36-TADQIQ MAQOLASI
Yahovaning xizmatchilari odillikni sevadi
Yahova odil kishilarni sevadi. ZAB. 146:8
9-QO‘SHIQ Yahova — Podshohimizdir!
BU MAQOLADA *
1. Yusuf bilan nima sodir bo‘lgan va u qanday yo‘l tutgan?
YOQUBNING o‘g‘li Yusuf bir qiyinchilikka duch kelgan. Uning xo‘jayini Po‘tifarning xotini unga: «Men bilan yot»,— deb aytgan. Lekin Yusuf undan qochib ketgan. Ehtimol, kimdir: «Nega Yusuf bunga rozi bo‘lmagan?» — deb o‘ylar. Axir Po‘tifar ham uyda emas edi. Bundan tashqari, u xizmatkor bo‘lgan. Po‘tifarning xotini esa bu tufayli uning hayotini azobga aylantirishi hech gap emas edi. Ammo Yusuf axloqsizlikka qo‘l urish bosimiga qarshi turgan. Nima uchun? U shunday degan: «Qanday qilib men bunday qabihlikka qo‘l urib, Xudoga qarshi gunoh qilaman?!» (Ibt. 39:7–12)
2. Zino Xudoga qarshi gunoh ekanini Yusuf qayerdan bilgan?
2 Yahova zinoni «qabihlik» deb hisoblashini Yusuf qayerdan bilgan? Axir «zino qilmanglar» degan amrni o‘z ichiga oluvchi Musoning Qonuni taxminan ikki yuz yildan keyin yozilgan edi-ku! (Chiq. 20:14) Lekin Yahova zinoni qoralashini Yusuf yaxshi bilgan. Misol uchun, Alloh bir erkak va bir ayolni nikoh rishtalari bilan bog‘laganidan u xabardor edi. Qolaversa, katta buvisi Sora eriga vafodor qolishi uchun Yahova uni ikki marta himoyalaganini eshitgan. Xuddi shunday vaziyatda Xudo uning buvisi Rivqoni ham himoya qilgan. (Ibt. 2:24; 12:14–20; 20:2–7; 26:6–11) Yusuf bular haqida mulohaza yuritib, Xudoning nazarida nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekanini tushungan. U Xudosi Yahovani sevgani uchun Uning adolatli me’yorlarini ham yaxshi ko‘rgan va ularga amal qilish qarori qat’iy bo‘lgan.
3. Bu maqolada nimani muhokama qilamiz?
3 Odillikni yaxshi ko‘rasizmi? Shubhasizki, ha! Barchamiz nomukammalmiz va ehtiyot bo‘lmasak, dunyoning nuqtai nazari bizga osonlikcha ta’sir qilishi mumkin. (Ishayo 5:20; Rim. 12:2) Bu maqolada odillik nima ekanini va to‘g‘ri yo‘l tutishdan qanday foyda olishimiz mumkinligini bilib olamiz. Shuningdek, Yahovaning me’yorlariga bo‘lgan sevgimizni mustahkamlashga yordam beradigan uchta qadamni muhokama qilamiz.
ODILLIK BU NIMA?
4. Insonlarning nazarida odillik nimani anglatadi?
4 Isoning davridagi din rahbarlari o‘zini odil hisoblab, to‘g‘ri yo‘l tutyapmiz, deb o‘ylardi. Biroq ular boshqalarni tanqid qilgani hamda nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekani borasida o‘z me’yorlarini o‘rnatgani uchun Iso ularni qoralagan. (Voiz 7:16; Luqo 16:15) Bugun ham ba’zilar shunday yo‘l tutadi. Ular yomon ish qilmayapmiz, deb boshqalarni o‘z me’yorlari bo‘yicha hukm qiladi. Ko‘p hollarda, bunday odamlar manman bo‘ladi va boshqalarni hukm qiladi yoki o‘zini ulardan ustun qo‘yadi. Bunday yo‘l tutish odillik bilan hech qanday bog‘liq emas va bu Yahovaga xush kelmaydi.
5. Muqaddas Kitobga ko‘ra odillik nimani anglatadi? Misollar keltiring.
5 Odillik ajoyib fazilatdir. Oddiy qilib aytganda, bu Tangri Yahova to‘g‘ri deb biladigan ishlarni qilishni anglatadi. Muqaddas Kitobda uning ma’nosini yetkazuvchi so‘zlar Yahovaning yuqori me’yorlari bo‘yicha yashash ma’nosini bildiradi. Misol uchun, Yahova savdogarlarning tarozi toshlari «halol» bo‘lishini talab etgan. (Qonun. 25:15) «Halol» deb tarjima qilingan ibroniycha so‘z «odil yoki adolatli» deb ham o‘girilishi mumkin. Demak, Yahovaning nazarida odil bo‘lishni istagan masihiylar barcha ish masalalarida doim halol bo‘lishi kerak. Shuningdek, chinakamiga odil inson kimdirga adolatsiz munosabat ko‘rsatilayotganini ko‘rganida bundan nafratlanadi. Qolaversa, bunday kishi «[Yahovani] har jihatdan mamnun qilish» uchun qaror chiqarishdan oldin Uning nuqtai nazarini inobatga oladi. (Kolos. 1:10)
6. Yahovaning nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekani borasidagi me’yorlariga nega ishonsak bo‘ladi? (Ishayo 55:8, 9)
6 Muqaddas Kitobda Yahova odillik manbai sifatida ta’riflangan. Shuning uchun, U «odillik maskani» deb aytiladi. (Yerm. 50:7) Yaratuvchi sifatida faqatgina Yahova nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekani borasidagi me’yorlarni o‘rnata oladi. Nomukammal va gunohkor bo‘lganimiz tufayli nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekanini bilmaymiz. Lekin Yahova mukammal va U buni aniq biladi. (Hik. 14:12; Ishayo 55:8, 9 ni o‘qing.) Xudoga o‘xshash qilib yaratilganimiz uchun Uning adolatli me’yorlari bo‘yicha yashay olamiz. (Ibt. 1:27) Bu o‘zimizga ham yoqadi. Otamizga bo‘lgan sevgi bizni Unga taqlid qilish uchun jon kuydirishga undaydi. (Efes. 5:1)
7. Nega aniq me’yorlarga muhtojmiz? Misol keltiring.
7 Yahovaning nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekani borasidagi me’yorlariga amal qilishdan foyda olamiz. Nima uchun? Aytaylik, har bir bank pul qiymatini aniqlash uchun o‘z me’yorlarini o‘rnatsa, tartibsizliklar yuz berishi hech gap emas. Yoki shifokorlar va hamshiralar odamlarni davolashganida muayyan me’yorlarga amal qilishmasa, ba’zi bemorlar o‘lib qolishi mumkin. Darhaqiqat, aniq me’yorlar himoya sifatida xizmat qiladi. Shunga o‘xshab, Xudoning nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekani borasidagi me’yorlari ham bizni himoya qiladi.
8. Odillikni sevadiganlarni qanday barakalar kutmoqda?
8 Yahova Uning me’yorlari bo‘yicha yashashga harakat qilayotganlarga baraka beradi. U: «Odil kishilar yer yuziga egalik qiladi, ular yerda abadiy yashaydi»,— deb va’da beryapti. (Zab. 37:29) Hamma Yahovaning me’yorlariga amal qilsa, yer yuzidagi odamlar xotirjam, ahil va baxtiyor bo‘lib yashashini tasavvur qila olasizmi? Yahova biz bunday hayotdan zavqlanib yashashimizni istaydi. Chindan ham odillikni sevishimiz uchun arzigulik sabablar bor. Odillikka bo‘lgan sevgimizni qanday mustahkamlay olamiz? Keling, qo‘yishimiz mumkin bo‘lgan uchta qadamni ko‘rib chiqaylik.
YAHOVANING ME’YORLARIGA BO‘LGAN SEVGINGIZNI MUSTAHKAMLANG
9. Odillikni sevishimizga nima yordam beradi?
9 1- qadam. Me’yorlarni o‘rnatgan Shaxsni seving. Odillikni sevish uchun nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekani borasidagi me’yorlarni o‘rnatgan Yahovaga nisbatan sevgimizni rivojlantirishimiz kerak. Xudoni ko‘proq sevganimiz sayin Uning adolatli me’yorlari bo‘yicha yashash istagimiz ham kuchayadi. Masalan, agar Odamato bilan Momohavo Yahovani sevishganida Unga quloq solishardi. (Ibt. 3:1–6, 16–19)
10. Yahovaning nuqtai nazarini yaxshiroq tushunish uchun Ibrohim nima qilgan?
10 Albatta, Odamato bilan Momohavoning xatosini qaytarishni istamaymiz. Yahovani tanib-bilish, Uning fazilatlarini qadrlash va fikrlash tarzini tushunish bunday qilmaslikka yordam beradi. Shu yo‘sin, Yahovaga bo‘lgan sevgimiz yanada kuchayadi. Keling, Ibrohim payg‘ambarning misoliga diqqat qarataylik. U Yahovani chindan ham sevgan. Hatto Uning qarorlarini tushunish qiyin bo‘lganida ham isyon ko‘tarmagan. Aksincha u Yahovani yaxshiroq bilishga intilgan. Masalan, Yahova Sado‘m va G‘amo‘rani yo‘q qilmoqchi ekanini Ibrohim bilganida, «butun yer yuzining Hakami» yovuzlar bilan birga odil kishilarni ham qirib tashlashidan qo‘rqqan. Bu Ibrohimning aqliga sig‘magan. Shuning uchun, u kamtarlik ila Yahovaga bir nechta savol bergan. Yahova esa unga sabr ila javob qaytargan. Oxiri Ibrohim Yahova har bir insonning qalbini tekshirishini va beayb kishilarni jazolamasligini tushungan. (Ibt. 18:20–32)
11. Ibrohim Yahovani yaxshi ko‘rishini va Unga ishonishini qanday ko‘rsatgan?
11 Ibrohimga Yahova bilan Sado‘m va G‘amo‘ra shaharlari to‘g‘risidagi suhbat qattiq ta’sir qilgan. Shubhasizki, o‘shandan keyin uning samoviy Otasiga bo‘lgan sevgisi va hurmati yanada oshgan. Yillar o‘tib, Ibrohimning Yahovaga bo‘lgan ishonchi qattiq sinalgan. Yahova undan suyukli o‘g‘li Is’hoqni qurbonlikka keltirishni so‘ragan. Bu paytga kelib Ibrohim Yahovani yaxshiroq bilardi. Shuning uchun, Unga savollar bermay undan so‘ragan ishni qilishga tayyor edi. Bunga hozirlik ko‘rish unga qanchalik og‘riq keltirganini bir tasavvur qiling. Ibrohim Yahova haqida bilib olganlari to‘g‘risida chuqur fikr yuritgan bo‘lsa kerak. U Alloh hech qachon adolatsiz va shafqatsiz yo‘l tutmasligini bilgan. Havoriy Pavlusning so‘zlariga ko‘ra, Ibrohim Alloh uning qadrdon o‘g‘lini tiriltirishga qodir deb hisoblagan. (Ibron. 11:17–19) Buning ustiga, Yahova Is’hoqdan bir xalq kelib chiqishini va’da qilgan. Lekin o‘shanda Is’hoqning farzandi bo‘lmagan. Ibrohim Yahovani qattiq yaxshi ko‘rgani uchun U doim adolat bilan yo‘l tutishiga ishongan. Qiyin bo‘lishiga qaramay, u imoni tufayli hamisha Allohga quloq solgan. (Ibt. 22:1–12)
12. Ibrohimga qay yo‘sin taqlid qila olamiz? (Zabur 73:28)
12 Ibrohimga qanday taqlid qilishimiz mumkin? Unga o‘xshab Yahovani tanib-bilishda davom etishimiz kerak. Agar shunday yo‘l tutsak, Unga yaqinlashamiz va sevgimiz oshadi. (Zabur 73:28 ni o‘qing.) Vijdonimizni Yahovaning nuqtai nazari asosida tarbiyalaymiz. (Ibron. 5:14) Kimdir bizni noto‘g‘ri ish qilish vasvasasiga solganda ham uni rad eta olamiz. Otamizga og‘riq keltiradigan va U bilan munosabatlarimizga putur yetkazadigan har qanday ishga qo‘l urishni hatto xayolimizga ham keltirmaymiz. Odillikni sevishimizni yana qanday ko‘rsata olamiz?
13. Qay yo‘sin odillik payida bo‘la olamiz? (Hikmatlar 15:9)
13 2- qadam. Odillikka bo‘lgan sevgini har kuni kuchaytiring. Agar mushaklarimiz baquvvat bo‘lishini istasak, har kuni mashq qilishga intilamiz. Xuddi shunday Yahovaning adolatli me’yorlariga bo‘lgan sevgimizni kuchaytirish uchun doimiy harakatlar talab etiladi. Buni har kuni qilish qiyin emas. Chunki Yahova mulohazakor va hech qachon kuchimizdan ortig‘ini talab qilmaydi. (Zab. 103:14) Muqaddas Kitobda Xudo «odillik payida bo‘lganni... yaxshi ko‘radi» deyilgan. (Hikmatlar 15:9 ni o‘qing.) Xizmatimizda biron maqsad sari intilayotgan bo‘lsak, unga erishish uchun harakat qilishda davom etamiz. Odillik payida bo‘lish haqida ham shunday desa bo‘ladi. Bu borada muvaffaqiyat qozonishimiz uchun Yahova bizga sabr ila ko‘maklashadi. (Zab. 84:5, 7)
14. «Odillik sovuti» nima va nega unga muhtojmiz?
14 Yahovaning me’yorlari og‘ir yukka o‘xshamaydi. (1 Yuhan. 5:3) Aksincha, ular bizga har kuni kerak bo‘lgan himoya vositasi kabidir. Keling, havoriy Pavlus aytgan qurol-aslahalarni eslaylik. (Efes. 6:14–18) Ularning qaysi biri masihiyning qalbini himoyalaydi? Bu «odillik sovuti». U Yahovaning adolatli me’yorlarini bildiradi. Sovut askarning tom ma’nodagi yuragini himoya qilganidek, Yahovaning adolatli me’yorlari majoziy qalbimizni, ya’ni istak, tuyg‘u va fikr-xayollarimizni himoya qiladi. Shuning uchun, qurol-aslahalaringiz orasida odillik sovuti borligiga ishonch hosil qiling. (Hik. 4:23)
15. Qanday qilib odillik sovutini kiyishimiz mumkin?
15 Odillik sovutini qay yo‘sin kiya olamiz? Buning uchun har kuni chiqaradigan qarorlarimiz Yahovaning me’yorlariga muvofiq bo‘lishi kerak. Nima haqida gapirish, tinglash, tomosha qilish yoki o‘qish borasida qaror chiqarishdan oldin o‘zingizdan shunday so‘rang: «Hozir qalbimni nima bilan to‘ldiraman? Yahova ma’qul ko‘rmaydigan narsaga duch kelmaymanmi? U noto‘g‘ri deb biladigan axloqsizlik, zo‘ravonlik, ochko‘zlik va xudbinlik olg‘a surilmaydimi?» (Filip. 4:8) Agar qarorlarimiz Yahovaning irodasiga muvofiq bo‘lsa, Uning me’yorlari qalbimizni himoya qiladi.
16, 17. Ishayo 48:18 ga ko‘ra, qay yo‘sin Yahovaning me’yorlari bo‘yicha yashay olamiz?
16 Yahovaning adolatli me’yorlari bo‘yicha har kuni yashay olamanmi deb hech xavotirlanganmisiz? Yahova Ishayo 48:18 da (o‘qing) qanday misoldan foydalanganiga nazar solaylik. Yahova odilligimiz «dengiz to‘lqinlariday» bo‘lishini va’da beryapti. Tasavvur qiling, siz sohilda turib, dengiz suvlari to‘xtovsiz to‘lqinlanayotganini kuzatyapsiz. Shunda bu to‘lqinlar birdaniga to‘xtab qolishi haqida xavotirlanasizmi? Albatta yo‘q! Chunki bu dengiz suvlari minglab yillar davomida mavj urib kelyapti va bu jarayon to‘xtovsiz davom etadi.
17 Odilligingiz bu dengiz to‘lqinlariga o‘xshashi mumkin. Qanaqasiga? Qaror chiqarish oldida turganingizda, avval Yahova nima qilishingizni xohlayotgani haqida o‘ylab ko‘ring. Keyin harakat qiling. Chiqargan qaroringizga amal qilish qanchalik og‘ir bo‘lmasin, mehribon Otamiz qat’iy tura olishingiz uchun doim yoningizda bo‘ladi va har kuni Uning adolatli me’yorlariga muvofiq yashashingizga yordam beradi. (Ishayo 40:29–31)
18. Boshqalarni o‘z me’yorlarimiz asosida hukm qilishdan nega qochishimiz kerak?
18 3- qadam. Hukm qilishni Yahovaning qo‘liga topshiring. Yahovaning irodasi bo‘yicha yashash uchun qo‘limizdan kelganini qilar ekanmiz, o‘zimizni boshqalar bilan solishtirmasligimiz va ulardan yaxshiroqman deb o‘ylamasligimiz kerak. Boshqalarni o‘z me’yorlarimiz asosida hukm qilish vakolatiga ega emasmiz. Yahova «butun yer yuzining Hakami» ekanini doim yodda tutishimiz kerak. (Ibt. 18:25) U hukm qilish vakolatini bizga topshirmagan. Qolaversa, Iso: «Boshqalarni hukm qilishni bas qilinglar, shunda hukmga duchor bo‘lmaysizlar»,— degan amr bergan. (Mat. 7:1) *
19. Qanday qilib Yusuf hukm qilishga Yahova haqli ekanini ko‘rsatgan?
19 Keling, yana Yusuf haqida o‘ylab ko‘raylik. U hech kimni, hatto unga yomonlik qilganlarni ham hukm qilmagan. Tug‘ishgan akalari uni ayblab, qullikka sotib yuborishgan va otasiga uning o‘lganini aytishgan. Yillar o‘tgach, Yusuf oilasi bilan ko‘rishgan. O‘shanda u qudratli boshqaruvchi bo‘lgan va akalaridan qasd olishi mumkin edi. Akalari hatto chin dildan kechirim so‘rasak ham u bizni kechirmaydi deb qo‘rqishgan. Ammo Yusuf ularga: «Qo‘rqmanglar. Axir men Xudo emasman-ku!» — deb aytgan. (Ibt. 37:18–20, 27, 28, 31–35; 50:15–21) Yusuf kamtarin bo‘lib, hukm qilishni Yahovaning qo‘liga topshirgan.
20, 21. O‘zimizga haddan ortiq ishonmayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz?
20 Yusuf kabi biz ham hukm qilishni Yahovaning qo‘liga topshiramiz. Misol uchun, birodar-u opa-singillarimiz nega unday yoki bunday qilganini bilaman deb o‘ylamasligimiz kerak. Biz insonlarning qalbini ko‘ra olmaymiz. Faqat «Yahova niyatlarni tekshiradi». (Hik. 16:2) U kelib chiqishi va madaniyati turli xil bo‘lgan barcha insonlarni yaxshi ko‘radi. Shuningdek, Yahova bizni ham: «Bag‘ringizni keng qilinglar»,— deb undamoqda. (2 Kor. 6:13) Imondoshlarimizni yaxshi ko‘ramiz, ularni hukm qilmaymiz.
21 Qolaversa, imondoshimiz bo‘lmaganlarni ham hukm qilmasligimiz darkor. (1 Tim. 2:3, 4) Qachondir e’tiqodingizni qabul qilmagan qarindoshingiz to‘g‘risida: «U hech qachon haqiqatni qabul qilmaydi»,— deb aytganmisiz? Bu o‘ziga haddan ortiq ishonish bo‘lardi. Yahova haligacha «har yerdagi insonlarga» tavba qilish imkoniyatini beryapti. (Havor. 17:30) Shuni unutmangki, o‘ziga haddan ortiq ishonadigan insonlarni Yahova odil deb hisoblamaydi.
22. Nega odillikni sevish qaroringiz qat’iy?
22 Iloyo, Yahovaning adolatli me’yorlariga bo‘lgan sevgimiz boshqalarga quvonch keltirsin. Bu orqali ular foyda ko‘rib Allohimizga yanada yaqinlashadi. Keling, Yahovaning nazarida to‘g‘ri bo‘lgan ishlarni qilishda davom etaylik. Yahova sa’y-harakatlarimizni ko‘rishiga va muvaffaqiyatimizdan doim mamnun ekaniga amin bo‘laylik. Bu dunyodagi odamlar yanada adolatsiz yo‘l tutayotgan bo‘lsa ham taslim bo‘lmaylik. «Yahova odil kishilarni sevishini» unutmaylik. (Zab. 146:8)
139-QO‘SHIQ Yangi dunyoga sayr etaylik
^ Bu yovuz dunyoda odil insonlar juda kam. Lekin bunga qaramay, millionlab insonlar to‘g‘ri yo‘l tutishga intilyapti. Siz ham ulardan biri ekaningiz shubhasiz. Yahovani yaxshi ko‘rganingiz uchun shunday yo‘l tutyapsiz. Yahova odil insonlarni sevadi. Qay yo‘sin odillik fazilatiga bo‘lgan sevgimizni oshira olamiz? Ushbu maqolada odillik nima ekanini va to‘g‘ri yo‘l tutib hayotimizni qanday yaxshilashimizni ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, bu fazilatga bo‘lgan sevgimizni mustahkamlashga yordam beradigan uchta qadamni muhokama qilamiz.
^ Kimdir jiddiy gunohga qo‘l urganda oqsoqollar hakamlar qo‘mitasini tashkil etib, u tavba qilayotgan-qilmayotganini aniqlashiga to‘g‘ri keladi. (1 Kor. 5:11; 6:5; Yoqb. 5:14, 15) Ammo ular insonning qalbini ko‘ra olmasligini va Yahovaning nomidan hakamlik qilayotganini kamtarlik ila yodda tutishadi. (2 Solnomalar 19:6 ni solishtiring.) Oqsoqollar Xudoning oqilona, rahm-shafqatga to‘la va adolatli me’yorlari asosida qaror chiqarishadi.