Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Sabr-toqat. Umid bog‘lab bardoshli bo‘lish

Sabr-toqat. Umid bog‘lab bardoshli bo‘lish

USHBU «oxirzamon» paytida hayot tobora qiyinlashib borayotganda, Yahovaning xizmatchilari har qachongidan ko‘ra sabr-toqatli bo‘lishlari lozim. (2 Tim. 3:1–5) Atrofimizdagi odamlarning ko‘pchiligini o‘zini sevadigan, murosasiz va o‘zini tuta bilmaydigan deb aytsak adashmaymiz. Shunday yo‘l tutayotgan kishilarning qo‘lidan odatda hamma narsa kelyapti, faqat sabr-toqat emas. Shu bois, har birimiz o‘zimizdan quyidagicha so‘rab ko‘rishimiz darkor: «Atrofdagilarning sabrsizligi menga ham yuqmayaptimi? Haqiqatdan ham sabr-toqatli bo‘lish nima degani? Qanday qilib sabr-toqat egasi bo‘la olaman?»

SABR-TOQAT NIMA DEGANI?

Muqaddas Kitobga binoan, sabr-toqat biron vaziyatda shunchaki chidamli bo‘lishdan ko‘ra ko‘proq ma’noni o‘z ichiga oladi. Xudoning nazarida sabr-toqatli bo‘lgan odam umid bog‘lab bardoshli bo‘ladi. Bunday inson nuqul o‘zini o‘ylayvermay, hatto uning jahlini chiqarayotgan yoki tushunmovchilik yuz bergan kishining tuyg‘ularini inobatga oladi. Masalan, sabr-toqatli kishiga nisbatan noto‘g‘ri yo‘l tutishganda yoki g‘ashiga tegishganda, u munosabatlari yaxshilanib ketishiga umid bog‘laydi. Xudoning Kalomida sevgidan * kelib chiqadigan talaygina fazilatlardan birinchisi «sabr-toqat» tilga olingani ajablanarli emas. (1 Kor. 13:4) Qolaversa, bu fazilat «muqaddas ruh samarasi»dir. (Galat. 5:22, 23) Qiziq, haqiqatdan ham sabr-toqatli bo‘lish uchun nima qilishimiz kerak?

SABR-TOQATLI BO‘LISH UCHUN NIMA QILISH KERAK?

Ushbu fazilatni rivojlantirish uchun Yahovadan muqaddas ruh so‘rab ibodat qilishimiz kerak. Zero, Yahova Unga ishongan va tayanadigan insonlarga uni ato etadi. (Luqo 11:13) Garchi muqaddas ruh qanchalik faol qudrat bo‘lmasin, o‘zimiz ham ibodatlarimizga mos ravishda yo‘l tutishimiz lozim. (Zab. 86:10, 11) Bu degani, ushbu fazilat sohibi bo‘lishni xohlasak, uni har kuni namoyon etish uchun jon kuydirishimiz zarur. Lekin gohida sabr-toqatli bo‘lish uncha oson emas. Unda, bizga nima yordam beradi?

Iso ko‘rsatgan mukammal o‘rnagi borasida tadqiq o‘tkazib, unga taqlid qilsak, bu fazilatni rivojlantirishimiz mumkin. Havoriy Pavlus ilohiy ilhom ostida «sabr-toqat»ni o‘z ichiga olgan «yangi o‘zlik» to‘g‘risida aytib, bizni: «Masihning tinchligi qalblaringizda hukmron bo‘lsin»,— deb undagan. (Kolos. 3:10, 12, 15) Bizni tashvishlantirayotgan hamma narsani Xudo o‘z vaqtida hal qilishiga ishongan Isoga taqlid qilsak qalbimizda tinchlik «hukmron bo‘ladi». Isoning o‘rnagiga ergashsak, atrofimizda nima bo‘lishidan qat’i nazar sabr-toqatli bo‘la olamiz. (Yuhan. 14:27; 16:33)

Garchi Alloh va’da qilgan yangi dunyoni intiqib kutayotgan bo‘lsak-da, Uning bizga nisbatan chidamli ekani borasida fikr yuritib yanada sabrli bo‘lishga o‘rganamiz. Muqaddas Kitobda shunday deb yozilgan: «Ba’zi kishilarga imillayotganday tuyulsa-da, Yahova bergan va’dasini amalga oshirishga imillamayapti, balki sizlarga sabrini namoyon etyapti. Sababi, U hech kimning halok bo‘lishini istamaydi, ammo hammaning tavba qilishini xohlaydi». (2 Butr. 3:9) Yahova bizga nisbatan qanchalar sabrli ekani haqida o‘ylasak, biz ham o‘zgalarga ko‘proq sabr-toqatli bo‘lamiz. (Rim. 2:4) Xo‘sh, qaysi vaziyatlarda sabrli bo‘lishimiz lozim?

SABRLI BO‘LISHIMIZ KERAK BO‘LGAN VAZIYATLAR

Ko‘pchilik har kuni sabr namoyon etish kerak bo‘lgan vaziyatlarga duch keladi. Masalan, muhim biron nima aytmoqchidirmiz, ammo boshqalarning gapini bo‘lmaslik uchun sabr-toqatli bo‘lishimiz kerak. (Yoqb. 1:19) Qilig‘i g‘ashimizga tegayotgan imondoshlarimiz bilan muloqot qilayotganda ham sabr-toqat namoyon etishimiz mumkin. Shu kabi narsalarga haddan ortiq diqqat qaratishning o‘rniga, Yahova hamda Iso bizning kamchiliklarimizga nisbatan qanday nuqtai nazarda ekani haqida o‘ylab ko‘rish oqilonadir. Ha, Yahova hamda Iso arzimas kamchiliklarimizga haddan ziyod e’tibor qaratishmaydi. Aksincha, Yahova hamda Iso yaxshi taraflarimizni ko‘rib, ustimizda ishlayotganimizni sabr ila kuzatishadi. (1 Tim. 1:16; 1 Butr. 3:12)

Kimdir bizga noto‘g‘ri yo‘l tutganimizni yoki biron nima gapirib qo‘yganimizni aytganda ham sabrimiz sinaladi. Ko‘pincha bunday vaziyatda xafa bo‘lishimiz va o‘zimizni oqlashimiz hech gap emas. Biroq Xudoning Kalomiga ko‘ra, boshqacha yo‘l tutishimiz lozim. U yerda quyidagicha yozilgan: «Sabrli bo‘lish, takabbur bo‘lgandan yaxshiroqdir. Arazchi bo‘lma, chunki gina-kudurat ahmoqlar ko‘nglida in quradi». (Voiz 7:8, 9) Hatto nohaq ayblansak ham sabr qilib, biron harakat qilishdan avval yaxshilab o‘ylashimiz kerak. Isoni ham nohaq ayblashganda, u xuddi shunday qilgan. (Mat. 11:19)

Ayniqsa, ota-onalar farzandida noto‘g‘ri ish, xohish yoki moyilliklarni payqab qolishsa sabr-toqatli bo‘lishlari zarur. Keling, Skandinaviya Baytilida xizmat qilayotgan Mattiaz birodarimizning misoliga nazar solaylik. E’tiqodi tufayli o‘smirligida sinfdoshlari uning ustidan kulishardi. Boshida ota-onasi bundan bexabar edi. Lekin keyinchalik ular Mattiaz haqiqat borasida shubhalana boshlaganini sezib qolishdi. Uning otasi Gillis: «Bu vaziyatda juda sabrli bo‘lishimiz kerak edi»,— deb aytdi. Mattiaz quyidagicha so‘rardi: «Xudo kim? Muqaddas Kitob rostdan ham Xudoning Kalomimi? Xudo biz aynan shunday yo‘l tutishimizni xohlayotganini qayerdan bilamiz?» U shuningdek, otasiga: «Siz kabi ishonmasam, nega boshqalar meni hukm qilishi kerak?» — deb aytardi.

Gillis shunday deb tushuntirdi: «Gohida o‘g‘lim menga yoki onasiga emas, haqiqatga nisbatan jahl bilan savollar berardi. Chunki uning fikricha haqiqat hayotini qiyinlashtirgan». Xo‘sh, Gillis bu vaziyatda qanday yo‘l tutgan? U quyidagicha dedi: «O‘g‘lim ikkimiz o‘tirib, ba’zida soatlab gaplashardik. Ko‘pincha men uni tinglab, tuyg‘ulariyu qarashlari borasida kengroq tasavvurga ega bo‘lish niyatida qo‘shimcha savollar berardim. Ba’zida, o‘ylab ko‘rishi yoki bir to‘xtamga kelishi uchun unga bir kun vaqt berardim. Gohida esa, u murojaat qilgan masalasi ustida o‘ylab ko‘rish uchun bir necha kun kerak deb aytardim. Shu kabi doimiy suhbatlar yordamida Mattiaz to‘lov, Xudoning hukmdorligi va Uning sevgisi kabi ta’limotlar borasidagi tushunchasi sekin-asta kengayib, ishona boshladi. Bunga vaqt kerak bo‘ldi, ko‘pincha bu og‘ir edi, lekin bora-bora Yahovaga bo‘lgan sevgisi kuchaydi. Xotinim bilan baxtlimiz, negaki o‘g‘limizga yordam berish uchun sabr ila qilgan urinishlarimiz o‘z mevasini berib, qalbini zabt etdi».

Gillis va uning xotini o‘g‘liga sabr ila ko‘maklashib, Yahova ularga yordam berishiga ishonishgan. Ortga qarab Gillis shunday dedi: «Ko‘pincha Mattiazga biz uni qattiq sevganimiz uchun Yahova unga hammasini tushunishga yordam berishini tilab Unga ibodat qilayotganimizni aytardik». Ha, bu ota-ona muhim bo‘lgan sabr-toqat fazilatini namoyon etganidan juda xursand!

Surunkali kasallik dastidan uzoq vaqt azob chekayotgan oila a’zomiz yoki do‘stimizga g‘amxo‘rlik qilayotganda ham sabrli bo‘lishimiz lozim. Keling, Skandinaviyada yashovchi Ellenning * misoliga e’tibor beraylik.

Taxminan sakkiz yil avval Ellenning eri ikki marta insult bo‘ldi va bu uning miya faoliyatiga ziyon keltirdi. Oqibatda, u rahm-shafqat, baxt yoki qayg‘u tuyg‘ularini his eta olmayapti. Buning dastidan Ellen rosa siqiladi. U shunday dedi: «Juda sabr-toqatli bo‘lishim kerak, tinmay ibodat qilaman. Filippiliklarga 4:13 dagi: “Meni qo‘llab-quvvatlayotganning madadi bilan har narsani qila olaman”,— degan oyatni yaxshi ko‘raman». Yahovaning madadi va qo‘llab-quvvatlashi tufayli Ellen bunga sabr-toqat qilib kelyapti. (Zab. 62:5, 6)

YAHOVANING SABR-TOQATIGA TAQLID QILING

Albatta, sabr-toqatni namoyon etishga kelganda, Yahova taqlid qilishimizga arziydigan eng a’lo o‘rnakdir. (2 Butr. 3:15) Muqaddas Kitobda Yahova juda ham sabrli bo‘lgani to‘g‘risida ko‘pgina voqealar yozilgan. (Naxim. 9:30; Ishayo 30:18) Esingizdami, Yahova Sado‘m shahri borasida chiqargan qarori haqida Ibrohim ko‘p savol berganda U qanday munosabat bildirgan? Avvalo Xudo Ibrohimning gapini bo‘lmagan. Aksincha, uning har bir savolini va murojaatini sabr ila tinglagan. So‘ng unga javob bergan va o‘sha shaharda hatto o‘nta odil kishi bo‘lsa ham shaharni yo‘q qilmaslikka uni ishontirgan. (Ibt. 18:22–33) Ha, Yahova sabr ila quloq solishning va haddan ortiq tuyg‘ularga berilmaslikning a’lo o‘rnagi!

Xudoning nazarida ma’qul bo‘lgan sabr-toqat fazilati barcha masihiylar kiyib olishi kerak bo‘lgan yangi o‘zlikning muhim bir qismidir. Ushbu qimmatbaho fazilatni rivojlantirish uchun jon kuydirsak, sabr-toqatli samoviy Otamizga sharaf keltirib, «imon va sabr-toqat bilan Tangrining va’dalariga erishadiganlar» qatorida bo‘lamiz. (Ibron. 6:10–12)

^ 4- x.b. Muqaddas ruh samarasining tarkibiga kirgan sevgi fazilati to‘qqizta fazilatning biri bo‘lib, ushbu turkumdagi ilk maqolada ko‘rib chiqilgan.

^ 15- x.b. Ism o‘zgartirilgan.