Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

46-TADQIQ MAQOLASI

«Katta imon qalqoningizni» ta’mirlayapsizmi?

«Katta imon qalqoningizni» ta’mirlayapsizmi?

Katta imon qalqonini olinglar. EFES. 6:16

119-QO‘SHIQ Imonli bo‘laylik

BU MAQOLADA *

1–2. a) Efesliklarga 6:16 ga ko‘ra, nima uchun «katta imon qalqoniga» muhtojmiz? b) Qaysi savollarga javob topamiz?

«KATTA imon qalqoningiz» bormi? (Efesliklarga 6:16 ni o‘qing.) Shubhasizki, ha. Qalqon tananing aksar qismini himoyalagani kabi, imoningiz bu yovuz dunyoning axloqsiz, zo‘ravon va Xudoning me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydigan ta’siridan sizni himoya qiladi.

2 Ammo «oxirzamonda» yashar ekanmiz, imonimiz sinovlarga duch kelishda davom etadi. (2 Tim. 3:1) Imon qalqoningiz mustahkam ekaniga amin bo‘lish uchun qay yo‘sin uni tekshira olasiz? Imoningizni mustahkam saqlash uchun qanday choralar ko‘rsangiz bo‘ladi? Keling, bu savollarning javobini bilib olaylik.

QALQONINGIZNI YAXSHILAB TEKSHIRING

Jangdan so‘ng askarlar qalqonlarini yaxshi holatga keltirishgan (3-xatboshiga qarang.)

3. Askarlar qalqonlari bilan nima qilgan va nega?

3 Qadimda qalqonlar ko‘pincha teri bilan qoplangan. Teri yaxshi saqlanishi va metall qismlari zanglamasligi uchun uni moylashgan. Bordi-yu, askar qalqoniga zarar yetganini ko‘rsa, keyingi jangga doim tayyor turish uchun uni albatta tuzatardi. Bu misol sizning imoningiz bilan qanday bog‘liq?

4. Nima sababdan imon qalqoningizni tekshirishingiz kerak va buni qay yo‘sin qila olasiz?

4 Qadimgi askarlar singari, navbatdagi jangga doim tayyor turish uchun imon qalqoningizni muntazam ravishda tekshirishingiz va tuzatishingiz zarur. Masihiylar ekanmiz, ma’naviy jangda qatnashyapmiz va dushmanlarimiz yovuz ruhlardir. (Efes. 6:10–12) Imon qalqoningizni hech kim o‘rningizga tuzata olmaydi. Sinovlarga tayyor ekaningizga qay yo‘sin ishonch hosil qila olasiz? Avval yordam so‘rab Xudoga ibodat qiling. So‘ng Muqaddas Kitob yordamida o‘zingizga Xudoning nazari bilan qarashni o‘rganishingiz lozim. (Ibron. 4:12) Muqaddas Kitobda: «Yahovaga butun qalbing bilan tayan, o‘z aqlingga ishonma»,— degan so‘zlar bor. (Hik. 3:5, 6) Buni yodda tutgan holda, oxirgi paytlarda chiqargan qarorlaringiz haqida o‘ylab ko‘ring. Masalan, moddiy tarafdan jiddiy muammolarga duch kelganmisiz? O‘shanda Yahovaning Ibroniylarga 13:5 dagi: «Seni hecham tashlab ketmayman va aslo tark etmayman»,— degan va’dasi esingizga keldimi? Mazkur va’da Yahova sizga yordam berishiga ishonch baxsh etdimi? Agar shunday bo‘lsa, imon qalqoningiz yaxshi holatda ekan.

5. Imoningizni tekshirganda nimalarni payqashingiz mumkin?

5 Imoningizni sinchkovlik ila tekshirganingizda, sizni hayron qoldiradigan taraflari chiqishi mumkin. Ehtimol, o‘zingiz bilmagan zaif tomonlaringizni ko‘rarsiz. Misol uchun, ortiqcha tashvish, yolg‘on va tushkunlik imoningizga zarar yetkazganini tushunarsiz. Siz bilan ham shunday bo‘lgan bo‘lsa, imoningiz yanada susayib ketmasligi uchun qanday qilib uni himoyalay olasiz?

O‘ZINGIZNI ORTIQCHA TASHVISH, YOLG‘ON VA TUSHKUNLIKDAN HIMOYALANG

6. Tashvishlanish foydali ekanining ayrim misollari qanday?

6 Muayyan narsalar to‘g‘risida tashvishlanish yaxshidir. Masalan, Yahova hamda Isoni mamnun qilish haqida tashvishlanish biz uchun foydalidir. (1 Kor. 7:32) Jiddiy gunohga qo‘l ursak, Xudo bilan bo‘lgan munosabatlarimizni tiklash borasida xavotirlanamiz. (Zab. 38:18) Shuningdek, turmush o‘rtog‘imizga yoqish va oila a’zolarimiz-u imondoshlarimizning manfaatini ko‘zlash haqida qayg‘uramiz. (1 Kor. 7:33; 2 Kor. 11:28)

7. Hikmatlar 29:25 ga binoan, nima uchun odamlardan qo‘rqishga hojat yo‘q?

7 Lekin ortiqcha tashvishlanish imonimizga zarar yetkazishi turgan gap. Masalan, yetarlicha oziq-ovqat va kiyimimiz bo‘lishi to‘g‘risida doim qayg‘urishimiz mumkin. (Mat. 6:31, 32) Tashvishlarni kamaytirish uchun diqqatimizni mol-mulk to‘plashga qaratishimiz hech gap emas. Hatto pulparastlikka berilishimiz mumkin. Agar bu yuz berishiga yo‘l qo‘ysak, Yahovaga bo‘lgan imonimiz susayib, jiddiy ma’naviy zararga yo‘liqishimiz turgan gap. (Mark 4:19; 1 Tim. 6:10) Yoki odamlar biz haqimizda qanday fikrda ekan, deb haddan ortiq ko‘p xavotirlanishimiz mumkin. Ehtimol, Yahovani ranjitishdan emas, balki odamlar ustimizdan kulishi yoki ta’qib qilishidan ko‘proq qo‘rqarmiz. O‘zimizni bunday xavfdan himoya qilish niyatida, Yahovaga yolvorib qiyinchiliklarni yengish uchun imon va jasorat so‘rashimiz lozim. (Hikmatlar 29:25 ni o‘qing; Luqo 17:5)

(8-xatboshiga qarang.) *

8. Yolg‘onlarga qanday munosabat ko‘rsatishimiz kerak?

8 «Yolg‘onning otasi» Shayton o‘z nazorati ostidagilardan foydalanib, Yahova hamda birodar-u opa-singillar to‘g‘risida yolg‘onlar tarqatadi. (Yuhan. 8:44) Masalan, murtadlar veb-saytlar, televidenie va ommaviy axborot vositalari orqali Yahovaning tashkiloti to‘g‘risida yolg‘onlar tarqatadi va dalillarni buzib ko‘rsatadi. Bunday yolg‘onlar Shaytonning «olovli o‘qlari» orasidadir. (Efes. 6:16) Kimdir bizga shunga o‘xshash yolg‘onlar ayta boshlasa, qanday yo‘l tutishimiz zarur? Ularni tinglamaymiz. Nega? Boisi, Yahovaga hamda birodarlarimizga ishonamiz. Darhaqiqat, murtadlar bilan hech ham aloqa qilmaymiz. Hech kim yoki hech narsa, jumladan qiziquvchanlik, ular bilan bahslashishimizga sabab bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz.

9. Tushkunlik bizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

9 Tushkunlik imonimizni zaiflashtirishi mumkin. To‘g‘ri, shaxsiy muammolarimizga beparvo bo‘la olmaymiz. Axir bunday qilish mas’uliyatsizlik bo‘lardi. Gohida tushkunlikka tushishimiz hech gap emas. Biroq nuqul muammolarimiz to‘g‘risida o‘ylamasligimiz kerak. Aks holda, Yahova bizga bergan ajoyib umidimizni yoddan chiqarishimiz mumkin. (Vah. 21:3, 4) Ruhimiz tushishi sillamiz qurishiga va taslim bo‘lishimizga sabab bo‘lishi turgan gap. (Hik. 24:10) Ammo biz bilan bunday bo‘lishini istamaymiz.

10. Bir imondoshimizning maktubidan qanday saboq oldingiz?

10 Qo‘shma Shtatlarda yashovchi imondoshimiz og‘ir kasal bo‘lgan eriga g‘amxo‘rlik qilish bilan birga qay yo‘sin imonini mustahkam saqlayotganiga diqqat qarataylik. U bosh idoraga yo‘llagan maktubida quyidagicha yozgan edi: «Ba’zida stress ostida qolib, tushkun ahvolda bo‘lamiz, lekin umidimiz kuchli. Yahova imonimizni mustahkamlash va dalda berish niyatida taqdim etayotgan ma’lumot uchun juda minnatdorman. Biz bu maslahatga va daldaga rosa muhtoj edik. Bu tufayli Shayton imonimizni zaif qilish uchun tug‘dirayotgan qiyinchiliklarda taslim bo‘lmay, bardoshli bo‘lishda davom etyapmiz». Imondoshimizning maktubidan shuni ko‘ryapmizki, tushkunlikni yenga olamiz! Qanaqasiga? Unutmang, muammolaringiz Shaytonning sinovidir. Yahova tasalli Manbai ekaniga ishoning. Qolaversa, U taqdim etayotgan ma’naviy ozuqani qadrlang.

«Katta imon qalqoningizni» ta’mirlayapsizmi? (11-xatboshilariga qarang.) *

11. Imonimiz qanday holatda ekanini tekshirish uchun o‘zimizga qanday savollar berishimiz kerak?

11 Imon qalqoningiz qandaydir ta’mirga muhtoj ekanini ko‘ryapsizmi? So‘nggi bir necha oy davomida ortiqcha tashvishlarga berilishdan qocha oldingizmi? Murtadlar tarqatayotgan yolg‘onlarni tinglashdan va ular bilan bahslashishdan qocha oldingizmi? Tushkunlikni yenga oldingizmi? Agar shunday bo‘lsa, imoningiz yaxshi holatda ekan. Biroq sergak bo‘lishimiz darkor, sababi Shayton bizga qarshi qo‘llaydigan boshqa qurollar ham bor. Keling, ulardan biriga e’tibor beramiz.

O‘ZINGIZNI MOLPARASTLIKDAN HIMOYALANG

12. Molparastlik nimaga sabab bo‘lishi mumkin?

12 Molparastlik imon qalqonimizga beparvo bo‘lib, chalg‘ib qolishimizga sabab bo‘lishi mumkin. Havoriy Pavlus quyidagicha yozgan: «Hech bir askar uni harbiy xizmatga qabul qilgan kishiga yoqishni istasa, savdo-sotiq bilan band bo‘lmaydi». (2 Tim. 2:4) Darvoqe, Rim askarlari hech qanday savdo-sotiq bilan shug‘ullana olmasdi. Xo‘sh, agar askar bu talabga parvo qilmasa, nima yuz berishi mumkin edi?

13. Nima sababdan askar savdo-sotiq bilan shug‘ullana olmas edi?

13 Quyidagi vaziyatni tasavvur qiling. Bir guruh askar ertalab qilichlari bilan mashq qiladi, lekin bitta askar u yerda emas. U shaharda oziq-ovqat sotish bilan band. Oqshomda esa, askarlar qurol-aslahalarini tekshirish va qilichlarini charxlash uchun vaqt ajratadi. Biroq savdo-sotiq bilan shug‘ullanadigan askar vaqtini keyingi kunga mahsulot tayyorlashga sarflaydi. Ertasi kuni to‘satdan dushman hujum qilib qoladi. Xo‘sh, qaysi askar jangga tayyor bo‘ladi va kim qo‘mondoniga ma’qul keladi? Siz-chi, yoningizda qaysi askar turishini istardingiz: jangga tayyorgarlik ko‘rganimi yoki savdo-sotiq bilan shug‘ullanganimi?

14. Masihning askarlari ekanmiz, nimani qadrlaymiz?

14 Yaxshi askarlar singari, asosiy maqsadimizni — Qo‘mondonlarimiz Tangri Yahova hamda Iso Masihning marhamatiga erishishni — nazardan chetda qoldirmaylik. Bu, Shaytonning dunyosi taklif qiladigan har qanday narsadan ancha qadrliroqdir. Yahovaga xizmat qilish uchun vaqtimiz-u kuchimiz borligiga ishonch hosil qilishimiz va imon qalqonimiz-u boshqa ma’naviy qurol-aslahalarimizni doim yaxshi holatda saqlashimiz zarur.

15. Pavlus qanday ogohlantiruv bergan va nega?

15 Sergaklikni aslo yo‘qotmasligimiz kerak! Nima uchun? Havoriy Pavlus ogohlantirganiday, «boyib ketish niyatida yurganlar» «imondan qaytishadi». (1 Tim. 6:9, 10) «Qaytishadi» so‘zi shunga ishora qilyaptiki, keraksiz mol-mulkka ega bo‘lishga intilib, chalg‘ib qolishimiz mumkin. Keyin esa «ko‘p bema’ni va zararli istaklar» qalbimizda ildiz otishi hech gap emas. Lekin shuni unutmasligimiz kerakki, Shayton imonimizni susaytirish maqsadida, o‘sha istaklarimizdan foydalanishi mumkin.

16. Mark 10:17–22 da keltirilgan voqea bizni qanday savollar ustida mulohaza yuritishga undayapti?

16 Deylik, ko‘p narsa sotib olish uchun pulingiz yetarlicha. Aslida muhtoj bo‘lmagan narsani xarid qilsak, noto‘g‘ri ish qilgan bo‘lamizmi? Yo‘q. Lekin quyidagi savollar haqida fikr yuritib ko‘ring: «Biron nimani xarid qilishga qurbingiz yetsa-da, undan foydalanish va uni yaxshi holatda saqlash uchun vaqtingiz hamda kuchingiz yetarlimi? Bundan tashqari, mol-mulkimizga haddan ortiq bog‘lanib qolmayapmizmi? Mol-mulkimizga bog‘lanib qolish Isoning Xudoga ko‘proq xizmat qilish taklifini rad etgan kishiga o‘xshab qolishimizga sabab bo‘lishi mumkinmi?» (Mark 10:17–22 ni o‘qing.) Ha, sodda hayot kechirish va qimmatli vaqtimiz-u kuchimizni Xudoning irodasini bajarishga sarflash ko‘proq foyda keltiradi.

IMON QALQONINGIZNI MAHKAM USHLANG

17. Nimani unutmasligimiz kerak?

17 Jang qilayotganimizni va har kungi kurash uchun tayyor bo‘lishimiz kerakligini unutmasligimiz darkor. (Vah. 12:17) Birodar-u opa-singillarimiz imon qalqonimizni o‘rnimizga ko‘tara olmaydi. Uni shaxsan o‘zimiz mahkam ushlashimiz zarur.

18. Nima sababli qadimda askarlar qalqonini mahkam ushlashgan?

18 Qadimda askar jangda jasoratli bo‘lgani uchun hurmatga sazovor bo‘lgan. Ammo uyga qalqonsiz qaytsa, bu sharmandalik hisoblanardi. Rim tarixchisi Tasit: «Qalqonni yo‘qotish uyat hisoblanardi»,— deb yozgan. Bu askarlar qalqonini mahkam ushlaganining sabablaridan biri.

Imondoshimiz Xudoning Kalomini ibodat ila o‘qib, muntazam ravishda yig‘ilishlarga qatnab va xizmatda to‘liq ishtirok etib, katta imon qalqonini mahkam ushlayapti (19-xatboshiga qarang.)

19. Qanday qilib imon qalqonimizni mahkam ushlay olamiz?

19 Muntazam ravishda jamoat uchrashuvlariga qatnab, Xudoning ismi va Uning Shohligi to‘g‘risida boshqalarga aytib, imon qalqonimizni mahkam ushlagan bo‘lamiz. (Ibron. 10:23–25) Qolaversa, har kuni ibodat ila Xudoning Kalomini o‘qib va barcha ishlarimizda undagi maslahatlar-u yo‘l-yo‘riqlarga amal qilamiz. (2 Tim. 3:16, 17) Shunda Shayton bizga qarshi qo‘llayotgan hech qaysi qurol bizga abadiy zarar yetkaza olmaydi. (Ishayo 54:17) Zero, «katta imon qalqonimiz» himoyasida bo‘lamiz. Birodar-u opa-singillar bilan bir yoqadan bosh chiqarib, mahkam turamiz. Boz ustiga, har kunlik kurashlarda g‘alaba qozonishdan ko‘proq narsani qilamiz — Iso Masih Shayton va unga ergashganlarga qarshi jangda g‘alaba qozonganida, uning tomonida bo‘lish sharafiga ega bo‘lamiz. (Vah. 17:14; 20:10)

118-QO‘SHIQ «Imonimizga imon qo‘sh»

^ 5- x.b. Askarlar o‘zlarini himoya qilish uchun qalqonga muhtoj edi. Imonimiz ham qalqon singaridir. Askarlar qalqonlarini ta’mirlashi kerak bo‘lganidek, biz ham imonimiz mustahkam ekaniga ishonch hosil qilish uchun uni ta’mirlashimiz darkor. Ushbu maqolada «katta imon qalqonimiz» yaxshi holatda ekaniga qay yo‘sin ishonch hosil qilishimiz mumkinligi ko‘rib chiqiladi.

^ 58- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Murtadlar televizor orqali Yahovaning Shohidlari to‘g‘risida yolg‘on aytishganda, imondoshlarimiz shu zahoti uni o‘chirib qo‘yyapti.

^ 60- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Keyinroq ota Muqaddas Kitobdagi oyatlar yordamida oilasining imonini mustahkamlayapti.