Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Aziz yoshlar, Yaratuvchimiz baxtli bo‘lishingizni istaydi

Aziz yoshlar, Yaratuvchimiz baxtli bo‘lishingizni istaydi

Butun umr U seni ne’matlar bilan qondiradi. ZAB. 103:5

QO‘SHIQLAR: 11, 4

1, 2. Hayotimizga tegishli qarorlar chiqarganda Yaratuvchimizga quloq solish nega donolikdir? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmlarga qarang.)

AGAR yosh bo‘lsangiz, ehtimol, kelajagingiz borasida sizga ko‘p maslahat berishar. Ustoz, mutaxassis yoki boshqalar oliy ma’lumotli bo‘lishga va yaxshi to‘lanadigan joyda ishlashni maqsad qilishga undashi mumkin. Biroq Tangri Yahova sizga boshqa narsani maslahat bermoqda. Albatta, U o‘zingizni ta’minlay olishingiz uchun maktabda yaxshi o‘qishingizni xohlaydi. (Kolos. 3:23) Hayotingizda nima ustuvor bo‘lishi borasida qaror chiqarayotganda, Yahova Uning ilohiy prinsiplariga amal qilishingizni istaydi. Zero, ularda Tangrining niyati va ushbu oxirzamonda bizga nisbatan irodasi qanday ekani aks etgan. (Mat. 24:14)

2 Shuni unutmangki, Yahova barchasidan xabardor — Xudo dunyoni nima kutayotganini va uning oxiri qachon kelishini biladi. (Ishayo 46:10; Mat. 24:3, 36) Qolaversa, U nima bizga haqiqiy mamnuniyat va quvonch baxsh etishini-yu nima umidlarimizni puchga chiqarib, qayg‘uga yetaklashini tushunadi. Shunday ekan, odamlarning maslahati qanchalik dono tuyulmasin, Allohning Kalomida yozilganlarga mos kelmasa, uning donoligi bir tiyinga qimmat. (Hik. 19:21)

«YAHOVAGA QARSHI» DONOLIK YO‘Q

3, 4. Yomon maslahatga quloq solish Odamato, Momohavo va ularning avlodlariga qanday ta’sir qildi?

3 Yomon maslahatning ildizi juda qadimga borib taqaladi. Bunday maslahat bergan ilk shaxs Shayton edi. Takabbur va o‘zboshimcha maslahatchi Momohavoga eri ikkovi xohlagancha yo‘l tutishsa, baxtliroq bo‘lishlarini aytgan. (Ibt. 3:1–6) Aslida esa, Shayton xudbinlarcha yo‘l tutgan. U Odamato va Momohavo — ularning kelajak avlodi — Tangri Yahovaga emas, unga topinishini istagan. Ammo Shayton ular uchun hech nima qilmagan. Odamato va Momohavo ega bo‘lgan barcha narsa, ya’ni o‘zlari, uyi bo‘lgan ajoyib bog‘, mukammal tana va mangu yashash istiqboli Yahovaning tuhfasi edi.

4 Afsuski, Odamato va Momohavo Allohdan yuz o‘girib, Unga itoatsizlik qildi. Bilamizki, buning natijasi ayanchli bo‘ldi. Poyasidan uzilgan gul kabi ularning hayoti so‘ndi. Ularning farzandlari ham gunoh tufayli azob chekdi. (Rim. 5:12) Hozir ham ko‘pgina odamlar Xudoga itoatsizlik qilmoqda. Ular o‘zlari bilgancha yo‘l tutishni istaydi. (Efes. 2:1–3) Oqibatlardan shuni ko‘rishimiz mumkinki, «Yahovaga qarshi» donolik yo‘q. (Hik. 21:30)

5. Xudo insonlar borasida nimani bilgan va U haq bo‘lib chiqdimi?

5 Ammo Yahova shuni bilganki, ko‘pgina insonlar va qadrli yoshlar Uni izlab, Unga xizmat qiladi. (Zab. 103:17, 18; 110:3) Xudo bunday insonlarni qattiq sevadi! O‘zingizni bunday insonlar qatoridan deb bilasizmi? Agar shunday bo‘lsa, Allohning «ne’matlar»idan bahramand bo‘lib, ulkan quvonchni his etayotganingiz shubhasiz. (Zabur 103:5 ni o‘qing; Hik. 10:22) Mazkur maqolada ushbu hadyalar ma’naviy ozuqa, yaxshi do‘stlar, arzigulik maqsadlar va haqiqiy erkinlikni o‘z ichiga olishini ko‘rib chiqamiz.

YAHOVA MA’NAVIY EHTIYOJLARINGIZNI QONDIRADI

6. Nega ma’naviy ehtiyojlaringiz haqida g‘amxo‘rlik qilishingiz kerak va Yahova bunda sizga qanday yordam bermoqda?

6 Hayvonlardan farqli o‘laroq, sizda ma’naviy ehtiyojlar bor va ularni faqat Xudo qondira oladi. (Mat. 4:4) Minnatdorchilik ila Unga quloq solsangiz, fahm-farosatli, dono va baxtli bo‘lasiz. Iso: «Ma’naviy narsalarga chanqoq bo‘lganlar baxtlidir»,— deb aytgan. (Mat. 5:3) Xudo O‘z Kalomi hamda «ishonchli va aqlli xizmatkor» orqali taqdim etayotgan mo‘l-ko‘l ma’naviy ozuqa yordamida ma’naviy ehtiyojlarimizni qondiradi. (Mat. 24:45) Ma’naviy ozuqamiz mo‘l-ko‘l ekanidan xursandmiz! (Ishayo 65:13, 14)

7. Xudo taqdim etayotgan ma’naviy ozuqani iste’mol qilishning ayrim foydali taraflari qanday?

7 Alloh taqdim etayotgan ma’naviy ozuqa tufayli donolik va tafakkurga ega bo‘lib, o‘zingizni ko‘p sohada himoya qila olasiz. (Hikmatlar 2:10–14 ni o‘qing.) Masalan, donolik va tafakkur yordamida soxta ta’limotlarni, jumladan, Yaratuvchi yo‘q degan yolg‘on nuqtai nazarni farqlay olasiz. Bundan tashqari, boylig-u mol-mulk baxtiyorlikka yetaklaydi degan yolg‘ondan o‘zingizni himoya qila olasiz. Qolaversa, ular tufayli yomon istaklarni aniqlab, sizga zarar yetkazadigan xulq-atvorni rad eta olasiz. Shunday ekan, ilohiy donolikni va tafakkurni rivojlantirishdan to‘xtamay, ularni xazina deb biling. Bu ajoyib fazilatlarga erishganingizda, Yahova sizni sevishini va siz uchun eng a’losini ko‘zlashini shaxsan his etasiz. (Zab. 34:8; Ishayo 48:17, 18)

8. Hozirdan Allohga yaqin bo‘lsangiz, bu kelajakda sizga qanday yordam beradi?

8 Tez orada Shaytonning butun dunyosi yakson qilinadi va yagona panohimiz Yahova bo‘ladi. O‘shanda U bizga kerakli barcha narsani, hatto ozuqamizni ham yetkazib beradi. (Xab. 3:2, 12–19) Ha, hozir samoviy Otamizga yaqinlashishning va Unga bo‘lgan ishonchimizni rivojlantirishning ayni paytidir. (2 Butr. 2:9) Shunday yo‘l tutsangiz, nima bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zingizni quyidagi so‘zlarni aytgan sano bastakori Dovudday his qilishingiz mumkin: «Yahovani hamisha yodimda tutaman. U mening o‘ng tomonimda ekan, men hech qachon tebranmayman». (Zab. 16:8)

YAHOVA SIZGA ENG A’LO DO‘STLARNI TUHFA ETMOQDA

9. a) Yuhanno 6:44 ga ko‘ra Yahova nima qilyapti? b) Yahova xizmatchilarining tanishishi nimasi bilan ajralib turadi?

9 Samimiylik ila haq topinishni izlagan pokdil kishilarni Yahova O‘ziga jalb qilib, ma’naviy oilasiga qo‘shadi. (Yuhanno 6:44 ni o‘qing.) Haqiqatda bo‘lmagan kishini ilk bor uchratganingizda u haqda nimani bilasiz? Ismi va tashqi ko‘rinishidan tashqari deyarli ko‘p narsani bilmassiz. Lekin Yahovani biladigan va Uni sevadigan inson bilan ilk bor uchrashganingizda, hammasi boshqacha. Hatto uning kelib chiqishi, millati, qabilasi yoki madaniyati boshqa bo‘lsa-da, bir-biringiz haqda ancha narsani bilasiz!

Yahova eng a’lo do‘stlarga ega bo‘lishimizni va arzigulik maqsadlar qo‘yishimizni istaydi (9–12- xatboshilariga qarang.)

10, 11. Yahovaning xizmatchilarini nima birlashtiradi va bundan qanday foyda olamiz?

10 Misol uchun, biz tezda «til»imizni, ya’ni haqiqat bo‘lmish «sof til»ni tushunamiz. (Zaf. 3:9) Bu tufayli e’tiqodimiz — bitta Allohga ishonishimiz, bitta axloqiy me’yorlarga amal qilishimiz va kelajak borasida umidimiz to‘g‘risida bilib olamiz. Shuningdek, bunday muhim narsalar haqida bilish kishiga ishonishimizga asos bo‘ladi. Qolaversa, bular qalin do‘stlik munosabatlarini rivojlantirish uchun ilk qadamdir.

11 Yahovaga topinar ekansiz, butun dunyo bo‘ylab eng a’lo do‘stlarga egasiz deb aytish mubolag‘a bo‘lmaydi. Hali ularning anchasi bilan tanishmagansiz! Alloh Yahovaga xizmat qiladiganlardan boshqa yana kimda shunday ajoyib hadya bor?

YAHOVA ARZIGULIK MAQSADLAR QO‘YISHINGIZGA YORDAM BERMOQDA

12. O‘zingiz uchun qanday ma’naviy maqsadlar qo‘ya olasiz?

12 Voiz 11:9–12:1 ni o‘qing. Qandaydir ma’naviy maqsad qo‘yib unga erishish uchun tirishyapsizmi? Balki har kuni Muqaddas Kitobdan bir parcha o‘qishga harakat qilayotgandirsiz. Yoki notiqlik va ta’lim berish mahoratingiz ustida ishlayotgandirsiz. Nima bo‘lganda ham, ijobiy natijalarni ko‘rganingizda yoki boshqalar ularni payqab sizni maqtaganida o‘zingizni qanday his qilasiz? Xursand bo‘lishingiz shubhasiz! Nega deganda, Iso singari Yahovaning irodasini bajaryapsiz. (Zab. 40:8; Hik. 27:11)

13. Dunyoviy maqsadlar sari intilishdan farqli ravishda, Allohga xizmat qilish nimasi bilan o‘zgacha?

13 Diqqatingizni ma’naviy maqsadlarga qaratib, chindan ham mamnuniyat baxsh etadigan va arzigulik ish bilan band bo‘lasiz. Havoriy Pavlus quyidagi so‘zlarni yozgan: «Barqaror va mahkam turinglar. Doimo Rabbimizning ishi bilan band bo‘linglar. Shuni bilinglarki, Rabbimiz yo‘lida qilgan mehnatingiz zoye ketmaydi». (1 Kor. 15:58) Bundan farqli o‘laroq, dunyoviy maqsadlar sari intilganingizda — hatto ular juda muvaffaqiyatli tuyulsa ham — hayotingiz behuda o‘tib ketadi. (Luqo 9:25) Buni shoh Sulaymonning misolidan ko‘rishimiz mumkin. (Rim. 15:4)

14. Sulaymonning misolidan qanday saboq oldingiz?

14 Aql bovar qilmas darajada boy va qudratli bo‘lgan Sulaymon: «Vaqtichog‘lik qilayin. Qani, u yaxshilik keltirarmikan?!» — deya buni o‘z tajribasidan o‘tkazgan. (Voiz 2:1–10) U uylar qurdi, bog‘-rog‘lar barpo etdi va ko‘ngli tusagan hech bir narsadan voz kechmadi. Xo‘sh, keyin u o‘zini qanday his etdi? Qoniqdimi? Mamnuniyat his etdimi? Taxmin qilishga hojat yo‘q. Boisi, Sulaymonning o‘zi: «Qo‘llarim bilan qilgan mehnatim... behuda... ekanini,.. hech bir arzigulik narsa yo‘q ekanini anglab yetdim»,— degan so‘zlarni yozgan. (Voiz 2:11) Naqadar ajoyib saboq! Donolik ila yo‘l tutib mazkur so‘zlarni qalbingizga jo qilasizmi?

15. Nega bizga imon kerak va Zabur 32:8 ga binoan undan qanday foyda olamiz?

15 Ba’zilar xatolarga yo‘l qo‘yib va oqibatlaridan azob chekib tajribaga ega bo‘ladi. Yahova siz bilan ham shunday bo‘lishini xohlamaydi. Albatta, Xudoga itoat etish va Uning irodasini hayotingizda birinchi o‘ringa qo‘yish uchun imon kerak. Imon bebahodir va u hech qachon pand bermaydi. Darhaqiqat, Yahova «Uning ismiga ko‘rsatgan sevgingizni» hech ham unutmaydi. (Ibron. 6:10) Xullas, imoningizni mustahkamlang, shunda samoviy Otangiz siz uchun eng a’losini istashini ko‘ra olasiz. (Zabur 32:8 ni o‘qing.)

ALLOH SIZGA HAQIQIY ERKINLIKNI BERMOQDA

16. Nega erkinligimizni qadrlab undan donolik ila foydalanishimiz darkor?

16 Pavlus: «Qaerda Yahovaning muqaddas ruhi bor bo‘lsa, o‘sha yerda erkinlik bo‘ladi»,— deb yozgan. (2 Kor. 3:17) Ha, Yahova erkinlikni sevadi va bizni ham erkinlikni sevadigan qilib yaratgan. Shu bilan birga, U erkinligingizdan donolik ila foydalanib o‘zingizga zarar yetkazishingizni istamaydi. Ehtimol, pornografiya ko‘radigan yoki axloqsizlik, xavfli sport turlari bilan shug‘ullanadigan yoxud giyohvand moddalarini qabul qiladigan, spirtli ichimliklarga mukkasidan ketgan yoshlarni tanirsiz. Ular go‘yo baxtiyorday tuyulishi mumkin. Ammo ko‘pincha bu qimmatga tushadi: kasallikka yo‘liqishadi, o‘rganib qolishadi yoki hatto o‘lishadi. (Galat. 6:7, 8) Shunisi aniqki, ularning qo‘shtirnoq ichidagi erkinligi o‘z boshiga yetadi. (Titus. 3:3)

17, 18. a) Nega Allohga itoat qilish bizni chinakamiga erkin qiladi? b) Odamato va Momohavo boshida qanday erkinlikka ega bo‘lgan?

17 Ayting-chi, Muqaddas Kitob me’yorlariga amal qilgani tufayli kasal bo‘lib qolgan necha kishini bilasiz? Aniq-ravshanki, Yahovaga itoat qilish ham sog‘ligimiz uchun foyda, ham bizga chinakam erkinlik baxsh etadi. (Zab. 19:7–11) Eng muhimi, Xudoning mukammal qonunlari-yu prinsiplariga amal qilib, erkinligingizdan donolik ila foydalansangiz, Xudoga va ota-onangizga mas’uliyatli inson ekaningizni ko‘rsatasiz. Shunda ota-onangiz sizga ko‘proq ishonib, erkinlik berishi mumkin. Aslida, Xudo xizmatchilariga mukammal erkinlikni tuhfa etib, ular Muqaddas Kitobda yozilganidek «Xudo farzandlarining ulug‘vor erkinligiga» ega bo‘lishlarini niyat qilgan. (Rim. 8:21)

18 Odamato va Momohavo bunday erkinlikka ega bo‘lgan. Adan bog‘ida Yahova biron nimani taqiqlash uchun ularga nechta qonun bergan edi? Atigi bitta. Ular bor-yo‘g‘i birgina daraxtning mevasidan yemasligi kerak edi. (Ibt. 2:9, 17) Xo‘sh, bu amr qattiqqo‘llik ila berilgan yoki uni bajarish og‘ir deb hisoblaysizmi? Albattaki yo‘q! Insonlar chiqargan behisob qonunlar va boshqalar ularga amal qilishi uchun ularni majburlashi haqida bir o‘ylab ko‘ring.

19. Erkinlikka ega bo‘lishimiz uchun Yahova hamda Iso bizga qanday ta’lim beradi?

19 Yahova O‘z xizmatchilariga donolik ila munosabat qiladi. U bizga oxiri yo‘q qonunlar bermaydi, aksincha sevgi haqidagi amrga amal qilishimiz uchun bizga sabr ila ta’lim beradi. Tangri ilohiy prinsiplarga rioya qilishimizni va yomonlikdan jirkanishimizni xohlaydi. (Rim. 12:9) Isoning Tog‘dagi va’zi bunday ta’lim berishning yaqqol isbotidir. Sababi, undan yomonlikning ildizi to‘g‘risida bilib olyapmiz. (Mat. 5:27, 28) Xudo Shohligining Shohi sifatida Masih yangi dunyoda ham bizga ta’lim berishda davom etib, odillik va qonunsizlikka nisbatan uning nuqtai nazarini aks ettirishimizga yordam beradi. (Ibron. 1:9) U shuningdek, bizni jismoniy va aqliy tarafdan mukammal qiladi. Bir tasavvur qiling, siz gunoh va uning ayanchli oqibatlarini boshqa his etmaysiz. Nihoyat, Yahova sizga va’da qilgan «ulug‘vor erkinlikdan» bahra olasiz.

20. a) Yahova erkinligidan qanday foydalanadi? b) Qay yo‘sin Allohga taqlid qila olasiz?

20 Albatta, biz hech qachon mutlaq erkinlikka ega bo‘lmaymiz. Allohga va yaqinimizga bo‘lgan sevgi ila yo‘l tutamiz. Tangri Yahova bizni Unga taqlid qilishga undamoqda. U mutlaq erkinlikka ega bo‘lsa-da, biz bilan munosabat qilganida sevgi ila harakat qiladi. (1 Yuhan. 4:7, 8) Darhaqiqat, ilohiy sevgi ila yo‘l tutsak, erkinligimizdan to‘la ma’noda foydalangan bo‘lamiz.

21. a) Dovud Tangri Yahova haqda nima degan? b) Navbatdagi maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

21 Yahova sizga bergan ne’matlar, chunonchi, mo‘l-ko‘l ma’naviy ozuqa, yaxshi do‘stlar, arzigulik maqsadlar va abadiy yashash umidi kabi tuhfalar uchun Undan minnatdormisiz? (Zab. 103:5) Agar shunday bo‘lsa, Zabur 16:11 dagi ibodat sizning ham his-tuyg‘ularingizni aks ettirsin: «Sen menga hayot so‘qmoqlarini ko‘rsatding. Huzuringda ulkan shodlik hukmrondir, o‘ng tomoningda bo‘lish, toabad baxt-saodatga yetaklaydi». Navbatdagi maqolada Zaburning 16- sanosidan yana qanday marvaridlar topishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Bu tufayli qay yo‘sin eng zo‘r hayot yo‘lidan yura olishingiz to‘g‘risida bilib olasiz.