Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

47-TADQIQ MAQOLASI

Levilar kitobidan saboqlar

Levilar kitobidan saboqlar

Muqaddas Yozuvlarning hammasi Xudo tomonidan ilhomlantirilgan bo‘lib,.. foydalidir. 2 TIM. 3:16

98-QO‘SHIQ Xudo tomonidan ilhomlantirilgan Yozuvlar

BU MAQOLADA *

1–2. Nega masihiylar Levilar kitobi bilan qiziqishlari kerak?

HAVORIY PAVLUS yosh do‘sti Timo‘tiyga: «Muqaddas Yozuvlarning hammasi Xudo tomonidan ilhomlantirilgan bo‘lib,.. foydalidir»,— deb eslatgan. (2 Tim. 3:16) Bu Levilar kitobiga ham tegishli. Siz bu kitob haqida qanday fikrdasiz? Ba’zilarning fikricha, u bugungi kunda amal qilib bo‘lmaydigan qoidalar ro‘yxatidan iborat. Lekin chinakam masihiylar bunday fikrda emas.

2 Levilar kitobi taxminan 3 500 yil avval yozilgan bo‘lsa-da, Yahova u «nasihat olishimiz uchun» saqlab qolinishiga g‘amxo‘rlik qilgan. (Rim. 15:4) Bu kitob Yahovaning fikrlash tarzini oydinlashtirar ekan, uni tadqiq qilishimiz kerak. Shuningdek, ilhomlantirilgan bu kitobdan anchagina saboqlar olishimiz mumkin. Keling, ularning to‘rttasiga e’tibor qarataylik.

QAY YO‘SIN YAHOVANI MAMNUN QILA OLAMIZ?

3. Nima uchun har yili Poklanish kunida qurbonliklar keltirilgan?

3 Birinchi saboq: Yahova qurbonliklarimizni qabul qilishi uchun Uni mamnun etishimiz lozim. Har yili Poklanish kunida Isroil xalqi birga yig‘ilardi va oliy ruhoniy qurbonlik keltirardi. O‘sha qurbonliklar xalqqa gunohlari kechirilishi kerakligini eslashga ko‘maklashardi. Oliy ruhoniy qurbonlikning qonini Eng muqaddas xonaga olib kirishdan avval o‘sha kuni yana bitta vazifani bajarishi kerak edi. Bu Isroil xalqining gunohlari kechirilishidan ham muhimroq ahamiyatga ega bo‘lgan.

(4-xatboshiga qarang.) *

4. Levilar 16:12, 13 ga ko‘ra, oliy ruhoniy Poklanish kunida Eng muqaddas xonaga birinchi marta kirganda nima qilgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

4 Levilar 16:12, 13 ni o‘qing. Poklanish kunini ko‘z o‘ngingizga keltirib ko‘ring. Oliy ruhoniy muqaddas chodirga kiradi. O‘sha kuni u Eng muqaddas xonaga uch marta kirishi kerak edi va bu birinchi kirishi. U bir qo‘lida xushbo‘y tutatqi solingan idishni, ikkinchisida esa cho‘g‘ to‘ldirilgan oltin olovkurakni ushlab turibdi. U Eng muqaddas xonaning kiraverishidagi parda oldida to‘xtaydi. Ehtirom ila u Eng muqaddas xonaga kirib, ahd sandig‘i oldida turadi. Majoziy ma’noda u Tangri Yahovaning huzurida turganday bo‘ladi. Endi oliy ruhoniy astagina xushbo‘y tutatqini cho‘g‘ ustiga qo‘yadi va xona uning yoqimli hidiga to‘ladi *. Keyin u yana bu xonaga gunoh qurbonliklarining qonini olib kiradi. E’tibor bering, u buni qilishdan avval xushbo‘y tutatqini tutatdi.

5. Poklanish kunida tutatqi tutatilganidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

5 Poklanish kunida tutatqi tutatilganidan nimani o‘rganishimiz mumkin? Muqaddas Kitobga binoan, Yahovaning sadoqatli xizmatchilarining maqbul ibodatlari xuddi tutatqiday. (Zab. 141:2; Vah. 5:8) Esingizda bo‘lsa, oliy ruhoniy uni ehtirom ila Yahovaning huzuriga olib kirgan. Shu kabi, Yahovaga ibodat qilganimizda, buni ehtirom ila qilamiz. Buni izzat-ikrom bilan qilamiz. Butun borliq Yaratuvchisi Unga murojaat qilishimizga va bamisoli bola otasiga yaqin bo‘lganiday, Unga yaqinlasha olishimizga imkon berayotgani uchun Undan nihoyatda minnatdormiz. (Yoqb. 4:8) Alloh bizni do‘st deb biladi! (Zab. 25:14) Bu sharafni o‘ta qadrlaymiz va Uni sira ham ranjitishni istamaymiz.

6. Oliy ruhoniy qurbonliklarning qonini olib kirishdan avval tutatqi tutatganidan qanday saboq olyapmiz?

6 Yodingizda bo‘lsa, oliy ruhoniy qurbonliklarning qonini olib kirishdan avval xushbo‘y tutatqini tutatgan. Shu yo‘sin, u qurbonliklarni keltirayotganda, Xudo undan mamnun ekaniga ishonch hosil qilgan. Xo‘sh, qanday saboq olyapmiz? Yer yuzida bo‘lganda, Iso o‘z hayotini odamlar uchun qurbonlik sifatida keltirishidan avval ularni qutqarishdan ham ahamiyatliroq bo‘lgan muhim bir narsa qilishi kerak edi. Qiziq, bu nima edi? Xudo uning qurbonligini qabul qilishi uchun, u yer yuzidagi hayoti davomida sadoqat ila Unga bo‘ysunishi kerak edi. Shu bilan Iso Yahova istaganday yo‘l tutish eng to‘g‘ri hayot tarzi ekanini isbotlay olardi. U Otasining hukmdorligi yoki boshqarish yo‘li eng to‘g‘ri va adolatli ekanini tasdiqlardi.

7. Nima uchun Isoning yer yuzidagi hayot tarzi Otasini mamnun qilgan?

7 Yer yuzidagi hayoti davomida Iso Yahovaning adolatli me’yorlariga mukammal tarzda bo‘ysungan. Hech qanday vasvasa yoki sinov, hatto dahshatli o‘limi ham uni Otasining boshqarish yo‘li eng a’lo ekanini isbotlashdan to‘xtatmagan. (Filip. 2:8) Qiyinchiliklarga duch kelganda, u «qattiq faryod va ko‘z yoshlar bilan» ibodat qilgan. (Ibron. 5:7) Samimiy ibodatlari u Yahovaga sadoqatli va itoatkor bo‘lib qolish istagi kuchli ekanini ko‘rsatgan. Yahova uchun Isoning ibodatlari xuddi xushbo‘y tutatqi hididay edi. Isoning hayot tarzi Otasini mamnun qilib, Uning hukmdorligini oqlagan.

8. Qanday qilib Isoning hayot tarziga taqlid qilishimiz mumkin?

8 Benuqson hayot kechirish, Yahovaga bo‘ysunish va Unga sodiq qolish uchun qo‘limizdan kelgan eng a’losini qilib, Isoga taqlid qilishimiz mumkin. Sinovlarga duch kelganimizda, Yahovani mamnun qilishni istaganimiz uchun Uning yordamini olish niyatida sidqidildan ibodat qilamiz. Shunday yo‘l tutib, Yahovaning hukmdorligini qo‘llab-quvvatlayotganimizni ko‘rsatamiz. Agar Yahova jirkanadigan ishlarni qilsak, U ibodatlarimizni qabul qilmasligini tushunamiz. Ammo Uning me’yorlari bo‘yicha yashasak, shubhasizki, chin dildan qilgan ibodatlarimiz U uchun bamisoli xushbo‘y tutatqiday bo‘ladi. Ha, samoviy Otamiz benuqsonligimiz-u sadoqat ila bo‘ysunganimizdan mamnun bo‘ladi! (Hik. 27:11)

MINNATDORCHILIK VA SEVGI YAHOVAGA XIZMAT QILISHIMIZGA UNDAYDI

(9-xatboshiga qarang.) *

9. Nega tinchlik qurbonliklari keltirilgan?

9 Ikkinchi saboq: Yahovadan minnatdor bo‘lganimiz tufayli Unga xizmat qilamiz. Bu saboqdan foyda olish uchun, keling, Isroil xalqi keltirgan tinchlik qurbonliklariga diqqat qarataylik. Bu ham haq topinishning bir qismi edi *. Levilar kitobidan Isroil xalqi «tinchlik qurbonligini minnatdorchilik sifatida olib kelganini» bilib olyapmiz. (Lev. 7:11–13, 16–18) Ular uni majburiyat yuzasidan emas, istagi borligi uchun keltirishgan. Ular Tangri Yahovani yaxshi ko‘rishgani uchun o‘sha ixtiyoriy nazrni olib kelishgan. Qurbonlik keltirgan kishi va uning oila a’zolari hamda ruhoniylar qurbonligining go‘shtidan yeyishi mumkin edi. Lekin qurbonlikning muayyan qismlari faqatgina Yahovaga keltirilardi. Qiziq, qaysi qismlari?

(10-xatboshiga qarang.) *

10. Levilar 3:6, 12, 14–16 da tilga olingan tinchlik qurbonliklari va Isoning Yahovaga qilgan xizmati orasida qanday o‘xshashliklar bor?

10 Uchinchi saboq: Yahovani yaxshi ko‘rganimiz uchun eng a’losini beramiz. Yahova uchun hayvonning yog‘i eng yaxshi qismi bo‘lgan. U shuningdek, muayyan a’zolar, jumladan, buyraklar o‘zgacha ahamiyatga ega deb aytgan. (Levilar 3:6, 12, 14–16 ni o‘qing.) Demak, isroilliklar ixtiyoriy nazr sifatida o‘sha a’zolarni va yog‘ni Yahovaga taqdim etganda, U juda mamnun bo‘lardi. Bu bilan ular Xudoga eng a’losini berish istagi borligini ko‘rsatishardi. Shu singari, Iso Yahovani yaxshi ko‘rgani tufayli Unga bajonidil xizmat qilish uchun eng a’losini berishga tayyor edi. (Yuhan. 14:31) Iso Allohning irodasini bajarishdan zavq olgan; u Xudoning qonunini juda ham yaxshi ko‘rgan. (Zab. 40:8) Iso shu qadar tayyorlik ila xizmat qilganini ko‘rish Yahova uchun qanchalar yoqimli bo‘lgandir-a?!

Yahovaga bo‘lgan sevgi bizni Unga eng a’losini berishga undaydi (11-12-xatboshilariga qarang.) *

11. Qaysi ma’noda xizmatimiz tinchlik qurbonliklariga o‘xshaydi va bu bizga qanday tasalli beryapti?

11 O‘sha tinchlik qurbonliklari kabi, Yahovaga qilgan xizmatimiz Unga nisbatan nimalarni his etayotganimizni ko‘rsatadi. Biz eng a’losini Yahovaga beramiz, buni Uni sidqidildan sevganimiz uchun qilamiz. Yahovaning millionlab xizmatchilari Uni hamda me’yorlarini qattiq sevgani uchun ixtiyoriy ravishda xizmat qilayotganini ko‘rish Unga rosa yoqadi! Yahova nafaqat harakatlarimizni, balki niyatlarimizni ham ko‘rib, ularni qadrlayotganini yodimizda saqlash bizga tasalli baxsh etishi mumkin. Masalan, yoshingiz ulug‘ bo‘lib, xohlaganingizday ko‘p xizmat qila olmayotgandirsiz, shunga amin bo‘lingki, Yahova cheklangan imkoniyatlaringizni tushunadi. Balki, siz kam xizmat qilyapman, deb xavotirlanayotgandirsiz, biroq Yahova qo‘lingizdan kelganini qilishga undayotgan sevgingizni ko‘ryapti. Siz bera olishingiz mumkin bo‘lgan eng a’losini qabul qilishdan Yahova mamnun.

12. Yahova tinchlik qurbonliklari borasida nimalarni his qilgan va bu bizga qanday dalda beryapti?

12 Tinchlik qurbonliklari masalasida qanday saboq olishimiz mumkin? Qurbonlikning eng a’lo qismlari olovda kuydirilib, tutuni ko‘tarilganda hidi Yahovaga yoqardi. Shunga amin bo‘lingki, siz ham eng a’losini berib, tayyorlik ila xizmat qilganingizda, Yahova mamnun bo‘ladi. (Kolos. 3:23) Bu unga naqadar yoqishini bir tasavvur qiling! Mehr ila qilgan katta-yu kichik urinishlaringizni Xudo yodida tutib, abadiy qadrlaydigan xazina deb biladi. (Mat. 6:20; Ibron. 6:10)

YAHOVA TASHKILOTIGA BARAKA BERMOQDA

13. Levilar 9:23, 24 ga binoan, Yahova ruhoniylardan mamnun ekanini qay yo‘sin ko‘rsatgan?

13 To‘rtinchi saboq: Yahova O‘z tashkilotining yerdagi qismiga baraka beryapti. Keling, mil. avv. 1512-yili Sinay tog‘ining etagida muqaddas chodir o‘rnatilganda nima yuz berganiga diqqat qarataylik. (Chiq. 40:17) Muso Horun va uning o‘g‘illarini ruhoniylar sifatida tayinlash maqsadida marosim o‘tkazgan. Isroil xalqi ruhoniylar ilk bor qurbonliklar keltirishini kuzatish uchun birga yig‘ilgan. (Lev. 9:1–5) Xo‘sh, Yahova endi tayinlangan bu ruhoniylardan mamnun ekanini qay yo‘sin ko‘rsatgan? Horun va Muso xalqni duo qilishgan, Yahova esa qurbongohdagi qurbonlikni yutib yuborish uchun huzuridan olov yuborgan. (Levilar 9:23, 24 ni o‘qing.)

14. Nima uchun Yahova Horun va uning o‘g‘illarini ruhoniylikka ma’qul deb topgani bizga taalluqli?

14 Bu olov nimadan dalolat edi? Yahova Horun va uning o‘g‘illarini ruhoniylar sifatida tanlaganini hamda ularni ma’qullayotganini ko‘rsatish uchun olov yuborgan. Isroilliklar Yahova ruhoniylarni ma’qullaganining aniq tasdig‘ini ko‘rganda, ular ham bu ruhoniylarni qo‘llab-quvvatlashi kerakligini tushunishdi. Bu bizga ham taalluqlimi? Ha. Sababi, o‘sha ruhoniylik undan ham muhimroq ruhoniylik xizmati borligini anglatadi. Osmonda Iso Masih eng Oliy ruhoniy, 144 000 ta moylangan masihiylar esa ruhoniy va shoh sifatida u bilan birga xizmat qiladi. (Ibron. 4:14; 8:3–5; 10:1)

Yahova tashkilotiga baraka berib, boshqaryapti. Uni sidqidildan qo‘llab-quvvatlaymiz (15–17-xatboshilariga qarang.) *

15–16. Qanday qilib Yahova «ishonchli va aqlli xizmatkordan» mamnun ekanini ko‘rsatyapti?

15 Iso 1919-yili moylangan birodarlardan iborat bo‘lgan kichik guruhni «ishonchli va aqlli xizmatkor» etib tayinlagan. Bu xizmatkor va’zgo‘ylik faoliyatini boshqarib, Masihning izdoshlariga «rizq-ro‘zni vaqtida berib turadi». (Mat. 24:45) Alloh ushbu ishonchli va aqlli xizmatkordan mamnun ekanining isbotini ko‘ryapsizmi?

16 Shayton va uning dunyosi ishonchli xizmatkorning faoliyatini to‘xtatish ilinjida. Agar ishonchli xizmatkor Yahovaning ko‘magisiz qolganida, bu faoliyatni bajarish imkonsiz bo‘lardi. Ikkita jahon urushi, to‘xtovsiz ta’qiblar, xalqaro iqtisodiy inqiroz va nohaq xatti-harakatlarga qaramay, ishonchli va aqlli xizmatkor dunyo bo‘ylab Masihning izdoshlariga ma’naviy ozuqani berishda davom etmoqda. Hozirgi kunda 900 dan oshiq tilda bepul ega bo‘layotgan mo‘l-ko‘l ma’naviy ozuqamiz haqida bir o‘ylab ko‘ring! Bu Alloh xizmatkorni qo‘llab-quvvatlayotganining yaqqol dalili! Va’zgo‘ylik faoliyati ham Yahovaning barakasidan dalolatdir. Ha, xushxabar «butun dunyo bo‘ylab» va’z qilinyapti. (Mat. 24:14) Shak-shubhasiz, Yahova O‘z tashkilotini boshqarib, saxiylik ila qut-barakalar ato etmoqda.

17. Yahova foydalanayotgan tashkilotni qo‘llab-quvvatlayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz?

17 O‘zimizga shunday savol berib ko‘rsak yaxshi bo‘lardi: «Yahova tashkilotining yerdagi qismida bo‘lganim uchun minnatdormanmi?» Muso va Horun davrida Yahova munosabatini ko‘rsatish uchun olov yuborgan, hozir esa U foydalanayotgan tashkilotini yaqqol isbot sifatida taqdim etyapti. Minnatdor bo‘lishimiz uchun sabablar bisyor. (1 Salon. 5:18, 19) Yahova foydalanayotgan tashkilotni qanday qo‘llab-quvvatlashimiz mumkin? Buni adabiyotlar, yig‘ilishlar va anjumanlarda Muqaddas Kitob asosida olayotgan yo‘l-yo‘riqlarga amal qilish orqali ko‘rsatamiz. Qolaversa, va’zgo‘ylik hamda ta’lim berish faoliyatida qo‘limizdan kelgancha qatnashish orqali uni qo‘llab-quvvatlayotganimizni ko‘rsatamiz. (1 Kor. 15:58)

18. Qanday yo‘l tutishga qat’iy qaror qildingiz?

18 Azizlar, Levilar kitobidan olgan saboqlarga amal qilish qarorimiz qat’iy bo‘lsin! Yahova qurbonliklarimizdan mamnun bo‘lishini juda ham istaymiz. Iloyim, Yahovadan minnatdor bo‘lganimiz uchun Unga xizmat qilaylik. Keling, Yahovani chin yurakdan sevganimiz uchun Unga eng a’losini berishdan tinmaylik. U foydalanayotgan tashkilotni ham sidqidildan qo‘llab-quvvatlaylik. Shunday yo‘l tutib, Yahovaning Shohidi sifatida Unga xizmat qilish sharafini qadrlayotganimizni ko‘rsatamiz!

96-QO‘SHIQ Allohning Kalomi — xazinadir

^ 5- x.b. Levilar kitobi Yahova Isroil xalqiga bergan qonunlardan iborat. Masihiylar sifatida ularga amal qilmaymiz, ammo ular hanuzgacha biz uchun juda foydali. Ushbu maqolada Levilar kitobidagi qimmatbaho saboqlardan nimalarni o‘rganishimiz mumkinligi haqida gap yuritamiz.

^ 4- x.b. Muqaddas chodirda tutatqi tutatish muqaddas deb hisoblanardi va qadimda Isroilda bu faqat Yahovaga topinish uchun qo‘llanilgan. (Chiq. 30:34–38) Birinchi asrdagi masihiylar topinishida tutatqi tutatishgani haqida hech nima yozilmagan.

^ 9- x.b. Tinchlik qurbonliklari borasida ko‘proq ma’lumot olish uchun «Muqaddas Kitobni anglamoq» ensiklopediyasining «Приношения», «Мирные жертвы» sarlavhasi ostiga hamda «Qo‘riqchi minorasi»ning 2012-yil 15-yanvar sonidagi 19-sahifada keltirilgan 11-xatboshiga qarang.

^ 54- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Poklanish kuni Isroil xalqining oliy ruhoniysi Eng muqaddas xonaga tutatqi va cho‘g‘ bilan kiradi. Xona xushbo‘y hidga to‘ladi. Keyin u yana bu xonaga gunoh qurbonliklarining qonini olib kiradi

^ 56- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Isroillik kishi oilasi nomidan Yahovaga bo‘lgan minnatdorlik ko‘rsatish niyatida ruhoniyga tinchlik qurbonligi sifatida qo‘yni olib kelgan.

^ 58- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Yer yuzidagi xizmati davomida, Iso Yahovaga bo‘lgan qattiq sevgisini Uning amrlariga bo‘ysunish va izdoshlarini qo‘llab-quvvatlash orqali namoyon etgan.

^ 60- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Yoshi ulug‘ opamiz jismoniy zaifliklariga qaramay, xatlar yozish orqali shohidlik berib, Yahovaga eng a’losini taqdim etyapti.

^ 62- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Yetakchi kengash a’zosi Gerrit Lyosh 2019-yil fevralda «Yangi dunyo tarjimasi»ning qayta ko‘rib chiqilgan nashri nemis tilida chiqqanini minnatdor va zavqqa to‘lgan tinglovchilarga e’lon qilyapti. Germaniyadagi va’zgo‘ylar bu ikki imondoshimiz kabi ushbu nashrni xizmatda qo‘llashdan juda xursand.