Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

5-TADQIQ MAQOLASI

Biz siz bilan boramiz

Biz siz bilan boramiz

Biz siz bilan boramiz, chunki Xudo sizlar bilan ekanini eshitdik. ZAKR. 8:23

26-QO‘SHIQ Qilgaysiz menga ham yordam

BU MAQOLADA *

Boshqa qo‘ylar («o‘n kishi») moylanganlar («bir yahudiy») bilan birgalikda Yahovaga topinish sharafiga ega (1–2-xatboshilariga qarang.)

1. Yahova bizning zamonamiz borasida qanday bashorat aytgan?

YAHOVA bizning zamonamiz haqida quyidagicha bashorat aytgan: «Barcha xalqlardan bo‘lgan, turli tillarda gapiradigan o‘n kishi bir yahudiyning kiyimidan ushlab oladi. Ha, mahkam ushlab olib: “Biz siz bilan boramiz, chunki Xudo sizlar bilan ekanini eshitdik”,— deyishadi». (Zakr. 8:23) Bu oyatdagi «bir yahudiy» Yahova muqaddas ruhi bilan moylagan kishilarni bildiradi. Ular «Xudoning Isroili» deb ham nomlanadi. (Galat. 6:16) «O‘n kishi» esa yer yuzida abadiy yashashga umid qiladiganlarni anglatadi. Ular Yahova moylanganlarni tanlaganini biladi va ular bilan birgalikda topinishni sharaf deb hisoblaydi.

2. Qay yo‘sin «o‘n kishi» moylanganlar bilan «boradi»?

2 Bugungi kunda yer yuzidagi barcha moylanganlarning ismini bilishning imkoni bo‘lmasa-da *, yer yuzida yashashga umid qiladiganlar ular bilan «borishi» mumkin. Qanaqasiga? Muqaddas Kitobga ko‘ra, «o‘n kishi bir yahudiyning kiyimidan ushlab oladi» va shunday deydi: «Biz siz bilan boramiz, chunki Xudo sizlar bilan ekanini eshitdik». Muqaddas Kitobda bittagina yahudiy tilga olingan. Ammo «siz» va «sizlar» degan iboralar bu bir kishi emasligiga ishora qilyapti. Ko‘ryapmizki, oyatda tilga olingan yahudiy faqatgina bir kishini emas, balki moylanganlarning butun guruhini anglatadi. Moylanmaganlar esa ular bilan birgalikda Yahovaga xizmat qiladi. Ammo ular tanlanganlarni yo‘lboshchi deb bilmaydi, zero ularning Yo‘lboshchisi Iso ekanini tushunishadi. (Mat. 23:10)

3. Ushbu maqoladan qaysi savollarning javobini bilib olamiz?

3 Hozirda Xudoning xalqi orasida moylanganlar bor ekan, quyidagi savollar tug‘ilishi hech gap emas: 1) moylanganlar o‘zlariga qanday nuqtai nazarda bo‘lishlari kerak? 2) Qutlug‘ Kechlikda ramzlardan qabul qiladiganlarga qanday munosabatda bo‘lish lozim? 3) Ramzlardan qabul qiladiganlarning soni o‘sib borishidan xavotirlanishimiz kerakmi? Ushbu maqoladan mazkur savollarning javobini bilib olamiz.

MOYLANGANLAR O‘ZLARIGA QANDAY NUQTAI NAZARDA BO‘LISHLARI KERAK?

4. Moylanganlar 1 Korinfliklarga 11:27–29 dagi qaysi ogohlantiruv ustida jiddiy mulohaza yuritishi kerak va nega?

4 Moylanganlar 1 Korinfliklarga 11:27–29 da (o‘qing) keltirilgan so‘zlar ustida chuqur fikr yuritishlari lozim. Qanday qilib moylangan kishi Qutlug‘ Kechlikda ramzlardan «nomunosib tarzda» qabul qilishi mumkin? Agar u Yahovaning adolatli me’yorlariga muvofiq yashamasa-yu, ramzlardan qabul qilsa, nomunosib yo‘l tutgan bo‘ladi. (Ibron. 6:4–6; 10:26–29) Moylanganlar shuni bilishadiki, «Tangrining... Iso Masih orqali bergan samoviy da’vatiga, mukofotiga» erishish uchun sadoqatli qolishlari kerak. (Filip. 3:13–16)

5. Moylanganlar o‘zlariga nisbatan qanday nuqtai nazarda bo‘lishlari kerak?

5 Yahovaning xizmatchilari Uning muqaddas ruhi yordamida kamtar bo‘la oladi. (Efes. 4:1–3; Kolos. 3:10, 12) Shu bois, moylanganlar o‘zlarini boshqalardan ustun qo‘ymaydi. Qolaversa, ular shuni biladiki, ular moylangani Yahova boshqa xizmatchilariga qaraganda ularga ko‘proq muqaddas ruh beradi degani emas. Moylanganlar Muqaddas Kitobni boshqalardan yaxshiroq tushunamiz, deb hisoblamaydi. Bundan tashqari, ular boshqalarga ular ham moylangan ekanini va ramzlardan qabul qilishlari kerakligini aytmaydi. Aksincha, ular faqatgina Yahova kishini samoda yashashga taklif qilishini kamtarinlik ila tan oladi.

6. Korinfliklarga birinchi maktub 4:7, 8 ga binoan, moylanganlar o‘zlarini qanday tutishlari darkor?

6 Moylanganlar samoda yashashga taklif qilinish sharaf ekanini bilsa-da, boshqalar ularga o‘zgacha munosabat qilishlarini kutmaydi. (Filip. 2:2, 3) Shuningdek, Yahova kimnidir moylasa, U buni boshqalarga oshkor qilmaganini moylanganlar biladi. Shu sababli, samoda yashash umidiga ega bo‘lgan inson kimdir u moylanganiga shu zahoti ishonmasa, hayron qolmaydi. Chunki Xudodan o‘zgacha sharaf olganman, deb aytayotganlarga darhol ishonmaslik kerakligi haqida Muqaddas Kitobda yozilganini u yaxshi biladi. (Vah. 2:2) Moylangan masihiy o‘ziga ortiqcha e’tibor qaratishni istamaydi va odamlar bilan tanishganda, samoda yashash umidi borligini pesh qilmaydi. Albattaki, u bu haqida boshqalarga maqtanmaydi. (1 Korinfliklarga 4:7, 8 ni o‘qing.)

7. Moylanganlar nimadan qochadi va nega?

7 Moylanganlar go‘yoki o‘zgacha guruhning a’zolaridek, faqat moylanganlar bilan vaqt o‘tkazish kerak, deb hisoblamaydi. Qolaversa, ular qay yo‘sin moylanganini muhokama qilish va Muqaddas Kitobni o‘rganish uchun alohida guruhlarni tashkil etish maqsadida, boshqa moylanganlarni izlamaydi. (Galat. 1:15–17) Aks holda jamoatda birlik bo‘lmasdi va ular Xudoning xalqi orasida tinchlik hamda yakdillik bo‘lishiga yordam berayotgan muqaddas ruhga qarshi chiqqan bo‘lardi. (Rim. 16:17, 18)

MOYLANGANLARGA QANDAY MUNOSABATDA BO‘LISH KERAK?

Moylanganlarga yoki boshchilikni zimmasiga olganlarga mashhur kishilar bilan muomala qilganday, yo‘l tutmasligimiz kerak (8-xatboshiga qarang.) *

8. Qutlug‘ Kechlikda ramzlardan qabul qiladiganlar bilan munosabat qilganda, nega ehtiyot bo‘lishimiz kerak? (Izohga ham qarang.)

8 Moylangan imondoshlarimizga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak? Inson hatto Masihning moylangan birodari bo‘lsa ham, uni haddan ortiq yuksaltirish noto‘g‘ri bo‘lardi. (Mat. 23:8–12) Muqaddas Kitob bizni oqsoqollarning «imonlariga ergashishga» undasa-da, hech qanday insonni ulug‘lashimizni ma’qullamaydi. (Ibron. 13:7) To‘g‘ri, Allohning Kalomida «ikki barobar hurmatga sazovor bo‘lganlar» haqida yozilgan. Lekin ular bunday sharafga moylanganlari uchun emas, balki «yaxshi boshchilik qilishda» hamda «gapirishda va ta’lim berishda zahmat chekayotganlari» uchun ega bo‘lganlar. (1 Tim. 5:17) Moylanganlarga haddan ortiq ko‘p e’tibor qaratsak, ular o‘zlarini noqulay his etishlari mumkin *. Yoki eng yomoni ular mag‘rurlanib ketishlariga sababchi bo‘lishimiz ehtimoldan yiroq emas. (Rim. 12:3) Darhaqiqat, hech birimiz Masihning moylangan birodari bunday jiddiy xatoga yo‘l qo‘yishiga sababchi bo‘lishni istamagan bo‘lardik. (Luqo 17:2)

9. Qay yo‘sin moylanganlarga hurmat ko‘rsata olamiz?

9 Moylanganlarni qay yo‘sin hurmat qila olamiz? Masalan, ular qanday moylanishganini so‘ramaymiz. Bu shaxsiy masala va u haqida bilishga bizning haqqimiz yo‘q. (1 Salon. 4:11; 2 Salon. 3:11) Boz ustiga, uning turmush o‘rtog‘i, ota-onasi yoki boshqa oila a’zolari ham moylangan, deb xulosa qilmaymiz. Axir inson samoda yashash umidini meros qilib olmaydi. Aksincha, bu umidni Xudo beradi. (1 Salon. 2:12) Shuningdek, boshqalarning qalbini og‘ritadigan savollar berishdan qochamiz. Misol uchun, moylangan birodarning xotinidan turmush o‘rtog‘isiz yer yuzida abadiy yashash haqida u qanday fikrda ekanini surishtirmaymiz. Darvoqe, yangi dunyoda Yahova «har bir tirik jonning istagini qondirishiga» mutlaq aminmiz. (Zab. 145:16)

10. Odamlarni ulug‘lashdan qochsak, o‘zimizni qanday himoyalagan bo‘lamiz?

10 Moylanganlarga o‘zgacha munosabat ko‘rsatmasak, o‘zimizni ham himoyalagan bo‘lamiz. Qanday qilib? Muqaddas Kitobda yozilishicha, moylanganlarning ba’zilari oxirigacha sodiq qolmasligi mumkin. (Mat. 25:10–12; 2 Butr. 2:20, 21) Agar odamlarni ulug‘lashdan qochsak, hatto moylangan yo taniqli yoki ko‘p yillar davomida Xudoga xizmat qilib yurgan insonning izidan yurmaymiz. (Yahd. 16) Bordi-yu, ular sadoqatsizlik qilsa yoki haqiqatni tark esa ham, Yahovaga xizmat qilishda davom etamiz.

RAMZLARDAN QABUL QILADIGANLARNING SONI O‘SIB BORISHIDAN XAVOTIRLANISHIMIZ KERAKMI?

11. Qutlug‘ Kechlikda ramzlardan qabul qiladiganlarning soni bilan nima bo‘lyapti?

11 Ko‘p yillar davomida Qutlug‘ Kechlikda ramzlardan qabul qiladiganlarning soni pasayib borgan. Lekin so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich har yili oshmoqda. Xo‘sh, bu bizni xavotirga solishi kerakmi? Yo‘q. Keling, yodimizda tutishimiz kerak bo‘lgan bir nechta muhim omillar ustida mulohaza yuritamiz.

12. Qutlug‘ Kechlikda ramzlardan qabul qiladiganlarning soni o‘sib borayotganidan nega xavotirlanmasligimiz kerak?

12 «Yahova kim Unga tegishli ekanini biladi». (2 Tim. 2:19) Yahovadan farqli o‘laroq, Qutlug‘ Kechlikda ramzlardan qabul qiladiganlarning sonini sanashga mas’ul birodarlar kim chindan ham moylangan ekanini bilmaydi. Shu bois, bu son o‘zlarini moylangan deb o‘ylaydiganlarni ham o‘z ichiga oladi. Masalan, ramzlardan qabul qilganlarning ba’zilari keyinchalik bunday qilishni to‘xtatgan. Yana boshqalarda aqliy yoki hissiy muammolar bo‘lgani tufayli ular samoda Masih bilan birgalikda hukm surishlariga ishonadi. Darhaqiqat, yer yuzida nechta moylangan qolganini aniq bilmaymiz.

13. Buyuk musibat boshlanganida, yer yuzida qancha moylangan bo‘lishi to‘g‘risida Muqaddas Kitobda aytilganmi?

13 Iso moylanganlarni osmonga yig‘ish uchun kelganida, ular yerning turli joylarida yashayotgan bo‘ladi. (Mat. 24:31) Muqaddas Kitobda aytilishicha, oxirgi kunlarda yer yuzida moylanganlarning oz qismi bo‘ladi. (Vah. 12:17) Ammo Kalomda buyuk musibat boshlanganida, aynan qancha moylangan bo‘lishi to‘g‘risida hech nima aytilmagan.

Qutlug‘ Kechlikda kimdir ramzlardan qabul qilishni boshlasa, bunga qanday munosabat ko‘rsatishimiz lozim? (14-xatboshiga qarang.)

14. Rimliklarga 9:11, 16 da aytilganiday, moylanganlarning tanlanishi borasida nimani tushunishimiz lozim?

14 Qachon tanlashni Yahovaning O‘zi hal qiladi. (Rim. 8:28–30) Iso tirilganidan so‘ng Yahova moylanganlarni tanlashni boshladi. Ehtimol, birinchi asrdagi barcha masihiylar moylanganlar edi. Undan keyingi yillar mobaynida esa, o‘zini Masihning izdoshi deb ataganlarning aksariyati uning yo‘lidan yurmagan. Ammo shunda ham o‘sha yillar davomida Yahova bir nechta haqiqiy masihiyni moylagan. Ular Iso aytganiday, begona o‘tlar orasida o‘sgan bug‘doyday edi. (Mat. 13:24–30) Oxirgi kunlarda Yahova 144 000 ta moylanganlar orasiga kiradiganlarni tanlashda davom etib kelmoqda *. Shu bois, Yahova oxirat kelishidan avval kimnidir tanlasa, Uning donoligini shubha ostiga qo‘ymaymiz. (Rimliklarga 9:11, 16 ni o‘qing.) * Iso masallaridan birida keltirgan ishchilarga o‘xshab qolishdan ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Ular xo‘jayini bir soat mehnat qilgan ishchilarga qanday munosabat ko‘rsatganidan noligan. (Mat. 20:8–15)

15. Moylanganlarning barchasi Matto 24:45–47 da tilga olingan «ishonchli va aqlli xizmatkor»ga kiradimi? Tushuntiring.

15 Osmonda yashashga umidvor bo‘lganlarning hammasi ham «ishonchli va aqlli xizmatkor»ga kirmaydi. (Matto 24:45–47 ni o‘qing.) Birinchi asrda bo‘lgani kabi Yahova hamda Iso bir nechta birodar orqali ko‘pchilikni to‘ydirmoqda, ya’ni ularga ta’lim bermoqda. Birinchi asrda moylangan masihiylarning atigi bir nechtasi Yunoncha yozuvlarni yozishda qatnashgan. Hozirgi kunda ham moylanganlarning bir nechtasi Xudoning xalqiga «rizq-ro‘zni vaqtida» berish uchun mas’ul.

16. Ushbu maqoladan nimalarni bilib oldingiz?

16 Bu maqoladan nimalarni bilib oldik? Yahova O‘z xalqining aksar qismiga yer yuzida abadiy yashash va ozgina qismiga Iso bilan samoda boshqarish umidini berishga qaror qilgan. Yahova barcha xizmatchilari — xoh «bir yahudiy», xoh «o‘n kishi» bo‘lsin — Uning o‘sha-o‘sha qonunlariga itoat qilishlarini va sadoqatli qolishlarini istaydi. Barchamiz kamtarin bo‘lishimiz va bir yoqadan bosh chiqargan holda Xudoga xizmat qilishimiz zarur. Shuningdek, hammamiz jamoatda tinchlik bo‘lishiga hissa qo‘shishimiz darkor. Oxirat yaqinlashar ekan, keling, «bir suruv» bo‘lib, Yahova hamda Isoga xizmat qilishdan to‘xtamaylik. (Yuhan. 10:16)

^ 5- x.b. Bu yili Iso Masihning o‘limini xotirlash marosimi 7-aprel seshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Qutlug‘ Kechlik marosimida ramzlardan qabul qiladiganlarga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak? Ramzlardan qabul qiladiganlarning soni o‘sib borishidan xavotirlanishimiz kerakmi? Ushbu maqoladan mazkur savollarga javob topamiz. U «Qo‘riqchi minorasi»ning 2016-yil yanvar sonidagi maqolaga asoslangan.

^ 2- x.b. Zabur 87:5, 6 ga ko‘ra, ehtimol, kelajakda Xudo Iso bilan samoda hukm suradiganlarning ismlarini oshkor qilishi mumkin. (Rim. 8:19)

^ 8- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2016-yil yanvar sonidagi «Sevgi “odobsizlik qilmaydi”» nomli ramkaga qarang.

^ 14- x.b. Havoriylar 2:33 dan ko‘rib turganimizdek, muqaddas ruh Iso orqali yog‘dirilsa ham, Yahovaning O‘zi har bir kishini taklif qiladi.

^ 14- x.b. Bu haqda ko‘proq ma’lumot olish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning 2007-yil 1-may (rus) sonidagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.

34-QO‘SHIQ Benuqson bo‘lib yuring

^ 56- x.b. RASMGA SHARH. Rasmga tushish maqsadida, bosh idora vakili va uning turmush o‘rtog‘ining atrofini o‘rab olish naqadar hurmatsizlik bo‘lardi!