Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

18-TADQIQ MAQOLASI

Masofani yugurib o‘ting

Masofani yugurib o‘ting

Masofani yugurib o‘tdim. 2 TIM. 4:7

129-QO‘SHIQ Chidam bilan chopaylik

BU MAQOLADA *

1. Barchamiz nima qilishimiz lozim?

AGAR kasal yoki charchagan bo‘lsangiz qiyin bir musobaqada qatnashgan bo‘larmidingiz? Hoynahoy, yo‘q. Ammo havoriy Pavlus barcha masihiylar musobaqada qatnashayotgani haqida aytgan. (Ibron. 12:1) Yahova taklif qilayotgan mukofotni olishni istasak, yosh-u qari, kuchli-yu zaif — barchamiz oxirigacha chidashimiz lozim. (Mat. 24:13)

2. Timo‘tiyga ikkinchi maktub 4:7, 8 ga ko‘ra, nega Pavlusda so‘z erkinligi bor edi?

2 Bu borada Pavlusda so‘z erkinligi bor edi, chunki u muvaffaqiyat ila «masofani yugurib o‘tdi». (2 Timo‘tiyga 4:7, 8 ni o‘qing.) Biroq Pavlus aynan qanday musobaqa haqida gapirgan?

QANDAY MUSOBAQADA QATNASHYAPMIZ?

3. Pavlus qanday musobaqa haqida gapirgan?

3 Ba’zan Pavlus muhim saboqlar bermoqchi bo‘lganida, Yunonistonda o‘tkazilgan sport o‘yinlarida ishlatilgan ayrim tushunchalarni qo‘llagan. (1 Kor. 9:25–27; 2 Tim. 2:5) Bir necha bor u masihiylarning hayot tarzini chopish bo‘yicha musobaqaga o‘xshatgan. (1 Kor. 9:24; Galat. 2:2; Filip. 2:16) Inson o‘zini Yahovaga bag‘ishlab suvga cho‘mganida ushbu «musobaqada» qatnasha boshlaydi. (1 Butr. 3:21) Yahova unga abadiy hayot mukofotini taqdim etganida, u marra chizig‘ini kesib o‘tgan hisoblanadi. (Mat. 25:31–34, 46; 2 Tim. 4:8)

4. Bu maqolada nimani muhokama qilamiz?

4 Uzoq masofaga yugurish musobaqasi bilan masihiylarning hayot tarzi o‘rtasida qanday o‘xshashliklar bor? Ularning bir nechta o‘xshash tomonlari bor. Keling, uchtasini ko‘rib chiqaylik. Birinchidan, biz to‘g‘ri yo‘ldan chopishimiz kerak; ikkinchidan, diqqatimizni marra chizig‘iga qaratishimiz lozim; uchinchidan, qiyinchiliklarga qaramay chopishda davom etishimiz darkor.

TO‘G‘RI YO‘LDAN CHOPING

Barchamiz masihiylarning hayot yo‘lidan yurishimiz lozim (5–7-xatboshilariga qarang.) *

5. Biz qanday yo‘ldan yurishimiz kerak va nega?

5 Tom ma’nodagi musobaqada sovrin olish uchun, yuguruvchilar uni tashkillashtirganlar belgilagan yo‘ldan chopishlari kerak. Shunga o‘xshab, agar abadiy hayot mukofotini olishni istasak, masihiylarning hayot yo‘lidan yurishimiz kerak. (Havor. 20:24; 1 Butr. 2:21) Lekin Shayton va uning o‘rnagiga taqlid qilayotganlar boshqacha tanlov qilishimizni istashadi; biz ham ular bilan eski hayot yo‘lidan yugurishda davom etishimizni xohlashadi. (1 Butr. 4:4) Ular bizning hayot tarzimiz ustidan kulib, ularning yo‘li yaxshiroq ekani va ozodlikka yetaklashini da’vo qilishadi. Biroq ularning da’vosi yolg‘on. (2 Butr. 2:19)

6. Brayanning misolidan nimani o‘rgandingiz?

6 Shayton dunyosining ta’siri ostida bo‘lganlar bilan chopayotganlar, tez orada ular tanlagan yo‘l ozodlikka emas, qullikka yetaklashini anglashadi. (Rim. 6:16) Brayanning misolini olaylik. Ota-onasi uni masihiylarning hayot yo‘lidan yurishga undagan. O‘smirlik chog‘ida Brayan bu yo‘ldan yurish uni baxtli qilarmikin, deb shubhalana boshlagan. U Shaytonning me’yorlari bo‘yicha yashayotganlar bilan birga yugurishni tanlagan. U shunday dedi: «Erkinlik, deb orzu qilgan narsam meni o‘ziga qul qilib olishini hech o‘ylamagan ekanman. Vaqt o‘tib, men narkotik moddalarni va spirtli ichimliklarni iste’mol qilib, axloqsiz hayot kechira boshladim. Keyingi bir necha yil davomida men kuchliroq narkotik moddalarni muntazam iste’mol qilib, ularning ko‘piga qul bo‘lib qoldim....o‘zimni ta’minlash uchun narkotiklarni sota boshladim». Oxiri Brayan Yahovaning me’yorlari bo‘yicha hayot kechirishga qaror qildi. U yo‘lini o‘zgartirib 2001-yili suvga cho‘mdi. Hozir Brayan masihiylarning hayot yo‘lidan yurayotgani uchun chinakamiga baxtli *.

7. Matto 7:13, 14 ga binoan, oldimizda qanday ikkita yo‘l bor?

7 Chopish uchun to‘g‘ri yo‘lni tanlashimiz nihoyatda muhim! Shayton barchamiz «hayotga olib boradigan» tor yo‘lni qoldirib, bu dunyodagi aksariyat odamlar ketayotgan enli yo‘lga o‘tib olishimizni istaydi. Ko‘pchilik bu yo‘lni tanlagan va undan yurish oson. Ammo u «halokatga olib boradi». (Matto 7:13, 14 ni o‘qing.) To‘g‘ri yo‘lda qolib, undan og‘ib ketmasligimiz uchun Yahovaga ishonib, Unga quloq solishimiz lozim.

CHALG‘IMAY CHOPING

Chalg‘imay chopib, boshqalarni qoqintirishdan ehtiyot bo‘lamiz (8–12-xatboshilariga qarang.) *

8. Yuguruvchi qoqilib ketsa nima qiladi?

8 Uzoq masofaga yugurish musobaqasida qatnashuvchilar qoqilib ketmaslik uchun ko‘zlarini yo‘ldan uzishmaydi. Ammo ularni yonida yugurib ketayotganlar nogahon turtib ketishi yoki oyog‘i chuqurchaga tushishi mumkin. Ular yiqilib tushsa, o‘rnidan turib chopishda davom etishadi. Yuguruvchilar diqqatini nima tufayli qoqilib ketganiga emas, marra chizig‘iga va olishga umid qilayotgan mukofotiga qaratishadi.

9. Agar qoqinsak, qanday yo‘l tutishimiz lozim?

9 Biz ham musobaqada qatnashayotib, so‘zimiz yoki ishimizda xato qilganimiz tufayli ko‘p marta qoqilishimiz mumkin. Yo bo‘lmasa, yonimizda yugurib ketayotganlar xatoga yo‘l qo‘yib bizni xafa qilishlari mumkin. Buning ajablanarli joyi yo‘q. Barchamiz nomukammalmiz va birgalikda hayotga olib boruvchi bitta tor yo‘ldan yugurib ketyapmiz. Shuning uchun ba’zan bir-birimizga «urilib» ketishimiz mumkin. Pavlus ham ayrim paytlarda bir-birimizdan «arz qilishga sabab»chi bo‘lib qolishimiz mumkinligini tan olgan. (Kolos. 3:13) Lekin, keling, diqqatimizni bizni qoqintirayotgan narsalarga emas, balki oldinda kutayotgan mukofotga qarataylik. Agar qoqilsak, o‘rnimizdan turib yugurishda davom etishni tanlaylik. Agar achchiqlanib, o‘rnimizdan turishni istamasak, marraga yetish va mukofotni olishning iloji bo‘lmaydi. Qolaversa, tor hayot yo‘lidan chopib ketayotgan boshqa odamlar uchun to‘siq bo‘lib qolishimiz mumkin.

10. Boshqalar uchun «qoqintiradigan tosh» bo‘lib qolmasligimizga nima yordam beradi?

10 Biz bilan chopib ketayotgan imondoshlarimiz uchun «qoqintiradigan tosh» bo‘lib qolmaslikning yana bir yo‘li, o‘z haq-huquqlarimizda turib olmay, imkon bo‘lganda ularga yon berishdir. (Rim. 14:13, 19–21; 1 Kor. 8:9, 13) Aynan shu borada biz tom ma’nodagi musobaqada yuguruvchilardan farq qilamiz. Odatda yuguruvchilar o‘zaro raqobatlashib, har biri yolg‘iz o‘zi mukofot olishga intiladi. Ular avvalo o‘z manfaatini ko‘zlaydi. Oldinga chiqib olish uchun yuguruvchilar yonidagilarni turtib ketishga harakat qiladi. Ulardan farqli o‘laroq biz o‘zaro raqobatlashmaymiz. (Galat. 5:26; 6:4) Maqsadimiz iloji boricha ko‘proq odamlarga biz bilan marra chizig‘ini kesib o‘tib, hayot mukofotini olishga ko‘maklashishdan iborat. Shu bois, Pavlusning ilohiy ilhom ostida: «Nafaqat o‘zingizning, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlanglar»,— degan maslahatiga amal qilishga intilamiz. (Filip. 2:4)

11. Yuguruvchi diqqatini nimaga qaratadi va nega?

11 Tom ma’nodagi musobaqada qatnashuvchilar yo‘ldan ko‘z uzmay chopishdan tashqari, diqqatini marra chizig‘iga qaratishadi. Ular tom ma’noda marra chizig‘ini ko‘ra olmasa-da, uni kesib o‘tib mukofot olayotganini tasavvur qilishadi. Doim mukofot haqida o‘ylab, ular o‘zlarini rag‘batlantirib turishadi.

12. Yahova bizga nimani mehr ila taklif qilyapti?

12 Biz ishtirok etayotgan musobaqada oxirigacha yugurganlarga Yahova kafolatlangan mukofotni — osmonda yoki yer yuzidagi jannatda abadiy yashashni mehr ila taklif qilyapti. Muqaddas Yozuvlarda bu mukofotga ta’rif berilgani bois, kelajakda hayotimiz naqadar ajoyib bo‘lishini tasavvur qila olamiz. Ushbu umidimizni ongimizu qalbimizda qanchalik tirik saqlasak, nimadir bizni qoqintirishiga yo‘l qo‘yishimiz ehtimoli shunchalik kamayadi.

QIYINCHILIKLARGA QARAMAY CHOPISHDA DAVOM ETING

Shaxsiy qiyinchiliklarga qaramay hayot musobaqasida chopishda davom etamiz (13–20-xatboshilariga qarang.) *

13. Bizning tom ma’nodagi yuguruvchilardan qanday ustun tomonimiz bor?

13 Yunonlarning sport o‘yinlarida qatnashgan yuguruvchilar charchoq va og‘riq kabi qiyinchiliklarni yengib o‘tishlari kerak edi. Ammo qatnashchilarning bari mashq qilib orttirgan tajribasiga va kuchiga tayanishardi. O‘sha yuguruvchilar singari biz ham musobaqada qanday yugurish borasida ta’lim olamiz. Lekin bizning tom ma’nodagi yuguruvchilardan ustun tomonimiz bor. Biz cheksiz kuch-qudrat manbaidan quvvat olishimiz mumkin. Agar Yahovaga tayansak, U nafaqat bizga ta’lim berishga, balki kuchli qilib qo‘yishga va’da beryapti. (1 Butr. 5:10)

14. Qiyinchiliklarga duch kelganimizda 2 Korinfliklarga 12:9, 10 dagi so‘zlar bizga qanday yordam beradi?

14 Pavlus ko‘plab qiyinchiliklar bilan kurashgan. Haqorat va ta’qib qilinganidan tashqari, u ba’zan o‘zini zaif his qilgan va badanini «go‘yo tikandek azoblaydigan» bir dard bilan kurashgan. (2 Kor. 12:7) Pavlus bu qiyinchiliklarni taslim bo‘lish uchun sabab emas, balki Yahovaga tayanish imkoni deb bilgan. (2 Korinfliklarga 12:9, 10 ni o‘qing.) U bunday nuqtai nazarga ega bo‘lgani uchun, Yahova unga barcha qiyinchiliklardan o‘tib olishga yordam bergan.

15. Pavlusga taqlid qilsak, nimani his etamiz?

15 Bizni ham imonimiz uchun haqorat yoki ta’qib qilishlari mumkin. Shuningdek, zaif sog‘liq yoki charchoq bilan kurashishimizga to‘g‘ri kelayotgandir. Ammo Pavlusga taqlid qilsak, ushbu qiyinchiliklarning har biri Yahova sevgi ila berayotgan madadni his etish imkoniga aylanishi mumkin.

16. Sog‘ligingiz zaif bo‘lishiga qaramay nimalar qila olasiz?

16 Ehtimol, siz to‘shakka mixlanib qolgandirsiz yoki nogironlar aravachasida o‘tirgandirsiz. Tizzalaringiz zaiflashgandir yo ko‘zlaringiz xiralashgandir. Agar shunday bo‘lsa, yosh va sog‘lom kishilar bilan birga chopa olasizmi? Albatta, chopa olasiz! Ko‘plab keksa va nogiron insonlar hayot yo‘li bo‘ylab chopmoqda. Ular buni o‘z kuchi bilan qila olmaydi. Aksincha, ular jamoat uchrashuvlarining audio yozuvlarini tinglab Yahovadan kuch olyapti. Ular shifokor, hamshira va qarindoshlariga shohidlik berib shogird tayyorlash ishida qatnashyapti.

17. Jismoniy imkoniyatlari chegaralanganlarga Yahova qanday qaraydi?

17 Jismoniy imkoniyatlaringiz chegaralangani dastidan tushkunlikka tushib, hayot yo‘lidan yugurish uchun zaiflik qilaman, deb aslo o‘ylamang. Yahova imoningiz va yillar davomida U uchun qilib kelgan ishlaringiz tufayli sizni yaxshi ko‘radi. Hozir Uning yordamiga har qachongidan ham muhtojsiz va U sizni tashlab qo‘ymaydi. (Zab. 9:10) Aksincha, U sizga yanada yaqin bo‘ladi. Ayrim sog‘liq muammolari bilan kurashib kelayotgan bir imondoshimiz nima deganiga e’tibor bering: «Sog‘lig‘im bilan bog‘liq muammolarim ortib borgani sayin, boshqalar bilan haqiqatni bo‘lishish imkoni kamayib ketyapti. Lekin hatto kichik harakatlarim ham Yahovaning qalbini quvontirishini bilaman va bu meni baxtiyor qilyapti». Tushkunlikka tushganingizda shuni yodda tutingki, Yahova siz bilan. Pavlusning o‘rnagi ustida mulohaza yuriting va uning quyidagi daldali so‘zlarini yodga oling: «Zaif bo‘lishdan... mamnuniyat topaman. Sababi zaif bo‘lganimda, kuchliman». (2 Kor. 12:10)

18. Ayrimlar qanday o‘zgacha qiyinchiliklarga duch kelishyapti?

18 Hayot yo‘lidan chopib ketayotganlarning ayrimlari boshqa qiyinchiliklarga duch kelyapti. Ular kurashayotgan shaxsiy muammolarni boshqalar ko‘rmasligi va tushunmasligi mumkin. Masalan, ular depressiya yoki kuchli tashvish hissidan azob chekayotgandir. Nima uchun Yahovaning ushbu qadrli xizmatchilari o‘zgacha qiyinchilik bilan kurashyapti deya olamiz? Chunki kimdir qo‘lini sindirib olsa yoki nogironlar aravachasida o‘tirgan bo‘lsa, uning muammosini hamma ko‘radi va yordam berishga oshiqadi. Ammo inson hissiy yoki ruhiy xastalikdan aziyat chekayotgan bo‘lsa, tashqaridan buning hech qanday belgisi ko‘rinmasligi mumkin. Ularning vaziyati ham qo‘l yoki oyog‘i singan insonnikiday og‘ir. Lekin ular chekayotgan azoblar ko‘zga ko‘rinmagani uchun, odamlar ular muhtoj bo‘lgan sevgi va e’tiborni namoyon etmasligi mumkin.

19. Mefibositning misolidan nimani o‘rganyapmiz?

19 Bordi-yu, jismoniy imkoniyatlaringiz chegaralangan va sizni noto‘g‘ri tushungan bo‘lishsa, Mefibositning misoli ustida mulohaza yuritib kuchga to‘lishingiz mumkin. (2 Shoh. 4:4) U nogiron edi va shoh Dovud unga nohaqlik qilgandi. Mefibosit boshiga bunday ko‘rgiliklar tushishiga o‘zi aybdor emasdi. Shunga qaramay u salbiy fikrlarga berilmagan; u hayotidagi ijobiy narsalarni qadrlagan. Mefibosit Dovud unga o‘tmishda ko‘rsatgan mehribonchilik uchun minnatdor bo‘lgan. (2 Shoh. 9:6–10) Shu bois Dovud unga nohaqlik qilganida Mefibosit vaziyatga kengroq qarashga intilgan. U Dovudning xatosi tufayli achchiqlanmagan. U Dovudning qilmishi uchun Yahovani ayblamagan. Mefibosit diqqatini Yahova moylagan shohni qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlashi mumkinligiga qaratgan. (2 Shoh. 16:1–4; 19:24–30) Yahova bizning foydamizni ko‘zlab Mefibositning ajoyib misoli Kalomiga yozilishiga g‘amxo‘rlik qilgan. (Rim. 15:4)

20. Tashvishlar ayrimlarga qanday ta’sir qilyapti, lekin ular nimaga amin bo‘lishlari mumkin?

20 Og‘ir tashvishlar tufayli ayrim birodar-u opa-singillarimiz asabiy bo‘lib qolishgan va boshqalar bilan muloqot qilish kerak bo‘lgan kundalik vaziyatlarda juda uyalishadi. Bu imondoshlarimiz uchun ko‘pchilik orasida bo‘lish qiyin kechsa-da, ular yig‘ilishlar va anjumanlarni qoldirishmayapti. Begonalar bilan gaplashishga qiynalishsa-da, va’zgo‘ylikda ishtirok etishyapti. Siz ham shunday vaziyatda bo‘lsangiz, amin bo‘lingki, yolg‘iz emassiz. Ko‘pchilik shunga o‘xshash muammolar bilan kurashyapti. Yahova chin dildan qilayotgan harakatlaringizdan mamnun ekanini yodda tuting. Taslim bo‘lmayotganingiz Yahova sizga baraka va kuch ato etayotganining dalilidir *. (Filip. 4:6, 7; 1 Butr. 5:7) Jismoniy yoki hissiy imkoniyatlaringiz chegaralanganiga qaramay Yahovaga xizmat qilayotgan bo‘lsangiz, U sizdan mamnun ekanidan aslo shubhalanmang.

21. Yahovaning ko‘magi bilan barchamiz nima qila olamiz?

21 Yaxshiyamki, tom ma’nodagi musobaqa bilan Pavlus aytgan musobaqaning farqli tomonlari bor. Muqaddas Kitob yozilgan paytda o‘tkazilgan yugurish musobaqalarida faqat bir kishi sovringa ega bo‘lardi. Bundan farqli o‘laroq, masihiylarning hayot yo‘lida chidam bilan chopib sadoqatni saqlab qolganlarning barchasi abadiy hayot mukofotini oladi. (Yuhan. 3:16) Qolaversa, tom ma’nodagi musobaqada chopuvchilarning bari jismonan mos kelishlari kerak bo‘lgan; aks holda ularda g‘olib chiqish imkoni kamayib ketardi. Ko‘pchiligimizning jismoniy imkoniyatlarimiz chegaralangan bo‘lsa-da, chidam bilan chopyapmiz. (2 Kor. 4:16) Yahovaning ko‘magi bilan barchamiz marraga yeta olamiz!

144-QO‘SHIQ Sovringa qarab choping!

^ 5- x.b. Yahovaning ko‘plab xizmatchilari keksalik yoki kasallik ularni zaiflashtirib qo‘ygani tufayli muammolarni boshdan kechirishyapti. Shuningdek, barchamiz vaqti-vaqti bilan charchoqni his qilamiz. Shu bois musobaqada chopish juda qiyinday tuyulishi mumkin. Bu maqolada qay yo‘sin barchamiz chidam bilan chopishimiz va havoriy Pavlus aytgan hayot musobaqasida g‘olib bo‘lishimiz mumkinligi haqida gap boradi.

^ 6- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2013-yil 1-yanvar sonidagi «Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi» nomli maqolaga qarang.

^ 20- x.b. Tashvishlar bilan kurashish borasidagi qo‘shimcha amaliy maslahatlarni bilib olish hamda ular bilan muvaffaqiyat ila kurashayotganlarning misollarini ko‘rish uchun jw.org® saytidagi 2019-yil may oyi ko‘rsatuvini tomosha qiling. KUTUBXONA > JW INTERNET-TELEVIDENIESI sarlavhasi ostiga qarang.

^ 63- x.b. RASMGA SHARH. Va’zgo‘ylik xizmatida band bo‘lib, qariya birodarimiz masihiylarning to‘g‘ri yo‘lidan ketyapti.

^ 65- x.b. RASMGA SHARH. Kimdir spirtli ichimliklarni ko‘p ichyapti deb turib olsak yoki o‘zimiz qancha ichayotganimizga chegara qo‘ymasak, boshqalarni qoqintirib qo‘yishimiz mumkin.

^ 67- x.b. RASMGA SHARH. Shifoxonada to‘shakka mixlanib yotganiga qaramay, birodarimiz unga qarayotganlarga shohidlik berib, ramziy musobaqada qatnashishda davom etyapti.