Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Tasalli baxsh etuvchi Alloh Yahovaga taqlid qiling

Tasalli baxsh etuvchi Alloh Yahovaga taqlid qiling

Hamdlar bo‘lsin... U [Tangri] barcha qayg‘ularimizda bizga tasalli beradi. 2 KOR. 1:3, 4

QO‘SHIQLAR: 23, 49

1. Adan bog‘ida isyon ko‘tarilganda Yahova qanday daldali so‘zlarni aytgan?

INSONIYAT gunoh va nomukammallikka uchraganidan beri, Yahova tasalli beruvchi Tangri ekanini isbotlab kelmoqda. Adan bog‘ida isyon ko‘tarilganidayoq, Xudo Odamatoning avlodlariga dalda baxsh etuvchi so‘zlarni aytgan. Ha, insoniyat uchun umid bor edi. Bu haqida Ibtido 3:15 da yozilgan bo‘lib, insonlarga «almisoq ilon», ya’ni Shayton Iblis va uning yovuz ishlari yo‘q qilinishiga ishonch baxsh etadi. (Vah. 12:9; 1 Yuhan. 3:8)

YAHOVA QADIMGI XIZMATCHILARIGA TASALLI BERGAN

2. Qay yo‘sin Yahova Nuhga tasalli bergan?

2 Nuh xudosiz insonlar orasida yashagan va faqatgina uning oila a’zolari Yahovaga topingan. Zo‘ravonlik va jinsiy axloqsizlikka to‘la davrda yashab, Nuh tushkunlikka tushishi hech gap emas edi. (Ibt. 6:4, 5, 11; Yahd. 6) Ammo Yahova unga dalda beruvchi so‘zlarni aytgan va Nuh sabot ila «Xudoga hamroh bo‘lib yashay» olgan. (Ibt. 6:9) Yahova Nuhga o‘sha yovuz dunyoni yo‘q qilmoqchi ekanini aytib, u oilasi bilan omon qolishi uchun nima qilishi zarurligi borasida yo‘l-yo‘riq bergan. (Ibt. 6:13–18) Ha, Yahova tasalli beruvchi Alloh ekanini ko‘rsatgan.

3. Qanday qilib Yahova Yoshuaga dalda berdi? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

3 Yoshuaga esa Xudoning xalqini va’da qilingan yurtga olib kirish kabi mushkul vazifa topshirilgan edi. Bu o‘sha hududni egallab olgan kuchli qo‘shinlar bilan jang qilishni o‘z ichiga olgan. Yoshua qo‘rqqani ajablanarli emas edi. Yahova buni bilardi, shu bois, Musoga Yoshuaga dalda berishni buyurdi. Xudo shunday dedi: «Yoshuani o‘zingning o‘rningga tayinla va unga dalda berib, qo‘llab-quvvatla. Chunki faqat u xalqning oldida borib, daryoning narigi tomoniga o‘tadi va sen ko‘radigan yurtni meros qilib olishlariga yordam beradi». (Qonun. 3:28) Yoshua ishga kirishishdan avval, Yahova unga quyidagi so‘zlar bilan tasalli baxsh etdi: «Men senga: “Jasoratli va mahkam bo‘l”,— deb aytgan edim. Shunday ekan, dahshatga tushma va qo‘rqma, chunki qayerga borsang ham, Allohing Yahova sen bilan bo‘ladi». (Yoshua 1:1, 9) Naqadar daldali so‘zlar!

4, 5. a) Qay yo‘sin Yahova qadimgi xizmatchilariga dalda bergan? b) Qanday qilib Yahova O‘g‘liga dalda baxsh etgan?

4 Yahova faqatgina muayyan insonlarga emas, balki butun xalqiga ham dalda bergan. Bobil surgunligida bo‘lgan yahudiy xalqiga Yahova tasalli berib, quyidagi bashoratni aytgan: «Hech qo‘rqma, Men sen bilanman. Dahshatga tushma, Men sening Xudoyingman. Senga kuch ato etaman, yordam beraman. Seni adolatli o‘ng qo‘lim bilan mahkam ushlayman». (Ishayo 41:10) Alloh keyinchalik ilk masihiylarga dalda bergan va bizga ham xuddi shunday tasalli bermoqda. (2 Korinfliklarga 1:3, 4 ni o‘qing.)

5 Iso ham Otasi Yahovadan dalda olgan. U suvga cho‘mganda osmondan: «Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, undan mamnunman»,— degan sado keldi. (Mat. 3:17) Mazkur so‘zlar Isoga yerdagi xizmati davomida tasalli baxsh etgani shubhasizdir.

ISO BOSHQALARGA DALDA BERGAN

6. Qay yo‘sin talantlar haqidagi masal bizga dalda baxsh etadi?

6 Iso Otasining o‘rnagiga taqlid qilgan. Talantlar haqidagi zamonaning oxiriga tegishli bashoratli masalida Iso sadoqatli qolishga undagan. Xo‘jayin har bir ishonchli qulini quyidagicha maqtagan: «Barakalla, sen yaxshi, ishonchli qul ekansan. Kichik ishda ishonchimni oqlaganing uchun senga katta ishlarni ham topshiraman. Kel, endi xo‘jayining bilan birga quvongin». (Mat. 25:21, 23) Bu so‘zlar shogirdlarni Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishga undagan.

7. Iso havoriylariga va ayniqsa Butrusga qanday dalda bergan?

7 Havoriylar oralarida kim buyuk ekani borasida qayta-qayta bahslashgan. Lekin Iso sabr ila ularni kamtarin va boshqaruvchi emas, xizmatkor bo‘lishga undagan. (Luqo 22:24–26) Ayniqsa, Butrus bir necha marta Isoning ishonchini oqlay olmagan. (Mat. 16:21–23; 26:31–35, 75) Ammo Iso undan voz kechmagan, aksincha, u Butrusga dalda bergan va imondoshlarni mustahkamlashni topshirgan. (Yuhan. 21:16)

QADIMDA BERILGAN DALDA

8. Qay yo‘sin shoh Hizqiyo sarkardalarga va Yahudo xalqiga dalda bergan?

8 Hatto Iso yerga kelib, dalda berish borasida mukammal o‘rnak ko‘rsatganidan avval, Yahovaning sadoqatli xizmatchilari tasalli berish muhim ekanini tushungan. Masalan, ossuriyaliklar hujum qilmoqchi bo‘lganda, shoh Hizqiyo sarkardalarni va Yahudo xalqini yig‘ib, ularga dalda bergan. «[Uning] so‘zlari xalqni ruhlantirgan». (2 Solnomalar 32:6–8 ni o‘qing.)

9. Ayub kitobidan dalda berish borasida nimaga o‘rganyapmiz?

9 Ayub kitobidan ham dalda berish borasida saboq olishimiz mumkin. Garchi uning o‘zi daldaga muhtoj bo‘lgan bo‘lsa-da, «azobiga azob qo‘shadigan yupatuvchilari»ga tasalli berishni o‘rgatgan. Ayub agar ularning o‘rinlarida bo‘lganida, og‘riq keltiradigan so‘zlarni emas, balki daldali va mustahkamlaydigan so‘zlar bilan yupatishini aytgan. (Ayub 16:1–5) Oxiri, Elixu hamda Yahova Ayubga dalda bergan. (Ayub 33:24, 25; 36:1, 11; 42:7, 10)

10, 11. a) Nega Yiftoxning qizi daldaga muhtoj edi? b) Bugungi kunda kimlar xuddi shunday daldaga muhtoj?

10 Qadimda tasalliga muhtoj bo‘lgan insonlardan biri Yiftoxning qizi edi. Ommonliklarga qarshi jangga borishdan avval, hakam bo‘lgan Yiftox Yahova unga g‘alaba qozonishga yordam bersa, uni kutib olishga chiqqan birinchi inson Yahovaga bag‘ishlanib, muqaddas chodirda xizmat qilishiga va’da beradi. Uni g‘alaba bilan tabriklashga yakkayu yagona farzandi — qizi peshvoz chiqadi. Yiftoxning yurak-bag‘ri qon bo‘ladi. Lekin u va’dasida turib, bokira qizini Shilo‘ga umrining oxirigacha muqaddas chodirda xizmat qilishga yuboradi. (Hak. 11:30–35)

11 To‘g‘ri, Yiftoxga og‘ir bo‘lgan, ammo uning qarorini qo‘llab-quvvatlagan qiziga undan ham og‘irroq bo‘lgan. (Hak. 11:36, 37) U turmushga chiqish, farzandli bo‘lish, nasl qoldirish va meros olish kabi huquqlaridan voz kechgan. O‘shanda, ayniqsa, u tasalli va daldaga muhtoj edi. Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Isroilda esa bir odat paydo bo‘ldi: har yili Isroildagi qizlar giladlik Yiftoxning qizini vasf etgani borib, yilida to‘rt kun uning yonida bo‘lishardi». (Hak. 11:39, 40) Oila qurmagan va erkinligidan foydalanib, «Hazratimizga xizmat qilish bilan bog‘liq narsalar» payida bo‘lgan masihiylar ham maqtov va daldaga loyiqdir. (1 Kor. 7:32–35)

HAVORIYLAR IMONDOSHLARIGA DALDA BERGAN

12, 13. Qay yo‘sin Butrus birodarlarini qo‘llab-quvvatlagan?

12 O‘limidan oldingi kechada Iso havoriy Butrusga quyidagicha degan: «Simun, Simun! Shayton hammangizni bug‘doy kabi g‘alvirdan o‘tkazishni talab qildi. Lekin men siz uchun yolvorib, imoningiz susaymasligini Xudodan tiladim. Siz esa tavba qilganingizdan keyin, birodarlaringizni qo‘llab-quvvatlang». (Luqo 22:31, 32)

Havoriylarning maktublari birinchi asrdagi jamoatlarga dalda baxsh etganidek, biz uchun ham daldali (12–17- xatboshilariga qarang.)

13 Butrus chindan ham ilk jamoatlarning ustuni ekanini isbotladi. (Galat. 2:9) Hosil bayramida va undan keyin u o‘z jasorati bilan imondoshlariga dalda bergan. Ko‘p yillar davomida xizmat qilgach, u imondoshlariga quyidagicha yozgan: «Mana, sizlarga dalda berish hamda Tangrining chinakam inoyati haqida shahodat berish uchun... qisqacha yozdim. Xudoning inoyatidan hecham ayrilmanglar». (1 Butr. 5:12) Butrusning maktubi ilk masihiylarga dalda bergan va bu hozirga qadar shunday bo‘lib kelyapti. Bu, Yahovaning va’dalari amalga oshishini kutayotgan bizlar uchun daldalidir! (2 Butr. 3:13)

14, 15. Qanday qilib Yuhanno ilohiy ilhom ostida yozgan kitoblar bizga dalda baxsh etadi?

14 Bundan tashqari, havoriy Yuhanno ilk jamoatlarning ustuni bo‘lgan. U Isoning xizmati haqida yozgan bayonot asrlar mobaynida masihiylar uchun dalda manbai bo‘lib kelmoqda. Faqatgina uning bayonotida Isoning haqiqiy shogirdlari mehr-muhabbati orqali tanilishi to‘g‘risida aytilgan. (Yuhanno 13:34, 35 ni o‘qing.)

15 Yuhannoning uchta maktubi haqiqat marvaridlaridir. Gunohkorligimiz tufayli qayg‘uga botganimizda, «Isoning qoni bizni har qanday gunohdan pok qiladi» degan so‘zlarni o‘qib, nahot tasalli olmasak? (1 Yuhan. 1:7) Shuningdek, aybdorlik hissi bizni tark etmasa, «Xudo qalbimizdan ulug‘» degan so‘zlarni o‘qiymiz va yig‘imiz tomoqqa kelib, ko‘zlarimizga minnatdorchilik yoshlari qalqiydi, shunday emasmi?! (1 Yuhan. 3:20) Faqatgina Yuhanno: «Allohning O‘zi sevgidir»,— deb yozgan. (1 Yuhan. 4:8, 16) Ikkinchi va uchinchi maktublarida u «haqiqat yo‘lida yurishda» davom etayotgan masihiylarni maqtagan. (2 Yuhan. 4; 3 Yuhan. 3, 4)

16, 17. Havoriy Pavlus ilk masihiylarga qanday dalda bergan?

16 Imondoshlarga dalda berishda havoriy Pavlus a’lo o‘rnak qoldirgan. Isoning o‘limidan ko‘p o‘tmay havoriylarning aksariyati yetakchi kengash joylashgan Quddus shahrida qolgan. (Havor. 8:14; 15:2) Yahudiyadagi masihiylar yagona Xudoga ishongan kishilarga Masih haqida aytishgan. Havoriy Pavlus esa muqaddas ruh orqali yot xalqlarga jo‘natilgan. Ular yunonlar va rimliklar bo‘lib, ko‘pgina xudolarga sajda qilgan. (Galat. 2:7–9; 1 Tim. 2:7)

17 Pavlus ko‘p sayohat qilib, yahudiy bo‘lmagan kishilarga va’z qilgan hamda jamoatlar paydo bo‘lishiga hissa qo‘shgan. Bu hududlar hozirgi Turkiya, Gretsiya va Italiyani o‘z ichiga oladi. O‘sha masihiylar o‘z yurtdoshlaridan aziyat chekib, daldaga muhtoj edi. (1 Salon. 2:14) Taxminan mil. 50- yilda Pavlus Salonikadagi jamoatga quyidagicha yozgan: «Har safar ibodatlarimizda sizlarni tilga olganimizda, doim Allohga shukronalar aytamiz. Chunki imon bilan qilayotgan ishlaringiz, sevgiga asoslangan mehnatingiz hamda... namoyon etayotgan sabr-bardoshingiz hamisha yodimizdadir». (1 Salon. 1:2, 3) Qolaversa, Pavlus ularni o‘zaro mustahkam bo‘lishga undab: «Bir-biringizga dalda berib, bir-biringizni qo‘llab-quvvatlanglar»,— deb aytgan. (1 Salon. 5:11)

DALDA BERUVCHI YETAKCHI KENGASH

18. Qay yo‘sin birinchi asrdagi yetakchi kengash a’zolari Filipga dalda bergan?

18 Birinchi asrdagi yetakchi kengash boshchilikni o‘z zimmasiga olganlar va masihiylar uchun dalda manbai bo‘lgan. Masalan, Filip samariyaliklarga Masih haqida va’z qilganda, yetakchi kengash a’zolari uni qo‘llab-quvvatlagan. Imonga kelganlar muqaddas ruhga ega bo‘lsin deb, ular ikkita a’zosini, ya’ni Butrus va Yuhannoni ibodat qilish uchun yuborgan. (Havor. 8:5, 14–17) Filip va endi masihiy bo‘lgan insonlar yetakchi kengash shu yo‘sin ularni qo‘llab-quvvatlaganidan rosa dalda olgan bo‘lsa kerak!

19. Birinchi asrdagi yetakchi kengash yo‘llagan maktub ilk jamoatlarga qanday ta’sir qilgan?

19 Keyinchalik esa, yetakchi kengash boshqa xalqlardan bo‘lgan masihiylar Tavrotda talab etilganiday, sunnat qilinishi-qilinmasligi borasida qaror chiqarishi zarur edi. (Havor. 15:1, 2) Muqaddas ruh so‘rab ibodat qilgach, Muqaddas Yozuvlar ustida mulohaza yuritgach, mas’uliyatli birodarlar bundan buyog‘iga sunnat qilinishga hojat yo‘q degan qarorga kelishdi va bu haqda jamoatlarga maktub yozishdi. Yetakchi kengash vakillari esa maktubni jamoatlarga yetkazishdi. Xo‘sh, natijasi qanday bo‘ldi? «Birodarlar xatni o‘qib, undagi dalda beruvchi so‘zlardan sevinishdi». (Havor. 15:27–32)

20. a) Bugungi kunda Yetakchi kengash barchamizga qanday dalda beryapti? b) Navbatdagi maqolada qaysi savolga javob topamiz?

20 Bugungi kunda ham Yahova Shohidlarining Yetakchi kengash a’zolari Baytil oilasiga, to‘la vaqtli maxsus xizmatda bo‘lganlarga va dunyo bo‘ylab imondoshlarimizga dalda baxsh etadi. Birinchi asrda bo‘lganidek, biz ham dalda beruvchi so‘zlardan sevinyapmiz. Shuningdek, 2015- yili Yetakchi kengash «Yahovaga qayting» nomli risolani taqdim etdi va u butun dunyo bo‘ylab ko‘plar uchun haqiqiy dalda manbaiga aylandi. Xo‘sh, dalda berishda faqatgina boshchilikni zimmasiga olganlar Yahovaga taqlid qilishi kerakmi? Mazkur savolning javobini navbatdagi maqoladan bilib olamiz.