Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

3-TADQIQ MAQOLASI

Tangrimiz Yahova sizni qadrlaydi!

Tangrimiz Yahova sizni qadrlaydi!

Kamsitilganimizda U bizni unutmadi. ZAB. 136:23

33-QO‘SHIQ G‘am-tashvishingni Yahovaga tashla

BU MAQOLADA *

1–2. Yahovaning ko‘p xizmatchilari qanday vaziyatlarga duch kelmoqda va bu ularga qay yo‘sin ta’sir qilishi mumkin?

USHBU uchta vaziyat borasida fikr yuritib ko‘raylik: yosh birodarimizga jiddiy kasallik tashxisi qo‘yiladi. Yoshi 50 dan oshgan mehnatkash birodarimiz ishsiz qoladi va urinishlariga qaramay, yangisini topa olmaydi. Yoshi ulug‘ sadoqatli opamiz imkoniyatlari cheklangani tufayli Yahovaga oldingiday ko‘p xizmat qila olmaydi.

2 Siz ham shu kabi vaziyatga duch kelayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizni keraksizday his qilishingiz hech gap emas. Bunday vaziyatlar quvonchingizni o‘g‘irlashi, o‘zingiz haqingizda salbiy o‘ylashga olib kelishi va boshqalar bilan bo‘lgan munosabatlaringizga putur yetkazishi mumkin.

3. Shayton va uning fikrlash tarziga taqlid qilayotganlar insonlar hayotiga qanday munosabatda?

3 Bu dunyo Shaytonning hayotga nisbatan nuqtai nazarini aks ettirmoqda. Shayton odamlar o‘zini arzimasday his qilishiga doim harakat qilib kelgan. U Xudoga itoatsizlik qilish o‘limga yetaklashini bila turib, Momohavoga erkin bo‘lish yo‘lini beshafqatlarcha taklif qilgan. Shayton bu dunyodagi tijorat, siyosat va dinni nazorat qilib kelmoqda. Shuning uchun, ko‘pgina ishbilarmon, siyosatchi va din rahbarlari insonlarning hayotiga befarq bo‘lib, tuyg‘ulari bilan umuman ishi yo‘q.

4. Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

4 Biroq Shaytondan farqli ravishda, Tangri Yahova o‘zimiz haqimizda ijobiy fikrda bo‘lishimizni va qiyinchiliklar dastidan o‘zimizni keraksizday his qilganimizda, bizni qo‘llab-quvvatlashini bilishimizni istaydi. (Zab. 136:23; Rim. 12:3) Ushbu maqolada Yahova quyidagi uchta vaziyatda bizga qanday ko‘maklashishini muhokama qilamiz: 1) kasallikdan azob chekkanimizda, 2) moddiy qiyinchiliklarga duch kelganimizda va 3) yoshimiz o‘tayotgani tufayli Yahovaga oldingiday ko‘p xizmat qila olmayotganimizda. Avval, keling, nega Yahova har birimizni qadrlashiga ishonishimiz mumkinligini bilib olaylik.

YAHOVA BIZNI QADRLAYDI

5. Nega Yahova odamlarni qadrlashiga aminsiz?

5 Garchi yerning tuprog‘idan yaratilgan bo‘lsak-da, Yahova bizni nihoyatda qimmatbaho deb biladi. (Ibt. 2:7) Keling, nega Yahova bizni qadrlashiga ishonchimiz komil ekanining ayrim sabablariga diqqat qarataylik. Xudo insonlarni Uning fazilatlarini aks ettirish qobiliyati bilan yaratgan. (Ibt. 1:27) Shu yo‘sin, U odamlarni yer yuzidagi barcha narsalardan ustuvor qo‘yib, yerni va hayvonlarni ularning qo‘liga topshirgan. (Zab. 8:4–8)

6. Yana nimalar asosida Yahova nomukammal odamlarni qadrlaydi deb ayta olamiz?

6 Hatto Odamato gunohga qo‘l urgandan keyin ham, Yahova insonlarga g‘amxo‘rlik qilishda davom etgan. U bizni juda ham qimmatbaho deb bilgani bois, sevikli O‘g‘li Isoni gunohlarimiz uchun to‘lov sifatida taqdim etgan. (1 Yuhan. 4:9, 10) Bu to‘lov keltiradigan foydasini qo‘llab, Yahova Odamatoning gunohi dastidan o‘lgan «adolatli va adolatsiz odamlarni» tiriltiradi. (Havor. 24:15) Uning Kalomidan bilib olayotganimizday, sog‘ligimiz, moddiy sharoitimiz yoki yoshimizga qaramay, bizni o‘ta qadrlaydi. (Havor. 10:34, 35)

7. Yana qaysi sabablar Yahova O‘z xizmatchilarini qadrlashini ko‘rsatmoqda?

7 Yahova bizni qadrlashiga ishonishimiz uchun yana boshqa sabablar ham bor. U bizni O‘ziga jalb qilib, xushxabarga nisbatan ko‘rsatgan munosabatimizni inobatga oldi. (Yuhan. 6:44) Yahova bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantira boshlaganimizda, U bizga yanada yaqinlashdi. (Yoqb. 4:8) Qolaversa, U vaqt hamda kuchini sarflab bizga ta’lim bermoqda va biz U uchun qadrli ekanimizni ko‘rsatmoqda. Alloh shaxsiyatimizni va qanday insonga aylanishimiz mumkinligini biladi. U bizni yaxshi ko‘rgani uchun ta’lim-tarbiya beradi. (Hik. 3:11, 12) Ha, bu Yahova bizni qadrlayotganining ajoyib isbotidir!

8. Zabur 18:27–29 dagi so‘zlar muammolarimizga bo‘lgan nuqtai nazarimizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

8 Ba’zilar shoh Dovudni mensimagan bo‘lsa-da, Yahova uni sevishini va qo‘llab-quvvatlayotganini u bilgan. Buni bilish unga o‘z vaziyatiga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishga yordam bergan. (2 Shoh. 16:5–7) Ruhimiz tushganda yoki muammolarga ro‘baro‘ kelganimizda, Yahova bunga boshqacha qarashimizga va har qanday qiyinchilikni yengishimizga yordam berishga qodir. (Zabur 18:27–29 ni o‘qing.) Yahova bizni qo‘llab-quvvatlasa, Unga quvonch ila xizmat qilishimizga hech narsa to‘sqinlik qila olmaydi. (Rim. 8:31) Endi, keling, Yahova bizni sevishini va qadrlayotganini ayniqsa yodimizda tutishimiz kerak bo‘lgan uchta o‘zgacha vaziyatga e’tibor beraylik.

KASALLIK DASTIDAN AZOB CHEKKANDA

Yahovaning ilhomlantirilgan so‘zlarini o‘qish, kasallik dastidan paydo bo‘layotgan salbiy tuyg‘ularni yengishga yordam beradi (9–12-xatboshilariga qarang.)

9. Kasallik dastidan o‘zimizga nisbatan qanday nuqtai nazarda bo‘lishimiz mumkin?

9 Kasallik his-tuyg‘ularimizga ta’sir qilishi mumkin va o‘zimizni hech kimga keraksizday his etamiz. Boshqalar zaif tomonlarimizni ko‘rib qolganda yoki kimningdir yordamiga muhtoj bo‘lib qolganimizda xijolat tortishimiz hech gap emas. Hatto boshqalar kasal ekanimizni bilmasa ham, imkoniyatlarimiz chegaralanib qolgani uchun uyalishimiz mumkin. Bunday mushkul damlarda Yahova bizga dalda beradi. Qanday deysizmi?

10. Hikmatlar 12:25 ga binoan, kasal bo‘lganimizda bizga nima yordam berishi mumkin?

10 Kasal bo‘lganimizda, «yaxshi so‘z» ko‘nglimizni ko‘tarishi mumkin. (Hikmatlar 12:25 ni o‘qing.) Yahova Muqaddas Kitobda yaxshi so‘zlarni jamlab qo‘ygan va ular hatto kasal bo‘lganimizda ham, U uchun qimmatbaho ekanimizni eslatib turadi. (Zab. 31:19; 41:3) Agar Xudo ilhomlantirgan so‘zlarni o‘qisak va hatto qayta-qayta o‘qisak, kasallik oqibatida paydo bo‘layotgan salbiy tuyg‘ularni yengishimizga U yordam beradi.

11. Jorj birodarimiz Yahovaning yordamini qay yo‘sin his etdi?

11 Keling, Jorjning vaziyatiga e’tibor beraylik. Yosh birodarimiz Jorj tezda rivoj olgan va o‘zini keraksizday his etishiga sabab bo‘lgan kasallikka yo‘liqdi. «Kasalligim tufayli o‘zimni shu qadar yomon his etaman yoki boshqalarning e’tiborini jalb qilishdan uyalaman deb o‘ylamagan edim. Sog‘ligim yomonlashgani sayin hayotim qanday bo‘lar ekan, degan xayollarga borardim. Ko‘nglim cho‘kkan edi, Yahovadan yordam so‘rab iltijo qilardim»,— dedi Jorj. Xo‘sh, Yahova uni qanday qo‘llab-quvvatladi? U shunday deb bo‘lishdi: «Diqqatimni bir joyga jamlash qiyin edi, lekin Zabur sanolaridan Yahova O‘z xizmatchilariga g‘amxo‘rlik qilishini ko‘rsatuvchi bir nechta oyatni o‘qirdim. O‘sha oyatlarni har kuni qayta-qayta o‘qib, kuch va tasalli olardim. Vaqt o‘tgach, boshqalar men ko‘proq tabassum qilayotganimga e’tibor beradigan bo‘lishdi. Ular ijobiy nuqtai nazarim ularga dalda berayotganini aytardi. Yahova ibodatlarimga javob berayotganiga amin bo‘ldim! U o‘zim haqimdagi fikrlarni o‘zgartirishimga ko‘maklashdi. Xudoning Kalomiga ko‘proq e’tibor berib, sog‘ligimga qaramay U men haqimda qanday fikrda ekani to‘g‘risida o‘ylay boshladim».

12. Kasallik bilan kurashayotgan bo‘lsangiz, qanday qilib Yahovaning yordamini olishingiz mumkin?

12 Siz ham kasallik bilan kurashayotgan bo‘lsangiz, Yahova nimalarni boshdan kechirayotganingizdan xabardor ekanidan shubhalanmang. Yordam so‘rab iltijolar qiling. Shunda, vaziyatingizga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishga o‘rganasiz. Shuningdek, Yahova siz uchun Muqaddas Kitobda jamlab qo‘ygan yaxshi so‘zlarni qidiring. Xudo O‘z xizmatchilarini qanchalar qadrlashini ko‘rsatuvchi oyatlarga diqqat qarating. Shunday qilib, Yahova Unga sadoqat ila xizmat qilayotgan barchaga mehribonlik qilishini ko‘rasiz. (Zab. 84:11)

MODDIY QIYINCHILIKLARGA DUCH KELGANDA

Yahova bizga g‘amxo‘rlik qilishni va’da qilganini yodda tutish, ish masalasida qiyinchiliklarga duch kelganimizda ko‘maklashadi (13–15-xatboshilariga qarang.)

13. Oila boshi ishsiz qolsa, o‘zini qanday his qilishi mumkin?

13 Har bir oila boshi o‘z yaqinlarining zaruriy ehtiyojlarini qondirishni istaydi. Lekin tasavvur qiling, birodarimiz hech qanday xato qilmagan bo‘lsa ham, ishdan bo‘shatildi. U boshqa ishni astoydil qidiradi, ammo topa olmaydi. Buning dastidan u o‘zini keraksizday his qiladi. Xo‘sh, Yahovaning va’dalariga diqqat qaratib, u qanday yordam olishi mumkin?

14. Nima sababdan Yahova O‘z va’dalarining ustidan chiqadi?

14 Yahova doim O‘z va’dalarining ustidan chiqadi. (Yoshua 21:45; 23:14) U bir nechta sababga ko‘ra bunday yo‘l tutadi. Masalan, buning sabablardan biri Uning ismi yoki obro‘yi bilan bog‘liq. Yahova O‘zining sodiq xizmatchilariga g‘amxo‘rlik qilishga so‘z bergan va uni bajarishga mas’ul ekanini his etadi. (Zab. 31:1–3) Bundan tashqari, Yahova O‘z oilasi a’zolariday ko‘radigan insonlarga g‘amxo‘rlik qilmasa, ular qayg‘urishini biladi. U bizga moddiy va ma’naviy tomonlama g‘amxo‘rlik qilishni va’da qilyapti. Bu va’dasining ustidan chiqishiga hech narsa Unga to‘sqinlik qila olmaydi! (Mat. 6:30–33; 24:45)

15. a) Birinchi asrdagi masihiylar qanday qiyinchilikka duch kelgan? b) Zabur 37:18, 19 bizni nimaga ishontirmoqda?

15 Yahova nega O‘z va’dalarining ustidan chiqishini yodda saqlasak, moddiy qiyinchiliklar paytida U bizga yordam berishidan shubhalanmaymiz. Keling, birinchi asrdagi masihiylarning misoliga nazar solaylik. Quddusdagi jamoat ashaddiy quvg‘unlarga duch kelganda, «havoriylardan tashqari hamma... tarqab ketdi». (Havor. 8:1) O‘sha vaziyatni ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring. Ular moddiy tomonlama qiynalib, ehtimol, uy va ishsiz qolib ketgan. Biroq Yahova ularni tashlab ketmadi. Ular quvonchini yo‘qotmadi. (Havor. 8:4; Ibron. 13:5, 6; Yoqb. 1:2, 3) Yahova o‘sha sadoqatli masihiylarni qo‘llab-quvvatlagan va bizni ham tashlab qo‘ymaydi. (Zabur 37:18, 19 ni o‘qing.)

YOSHIMIZ O‘TAYOGANI TUFAYLI PAYDO BO‘LAYOTGAN MUAMMOLARNI YENGISHDA

Hatto yoshimiz o‘tganda ham qo‘limizdan kelgan ishlarga diqqat qaratish, Yahova bizni va sadoqatli xizmatimizni qadrlashiga ishontiradi (16–18-xatboshilariga qarang.)

16. Qaysi vaziyatda Yahova topinishimizni qadrlayaptimi, deb o‘ylab qolishimiz mumkin?

16 Yoshimiz o‘tgani sayin Yahovaga ko‘p bera olmayotganimizni sezishimiz mumkin. Shoh Dovud ham yoshi o‘tgani sayin shu kabi tuyg‘ularni payqagandir. (Zab. 71:9) Xo‘sh, Yahova bizga qanday yordam berishi mumkin?

17. Jeri opamizning vaziyatidan qanday saboq olsak bo‘ladi?

17 Jeri ismli opamizning misoliga e’tibor qarataylik. U tashkilotimiz binolariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Yig‘ilish zalida o‘tgan uchrashuvga taklif etildi, lekin opamiz u yerga borishni xohlamayotgan edi. U: «Axir yoshim o‘tgan bevaman va ta’mirlash ishlarida ham ko‘maklashish uchun hech qanday qobiliyatim yo‘q. U yerda keragim yo‘q»,— dedi. O‘sha uchrashuvdan oldingi kecha opamiz Yahovaga ibodat qilib, ichidagi bor narsani aytdi. Kelasi kuni Yig‘ilish zaliga kelgach esa, qo‘limdan biron nima kelarmikin, deb haligacha tashvishlanayotgan edi. Uchrashuvda ma’ruzachilardan biri Yahova tomonidan ta’lim olishga tayyor bo‘lish qobiliyatimiz eng a’lo qobiliyat ekanini ta’kidladi. Jeri opamiz shunday dedi: «“Bu qobiliyatga egaman!” — deb o‘yladim. Yahova ibodatimga javob berganini tushunganimda yig‘lay boshladim. U meni berishim mumkin bo‘lgan qobiliyatim borligiga va menga ta’lim berishga tayyor ekaniga ishontirdi. O‘sha uchrashuvga xavotirlanib, ko‘nglim cho‘kib va kayfiyatsiz borgan edim. Ammo u yerdan o‘zimga ishonib, dalda olib va qadrli ekanimni his etib qaytdim».

18. Muqaddas Kitobga ko‘ra, nega yoshimiz o‘tganda ham Yahova topinishimizni qadrlaydi, deb ayta olamiz?

18 Yoshimiz o‘tganda ham Yahova bizdan foydalanishiga ishonsak bo‘ladi. (Zab. 92:12–15) Iso aytganiday, qobiliyatlarimiz chegaralangan yoki o‘zimizni kam qilayotganday his etsak ham, Yahova qo‘limizdan kelgancha Unga xizmat qilayotganimizni qadrlaydi. (Luqo 21:2–4) Shunday ekan, qo‘lingizdan keladigan ishga diqqat qarating. Masalan, Yahova haqida gapirishingiz, imondoshlar haqida ibodat qilishingiz va boshqalarni sadoqatli bo‘lib qolishga undashingiz mumkin. Yahova sizni shunchaki qo‘lingizdan keladigan ish emas, balki Unga bo‘ysunishga tayyor ekaningiz tufayli hamkori sifatida biladi. (1 Kor. 3:5–9)

19. Rimliklarga 8:38, 39 bizni nimaga ishontiryapti?

19 Xizmatimizni chindan ham qadrlayotgan Tangri Yahovaga topinayotganimizdan minnatdormiz! Xudo bizni Uning irodasini bajarish uchun yaratgan va bu haqiqiy topinish hayotimizga asl mazmun kiritmoqda. (Vah. 4:11) Garchi bu dunyo bizni arzimas deb bilsa-da, Yahova bizga bunday nuqtai nazarda emas. (Ibron. 11:16, 38) Kasallik, moddiy qiyinchilik yoki yoshimiz o‘tayotganidan siqilayotgan bo‘lsak, unutmang, samoviy Otamizning sevgisidan bizni hech narsa judo qilishga qodir emas! (Rimliklarga 8:38, 39 ni o‘qing.)

^ 5- x.b. O‘zingizni keraksizday his etgan paytlaringiz bo‘lganmi? Ushbu maqola Yahova sizni juda ham qadrlashini eslatadi. Shuningdek, u hayotingizda nima bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zingizga nisbatan ijobiy fikrda bo‘lishga ko‘maklashadi.

30-QO‘SHIQ Do‘stim, Otam va Rabbim