14-TADQIQ MAQOLASI
Shimoldan kelgan hujum!
Yurtimga kuchli va son-sanoqsiz bir xalq bostirib keldi. YO‘EL 1:6
95-QO‘SHIQ Nur yanada yorqinroq porlamoqda
BU MAQOLADA *
1. Rassell birodarimiz bilan do‘stlari tadqiq qilishda qanday usuldan foydalanishgan va nega bu samarali bo‘lgan?
YUZ YILDAN oshiqroq vaqt avval Rassell birodarimiz va uning maslakdoshlari, ya’ni Alloh Kalomining boshqa tadqiqotchilaridan iborat kichik guruh birga yig‘ila boshlagandi. Ular Alloh Yahova, Iso Masih, o‘lganlarning holati va to‘lov haqida Muqaddas Kitobda aslida nima deyilganini bilib olmoqchi edi. Ularning tadqiq qilish usuli oddiy edi. Kimdir savol ko‘tarardi va butun guruh ushbu mavzuga taalluqli barcha oyatlarni o‘rganib chiqardi. Oxirida ular izlanishlarining natijasini yozib qo‘yishardi. Yahovaning barakasi tufayli bu samimiy masihiylar Muqaddas Kitobdagi ko‘plab asosiy haqiqatlarni bilib olishdi va biz ularni haligacha juda qadrlaymiz.
2. Muqaddas Kitob bashoratlarini tushunishga intilayotib ba’zida noto‘g‘ri xulosaga kelishimizga nimalar sabab bo‘lishi mumkin?
2 Tez orada Muqaddas Kitob tadqiqotchilari shuni tushunishdiki, Xudoning Kalomida muayyan ta’limot haqida nima deyilganini bilib olishdan ko‘ra, bashoratlarning ma’nosini to‘g‘ri tushunish qiyinroq. Nima uchun? Birinchidan, Muqaddas Kitob bashoratlarini ko‘pincha ular amalga osha boshlaganida yoki amalga oshib bo‘lganidan keyingina yaxshi tushunish mumkin. Ammo buning boshqa sababi ham bor. Bashoratni to‘g‘ri tushunish uchun uning matn tarkibini to‘liq ko‘rib chiqishimiz kerak. Agar uning faqat bir jihatiga diqqat qaratib, boshqalarini e’tiborsiz qoldirsak, noto‘g‘ri xulosaga kelishimiz mumkin. Ortga nazar solsak, Yo‘el kitobida yozilgan bashorat bilan ham aynan shunday bo‘lgan. Keling, bashoratni ko‘rib chiqamiz va nega tushunchamizni yangilashimiz kerakligini muhokama qilamiz.
3–4. Shu paytgacha Yo‘el 2:7–9 dagi bashoratni qanday tushunganmiz?
Yo‘el 2:7–9 ni o‘qing. Yo‘el Isroil yurtini chigirtkalar hujumi vayron etishini bashorat qilgandi. Tishlari-yu jag‘lari sherlarnikiday bo‘lgan ochofat hasharotlar yo‘lida uchragan barcha narsani yo‘q qiladi! (Yo‘el 1:4, 6) Ko‘p yillar davomida biz bu bashoratda Yahovaning xalqi to‘xtatib bo‘lmaydigan chigirtkalar galasi singari va’zgo‘ylik faoliyatini amalga oshirayotgani haqida aytilgan deb o‘ylardik. Bu faoliyat «yurtni», ya’ni din rahbarlarining nazorati ostidagi odamlarni sarosimaga solyapti deb hisoblardik *.
34 Agar Yo‘el 2:7–9 ni o‘qish bilan chegaralanib qolsak, bunday tushuncha to‘g‘riday tuyulishi mumkin. Biroq bashoratning matn tarkibini ko‘rib chiqsak, uni boshqacha tushunish lozimligini anglaymiz. Keling, buning to‘rtta sababiga diqqat qarataylik.
TUSHUNCHAMIZNI O‘ZGARTIRISH UCHUN TO‘RTTA SABAB
5–6. a) Yo‘el 2:20 va b) Yo‘el 2:25 ni ko‘rib chiqqach, qanday savol tug‘ilyapti?
5 Avvalo Yahova chigirtkalarning hujumi to‘g‘risida qanday va’da berganiga diqqat qarataylik: «Shimoldan kelganlarni [chigirtkalarni] oldingizdan haydab yuboraman». (Yo‘el 2:20) Agar chigirtkalar Isoning va’z qilish va shogird tayyorlash amriga bo‘ysunayotgan Yahovaning Shohidlarini bildirsa, nega Yahova ularni haydab yuborishni va’da qilgan? (Hiz. 33:7–9; Mat. 28:19, 20) Shunisi aniqki, Yahova O‘zining sadoqatli xizmatchilarini emas, ularga qarshilik qilayotgan narsalar yoki kimsalarni haydab yuboradi.
6 Ikkinchi sababni bilish uchun, keling, Yo‘el 2:25 da nima deb yozilganini ko‘rib chiqaylik. Yahova shunday degan: «Men sizlarga qarshi ulkan lashkarim bo‘lmish chigirtka galasi, qanotsiz chigirtka, ochofat chigirtka va yeb bitiruvchi chigirtkani yuborgan edim. Shu yillar davomida ular keltirgan zararni O‘zim qoplayman». E’tibor bersak, Yahova chigirtkalar keltirgan zararni qoplashi haqida va’da beryapti. Agar chigirtkalar Shohlik va’zgo‘ylarini bildirganida, bu ular e’lon qiladigan xabar zarar keltirishini anglatgan bo‘lardi. Ammo ular aytayotgan hayotbaxsh xabar ayrim yovuz kishilarni tavba qilishga undashi mumkin. (Hiz. 33:8, 19) Bu ular uchun naqadar ajoyib baraka bo‘lardi!
7. Yo‘el 2:28, 29 dagi «shundan keyin» degan so‘zlar nimani tushunishimizga yordam beryapti?
7 Yo‘el 2:28, 29 ni o‘qing. Uchinchi sababni, ya’ni bashoratda bayon etilgan voqealar tartibini ko‘rib chiqaylik. Yahovaning: «Shundan keyin Men har qanday inson ustiga O‘z ruhimni yog‘diraman»,— degan so‘zlari chigirtkalar o‘z ishini yakuniga yetkazgan vaqtga ishora qilishiga e’tibor berdingizmi? Agar chigirtkalar Xudoning Shohligi haqida va’z qilayotganlarni anglatsa, Yahova ular shohidlik berish ishini yakuniga yetkazganidan keyin ularning ustiga muqaddas ruhini yog‘dirib nima qiladi? Haqiqat shundaki, agar Xudo qudratli muqaddas ruhi ila yordam bermasa, ular qarshiliklar-u taqiqlarga qaramay o‘nlab yillar davomida va’zgo‘ylik ishini davom ettira olishmasdi.
8. Vahiy 9:1–11 dagi chigirtkalar kimlarni bildiradi? (Muqovadagi rasmga qarang.)
8 Vahiy 9:1–11 ni o‘qing. Endi esa to‘rtinchi sababga diqqat qarataylik. Avvallari Yo‘el kitobida yozilgan chigirtkalar haqidagi bashoratni va’zgo‘ylik faoliyati bilan bog‘lardik, chunki Vahiy kitobida ham shunga o‘xshash bashorat bor. Bu bashoratda yuzlari insonlarnikiga o‘xshash, boshida esa «go‘yo oltindan yasalgan tojlari bor» chigirtkalar galasi haqida aytilgan. (Vah. 9:7) Ular «peshonasida tamg‘asi yo‘q odamlarga», ya’ni Xudoning dushmanlariga besh oy davomida azob berishadi (chigirtkalar o‘rtacha hisobda aynan shuncha umr ko‘radi). (Vah. 9:4, 5) Ushbu so‘zlar orqali Yahovaning moylangan xizmatchilariga ta’rif berilayotganga o‘xshaydi. Ular Xudo bu yovuz dunyoga chiqargan hukmlarni jasorat ila e’lon qilishyapti, bu tufayli dunyoni qo‘llab-quvvatlayotganlar azoblanyapti.
9. Yo‘el ko‘rgan chigirtkalar bilan Yuhanno aytgan chigirtkalar o‘rtasida qanday muhim farqlar bor?
9 Chindan ham Vahiy kitobida yozilgan bashorat bilan Yo‘el kitobidagi bashorat o‘rtasida o‘xshashliklar mavjud. Lekin ular o‘rtasida muhim farqlar ham bor. Quyidagilarga diqqat qarating: Yo‘elning bashoratida chigirtkalar o‘simliklarni yo‘q qiladi. (Yo‘el 1:4, 6, 7) Yuhanno ko‘rgan vahiyda esa chigirtkalarga «yer yuzidagi hech bir o‘t-o‘langa... ziyon keltirmaslik» buyuriladi. (Vah. 9:4) Yo‘el ko‘rgan chigirtkalar shimoldan keladi. (Yo‘el 2:20) Yuhanno ko‘rganlari esa tubsizlikdan chiqadi. (Vah. 9:2, 3) Yo‘elning bashoratida chigirtkalar haydab yuboriladi. Vahiy kitobidagi chigirtkalar haydab yuborilmaydi, aksincha, Yahova ular ishini bitirishiga yo‘l qo‘yadi. Bu chigirtkalar Yahovaga noma’qul ekani haqida Muqaddas Kitobda hech narsa deyilmagan. (« Chigirtkalar haqidagi bashoratlarning muhim farqli tomonlari» nomli ramkaga qarang.)
10. Muqaddas Kitobda muayyan ramz boshqa-boshqa joyda uchrasa, ba’zida turli ma’noni anglatishi mumkinligini ko‘rsatuvchi misol keltiring.
10 Ushbu ikkita bashorat o‘rtasidagi muhim farqlar, ular o‘zaro bog‘liq emas degan xulosaga kelishimizga yordam beradi. Bu, Yo‘el aytgan chigirtkalar hamda Vahiy kitobidagi chigirtkalar bitta narsani anglatmaydi, deganimi? Ha. Muqaddas Kitobda muayyan ramz boshqa-boshqa joyda uchrasa, ba’zida turli ma’noni anglatishi mumkin. Masalan, Vahiy 5:5 da Iso «Yahudo qabilasidan bo‘lgan Arslon» deb atalgan, 1 Butrus 5:8 da esa Iblis bo‘kirib yurgan sherga o‘xshatilgan. Hozirgi tushunchamiz tufayli yuzaga kelayotgan savollarni inobatga olsak, Yo‘elning bashorati borasidagi tushunchamizni qayta ko‘rib chiqishga ehtiyoj borligi ayon bo‘lyapti. Bu bashorat nimani anglatadi?
BU BASHORAT NIMANI ANGLATADI?
11. Yo‘el 1:6 va 2:1, 8, 11 dagi so‘zlar chigirtkalar kimni anglatishini tushunishimizga qay yo‘sin yordam beryapti?
11 Agar Yo‘elning bashoratiga matn tarkibini inobatga olgan holda yaxshilab nazar solsak, payg‘ambar harbiy hujum haqida oldindan aytganini tushunamiz. (Yo‘el 1:6; 2:1, 8, 11) Yahova itoatsiz isroilliklarni jazolash uchun O‘zining «ulkan lashkari»dan (bobillik askarlardan) foydalanishini aytgan. (Yo‘el 2:25) Bosib oluvchi lashkarga nisbatan «shimoldan kelganlar» deb o‘rinli ta’rif berilgan, chunki bobilliklar shimol tomondan kelib Isroilni bosib olishgan. (Yo‘el 2:20) Ushbu lashkar yaxshi tashkillashtirilgan chigirtkalar galasiga o‘xshatilgan. Ular haqida Yo‘el shunday degan: «Har biri [har bir askar] o‘z yo‘nalishida harakat qiladi. [...] Ular shaharga bostirib kiradi, devorga yugurib chiqadi. Uylarga tirmashib chiqib, o‘g‘riday derazalardan oshib tushadi». (Yo‘el 2:8, 9) Buni tasavvur qila olasizmi? Hamma joyni askarlar bosib ketgan. Bekinadigan joy ham yo‘q. Bobilliklarning qilichidan hech kim qochib qutula olmaydi!
12. Yo‘elning chigirtkalar haqidagi bashorati qanday amalga oshdi?
12 Bobilliklar (yoki xaldeylar) mil. avv. 607-yili Quddusni chigirtkalar kabi bosib olishdi. Bu haqida Muqaddas Kitobda quyidagicha yozilgan: «U [xaldeylar shohi] kelib, ularning yigitlarini... qilichdan o‘tkazdi. U na yigit, na qiz, na qari, na zaifga shafqat qildi. Tangri hamma narsani uning qo‘liga topshirdi. [...] U Allohning uyiga o‘t qo‘yib, Quddus devorini buzib tashladi. Mustahkam minoralarning hammasini yondirib, barcha qimmatbaho narsalarni yo‘q qildi». (2 Sol. 36:17, 19) Bobilliklar bu yurtda o‘z ishini bitirgach, bunga shohid bo‘lganlar faqatgina: «Bu tashlandiq yurtda na odamlar, na hayvonlar bor. U xaldeylar qo‘liga berilgan»,— deya olishardi. (Yerm. 32:43)
13. Yeremiyo 16:16, 18 ning ma’nosini tushuntiring.
13 Yo‘el bashorat qilganidan taxminan 200-yil o‘tib, Yahova Yeremiyo orqali ushbu hujum haqida yana bashorat aytdi. Yahova bosib oluvchilar yovuz ishlar qiladigan isroilliklarni izlab topib, ularning barini asir qilib olib ketishlarini aytdi. «Yahova shunday demoqda: “Mana, Men ko‘p baliqchilarni yuboryapman. Ular xalqimni ovlashadi. Bundan keyin Men ko‘p ovchilarni yuboraman. Ular xalqimni har bir tog‘ va har bir tepalikda, qoyalarning yoriqlarida ovlashadi. [...] Xatolari va gunohlariga qarab tegishlisini to‘lig‘icha qaytaraman». Na ummonlar, na o‘rmonlar tavba qilmagan isroilliklarni bosib oluvchi bobilliklardan qutqara oladi. (Yerm. 16:16, 18)
TIKLANISH
14. Yo‘el 2:28, 29 dagi so‘zlar qachon amalga oshgan?
14 Endi Yo‘el ijobiy ruhda tiklanish haqidagi xushxabarni aytadi. Yurt yana serhosil bo‘ladi. (Yo‘el 2:23–26) Keyin esa kelajakda vaqti kelib ma’naviy ozuqa mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Yahova shunday deydi: «Men har qanday inson ustiga O‘z ruhimni yog‘diraman. O‘g‘il-u qizlaringiz bashorat qiladi,.. hatto qul-u cho‘rilarimga o‘sha kunlarda O‘z ruhimni yog‘diraman». (Yo‘el 2:28, 29) Isroilliklar Bobildan ona yurtiga qaytishlari bilanoq ularning ustiga Xudoning muqaddas ruhi yog‘dirilmagan. Aksincha, bu asrlar o‘tib, milodiy 33-yilning Hosil bayramida amalga oshgan. Buni qayerdan bilamiz?
15. Havoriylar 2:16, 17 ga binoan, Butrus Yo‘el 2:28 dagi so‘zlarga qanday o‘zgarish kiritgan va bu nimani anglatardi?
15 Muqaddas ruh ta’siri ostida havoriy Butrus Yo‘el 2:28, 29 dagi so‘zlarni Hosil bayrami kuni yuz bergan ajoyib voqeaga nisbatan qo‘llagan. O‘sha kuni ertalab soat to‘qqizlarda mo‘jizaviy tarzda muqaddas ruh yog‘dirilgan va uni olgan kishilarni «Allohning ulug‘vor ishlari haqida» gapirishga undagan. (Havor. 2:11) Ilohiy ilhom ostida Butrus Yo‘elning bashoratidan iqtibos keltirayotib biroz o‘zgacha so‘zlarni qo‘llagan. U Yo‘elning so‘zlariga qanday o‘zgarish kiritganiga e’tibor berdingizmi? (Havoriylar 2:16, 17 ni o‘qing.) Iqtibosni «shundan keyin» degan so‘zlar bilan boshlash o‘rniga Butrus «Oxirgi kunlarda»,— deb aytgan. Bu matn tarkibida Butrus Quddus hamda undagi ma’bad butunlay vayron qilinishidan biroz oldingi vaqtni nazarda tutgan. Aynan shu paytda Xudo O‘z ruhini «har qanday inson ustiga» yog‘dirishi kerak edi. Bu, Yo‘elning bashorati amalga oshishidan oldin ancha vaqt o‘tishi lozimligini anglatadi.
16. Xudoning muqaddas ruhi birinchi asrda va’zgo‘ylik ishiga qanday ta’sir qilgan va bizning kunlarimiz haqida nima desa bo‘ladi?
Kolos. 1:23) «Bor jonzot» deganda, Pavlus dunyoning o‘zi va boshqalar bora oladigan qismlarini nazarda tutgan. Yahovaning qudratli muqaddas ruhi yordamida bizning kunlarimizda va’zgo‘ylik ishi yanada keng quloch yozib, «yer chekkalarigacha» tarqaldi. (Havor. 13:47; « O‘z ruhimni yog‘diraman» nomli ramkaga qarang.)
16 Birinchi asrda Xudoning ruhi ajoyib tarzda yog‘dirilgach, va’zgo‘ylik ishi olg‘a surila boshlagan va keng quloch yozgan. Havoriy Pavlus kolosaliklarga maktub yozgan paytda, ya’ni taxminan milodiy 61-yili, xushxabar «falak ostida bor jonzotga va’z qilindi» deb ayta olgan. (NIMA O‘ZGARDI?
17. Yo‘elning chigirtkalar haqidagi bashorati borasidagi tushunchamiz qay yo‘sin o‘zgardi?
17 Nima o‘zgardi? Endi Yo‘el 2:7–9 dagi bashoratni yanada aniqroq tushunyapmiz. Oddiy qilib aytganda, bu oyatlar biz g‘ayrat ila bajarayotgan va’zgo‘ylik ishini emas, balki mil. avv. 607-yili Quddusni bosib olgan Bobil lashkari bajargan ishni bildiradi.
18. Yahovaning xalqida nima o‘zgarmadi?
18 Nima o‘zgarmadi? Yahovaning xalqi hamma joyda va mos kelgan har qanday usuldan foydalanib xushxabarni va’z qilishda davom etyapti. (Mat. 24:14) Hukumatlar o‘rnatayotgan hech bir cheklov va’z qilish topshirig‘ini bajarishimizga to‘sqinlik qila olmaydi. Yahovaning barakasi bilan Shohlik haqidagi xushxabarni va’z qilishda har qachongidan ham faolmiz! Biz Muqaddas Kitobdagi bashoratlarni tushunish uchun kamtarlik ila Yahovadan yo‘l-yo‘riq izlashda davom etyapmiz. Chunki vaqti kelganda Yahova «haqiqatni to‘liq tushunishimizga» yordam berishiga aminmiz! (Yuhan. 16:13)
97-QO‘SHIQ Rab So‘zi ila har lahza yashaymiz
^ 5- x.b. Ko‘p yillar davomida Yo‘el kitobining 1- va 2- boblarida yozilgan bashorat bizning kunlarimizda olib borilayotgan va’zgo‘ylik faoliyatiga taalluqli deb o‘ylardik. Biroq Yo‘el aytgan bashoratning ushbu qismi borasidagi tushunchamizni qayta ko‘rib chiqishga to‘rtta asosli sabab bor. Bu qanday sabablar ekan?
^ 3- x.b. Masalan, «Qo‘riqchi minorasi»ning 2009-yil 15-aprel sonidagi «Yahovaning donoligi ijodlaridan ayondir» nomli maqolaning 14–16-xatboshilariga qarang.