lgani sababli bu ishlarni muntazam ravishda Yahova uchun qilishda davom etamiz. (Ibron. 10:24, 25) Sayohatga chiqsak ham, qayerga bormaylik doimiy ravishda yig‘ilishlarga qatnashga intilamiz va odamlar bilan suhbatlar qurish imkonini izlaymiz. (2 Tim. 4:2)

18. Shohimiz Iso Masih nima qilishimizni istaydi?

18 Shohimiz Iso Masih mulohazakor bo‘lgani va ishga hamda dam olishga muvozanatli nuqtai nazarda bo‘lishimizga yordam berayotgani uchun naqadar minnatdormiz! (Ibron. 4:15) U yetarlicha dam olishimizni istaydi. Shuningdek, u jismoniy ehtiyojlarimizga g‘amxo‘rlik qilish uchun mehnat qilishimizni va bizga zavq keltiradigan ishda, ya’ni shogird tayyorlashda qatnashishimizni xohlaydi. Navbatdagi maqolada bizni qullikning dahshatli turidan ozod etishda Iso qanday ahamiyatga ega ekanini bilib olamiz.

38-QO‘SHIQ U sizni mustahkamlaydi

^ 5- x.b. Muqaddas Yozuvlardan ishga va dam olishga muvozanatli nuqtai nazarda bo‘lishni o‘rganyapmiz. Ushbu maqolada isroilliklar har hafta amal qilishi kerak bo‘lgan Shabbat kuni misoli yordamida qay yo‘sin ham ishga, ham dam olishga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

^ 10- x.b. Shogirdlar Shabbat borasidagi qonunni shunchalik hurmat qilishganki, u kun o‘tmaguncha Isoni dafn qilish bilan bog‘liq tayyorgarliklarni to‘xtatishgan. (Luqo 23:55, 56)

^ 55- x.b. RASMGA SHARH. Yusuf Sha bbat kuni bolalarini ibodatxonaga olib kelgan.

^ 57- x.b. RASMGA SHARH. Oilasiga g‘amxo‘rlik qiladigan ota oilasi bilan ta’tilda bo‘lsa ham, ma’naviy ishlarda qatnashyapti.