Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘zini tuta bilish. Yahovaning roziligini olish uchun muhim

O‘zini tuta bilish. Yahovaning roziligini olish uchun muhim

«Qarindoshim men bilan urishishni boshlaganida, uning tomog‘idan ushlab bo‘g‘a boshladim. Uni o‘ldirib qo‘ygim keldi». (Pol)

«Uyda bo‘lganimda arzimas narsaga ham jahlim tezda chiqardi. Jihozlarni, o‘yinchoqlarni, qo‘limga tushgan hamma narsani sindirardim». (Marko)

Balki biz bu darajagacha bormasmiz. Ammo ba’zida hammamizga o‘zimizni nazorat qilish qiyin. Asosiy sababi shundaki, ilk inson bo‘lmish Odamatodan gunoh qilish moyilligini meros qilib olganmiz. (Rim. 5:12) Ba’zilarga Pol va Marko singari o‘zini nazorat qilish qiyin bo‘lishi mumkin. Ayrimlar uchun fikrlarini nazorat qilish oson kechmas. Masalan, ular qo‘rquvga soladigan yoki tushkunlikka tushiradigan narsalar haqida o‘ylayveradi. Boshqalar uchun esa jinsiy axloqsizlikka, spirtli ichimliklarni yoki giyohvand moddalarni suiiste’mol qilishga qarshi turish qiyin kechishi mumkin.

Fikrlari, xohishlari yoki xatti-harakatlarini nazorat qilmaganlar o‘z hayotlarini barbod qilishlari mumkin. O‘zini tuta bilish fazilatini rivojlantirib bunday oqibatlardan qocha olamiz. Keling, bunga erishishimizga qo‘l keladigan uchta savolni muhokama qilamiz: 1) o‘zini tuta bilish nima degani? 2) Nega bu muhim? 3) «Muqaddas ruh samarasi»ning qirrasi bo‘lmish ushbu fazilatni qanday rivojlantirishimiz mumkin? (Galat. 5:22, 23) Shuningdek, ba’zan o‘zimizni tutish qiyin kechayotgan bo‘lsa, nima qilishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

O‘ZINI TUTA BILISH NIMA DEGANI?

O‘zini tuta biladigan inson sal narsaga o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi. Aksincha, u Xudoga ma’qul kelmaydigan so‘zlar va xatti-harakatlardan qochadi.

Iso Masih o‘zini tuta bilish nimani anglatishini aniq ko‘rsatgan

Iso Masih bu fazilat nimani o‘z ichiga olishini ko‘rsatgan. Muqaddas Kitobda u haqida: «Haqoratga haqorat bilan javob qaytarmagan. Azob chekkanda hech kimga do‘q-po‘pisa qilmagan, aksincha, o‘zini odil Hakamning qo‘liga topshirgan»,— deb yozilgan. (1 Butr. 2:23) Iso azob ustunida bo‘lganida dushmanlar uni masxara qilgan. Ammo shunda ham u o‘zini tuta bilgan. (Mat. 27:39–44) Bundan oldinroq yovuz din rahbarlari uni so‘zidan tuzoqqa ilintirmoqchi bo‘lishganida, Iso o‘zini tuta bilishda ajoyib o‘rnak ko‘rsatgan. (Mat. 22:15–22) Hatto g‘azablangan yahudiylar uni toshbo‘ron qilmoqchi bo‘lishganida, Iso ularga yomonlik bilan javob qaytarmasdan «yashirinib, ma’baddan chiqib» ketgan. (Yuhan. 8:57–59)

Isoga taqlid qila olamizmi? Qaysidir ma’noda ha. Havoriy Butrus: «Masih ham sizlar uchun azob chekib, uning izidan og‘may yurishingiz uchun o‘rnak ko‘rsatdi»,— deb yozgan. (1 Butr. 2:21) Nomukammal bo‘lsak-da, Isoga taqlid qilib o‘zini tuta bilish fazilatini namoyon eta olamiz. Nega bunday yo‘l tutishimiz muhim?

NEGA O‘ZINI TUTA BILISH MUHIM?

Yahova bizdan mamnun bo‘lishi uchun o‘zini tuta bilishni rivojlantirishimiz lozim. Yahovaga ko‘p yillardan beri sadoqat ila xizmat qilayotganimizga qaramay, so‘zlarimiz va xatti-harakatlarimizni nazorat qilmasak, U bilan do‘stligimizni yo‘qotishimiz mumkin.

Keling, o‘z vaqtida «yer yuzidagi barcha odamlar ichida eng kamtar inson» bo‘lgan Musoning misolini ko‘rib chiqaylik. (Sah. 12:3) U yillar davomida isroilliklarning noroziligini sabr ila tinglagan, ammo bir safar o‘zini tuta bilmagan. Ular suv yetishmovchiligi borasida qayta nolishganida Musoning jahli chiqqan va qo‘pol tarzda: «Tinglanglar, ey isyonchilar! Mana shu qoyadan sizlar uchun suv chiqarib beraylikmi?!» — deb aytgan. (Sah. 20:2–11)

Muso o‘zini tuta bilmagan. U suvni mo‘jizaviy tarzda bergan Yahovani sharaflamagan. (Zab. 106:32, 33) Natijada Yahova unga va’da qilingan yurtga kirishga yo‘l qo‘ymagan. (Sah. 20:12) Muso o‘zini tuta bilmagani uchun umrining oxirigacha afsuslangandir. (Qonun. 3:23–27)

Bundan qanday saboq olsak bo‘ladi? Haqiqatda ko‘p yillardan beri bo‘lsak-da, jahlimizni chiqargan yoki tuzatilishga muhtoj bo‘lgan odamga hurmatsizlik ila aslo gapirmasligimiz kerak. (Efes. 4:32; Kolos. 3:12) To‘g‘ri, yoshimiz o‘tgani sayin sabrli bo‘lish qiyin kechar. Ammo Musoning misolini yodda tuting. Sadoqat bilan ko‘p yillar davomida misqollab yiqqan obro‘yimizni bitta o‘zimizni tuta bilmaganimiz bilan yo‘qotishni istamaymiz. Qanday qilib ushbu muhim fazilatni rivojlantirishimiz mumkin?

O‘ZINI TUTA BILISHNI QANDAY RIVOJLANTIRISHIMIZ MUMKIN?

Muqaddas ruh so‘rab ibodat qiling. Nega? Chunki o‘zini tuta bilish muqaddas ruh samarasining bir qirrasi va Yahova Undan so‘raganga O‘z ruhini beradi. (Luqo 11:13) O‘z ruhi orqali Yahova bizga kerakli bo‘lgan kuchni ato etadi. (Filip. 4:13) U bizga muqaddas ruh samarasining boshqa qirralarini, jumladan, o‘zimizni tuta bilishni osonlashtiradigan sevgi fazilatini rivojlantirishga yordam beradi. (1 Kor. 13:5)

O‘zini tuta bilish fazilatini namoyon etishni qiyinlashtiradigan har qanday narsadan qoching

O‘zini tuta bilish fazilatini namoyon etishni qiyinlashtiradigan har qanday narsadan qoching. Misol uchun, yomon xulq-atvorni aks ettiradigan o‘yin-kulgi yoki veb-saytlardan qoching. (Efes. 5:3, 4) Aslida yomon ish qilishga undaydigan har qanday narsadan qochishimiz kerak. (Hik. 22:3; 1 Kor. 6:12) Masalan, jinsiy axloqsizlikka moyilligi bor bo‘lgan inson romantik kitoblarni o‘qimasligi va filmlarni tomosha qilmasligi lozim.

Bu maslahatlarni qo‘llash qiyin, deb o‘ylashimiz mumkin. Ammo bor kuchimizni solib harakat qilsak, Yahova o‘zimizni tuta bilishimiz uchun kerakli kuchni ato etadi. (2 Butr. 1:5–8) Shuningdek, U bizga fikrlarimiz, so‘zlarimiz va xatti-harakatlarimizni nazorat qilishga yordam beradi. Yuqorida tilga olingan Pol va Markoning misoli buning isbotidir. Ular o‘z jahlini nazorat qilishni o‘rganishdi. Keling, mashina haydayotib jahlga tez berilgan va boshqa haydovchilar bilan bahslashib ketish odati bo‘lgan birodarning misolini ko‘rib chiqaylik. O‘zgarish uchun u nima qildi? Birodarimiz shunday deb bo‘lishdi: «Men har kuni chin yurakdan ibodat qilardim. O‘zini tuta bilish to‘g‘risidagi maqolalarni tadqiq qilardim va menga yordam beradigan Muqaddas Kitobdagi oyatlarni yodlab olardim. Yillar davomida buning ustidan ishlayotgan bo‘lsam-da, har kuni ertalab o‘zimga xotirjam qolishim kerakligini eslataman. Biror joyga borishim kerak bo‘lsa, shoshilmaslik uchun vaqtliroq yo‘lga chiqaman».

O‘ZIMIZNI TUTA BILMASAK...

Ba’zida o‘zimizni tuta bilmaymiz. Bunday vaziyatlarda Yahovaga ibodat qilishdan uyalishimiz mumkin. Ammo aynan shunday paytda ibodat qilishimiz muhim. Yahovaga darrov ibodat qiling. Undan kechirim va yordam so‘rang hamda ushbu xatoni takrorlamaslikka qat’iy qaror qiling. (Zab. 51:9–11) Yahova rahm-shafqat tilab qilgan ibodatingizni tinglamaydi, deb o‘ylamang. (Zab. 102:17) Havoriy Yuhanno eslatganiday, Xudo O‘g‘lining «qoni bizni har qanday gunohdan pok qiladi». (1 Yuhan. 1:7; 2:1; Zab. 86:5) Yahova Uning xizmatchilari boshqalarni takror va takror kechirishlari kerakligini aytganini eslang. Demak, Uning O‘zi ham biz bilan shunday yo‘l tutishiga amin bo‘lishimiz mumkin. (Mat. 18:21, 22; Kolos. 3:13)

Sahroda Muso vaqtinchalik o‘zini tuta bilmagani Yahovaga yoqmagan. Bunga qaramay U Musoni kechirgan. Muqaddas Kitobda Muso imoni kuchli inson bo‘lgani va unga taqlid qilishimiz kerakligi haqida aytilgan. (Qonun. 34:10; Ibron. 11:24–28) Yahova Musoga va’da qilingan yurtga kirishga yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa-da, yer yuzida bo‘ladigan jannatda uni tiriltirib, abadiy yashash istiqbolini beradi. Agar o‘zini tuta bilishni rivojlantirishga jon kuydirsak, biz ham shunday istiqboldan bahra olishimiz mumkin. (1 Kor. 9:25)