Yodingizdami?
«Qo‘riqchi minorasi»ning 2024-yilgi sonlariga asoslangan savollarga javob berishga urinib ko‘ring:
Ayollarga qanday muomala qilish borasida Yahova qanday o‘rnak ko‘rsatyapti?
U ayollarga yuzxotirchilik qilmaydi va erkaklarni ulardan ustun qo‘ymaydi. Xudo ayollarni eshitadi, ularning his-tuyg‘ulari-yu tashvishlariga befarq emas. Shuningdek, Yahova ularga O‘z ishini ishonib topshirgan. (w24.01, 15-, 16)
Efesliklarga 5:7 dagi «ularga sherik bo‘lmanglar» degan so‘zlarga qay yo‘sin amal qila olamiz?
Havoriy Pavlus Xudoning me’yorlariga amal qilishimizga qiyinchilik tug‘diradigan odamlar bilan muloqot qilishdan ogohlantirgan. Bunday salbiy ta’sir qiladigan muloqotga biz shaxsan va ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o‘tkazadigan odamlar kiradi. (w24.03, 22-, 23)
Qanday yolg‘on gap-so‘zlardan ogoh bo‘lishimiz lozim?
Do‘stlarimiz ishonchli ekani tasdiqlanmagan hikoya bilan bo‘lishganida, notanish odamlardan elektron maktublar kelganida va murtadlar o‘zini haqiqat bilan qiziqayotganday ko‘rsatganida, ehtiyot bo‘lishimiz kerak. (w24.04, 12)
Yahova shoh Sulaymonni, Sado‘m, G‘amo‘ra va To‘fonda o‘lganlarni qanday hukm qilishi borasida nimalarni bilamiz-u, nimalarni bilmaymiz?
Yahova ularni abadiy yo‘q qilganmi yoki yo‘qmi bilmaymiz. Ammo U barcha narsani bilishiga va cheksiz rahm-shafqatga ega ekanini bilamiz. (w24.05, 3-, 4)
Tangri «Qoya» ekani bizni nimaga ishontiryapti? (Qonun. 32:4)
Yahova boshpanamizdir. U ishonchli, doim va’dasida turadi. Alloh barqaror, Uning shaxsiyati va niyatlari o‘zgarmaydi. (w24.06, 26–28)
Yangi jamoatga qay yo‘sin moslasha olasiz?
Yahovaga tayaning. U o‘tmishda xizmatchilariga yordam bergani kabi, sizga ham ko‘maklashadi. Yangi jamoatingizni oldingisi bilan solishtirishdan qoching. Yangi jamoatingizda band bo‘ling va boshqalar bilan do‘stlashishga jon kuydiring. (w24.07, 26–28)
Matto 25-bobda keltirilgan uchta masaldan qanday saboqlar olyapmiz?
Qo‘ylar va echkilar to‘g‘risidagi masalda ishonchli va sadoqatli bo‘lishga diqqat qaratilgan. Aqlli va aqlsiz qizlar haqidagi masal tayyor va hushyor turishga undaydi. Talantlar haqidagi masalda esa mehnatkash va tirishqoq bo‘lish muhim ekaniga urg‘u berilgan. (w24.09, 20–24)
Sulaymon ma’badi dahlizining uzunligi qanchalik uzun bo‘lgan?
Ayrim qo‘lyozmalarda 2 Solnomalar 3:4 da «120 tirsak» deb aytilgan. Bu dahlizning uzunligi 53 metr bo‘lgan degani. Ammo ishonchli manbalarga ko‘ra, uning uzunligi «20 tirsak», ya’ni 9 metr bo‘lgan. Dahliz uzunligi «20 tirsak»ka teng bo‘lgani ma’bad devorining qalinligiga mosroq kelyapti. (w24.10, 31)
Jamoat xizmatkori «bir xotinli» bo‘lishi nimani anglatadi? (1 Tim. 3:12)
Bu birodar faqat bir ayolga uylangan bo‘lishi va jinsiy axloqsizlik qilmasligi kerakligini bildiradi. Bundan tashqari, u boshqa ayollarga noo‘rin e’tibor qaratmasligi lozim. (w24.11, 19)
Nima uchun Yuhanno 6:53 Qutlug‘ Kechlik marosimi uchun asos bo‘lmagan deb ayta olamiz?
Yuhanno 6:53 da Isoning tanasini yeyish va qonini ichish to‘g‘risida aytilgan. Iso bu so‘zlarni mil. 32-yili Jalilada yahudiylarga qarata aytgan. Ular Isoga bo‘lgan ishonchini kuchaytirishi kerak edi. Qutlug‘ Kechlik marosimi esa bir yil o‘tgach joriy etilgan. Bu marosimda Iso u bilan samoda boshqaradigan havoriylariga gapirgan. (w24.12, 10-, 11)