Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

25-TADQIQ MAQOLASI

«Men O‘zim qo‘ylarimni qidirib topaman»

«Men O‘zim qo‘ylarimni qidirib topaman»

Men O‘zim qo‘ylarimni qidirib topaman va ularga g‘amxo‘rlik qilaman. HIZ. 34:11

105-QO‘SHIQ «Allohning O‘zi sevgidir»

BU MAQOLADA *

1. Qaysi ma’noda Yahova bolasini emizadigan onaga o‘xshaydi?

«ONA emizikli bolasini unutadimi?» Ushbu savolni Yahova Ishayo payg‘ambar davrida bergan edi. Alloh O‘z xalqiga: «Ona bolasini unutsa ham, Men seni aslo unutmayman»,— degandi. (Ishayo 49:15) U odatda O‘zini ona bilan solishtirmaydi. Ammo bu vaziyatda Xudo aynan shunday qilgan. Yahova ona va bola o‘rtasidagi rishtalarni misol sifatida keltirib, O‘z xizmatchilarini qanchalik sevishini ko‘rsatmoqchi edi. Aksariyat onalar Jasmin ismli imondoshimizning quyidagi so‘zlariga qo‘shilsa kerak: «Bolangizni emizganingizda, o‘rtangizda butun umr davom etadigan o‘zgacha rishtalar bog‘lanadi».

2. Bolalaridan hatto bittasi Yahovadan uzoqlashsa, U nimani his qiladi?

2 Agar bolalaridan hatto bittasi yig‘ilishlarga borishni va va’zgo‘ylik ishida qatnashishni to‘xtatsa, Yahova bunga e’tibor beradi. Har yili minglab xizmatchilari faoliyatsiz * bo‘lib qolayotganini ko‘rish Unga qanchalik og‘ir botishini bir tasavvur qiling.

3. Yahova nimani istaydi?

3 Faoliyatsiz bo‘lib qolgan ko‘plab imondoshlarimiz jamoatga qaytishgan va biz bundan juda ham xursandmiz! Ham Yahova, ham biz ularning qaytishini istaymiz. (1 Butr. 2:25) Ularga qanday yordam bera olamiz? Bu savolga javob topishdan oldin nima uchun ba’zilar yig‘ilishlarga qatnashni va va’zgo‘ylikda ishtirok etishni to‘xtatib qo‘yishini bilib olsak yaxshi bo‘lardi.

NEGA AYRIMLAR YAHOVAGA XIZMAT QILISHNI TO‘XTATADI?

4. Dunyoviy ishi ayrimlarga qanday ta’sir qiladi?

4 Ayrimlar dunyoviy ishga berilib ketadi. Janubi-Sharqiy Osiyoda yashovchi Xun * ismli birodarimiz shunday deb tan oldi: «Dunyoviy ishimga juda ko‘p vaqt va kuch sarflay boshladim. Men nodonlarcha, moddiy ahvolimni yaxshilasam, Yahovaga ham yaxshiroq xizmat qila olaman, deb o‘yladim. Shu bois ko‘proq ishlay boshladim. Borgan sari ko‘p yig‘ilishlarni qoldiradigan bo‘ldim va oxiri ularga umuman bormay qo‘ydim. Odamlarni sekin-asta Xudodan uzoqlashtirish uchun Shayton bu dunyodan foydalanadi».

5. Birin-ketin boshiga tushgan tashvishlar bir imondoshimizga qanday ta’sir qilgan?

5 Ayrim birodar-u opa-singillarimiz esa tashvishlar girdobida qolishadi. Buyuk Britaniyada yashovchi Anna besh farzandning onasi. U shunday deb tushuntirdi: «Farzandlarimdan biri nogiron bo‘lib tug‘ilgandi. Keyinchalik qizlarimdan biri jamoatdan chetlatildi va o‘g‘lim ruhiy kasallikka chalindi. Qattiq tushkunlikka tushganimdan yig‘ilishlarga borishni va xizmatga chiqishni to‘xtatdim. Oxir-oqibat faoliyatsiz bo‘lib qoldim». Anna va uning oilasiga hamda ular kabi qiyinchiliklarga duch kelayotgan barchaga hamdardmiz.

6. Inson Kolosaliklarga 3:13 dagi maslahatga amal qilmasa, nega Yahovaning xalqidan uzoqlashib ketishi mumkin?

6 Kolosaliklarga 3:13 ni o‘qing. Yahovaning xizmatchilaridan ba’zilari imondoshlaridan xafa bo‘lishgan. Havoriy Pavlus gohida imondoshlarimizdan «arz qilishga» jiddiy sababimiz bo‘lishi mumkinligini e’tirof etgan. Biz hatto adolatsizlikka duch kelishimiz mumkin. Agar ehtiyot bo‘lmasak, xafagarchilikka berilishimiz hech gap emas. Jahli chiqqan inson esa bora-bora Yahovaning xalqidan uzoqlashib ketishi mumkin. Janubiy Amerikadagi Pablo birodarimiz bilan nima yuz berganini ko‘rib chiqaylik. U noto‘g‘ri ish qilganlikda nohaq ayblangan va natijada jamoatdagi sharafli vazifalaridan mahrum bo‘lgan. U bunga qanday munosabat bildirgan? Pablo: «Jahlim chiqdi va sekin-asta jamoatdan uzoqlashib ketdim»,— dedi.

7. Aybdorlik hissi insonga qanday ta’sir qiladi?

7 Bordi-yu, inson o‘tmishda Xudoning qonunini buzgan bo‘lsa, vijdoni qiynalganidan o‘zini Xudoning sevgisiga noloyiq his qilishi mumkin. Tavba qilgani va kechirilganiga qaramay, u o‘zi haqida Xudoning xalqi orasida bo‘lishga arzimayman, deb o‘ylashi mumkin. Fransisko ismli birodarimiz o‘zini aynan shunday his etgan. «Men jinsiy axloqsizlik qilganim uchun tanbeh olgandim,— deb bo‘lishdi u. — Avvaliga yig‘ilishlarga qatnagan bo‘lsam-da, tushkunlikka tushdim va o‘zimni Yahovaning xalqi orasida bo‘lishga noloyiq his qildim. Vijdonim rosa qiynardi va Yahova meni kechirmaganiga amin edim. Oxir-oqibat yig‘ilishlarga borishni va xizmatga chiqishni to‘xtatdim». Yuqorida tilga olingan vaziyatlarga tushgan imondoshlarimiz haqida qanday fikrdasiz? Ularga hamdardmisiz? Eng asosiysi Yahova ular haqida nima deb o‘ylaydi?

YAHOVA QO‘YLARINI YAXSHI KO‘RADI

Isroillik cho‘pon yo‘qolgan qo‘zichog‘iga g‘amxo‘rlik qilgan (8-, 9-xatboshilariga qarang.) *

8. Bir vaqtlar Unga xizmat qilganlarni Yahova unutadimi? Tushuntiring.

8 Bir vaqtlar Unga xizmat qilgan, ammo vaqtinchalik xalqidan uzoqlashib qolgan kishilarni Yahova unutmaydi. Uning xizmatida qilgan ishlarini ham yodida saqlaydi. (Ibron. 6:10) Ishayo payg‘ambar Yahova xalqiga qanday g‘amxo‘rlik qilishini ko‘rsatish uchun ajoyib misol keltirgan. U Yahova haqida: «Cho‘pon kabi suruvini boqadi. Qo‘li bilan qo‘zilarini bir joyga to‘plab, ularni qo‘ynida olib boradi»,— deb yozgan. (Ishayo 40:11) Buyuk Cho‘pon bo‘lmish Yahova qo‘ylaridan biri suruvdan uzoqlashib qolsa, nimalarni his qiladi? Iso shogirdlaridan quyidagicha so‘raganida Yahovaning tuyg‘ularini ochib bergandi: «Nima deb o‘ylaysizlar, agar 100 ta qo‘yi bor kishining bitta qo‘yi yo‘qolib qolsa, u 99 tasini tog‘da qoldirib, yo‘qolganini izlagani bormaydimi? Uni topib olsa bormi, ishonavering, yo‘qolmagan 99 tasidan ko‘ra, topilgan qo‘yi uchun ko‘proq sevinadi». (Mat. 18:12, 13)

9. Muqaddas Kitob yozilgan paytlarda yaxshi cho‘ponlar qo‘ylariga qanday munosabatda bo‘lishgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

9 Nega Yahovani cho‘ponga o‘xshatsa bo‘ladi? Chunki Muqaddas Kitob yozilgan paytlarda cho‘ponlar qo‘ylari uchun juda qayg‘urishgan. Masalan, Dovud suruvini himoya qilish uchun sher va ayiq bilan kurashgan. (1 Shoh. 17:34, 35) Yaxshi cho‘pon hatto bitta qo‘yi yo‘qolib qolsa ham darrov payqagan. (Yuhan. 10:3, 14) Bunday cho‘pon 99 ta qo‘yini xavfsiz qo‘rada yoki boshqa bir cho‘ponning qaramog‘ida qoldirib yo‘qolgan qo‘yini izlagani borgan. Ushbu misoldan foydalanib Iso bizga quyidagi muhim haqiqatni o‘rgatmoqchi bo‘lgan: «Samoviy Otam ham, o‘sha kichiklarning birortasi yo‘qolishini istamaydi». (Mat. 18:14)

Isroillik cho‘pon yo‘qolgan qo‘zichog‘iga g‘amxo‘rlik qilgan (9-xatboshiga qarang.)

YAHOVA QO‘YLARINI IZLAB TOPADI

10. Hizqiyo 34:11–16 ga ko‘ra, Yahova yo‘qolgan qo‘zichog‘i uchun nimalar qilishga va’da bergan?

10 Yahova har birimizni, shu jumladan, suruvdan uzoqlashib qolgan «o‘sha kichiklarni» ham yaxshi ko‘radi. Hizqiyo payg‘ambar orqali Alloh yo‘qolgan qo‘ylarini izlab topishni va ularga ma’naviy sog‘ligini tiklashga yordam berishni va’da qilgan. Qadimgi Isroilda qo‘zichog‘i yo‘qolib qolgan cho‘pon muayyan qadamlarni qo‘ygan, Yahova ham qo‘zichog‘ini qutqarish uchun shu kabi yo‘l tutishini ta’kidlab o‘tgan. (Hizqiyo 34:11–16 ni o‘qing.) Birinchi navbatda cho‘pon qo‘zichog‘ini izlashga kirishgan, bu esa ko‘p vaqt va kuch talab etgan. Yo‘qolgan qo‘zichog‘ini topgach, cho‘pon uni suruvga qaytarib olib kelgan. Qolaversa, agar qo‘zichoq jarohatlangan yoki ochlikdan sillasi qurigan bo‘lsa, cho‘pon unga mehribonlik ila yordam bergan, ya’ni yarasini bog‘lagan, qo‘lida ko‘tarib yurgan va oziqlantirgan. «Allohning suruviga» cho‘ponlik qilayotgan oqsoqollar ham jamoatdan uzoqlashib qolgan har bir kishiga yordam berish uchun xuddi shu qadamlarni qo‘yishlari lozim. (1 Butr. 5:2, 3) Oqsoqollar ularni izlab topishadi, suruvga qaytishlariga ko‘maklashishadi hamda kerakli ma’naviy yordamni taqdim etib, sevgini namoyon etishadi *.

11. Yaxshi cho‘pon nimani tushungan?

11 Yaxshi cho‘pon qo‘ylaridan biri yo‘qolib qolishi mumkinligini tushungan. Agar qo‘y suruvdan ajralib qolsa, cho‘pon uni bu uchun jazolamagan. Keling, Undan vaqtinchalik uzoqlashib qolgan xizmatchilariga Yahova qanday yordam berganining misollarini ko‘rib chiqaylik.

12. Yahova Yunusga qanday munosabatda bo‘lgan?

12 Yunus payg‘ambar unga topshirilgan vazifani bajarishdan qochgan. Shunga qaramay, Yahova undan tezda yuz o‘girmagan. Yaxshi cho‘pon singari Yahova uni qutqargan hamda vazifasini bajara olishi uchun kuch ato etgan. (Yunus 2:7; 3:1, 2) Keyinroq Xudo qovoq o‘simligi yordamida Yunusga inson hayotining qadrini tushunishga ko‘maklashgan. (Yunus 4:10, 11) Bundan biz uchun qanday saboq? Oqsoqollar faoliyatsiz bo‘lib qolganlardan tezda yuz o‘girmasliklari lozim. Aksincha, ular qo‘yning suruvdan ajralib qolishiga nima sabab bo‘lganini tushunishga intilishlari kerak. Qo‘y Yahovaning oldiga qaytganida esa oqsoqollar unga sevgi va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishda davom etishlari darkor.

13. Yahovaning 73-sano bastakoriga qilgan muomalasidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

13 Zaburning 73- sanosini bastalagan kishi yovuzlar gullab-yashnayotganini ko‘rganida tushkunlikka tushgan. Unda Xudoning irodasini bajarish arzirmikin, degan shubha tug‘ilgan. (Zab. 73:12, 13, 16) Yahova bunga qanday munosabat bildirgan? U sano bastakorini hukm qilmagan. Xudo uning so‘zlari Muqaddas Kitobda yozib qoldirilishiga g‘amxo‘rlik qilgan. Sekin-asta sano bastakori Yahova bilan yaqin do‘st bo‘lishdan yaxshiroq narsa yo‘qligini anglagan. (Zab. 73:23, 24, 26, 28) Bundan biz uchun qanday saboq? Oqsoqollar ham Yahovaga xizmat qilishning foydasi borligidan shubhalanayotgan kishilarni darhol hukm qilmasliklari kerak. Aksincha, oqsoqollar bu kishilar nega bunday gapirayotgani va yo‘l tutayotganini tushunishga harakat qilishlari lozim. Shundan keyingina oqsoqollar dalda berish maqsadida Muqaddas Kitobdan oyatlarni o‘qib berishlari mumkin.

14. Nega Ilyos yordamga muhtoj bo‘lgan va Yahova bu yordamni qanday taqdim etgan?

14 Ilyos payg‘ambar malika Izabeldan qochib ketgan. (3 Shoh. 19:1–3) U o‘zidan boshqa hech kim Yahovaga payg‘ambar sifatida xizmat qilmayapti va uning xizmati befoyda, deb o‘ylagan. Ilyos shunchalik tushkunlikka tushganidan o‘lishni xohlagan. (3 Shoh. 19:4, 10) Ilyosni hukm qilish o‘rniga Yahova uni yolg‘iz emasligiga, Xudoning qudratiga tayanishi mumkinligiga hamda hali u qilishi kerak bo‘lgan ish juda ko‘pligiga ishontirgan. Ilyos tashvishlarini to‘kib solganida Yahova uni mehribonlik ila tinglagan va unga yangi topshiriqlar bergan. (3 Shoh. 19:11–16, 18) Bundan biz uchun qanday saboq? Barchamiz, ayniqsa, oqsoqollar Yahovaning qo‘ylariga sevgi ila muomala qilishlari lozim. Bordi-yu, kimdir xafa bo‘lgani yoki o‘zini Yahovaning rahm-shafqatiga noloyiq his qilayotgani haqida gapirsa, oqsoqollar u qalbidagini to‘kib solayotganida uni tinglashadi. So‘ng ular ushbu yo‘qolgan qo‘yni Yahova uni qadrlashiga ishontirishadi.

XUDONING YO‘QOLGAN QO‘YLARIGA QANDAY MUNOSABATDA BO‘LISHIMIZ KERAK?

15. Yuhanno 6:39 ga binoan, Iso Otasining qo‘zichoqlariga qanday munosabatda bo‘lgan?

15 Yahova Uning yo‘qolgan qo‘ylariga qanday munosabatda bo‘lishimizni istaydi? Iso bu borada bizga o‘rnak ko‘rsatgan. Iso Yahovaning barcha qo‘ylari U uchun qadrli ekanini bilgan. Shu bois u «adashgan qo‘ylarga o‘xshagan Isroil xalqi» Yahovaga qaytishiga yordam berish uchun qo‘lidan kelgancha harakat qilgan. (Mat. 15:24; Luqo 19:9, 10) Yaxshi cho‘pon sifatida Iso Yahovaning birorta ham qo‘zichog‘ini yo‘qotib qo‘ymaslik uchun bor kuchini solgan. (Yuhanno 6:39 ni o‘qing.)

16, 17. Oqsoqollar Yahovadan uzoqlashgan kishilarga yordam berish borasida qanday fikrda bo‘lishlari kerak? (« Yo‘qolgan qo‘ylarning tuyg‘ulari» nomli ramkaga qarang.)

16 Havoriy Pavlus Efesdagi jamoatning oqsoqollarini Isoga taqlid qilishga undagan. «Muhtojlarga yordam berishingiz kerakligini men sizlarga har sohada ko‘rsatganman. Shuningdek, Hazratimiz Isoning: “Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta”,— degan so‘zlarini unutmasligingiz lozim». (Havor. 20:17, 35) Bu oyatdan ko‘rinyaptiki, oqsoqollar Yahovaning xalqiga g‘amxo‘rlik qilishdek muhim mas’uliyatga ega. Ispaniyada yashovchi Salvador ismli oqsoqol shunday deb bo‘lishdi: «Yahova yo‘qolgan qo‘ylari uchun qanchalik qayg‘urishi haqida o‘ylaganimda, mening ham ularga qo‘ldan kelgancha yordam bergim keladi. Yahova mendan ma’naviy cho‘pon sifatida ularga g‘amxo‘rlik qilishimni kutishiga aminman».

17 Bu maqolada tilgan olingan Yahovadan uzoqlashgan kishilarning bariga ortga qaytishlariga yordam berilgan. Hozir ham faoliyatsiz bo‘lib qolgan, ammo ortga qaytishni istayotgan insonlar ko‘p. Keyingi maqolada Yahovaga qaytishlari uchun ularga qanday yordam berishimiz mumkinligini batafsil ko‘rib chiqamiz.

139-QO‘SHIQ Yangi dunyoga sayr etaylik

^ 5- x.b. Nega Yahovaga yillar davomida sadoqat ila xizmat qilgan kishilarning ba’zilari jamoatdan uzoqlashib ketadi? Xudo ular haqida qanday fikrda? Bu maqolada mazkur savollarga javob topamiz. Shuningdek, qadimda Yahova Undan vaqtincha uzoqlashib qolgan kishilarga qanday yordam berganidan nimani o‘rganishimiz mumkinligini muhokama qilamiz.

^ 2- x.b. IBORA MA’NOSI. Olti oy yoki undan ko‘proq vaqt davomida va’zgo‘ylik va shogird tayyorlash ishida qatnashgani haqida hisobot topshirmagan kishi faoliyatsiz va’zgo‘y hisoblanadi. Faoliyatsiz bo‘lib qolganiga qaramay ular hali ham imondoshlarimiz va biz ularni yaxshi ko‘ramiz.

^ 4- x.b. Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

^ 10- x.b. Keyingi maqolada oqsoqollar ushbu uchta qadamni qay yo‘sin qo‘yishlari kerakligi batafsil tushuntiriladi.

^ 60- x.b. RASMGA SHARH. Yo‘qolgan qo‘zichog‘i uchun qayg‘urgan isroillik cho‘pon uni izlab topardi va suruvga qaytishiga yordam berardi. Bugungi kunda ma’naviy cho‘ponlar ham xuddi shunday yo‘l tutishadi.

^ 64- x.b. RASMGA SHARH. Faoliyatsiz bo‘lib qolgan bir imondoshimiz avtobusi yurishini kutayotib, ikkita Shohid quvonch ila jamoat joyida va’z qilayotganini kuzatyapti.