Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

16-TADQIQ MAQOLASI

Tinglang, yaqinroq tanishing va hamdardlik ko‘rsating

Tinglang, yaqinroq tanishing va hamdardlik ko‘rsating

Tashqi ko‘rinishga qarab hukm etishni bas qilinglar, hukmingiz adolatli bo‘lsin. YUHAN. 7:24

101-QO‘SHIQ Bahamjihat xizmat qilaylik

BU MAQOLADA *

1. Muqaddas Kitob Yahova haqida tasalli beruvchi qanday haqiqatni ochib bermoqda?

ODAMLAR teringizning rangi, yuz tuzilishingiz yoki bo‘y-bastingizga qarab siz haqingizda xulosa chiqarishini istarmidingiz? Hoynahoy, yo‘q. Yahova bizni ko‘zga ko‘rinadigan narsalarga qarabgina hukm qilmasligini bilish naqadar tasalli beradi! Masalan, Shomuil payg‘ambar Essayning o‘g‘illariga qaraganida, Yahova ko‘rgan narsalarni ko‘ra olmagan. Yahova Shomuilga Essayning o‘g‘illaridan biri Isroil shohi bo‘lishi haqida aytgan. Ammo ulardan qay biri? Shomuil Essayning to‘ng‘ich o‘g‘li Eliyobni ko‘rganida: «Yahovaning moylangani mana shu ekani shubhasiz»,— deb o‘ylagan. Eliyob bo‘lajak shohday ko‘ringan. Biroq Yahova Shomuilga: «Uning ko‘rinishiga va bo‘yining balandligiga qarama, chunki tanlaganim u emas»,— degan. Bundan qanday saboq olyapmiz? Davomida Yahova shunday so‘zlarni aytgan: «Odam tashqi ko‘rinishga qaraydi, Yahova esa insonning qalbiga qaraydi». (1 Shoh. 16:1, 6, 7)

2. Yuhanno 7:24 ga ko‘ra, nega odam haqida tashqi ko‘rinishiga qarab xulosa chiqarmasligimiz kerak? Misol keltiring.

2 Nomukammal bo‘lganimiz uchun odamlar haqida ularning tashqi ko‘rinishiga qarab xulosa chiqarishga moyilmiz. (Yuhanno 7:24 ni o‘qing.) Ammo ko‘zga ko‘rinadigan narsalarga qarab odam haqida juda kam narsani bila olamiz. Misol uchun, hatto mahoratli va tajribali shifokor ham bemorning tashqi ko‘rinishiga qarab juda kam narsani bila oladi. U bemorning kasallik tarixi, hissiy holati hamda kasallikning har qanday alomatlari to‘g‘risida bilib olish uchun uni diqqat bilan tinglashi kerak. Shifokor bemorning ichida nimalar bo‘layotganini bilish uchun uni rentgenga yuborishi mumkin. Aks holda u bemorga noto‘g‘ri tashxis qo‘yishi hech gap emas. Shu singari, shunchaki tashqi ko‘rinishiga qarab birodar-u opa-singillarimizni to‘liq tushuna olmaymiz. Biz ularning ichki dunyosini ko‘rishga intilishimiz lozim. To‘g‘ri, biz qalblarni ko‘ra olmaganimiz uchun boshqalarni hech qachon Yahovadek tushuna olmaymiz. Ammo Yahovaga taqlid qilishda jon kuydirishimiz mumkin. Qanday qilib?

3. Ushbu maqolada ko‘rib chiqiladigan Muqaddas Kitobdagi misollar Yahovaga taqlid qilishimizga qanday yordam beradi?

3 Yahova topinuvchilariga qanday muomala qiladi? U ularni tinglaydi. Yahova ularning kelib chiqishi va vaziyatini inobatga oladi. U xizmatchilariga hamdardlik ko‘rsatadi. Yahova Yunus, Ilyos, Hojar va Lutga qanday muomala qilganini ko‘rib chiqayotib, imondoshlarimiz bilan muomala qilganda Unga qay yo‘sin taqlid qilishimiz mumkinligini bilib olaylik.

DIQQAT BILAN TINGLANG

4. Nega Yunus haqida noto‘g‘ri xulosaga kelishimiz mumkin?

4 Yunusning vaziyati to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmaganimiz tufayli uni ishonchsiz, hatto sadoqatsiz deb o‘ylashimiz mumkin. U Nineviyada hukmni e’lon qilish haqida Yahovadan aniq topshiriq olgandi. Biroq quloq solishning o‘rniga Yunus qarama-qarshi tomonga ketadigan kemaga o‘tirib Yahovadan «qochib ketmoqchi bo‘ldi». (Yunus 1:1–3) Ushbu topshiriqni bajarishi uchun Yunusga yana bir imkon bergan bo‘larmidingiz? Ehtimol, yo‘q. Ammo Yahova bunday qilish uchun sabab borligini ko‘ra olgan. (Yunus 3:1, 2)

5. Yunus 2:1, 2, 9 da yozilgan so‘zlaridan Yunus haqida nimani bilib oldingiz?

5 Yunusning ibodatidan u aslida qanday inson bo‘lganini ko‘rsa bo‘ladi. (Yunus 2:1, 2, 9 ni o‘qing.) Yunus Yahovaga ko‘plab marotaba ibodat qilgani shubhasiz. Uning ibodatlaridan biri, ya’ni baliqning qornida bo‘lganida aytgan ibodati u shunchaki topshiriqdan qochib ketgan inson emasligini tushunishimizga yordam beradi. Uning so‘zlaridan u kamtarin, minnatdor va Yahovaga itoat qilishga qarori qat’iy inson bo‘lgani ko‘rinyapti. Shuning uchun Yahova diqqatini faqat Yunusning xatosiga qaratmagani ajablanarli emas. Aksincha, U Yunusning ibodatiga javob bergan va undan payg‘ambari sifatida foydalanishni davom ettirgan.

Agar inson haqida muayyan ma’lumotni bilib olsak, ko‘proq hamdardlik ko‘rsata olamiz (6-xatboshiga qarang.) *

6. Nima uchun boshqalarni diqqat bilan tinglashga harakat qilsak arziydi?

6 Boshqalarni diqqat bilan tinglash uchun kamtarin va sabr-toqatli bo‘lishimiz lozim. Kamida uchta sabab tufayli bunday qilish arziydi. Birinchidan, shunda odam haqida tezda xulosa chiqarib qo‘ymaymiz. Ikkinchidan, imondoshimizning tuyg‘ulari-yu niyatlarini tushuna olamiz va bu unga yanada ko‘proq hamdardlik ko‘rsatishimizga yordam beradi. Uchinchidan, insonga o‘zi haqida nimanidir bilib olishiga ko‘maklashishimiz mumkin. Ba’zan o‘zimiz ham tuyg‘ularimizni so‘zlar bilan ifodalamaguncha o‘zimizni tushunmaymiz. (Hik. 20:5) Osiyodagi bitta oqsoqol shunday deb tan oldi: «Bir safar men tinglamay turib gapirib, xato qilganman. Men bir opaga sharhlarining sifatini yaxshilashi kerakligi to‘g‘risida maslahat berganman. Keyinroq bilsam, bu opa o‘qishga qiynalar ekan va sharh berish undan ko‘p harakat talab etarkan». Har bir oqsoqol maslahat berishdan avval diqqat bilan tinglab, inson haqida muayyan ma’lumotni bilib olishi nihoyatda muhim. (Hik. 18:13)

7. Yahova Ilyosga qilgan muomalasidan qanday saboq oldingiz?

7 Ayrim imondoshlarimiz kelib chiqishi, madaniyati yoki shaxsiyati tufayli tuyg‘ulari haqida gapirishga qiynalishadi. Nima qilsak ular bizga qalbini ochishi osonroq bo‘ladi? Ilyos malika Izabeldan qochib ketganida Yahova unga qanday muomala qilganini eslaylik. Ilyos payg‘ambar samoviy Otasiga o‘z tuyg‘ularini butkul to‘kib-solishga tayyor bo‘lishi uchun bir necha kun kerak bo‘lgan. Yahova uni diqqat bilan tinglagan. U Ilyosga dalda bergan va muhim ishni topshirgan. (3 Shoh. 19:1–18) Imondoshlarimiz ham bizga o‘z tuyg‘ulari haqida ochiq aytishlari uchun vaqt talab etilishi mumkin, biroq shundagina ularning asl tuyg‘ularini tushuna olamiz. Yahovaga taqlid qilib sabrli bo‘lsak, ularning ishonchini qozona olamiz. Ular o‘z tuyg‘ularini aytishni istaganida, ularni diqqat bilan tinglashimiz kerak.

IMONDOSHLARINGIZNI YAXSHIROQ BILIB OLING

8. Ibtido 16:7–13 ga ko‘ra, Yahova Hojarga qanday yordam bergan?

8 Sorayning cho‘risi Hojar Ibromning xotini bo‘lgach, nodonlarcha yo‘l tutgan. Hojar homilador bo‘lganida Sorayning o‘z farzandlari bo‘lmagani uchun unga past nazar bilan qaray boshlagan. Soray bilan Hojarning munosabatlari shunchalik yomonlashganki, Hojar qochib ketgan. (Ibt. 16:4–6) Agar nomukammal insonning nuqtai nazaridan qarasak, Hojar qilmishiga yarasha jazo olgan yomon ayolday tuyulishi mumkin. Lekin Yahova Hojar to‘g‘risida bunday deb o‘ylamagan. U Hojarning oldiga farishtasini yuborgan. Farishta Hojarning oldiga kelganida, unga fikrlash tarzini o‘zgartirishga yordam bergan va uni duo qilgan. Hojar Yahova uni ko‘rib turganini hamda vaziyatidan xabardor ekanini anglagan. Shu bois u: «Sen hamma narsani ko‘ra oladigan Xudosan»,— deb aytgan. (Ibtido 16:7–13 ni o‘qing.)

9. Yahova Hojarga muomala qilayotib nimalarni inobatga olgan?

9 Yahova Hojar borasida nimalarga e’tibor qaratgan? Yahova uning kelib chiqishi va boshidan kechirganlari to‘g‘risida hamma narsani bilgan. (Hik. 15:3) Hojar ibroniylarning xonadonida yashayotgan misrlik ayol edi. Ehtimol, ba’zan u o‘zini begonaday his etgandir. Oilasi va yurtini sog‘ingandir. Ustiga-ustak, u Ibromning yagona xotini emasdi. O‘sha paytlarda Xudoning sadoqatli xizmatchilari ham bir nechta xotin olishgan. Ammo bu Yahovaning azaliy niyatiga kirmagan. (Mat. 19:4–6) Shuning uchun bu odat oilalarda rashk va nafrat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgani ajablanarli emas. Yahova Hojarning Sorayga hurmatsizlik qilganini oqlamagan bo‘lsa-da, U Hojarning kelib chiqishi va vaziyatini inobatga olgani aniq.

Birodar-u opa-singillaringizni yaxshiroq bilib olishga intiling (10–12-xatboshilariga qarang.) *

10. Qay yo‘sin birodar-u opa-singillarimizni yaxshiroq bilib olsak bo‘ladi?

10 Biz ham bir-birimizni tushunishga intilib Yahovaga taqlid qila olamiz. Birodar-u opa-singillaringizni yaxshiroq bilib olishga intiling. Ular bilan yig‘ilishdan oldin va keyin suhbatlashing, birgalikda xizmatga chiqing va imkon bo‘lsa, ularni ovqatga taklif qiling. Shunday yo‘l tutsangiz, ehtimol, uncha xushmuomala emasday tuyulgan opa aslida uyatchan ekanini, pulparastlikka berilib ketganday ko‘ringan birodar esa saxiy ekanini, ko‘pincha yig‘ilishlarga kech qolib keladigan oila qarshiliklarga duch kelayotganini bilib olarsiz. (Ayub 6:29) To‘g‘ri, biz «boshqalarning ishiga aralashib» yurmasligimiz kerak. (1 Tim. 5:13) Biroq birodar-u opa-singillarimiz hamda ularning shaxsiyatini shakllantirgan vaziyatlar to‘g‘risida muayyan ma’lumotga ega bo‘lish foydadan xoli emas.

11. Nega oqsoqollar qo‘ylarni yaxshi bilishlari kerak?

11 Ayniqsa oqsoqollar o‘zlari g‘amxo‘rlik qilayotgan imondoshlarining kelib chiqishini bilishlari lozim. Keling, tuman noziri bo‘lib xizmat qilgan Artur ismli birodarning misolini ko‘rib chiqaylik. U yana bir oqsoqol bilan birga uyatchan va tortinchoqday ko‘ringan opanikiga tashrif buyurgan. Artur shunday dedi: «Bu opaning eri ular turmush qurishganidan bir necha yil o‘tib vafot etganini bilib oldik. Qiyinchiliklarga qaramay u ikkita qizini ma’nan mustahkam insonlar qilib tarbiyalagan. Uning ko‘rish qobiliyati pasayib borayotgandi va u depressiyadan aziyat chekayotgandi. Shunga qaramay, uning Yahovaga bo‘lgan sevgisi va imoni kuchli edi. Biz ushbu opaning ajoyib o‘rnagidan ko‘p narsani o‘rganishimiz mumkinligini tushundik». (Filip. 2:3) Bu tuman noziri Yahovaning o‘rnagiga taqlid qilgan. Yahova qo‘ylarini yaxshi biladi va ular chekayotgan azoblardan xabardor. (Chiq. 3:7) Qo‘ylarni yaxshi biladigan oqsoqollar ham ularga kerakli yordamni ko‘rsata olishadi.

12. Yip Yye ismli imondoshimiz jamoatidagi bir opani yaqindan bilib olgani unga qanday foyda keltirdi?

12 G‘ashingizga tegadigan birorta imondoshingizning kelib chiqishini yaxshiroq bilib olsangiz, unga ko‘proq hamdardlik ko‘rsata olarsiz. Bir misolni ko‘rib chiqaylik. Osiyoda yashovchi Yip Yye ismli bir imondoshimiz shunday deb bo‘lishdi: «Jamoatimizdagi bir opa juda baland ovozda gapirardi. Men uni yaxshi tarbiya ko‘rmagan deb o‘ylardim. Biroq u bilan xizmatga chiqqanimda, u ota-onasiga bozorda baliq sotishga yordam berganini bilib oldim. O‘shanda xaridorlarni chaqirish uchun u baland ovozda gapirishiga to‘g‘ri kelgan ekan». Yip Yye shunday deb qo‘shib qo‘ydi: «Birodar-u opa-singillarimni tushunish uchun ularning kelib chiqishini bilishim kerakligini angladim». Imondoshlarni yaxshiroq bilib olish uchun jon kuydirishga to‘g‘ri keladi. Lekin bag‘ringizni kengroq qilish haqidagi Muqaddas Kitob maslahatiga amal qilib, «har turli odamlarni» yaxshi ko‘radigan Yahovaga taqlid qilgan bo‘lasiz. (1 Tim. 2:3, 4; 2 Kor. 6:11–13)

HAMDARDLIK KO‘RSATING

13. Ibtido 19:15, 16 ga ko‘ra, Lut imillaganida farishtalar nima qilishgan va nega?

13 Hayotining muhim damlaridan birida Lut Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilishda imillagan. Lutning yoniga ikkita farishta kelib, u oilasini Sado‘m shahridan olib chiqib ketishi kerakligini aytgan. Nega? Ular Lutga: «Biz bu yerni yo‘q qilmoqchimiz»,— deyishgan. (Ibt. 19:12, 13) Ertasi kuni ertalab Lut va oilasi hali ham uyida bo‘lgan. Shuning uchun farishtalar Lutni yana ogohlantirishgan. Biroq u baribir imillagan. Lut befarq, hatto itoatsiz inson bo‘lgan, deb o‘ylashimiz mumkin. Biroq Yahova Lutni qutqarib qolish istagidan voz kechmagan. «Yahovaning unga rahmi kelgani» uchun farishtalar Lutning oilasini qo‘lidan ushlab, shahar tashqarisiga olib chiqib qo‘yishgan. (Ibtido 19:15, 16 ni o‘qing.)

14. Nima sababli Yahovaning Lutga rahmi kelgan bo‘lishi mumkin?

14 Bir nechta sababga ko‘ra Yahovaning Lutga rahmi kelgan bo‘lishi mumkin. Lut shahar tashqarisidagi odamlardan qo‘rqqani uchun uyidan chiqib ketishga shoshilmagandir. Bundan tashqari, boshqa xavf-xatar ham bor edi. Ehtimol, Lut yaqin oradagi vodiyda ikkita shoh smolali, ya’ni asfaltli chuqurlarga tushib ketgani haqida bilgandir. (Ibt. 14:8–12) Er va ota sifatida Lut oilasi uchun qayg‘urgan. Qolaversa, Lut boy inson edi va Sado‘mda yaxshi uyi bo‘lgandir. (Ibt. 13:5, 6) Albatta, ushbu omillarning hech biri Lut Yahovaga o‘sha zahoti quloq solmaganini oqlamaydi. Biroq Yahova bor diqqatini Lutning xatosiga qaratmagan, balki uni «odil kishi» deb hisoblagan. (2 Butr. 2:7, 8)

Boshqalarni tinglasak, ularga qay yo‘sin hamdardlik ko‘rsatishimiz mumkinligini anglaymiz (15–16-xatboshilariga qarang.) *

15. Imondoshlarni xatti-harakatlari uchun hukm qilishning o‘rniga nima qilishimiz kerak?

15 Boshqa odamni xatti-harakatlari uchun hukm qilishning o‘rniga, uning tuyg‘ularini tushunishga intiling. Yevropada yashovchi Veronika ismli imondoshimiz aynan shunday yo‘l tutdi. U shunday deb bo‘lishdi: «Bir opa doim yomon kayfiyatda yurardi. U o‘zini boshqalardan olib qochardi. Ba’zan uning yoniga borishga ham qo‘rqardim. Ammo “Uning o‘rnida bo‘lganimda do‘stga muhtoj bo‘lardim” deb o‘yladim. Shuning uchun, u nimalarni his qilayotganini so‘rashga qaror qildim. Shunda u menga ichidagilarini aytib berdi. Endi uni yaxshiroq tushunyapman».

16. Hamdardlikni rivojlantirish uchun yordam so‘rab ibodat qilish nega muhim?

16 Bizni to‘liq tushunadigan shaxs faqat Yahovadir. (Hik. 15:11) Shunday ekan, boshqalarda Yahova ko‘rayotgan narsalarni ko‘rish va ularga qay yo‘sin hamdardlik ko‘rsatishingiz mumkinligini anglashingizga yordam berishini Undan so‘rang. Ibodat Anjela ismli imondoshimizga yanada hamdard bo‘lishga yordam berdi. Uning jamoatidagi bir opaga boshqalar bilan til topishish qiyin edi. Anjela shunday deb tan oldi: «Men osonlikcha opamizni tanqid qilish tuzog‘iga tushishim va unga qo‘l siltab ketishim mumkin edi. Ammo men Yahovaga ibodat qilib, bu opani tushunishimga yordam berishini so‘radim». Yahova Anjelaning ibodatiga javob berdimi? U shunday deb davom etdi: «Biz birga xizmatga chiqdik va keyin bir necha soat suhbatlashdik. Uni hamdardlik ila tingladim. Hozir uni yanada ko‘proq yaxshi ko‘raman va unga yordam berish qarorim qat’iy».

17. Nima qilishga qarorimiz qat’iy bo‘lishi lozim?

17 Qay bir imondoshingiz hamdardlik ko‘rsatishingizga loyiq ekanini hal qila olmaysiz. Ularning barchasi Yunus, Ilyos, Hojar va Lut kabi muammolar bilan kurashishyapti. Ko‘p hollarda ular o‘z boshiga o‘zi tashvish orttirgan. Ochig‘ini aytganda barchamiz hayotimizning qaysidir pallasida buni boshimizdan o‘tkazganmiz. Demak, bir-birimizni tushunishimiz uchun Yahovadan yordam so‘rash oqilonadir. (1 Butr. 3:8) Yahovaga itoat etib, umumjahon oilamizning o‘zgacha birligiga hissa qo‘shamiz. Shunday ekan, o‘zaro muomala qilayotib tinglash, yaqindan tanishish va hamdardlik ko‘rsatishga qarorimiz qat’iy bo‘lsin.

87-QO‘SHIQ Keling, halovat toping!

^ 5- x.b. Nomukammal bo‘lganimiz uchun odamlar va ularning niyatlari haqida tezda xulosa chiqarib qo‘yishga moyilmiz. Yahova esa aksincha, «insonning qalbiga qaraydi». (1 Shoh. 16:7) Ushbu maqolada U Yunus, Ilyos, Hojar va Lutga sevgi ila muomala qilganini ko‘rib chiqamiz. Bu misollar imondoshlarimiz bilan muomala qilganda Unga taqlid qilishimizga yordam beradi.

^ 52- x.b. RASMGA SHARHLAR. Yoshroq birodar yig‘ilishga kechikib kelgani yoshi katta birodarning g‘ashiga tegadi, lekin keyinroq u yosh birodar yo‘l transport hodisasiga uchragani uchun kechikkanini bilib oladi.

^ 54- x.b. RASMGA SHARHLAR. Avvaliga va’zgo‘ylik guruhi noziri opamiz yakkalanib olgan, deb o‘ylaydi, lekin keyin u aslida uyatchan ekanini va notanish kishilar orasida o‘zini noqulay his qilishini bilib oladi.

^ 56- x.b. RASMGA SHARHLAR. Ikkita opamiz ilk bor Yig‘ilish zalida ko‘rishganida ulardan biri boshqasi haqida kayfiyati tez-tez o‘zgaradigan va befarq inson, deb o‘ylaydi. Ammo u bilan yaqindan tanishish uchun birga vaqt o‘tkazgach, u aslida bunday inson emasligini tushunadi.