Oxirzamon paytidagi ikkita raqib shoh
Oxirzamon paytidagi ikkita raqib shoh Ushbu sxemada aytib o‘tilgan bashoratlar bir paytda yuz bergan voqealarni tasvirlaydi. Ularning barchasi «oxirzamon»da yashayotganimizni tasdiqlab turibdi. (Don. 12:4)
Oyatlar: Vah. 11:7; 12:13, 17; 13:1–8, 12
Bashorat. «Yirtqich hayvon» 3 000-yildan oshiq vaqt davomida yer yuzidagi xalqlar ustidan boshqargan. Oxirzamon paytida yettinchi boshi yaralangan. Keyin bu bosh sog‘ayib ketgan va «butun dunyo» uning ketidan ergashgan. Shayton «[ayolning] zurriyotidan qolganlarga... qarshi jang» qilish uchun hayvondan foydalanadi.
Bajo bo‘lishi. To‘fondan keyin Yahovaga dushmanlik qilgan hukumatlar odamlar ustidan boshqardi. 3 000-yildan oshiqroq vaqt o‘tgach, Birinchi jahon urushi paytida, bunday qudratli hukumatlardan biri bo‘lgan Buyuk Britaniya anchagina zaiflashib qoldi. U Qo‘shma Shtatlar bilan birlashganidan keyin yana kuchaydi. Oxirzamon paytida Shayton yer yuzidagi barcha hukumatlardan foydalanib Xudoning xalqini ta’qib qilmoqda.
Oyatlar: Don. 11:25–45
Bashorat. Shimol va janub shohlari o‘zaro raqobat qilishadi.
Bajo bo‘lishi. Germaniya va Angliya- Amerika bir-biri bilan kurashishdi. 1945-yili Sovet Ittifoqi va uning ittifoqchilari shimol shohi bo‘lishdi. 1991-yili Sovet Ittifoqi quladi; vaqt o‘tib Rossiya va uning ittifoqchilari shimol shohi rolini bajarishyapti.
Oyatlar: Ishayo 61:1; Mal. 3:1; Luqo 4:18
Bashorat. Masihiy Shohlik o‘rnatilishidan oldin Yahova O‘z xabarchisini yuborib «yo‘l hozirlaydi». Bu guruh «kamtarlarga xushxabarni e’lon etish»ni boshlaydi.
Bajo bo‘lishi. 1870-yillardan e’tiboran Charlz Rassell va uning maslakdoshlari Muqaddas Kitob haqiqatlarini tushuntirish uchun g‘ayrat bilan mehnat qilishdi. 1880-yillar davomida ular Xudoning xizmatchilari va’z qilishi kerakligiga urg‘u bera boshlashdi. Ular «1 000 nafar va’zgo‘y kerak» hamda «Va’z qilish uchun moylanganlar» kabi maqolalarni chop etishdi.
Oyatlar: Mat. 13:24–30, 36–43
Bashorat. Dushman bug‘doylar orasiga begona o‘t urug‘larini sepib ketadi va ikkalasi birga o‘sadi; bug‘doylar o‘rim-yig‘im paytigacha ko‘rinmay qoladi; o‘rim-yig‘im paytida begona o‘tlar bug‘doylardan ajratib olinadi.
Bajo bo‘lishi. 1800-yillarning oxiridan boshlab chin va soxta masihiylar o‘rtasidagi farq tobora aniq ko‘rina boshladi. Oxirzamon paytida chin masihiylar jamoatga yig‘ib olindi va soxta masihiylardan ajratildi.
Oyatlar: Don. 2:31–33, 41–43
Bashorat. Turli metallardan yasalgan haykalning oyoq panjalari temir va loy qorishmasidan iborat.
Bajo bo‘lishi. Loy Buyuk Britaniya va Qo‘shma Shtatlar boshqarayotgan oddiy xalqni bildiradi. Bu xalq hukumatlarga qarshi isyon ko‘taryapti va natijada ular temirdek kuchidan to‘liq foydalana olmayapti.
Oyatlar: Mat. 13:30; 24:14, 45; 28:19, 20
Bashorat. «Bug‘doy» «ombor»ga to‘planadi, «uyidagilar» ustidan «ishonchli va aqlli xizmatkor» tayinlanadi. «Shohlik haqidagi xushxabar» «butun dunyo bo‘ylab va’z qilina» boshlaydi.
Bajo bo‘lishi. 1919-yili ishonchli xizmatkor Xudoning xalqi ustidan tayinlandi. O‘sha vaqtdan boshlab Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari va’zgo‘ylik ishini jadal tarzda olib borishdi. Bugungi kunda Yahovaning Shohidlari 200 dan oshiq mamlakat va hududlarda va’z qilib, 1 000 dan oshiq tillarda Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarni chiqarishyapti.
Oyatlar: Don. 12:11; Vah. 13:11, 14, 15
Bashorat. Ikki shoxli yirtqich hayvon yer yuzidagi xalqlarga yirtqich «hayvonning tasvirini yaratish»ni aytadi va bu hayvonning tasviriga «hayot nafasini» puflaydi.
Bajo bo‘lishi. Angliya-Amerika jahon imperiyasi Millatlar Ittifoqi (Millatlar Ligasi) yaratilishida yetakchilik qildi. Bu tashkilotni boshqa hukumatlar ham qo‘llab-quvvatladi. Nihoyat shimol shohi ham Millatlar Ittifoqiga a’zo bo‘ldi, biroq faqatgina 1926–1933-yillari. Hukumatlar Xudoning Shohligigina o‘rnata oladigan tinchlikni Millatlar Ittifoqi o‘rnatishiga ishonishgan edi. Hozir ham xalqlar tinchlikni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) o‘rnatishiga ishonishadi.
Oyatlar: Don. 8:23, 24
Bashorat. Badjahl podshoh «dahshatli halokat» keltiradi.
Bajo bo‘lishi. Angliya-Amerika jahon imperiyasi katta vayronagarchilik keltirdi. Masalan, Ikkinchi jahon urushi paytida Qo‘shma Shtatlar o‘zining va Buyuk Britaniyaning dushmani ustiga ikkita atom bombasini tashlab misli ko‘rilmagan vayronagarchilik sodir etdi.
Oyatlar: Don. 11:31; Vah. 17:3, 7–11
Bashorat. O‘nta shoxli «to‘q qizil» yirtqich hayvon «tubsizlik qa’ridan» chiqadi va u sakkizinchi shohdir. Doniyor kitobida bu sakkizinchi shoh «vayronagarchilik keltiradigan jirkanch narsa» deyilgan.
Bajo bo‘lishi. Ikkinchi jahon urushi paytida Millatlar Ittifoqi tashkiloti faoliyatsizlik qa’riga sho‘ng‘iydi. Urushdan keyin BMTni «o‘rnatishdi». Millatlar Ittifoqi kabi BMTga ham Xudoning Shohligi loyiq bo‘lgan sharaf berildi. BMT dinga hujum qiladi.
Oyatlar: 1 Salon. 5:3; Vah. 17:16
Bashorat. Hukumatlar «tinchlik va xavfsizlik»ni e’lon qilishadi, «o‘nta shox» va «yirtqich hayvon» «fohisha»ga hujum qilib uni yo‘q qilishadi. Keyin hukumatlar yo‘q qilinadi.
Bajo bo‘lishi. Hukumatlar tinchlik va xavfsizlikka erishishgani haqida e’lon aytishadi. So‘ng BMTni qo‘llab-quvvatlayotgan hukumatlar soxta diniy tashkilotlarni yo‘q qilishadi. Bu voqea buyuk musibatning boshlanishi bo‘ladi. Ushbu musibat Armageddonda Shayton dunyosining qolgan qismi yo‘q qilinganda yakun topadi.
Oyatlar: Hiz. 38:11, 14–17; Mat. 24:31
Bashorat. Go‘g Xudo xalqining yurtiga bostirib kiradi. Keyin farishtalar «Alloh tanlagan kishilarni» yig‘ishadi.
Bajo bo‘lishi. Shimol shohi dunyodagi boshqa hukumatlar bilan birgalikda Xudoning xalqiga hujum qiladi. Ushbu hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay moylanganlarning qolgan qismi osmonga yig‘ib olinadi.
Oyatlar: Hiz. 38:18–23; Don. 2:34, 35, 44, 45; Vah. 6:2; 16:14, 16; 17:14; 19:20
Bashorat. «Oq ot»da o‘tirgan «chavandoz» Go‘gni va uning qo‘shinini yo‘q qilib «mutlaq g‘alabaga» erishadi. «Yirtqich hayvon» «otashli ko‘lga» tashlanadi va bahaybat haykal parcha-parcha bo‘ladi.
Bajo bo‘lishi. Xudo Shohligining Shohi bo‘lmish Iso Tangrining xalqini qutqarish uchun keladi. Iso, 144 000 moylanganlar va farishtalar Xudoning xalqiga hujum qilgan hukumatlarni yo‘q qilishadi. Shu bilan Shaytonning dunyosiga barham beriladi.