TARJIMAI HOL
«Endi xizmat jonu dilim!»
MEN Yangi Zelandiyaning Janubiy orolidagi Balkuta shaharchasida ulg‘ayganman. Bolaligimda o‘zimni Yahovaga juda yaqin his qilardim. Haqiqatda bo‘lish menga yoqardi. Yig‘ilishlar men uchun hech qachon yuk bo‘lmagan va jamoatda o‘zimni xavfsiz hamda xursand his qilardim. Tortinchoq bo‘lganimga qaramay, har hafta va’zgo‘ylik xizmatida qatnashish menga juda yoqardi. Sinfdoshlarimga va boshqalarga va’z qilishdan qo‘rqmasdim. Yahovaning Shohidi ekanimdan faxrlanardim va 11 yoshimda hayotimni Xudoga bag‘ishladim.
QUVONCHIMNI YO‘QOTDIM
Afsuski, taxminan 13 yoshga kirganimda Yahova bilan bo‘lgan iliq munosabatlarim soviy boshladi. Maktabdoshlarim go‘yoki cheki yo‘q erkinlikka egaday ko‘rinardi va men: «Nimanidir qo‘ldan boy beryapman»,— deb o‘ylardim. Ota-onamning qoidalari, masihiylar uchun me’yorlar, ma’naviy ishlar xuddi og‘ir yukday tuyulardi. Garchi Yahova borligiga shubhalanmayotgan bo‘lsam ham Undan uzoqlashayotgandim.
Faoliyatsiz bo‘lib qolmaslik uchun nomigagina xizmat qilardim. Va’zgo‘ylikka borishdan avval hech qachon tayyorlanmasdim. Buning dastidan suhbatni boshlash yoki uni davom ettirish juda ham qiyin edi. Buning natijasida xizmatim samarasiz bo‘ldi va quvonchimni yo‘qotdim. Qolaversa, xizmatimga nisbatan ishtiyoqim yanada sovidi. O‘zimdan: «Bunday hol yana qancha davom etishi mumkin?» — deb so‘rardim.
17 yoshga to‘lganimda mustaqil bo‘lish istagi paydo bo‘ldi. Shu bois, narsalarimni yig‘ib, uydan ketdim va Avstraliyaga ko‘chib
bordim. Bu ota-onamga og‘ir botgan. Ular xavotirlangan, lekin Yahovaga xizmat qilishni davom ettirishimga umid qilgan.Avstraliyada ma’naviyligim yanada susaydi. Yig‘ilishlarni qoldiradigan bo‘ldim. Menga o‘xshab bir kecha yig‘ilishga, ikkinchi esa tungi klublarga borib, ichib, o‘yin-kulgi qilishni yoqtiradigan yoshlar bilan do‘stlashib qoldim. Orqaga qarab bir oyog‘im haqiqatda, boshqasi esa dunyoda bo‘lganini tushunyapman. Ammo men na u yoqda, na bu yoqda edim.
KUTILMAGAN, AMMO MUHIM SABOQ
Taxminan ikki yil o‘tgach, hayotimda nimalar bo‘layotgani borasida o‘ylab ko‘rishimga sababchi bo‘lgan bir opamiz bilan tanishdim. Besh nafar turmush qurmagan opa-singil bilan bir uyda yashardim. Bir safar tuman noziri va uning xotini Tamarani bir haftaga uyga taklif qildik. Eri jamoat ishlari bilan band bo‘lganida, Tamara biz bilan vaqt o‘tkazib, hammamiz kulishib o‘tirardik. Bu menga yoqardi. U juda fahm-farosatli edi va u bilan suhbatlashish oson bo‘lardi. Ma’nan yetuk kishi bilan vaqt o‘tkazish juda maroqli ekanini tushundim.
Tamara juda jo‘shqin edi. Uning haqiqatga va xizmatga bo‘lgan sevgisi menga ijobiy ta’sir qildi. U Yahovaga quvonch ila eng yaxshisini berayotgan bir paytda men quvonchimni yo‘qotib, nomigagina Unga xizmat qilayotgan edim. Uning ijobiy nuqtai nazari va chinakam baxtiyorligi hayotimda o‘chmas iz qoldirdi. Uning o‘rnagi e’tiborimni Muqaddas Kitobdagi muhim bir haqiqatga qaratdi. Yahova barchamiz Unga «xursand bo‘lib», «quvonch hayqiriqlari bilan» xizmat qilishimizni istaydi. (Zab. 100:2)
XIZMATGA BO‘LGAN SEVGIM YANA UYG‘ONDI
Men ham Tamara kabi quvnoq bo‘lishni istardim, lekin buning uchun anchagina o‘zgarishlar qilishim kutilardi. Bunga vaqt kerak bo‘ldi, ammo nihoyat kichik qadamlar qo‘yishdan boshladim. Xizmatga tayyorlanadigan bo‘ldim, vaqti-vaqti bilan ko‘makchi kashshof sifatida xizmat qildim. Bu menga kamroq hayajonlanishga va dadilroq bo‘lishga ko‘maklashdi. Xizmatda Muqaddas Kitobdan ko‘proq foydalanganim sayin chinakam mamnuniyatni
his etardim. Ko‘p o‘tmay, har oy ko‘makchi kashshof sifatida xizmat qila boshladim.Men ma’nan sog‘lom va Yahovaga xizmat qilishdan xursand bo‘lgan har turli imondoshlarim bilan do‘stlasha boshladim. Ularning yaxshi o‘rnagi men uchun nima ustuvor ekanini qayta ko‘rib chiqishimga va ma’naviy ishlar bilan muntazam band bo‘lishimga yordam berdi. Xizmatimdan ko‘proq quvonch topa boshladim va nihoyat doimiy kashshof bo‘ldim. Shuncha yillar mobaynida ilk bor o‘zimni baxtiyor his qildim.
KASHSHOFLIKDA ABADIY HAMKORIMNI UCHRATDIM
Bir yil o‘tib Yahovani va xizmatni sevadigan, samimiy va mehribon insonni — Aleksni uchratdim. U jamoat xizmatkori edi va olti yildan beri kashshof bo‘lib xizmat qilardi. Qolaversa, u 8 oy davomida Malavining va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan hududida xizmat qilgan edi. U yerda Aleks to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar bilan hamkorlik qilgan. Ular ajoyib o‘rnak ko‘rsatishgan hamda uni Shohlik manfaatlarini hayotida birinchi o‘ringa qo‘yishda davom etishga undashgan.
2003-yili Aleks bilan turmush qurdik va to‘la vaqtli xizmatimizni davom ettirib kelyapmiz. Ko‘p ajoyib saboqlar oldik va Yahova bizga behisob barakalar berdi.
MO‘L-KO‘L BARAKALARGA ESHIK OCHILDI
2009-yili biz Indoneziya Arxipelagidagi kichik mamlakat Sharqiy Timorga to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lib tayinlandik. Bir vaqtning o‘zida hayron qoldik, quvonchga to‘ldik va xavotirlandik. Besh oy o‘tgach poytaxt shahar Diliga bordik.
Hayotimiz butunlayin o‘zgardi. Yangi madaniyatga, tilga, oziq-ovqatga va yashash sharoitlariga ko‘nikishimizga to‘g‘ri keldi. Xizmat paytida kambag‘allikdan, kamsavodlikdan va zo‘ravonlikdan aziyat chekkanlarga ro‘baro‘ *.
kelardik. Qolaversa, urush va jabr-zulm dastidan jismoniy hamda hissiy jarohatlar olgan ko‘pgina insonlarni uchratdikXizmatimiz ajoyib edi. Misol uchun, bir safar tushkunlikka tushgan Mariya * ismli 13 yashar qizaloqni uchratgan edim. Uning onasi bir necha yil oldin vafot etgandi, otasini esa deyarli ko‘rmasdi. Ko‘pgina tengdoshlari kabi Mariya ham hayotdan nima xohlayotganini bilmasdi. Bir vaziyatda ichidagi bor his-tuyg‘ulari bilan bo‘lishganda yig‘lab yuborganini eslayman. Ammo o‘sha tilda hali yaxshi gapira olmaganim tufayli u nimalar deganini tushuna olmasdim. Yahovaga ibodat qilib, bu qizchaga dalda bera olishim uchun yordam berishini so‘radim. So‘ng esa unga daldali oyatlarni o‘qishni boshladim. Keyingi bir necha yil davomida haqiqat Mariyaning nuqtai nazarini, ko‘rinishini va hayotini o‘zgartirganiga guvoh bo‘ldim. U suvga cho‘mdi va hozirda o‘zi boshqalar bilan Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazadi. Endi Mariyaning katta ma’naviy oilasi bor va u ularning sevgisini his etyapti.
Yahova Sharqiy Timordagi va’zgo‘ylik ishiga baraka beryapti. Aksariyat va’zgo‘ylar so‘nggi o‘n yil davomida suvga cho‘mgan bo‘lsa-da, ko‘plar kashshof, jamoat xizmatkori yoki oqsoqol sifatida xizmat qiladi. Boshqalar esa masofaviy tarjima ofisida mehnat qilib, mahalliy tillarda ma’naviy ozuqa yetkazilishiga yordam beradi. Ularning yig‘ilishda kuylaganini, chehralaridagi tabassumni va ma’nan o‘sayotganini ko‘rganimda rosa quvonaman.
MEN UCHUN BUNDAN-DA BAXTLI HAYOT YO‘Q
Sharqiy Timordagi hayotimiz Avstraliyadagidan ancha farq qilardi, lekin men uchun bundan-da baxtli hayot yo‘q. Ba’zida biz o‘tirgan avtobus odam bilan liq to‘la bo‘lib, ichida bozordan olingan quritilgan baliqlar va sabzavotlar bo‘lardi. Ayrim kunlari pollari kir, issiq, dim kichik uyda Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazardik. Atrofimizda tovuqlar yugurib yurardi. Lekin qiyinchiliklarga qaramay, men tez-tez «qanchalar ajoyib» deb o‘ylanib qolardim.
O‘tmishga nazar tashlab shuni ayta olamanki, ota-onam menga Yahova haqida ta’lim berish uchun jon kuydirgan va hatto og‘ir o‘smirlik yillarida ham meni qo‘llab-quvvatlagan. Bular uchun ulardan minnatdorman. Hikmatlar 22:6 dagi so‘zlar mening vaziyatimda amalga oshdi. Ota-onam men va Aleks bilan faxrlanadi. Biz Yahovaga xizmat qilayotganimizni ko‘rib, ular xursand bo‘lishadi. 2016-yildan beri Avstralosiyo filialining hududida tuman nozirlik xizmatida ishtirok etib kelyapmiz.
Va’zgo‘ylik xizmati qachondir men uchun yukday bo‘lganini tasavvur qilish qiyin. Endi xizmat jonu dilim! Hayotning past-balandliklariga qaramay, shuni tushundimki, Xudoga chin yurakdan xizmat qilibgina haqiqiy quvonchga ega bo‘lish mumkin. Hayotimdagi eng baxtli yillar bu Aleks bilan so‘nggi 18-yil davomida Yahovaga xizmat qilib kelganimiz bo‘ldi. Hozirda sano bastakori Dovudning Yahovaga aytgan quyidagi so‘zlari chin ekanini tushunyapman: «Senda panoh topganlarning barchasi shodon bo‘ladi. Ular xursandchilikdan hamisha hayqiradi... Ismingni sevganlar Sen tufayli quvonadi». (Zab. 5:11)
^ 21- x.b. 1975-yildan boshlab Sharqiy Timordagi odamlar siyosiy mustaqillik uchun 20-yildan oshiq vaqt davomida kurashgan.
^ 22- x.b. Ism o‘zgartirilgan.