Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yoshlar, mazmunli hayot kechira olasiz!

Yoshlar, mazmunli hayot kechira olasiz!

Sen menga hayot so‘qmoqlarini ko‘rsatding. ZAB. 16:11

QO‘SHIQLAR: 41, 6

1, 2. Tonining misolidan ko‘rganimizday qanday o‘zgarishlar qilish mumkin?

TONI ismli o‘quvchi maktabni bitirish arafasida edi. U otasiz edi, o‘qishga uncha qiziqmasdi va dam olish kunlarini do‘stlari bilan o‘tkazardi yoki kino ko‘rardi. U zo‘ravon va giyohvand bo‘lmagandi. Shunchaki hayotda hech qanday maqsadi yo‘q edi. Qolaversa, Toni Xudo borligidan shubhalanardi. Keyin u Yahovaning Shohidi bo‘lgan juftlikni uchratib qoldi va ularga shubhalari-yu savollari haqida aytdi. Ular Toniga «Hayotning kelib chiqishi. Javob talab qilayotgan beshta savol» va «Hayot yaratilganmi?» nomli ikkita risolani berishdi.

2 O‘sha juftlik qaytib kelganida, Tonining munosabati o‘zgargan edi. U risolalarni shunchalik ko‘p tadqiq qilganidan, ularning sahifalari buklanib g‘ijim bo‘lib ketgandi. «Xudo bor ekan»,— deb aytdi Toni. U Muqaddas Kitobni tadqiq qilishga rozi bo‘ldi va bora-bora hayotga nisbatan nuqtai nazari o‘zgardi. Shuningdek, u ikkichidan maktabning eng a’lochi o‘quvchilaridan biriga aylandi. Tonining e’tiqodidan xabardor bo‘lgan direktor ham qoyil qoldi. U quyidagicha dedi: «Sen xulqingda va o‘qishingda katta o‘zgarishlar qilding. Bularning bari Yahovaning Shohidlari bilan muloqot qilganing tufaylimi?» Toni ha dedi va keyin ajoyib shohidlik berdi. U muvaffaqiyat ila maktabni bitirdi va hozir doimiy kashshof hamda jamoat xizmatkori. Toni mehribon Otasi Yahova borligidan baxtiyor. (Zab. 68:5)

YAHOVAGA ITOAT ETING, SHUNDA MUVAFFAQIYATLI BO‘LASIZ

3. Yahova yoshlar uchun nimani istaydi?

3 Toni bilan bo‘lgan voqeadan ko‘ryapmizki, Yahova siz, yoshlar, bilan juda qiziqadi. U chinakam muvaffaqiyatga erishishingizni va mazmunli hayot kechirishingizni istaydi. Shu bois: «Yoshlik chog‘ingda Ulug‘ Parvardigoringni yodda tut!» — deb maslahat bermoqda. (Voiz 12:1) Bugungi kunda bu doim ham oson emas. Ammo buning iloji yo‘q deb ham bo‘lmaydi. Xudoning yordami bilan nafaqat yoshligingizda, balki butun hayotingiz mobaynida muvaffaqiyatli bo‘la olasiz. Buni tushunish uchun, keling, Isroil xalqi va’da qilingan yurtni egallaganidan va Dovud Go‘liyotni yengganidan qanday saboq olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

4, 5. Isroil xalqi kan’onliklarni, Dovud esa Go‘liyotni yengganidan qanday saboq olyapmiz? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmlarga qarang.)

4 Isroil xalqi va’da qilingan yurtga yaqinlashib qolganida, Xudo ularga jang qilish qobiliyatlarini yaxshilashni yoki urushishga tayyorgarlik ko‘rishni buyurmagan. (Qonun. 28:1, 2) Ular Yahovaga itoat etishi va Unga ishonishi lozim edi. (Yoshua 1:7–9) Insoniy nuqtai nazardan bunday maslahat bema’niday tuyulishi mumkin! Lekin bu aynan kerakli maslahat edi, chunki xalq Yahovaning yordami tufayli kan’onliklar ustidan birin-ketin g‘alaba qozondi. (Yoshua 24:11–13) Ha, Allohga ishonish uchun imon kerak va aynan imon tufayli doim muvaffaqiyat qozona olamiz. Vaqt o‘tsa-da, bu haqiqat o‘zgarmaydi. Bizning kunimizda ham shunday.

5 Qudratli jangchi Go‘liyotning bo‘yi deyarli uch metr bo‘lib, u juda yaxshi qurollangan edi. (1 Shoh. 17:4–7) Dovudda esa atigi ikkita narsa — palaxmon va Tangri Yahovaga bo‘lgan imon bor edi. Imoni sustlarga Dovud ahmoqday ko‘ringan bo‘lishi mumkin. Lekin ular adashishgan edi! Aslida, Go‘liyot ahmoq edi. (1 Shoh. 17:48–51)

6. Qaysi mavzuni chuqurroq ko‘rib chiqamiz?

6 Oldingi maqolada hayotda muvaffaqiyatli va baxtli bo‘lishimizga ko‘maklashadigan to‘rtta narsa haqida gap borgan edi. Bu — ma’naviy ehtiyojlarni qondirishni, xudojo‘y do‘stlar uchun minnatdor bo‘lishni, arzigulik maqsadlar qo‘yishni va Xudo bergan erkinligimizni qadrlashni o‘z ichiga oladi. Keling, Zaburning 16- sanosidagi ba’zi prinsiplar ustida mulohaza yuritib, mazkur mavzuni chuqurroq tahlil qilaylik.

MA’ANVIY EHTIYOJLARINGIZNI QONDIRING

7. a) Ma’naviy insonni qanday tasvirlagan bo‘lar edingiz? b) Dovudning «ulushi» nima edi va bu unga qanday ta’sir qilgan?

7 Ma’naviy inson Xudoga ishonadi hamda vaziyatga Uning nuqtai nazari bilan qaraydi. Bunday kishi Allohdan yo‘l-yo‘riq izlab, ularga amal qilish qarori qat’iy bo‘ladi. (1 Kor. 2:12, 13) Bunda Dovud yaxshi o‘rnakdir. U: «Yahova ulushim, nasibamdir, U mening kosamni to‘ldiradi»,— deb kuylagan. (Zab. 16:5) Dovud bu «ulush», ya’ni Yahova bilan bo‘lgan yaqin munosabatlari uchun minnatdor edi va Undan boshpana topgan. (Zab. 16:1) Natijasi qanday bo‘ldi? «Butun vujudim shodlanadi»,— deb yozgan Dovud. Chindan ham, u uchun Alloh bilan yaqin do‘stlikka ega bo‘lishdan ulkan quvonch yo‘q edi. (Zabur 16:9, 11 ni o‘qing.)

8. Chinakam mamnuniyat baxsh etadigan ba’zi narsalar nima?

8 Hayotida ko‘ngilxushlig-u boylik markaziy o‘rinda bo‘lgan kishilar Dovud his etgan quvonchni tuya olmaydi. (1 Tim. 6:9, 10) Kanadalik birodar shunday deb bo‘lishdi: «Haqiqiy mamnuniyat hayotda nimaga ega bo‘lishingizga emas, balki barcha yaxshi hadyalarni beruvchi Xudovand Yahovaga bergan narsalaringizga bog‘liq». (Yoqb. 1:17) Darhaqiqat, Yahovaga nisbatan imonni rivojlantirsangiz va Unga xizmat qilsangiz, hayotdan mazmun hamda chinakam mamnuniyat topasiz. Qay yo‘sin imoningizni mustahkamlay olasiz? Yahovaning Kalomini o‘qish, mavjudotlarini kuzatish va fazilatlari-yu sizga nisbatan sevgisi ustida mulohaza yuritish orqali U bilan vaqt o‘tkazib bunga erisha olasiz. (Rim. 1:20; 5:8)

9. Qay yo‘sin Dovud singari Xudoning Kalomi sizni shakllantirishiga yo‘l qo‘ya olasiz?

9 Ba’zida Tangrining sevgisi otalarcha bergan pand-nasihatida namoyon bo‘ladi. Dovud bunday maslahatni qabul qilishga tayyor bo‘lgan. U quyidagi so‘zlarni aytgan: «Menga pand-nasihat bergan Yahovani sharaflayman. Hatto tunda ham chuqur o‘y-fikrlarim menga ta’lim beradi». (Zab. 16:7) Ha, u Xudoning fikrlari ustida mulohaza yuritgan, yaxshi tarafga o‘zgarish uchun ularni o‘zlashtirgan. Siz ham imon bilan shunday yo‘l tutsangiz, Allohga bo‘lgan sevgingiz va Unga itoat qilish istagingiz kuchayadi. Bundan tashqari, siz ma’nan yetuk inson bo‘lasiz. Kristen ismli opamiz: «Tadqiq o‘tkazib, o‘qiganlarim ustida mulohaza yuritganimda, Yahova buni xuddi men uchun yozganday his qilaman!» — deb bo‘lishdi.

10. Ishayo 26:3 ga ko‘ra ma’naviy nuqtai nazarga ega bo‘lishning qanday foydasi bor?

10 Ma’naviy inson sifatida dunyoga va kelajakka Yahovaning nazari bilan qaray olasiz. Chunki U sizga o‘zgacha bilim va mulohazakorlik bermoqda. Xo‘sh, nega Alloh bunday qilmoqda? Boisi, U hayotda muhim narsalarni ustuvor qo‘yishingizni, dono qarorlar chiqarishingizni va kelajakka ishonch bilan qarashingizni istaydi! (Ishayo 26:3 ni o‘qing.) Qo‘shma Shtatlarda yashaydigan Joshua ismli birodar shunday dedi: «Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lish barcha narsani o‘z o‘rnida saqlashga yordam beradi». Bu haqiqat va hayotdan mamnuniyat his qilishimizga ko‘maklashadi.

HAQIQIY DO‘STLAR ORTTIRING

11. Dovud do‘stlarni qay yo‘sin tanlagan?

11 Zabur 16:3 ni o‘qing. Dovud haqiqiy do‘stlarga ega bo‘lishning sirini bilgan. U Yahovani sevgan kishilar orasida «ulkan quvonch» his etgan. «Muqaddas kishilar» degani axloqan pok va to‘g‘ri insonlarga ishora qiladi. Boshqa sano bastakori ham do‘st tanlashda xuddi shunday fikrga ega bo‘lgan. U: «Farmonlaringni bajaradigan, Sendan qo‘rqadigan kishilarning do‘stiman»,— deb yozgan. (Zab. 119:63) Oldingi maqoladan bilib olganimizday, siz ham Yahovani sevadigan va Unga itoat qiladigan insonlar orasida ko‘pgina yaxshi do‘stlarni topa olasiz. Ularning yoshi turlicha bo‘lishi mumkin.

12. Nega Dovud va Yo‘natan qalin do‘st bo‘lgan?

12 Sano bastakori Dovud faqatgina tengdoshlari bilan do‘stlashmagan. Dovud uchun qadrdon do‘stga aylangan «ulug‘vor» kishining ismi esingizdami? Bu Yo‘natan edi. Ha, ularning do‘stligi Muqaddas Kitobda yozib qoldirilgan eng ajoyib misollardan biridir. Yo‘natan Dovuddan taxminan 30 yosh katta bo‘lganini bilarmidingiz? Qiziq, ular nega qalin do‘st bo‘lishgan? Imon, bir-biriga bo‘lgan hurmat va ular Xudoning dushmanlari bilan jasorat ila kurashishganini ko‘rish do‘stligining asosi bo‘lgan. (1 Shoh. 13:3; 14:13; 17:48–50; 18:1)

13. Qay yo‘sin ko‘proq do‘stlarga ega bo‘la olasiz? Misol keltiring.

13 Dovud hamda Yo‘natan singari biz ham Tangri Yahovani sevadigan va Unga ishonadigan insonlar bilan do‘stlashganimizda, «ulkan quvonch» his etamiz. Yillar mobaynida Xudoga xizmat qilgan Kiera quyidagi fikr bilan bo‘lishdi: «Dunyo bo‘ylab turli do‘stlarga egaman. Ularning kelib chiqishi va madaniyati turlicha». Siz ham shunday yo‘l tutsangiz, Xudoning Kalomi va muqaddas ruh tufayli yakdil oila ekanimizni ko‘ra olasiz.

ARZIGULIK MAQSADLAR SARI INTILING

14. a) Hayotda arzigulik maqsadlar qo‘yishingizga nima yordam beradi? b) Ma’naviy maqsadlar qo‘yish haqida ba’zi yoshlar qanday fikr bildirdi?

14 Zabur 16:8 ni o‘qing. Dovud diqqatini Yahovaga xizmat qilishga qaratgan. Siz ham Yahovaga xizmat qilishdan to‘xtamasangiz va Uning nuqtai nazarini e’tiborga olib maqsadlar qo‘ysangiz, haqiqiy mamnuniyatni his etasiz. Stiven ismli birodar shunday dedi: «Maqsad sari intilish, unga erishish va ortga qarab yaxshi tarafga o‘zgarishlarni ko‘rish menga mamnuniyat baxsh etadi». Hozir boshqa hududda xizmat qilayotgan germaniyalik yosh birodar esa: «Qariganimda, hayotimga nazar solib faqat o‘zim uchun yashaganimni ko‘rishni istamayman»,— deb aytdi. Siz ham shunday fikrdasiz degan umiddamiz. Agar shunday bo‘lsa, hadyalaringizdan Allohni ulug‘lash va boshqalarga yordam berish uchun foydalaning. (Galat. 6:10) Ma’naviy maqsadlar qo‘yib, Yahovadan ularga erishishingizga yordam berishini so‘rang. U bunday ibodatlarga javob berishni yaxshi ko‘radi. (1 Yuhan. 3:22; 5:14, 15)

15. Qanday maqsadlar qo‘ysangiz bo‘ladi? (« Ayrim maqsadlar» nomli ramkaga qarang.)

15 Qanday maqsadlar qo‘ysangiz bo‘ladi? Masalan, bu yig‘ilishlarda o‘z so‘zlaringiz bilan sharh berish, kashshoflikni boshlash yoki Baytilda xizmat qilish bo‘lishi mumkin. O‘zga tilda gapiradigan hududda xizmat qilish uchun yangi tilni o‘rgansangiz bo‘ladi. To‘la vaqtli xizmatda ishtirok etayotgan yosh birodar Barak: «Har kuni Yahovaga bor kuchimni berayotganimni bilib uyg‘onish hissi ajoyib. Buni ta’riflashga til ojiz»,— dedi.

ALLOH BERGAN ERKINLIKNI QADRLANG

16. Yahovaning adolatli me’yorlari borasida Dovud qanday fikrda edi va nega?

16 Oldingi maqolada ko‘rganimizday, Xudoning adolatli qonunlari va prinsiplari bizga erkinlik berib, yaxshi narsani sevishimizga va yomonlikdan nafratlanishimizga yordam beradi. (Amos 5:15) Sano bastakori Dovud Yahova haqida: «Himmating naqadar mo‘l-ko‘ldir!» — deb aytgan. (Zab. 31:19) Himmat axloqan pok bo‘lishni anglatadi. Dovud Yahova kabi himmatga ega bo‘lish uchun Unga taqlid qilishda ko‘p harakat qilgan. Boz ustiga, Dovud Xudoning nazarida yomon bo‘lgan narsalardan nafratlangan. Bu butparastlik, insoniyatni tanazzulga olib boruvchi odatlar va Yahovaga tegishli shon-sharafni egallashni o‘z ichiga olishi mumkin. (Ishayo 2:8, 9; Vah. 4:11)

17, 18. a) Dovud soxta topinishning oqibatlari haqida nima degan? b) Nima dastidan odamlarning «dard-alamlari ko‘paymoqda»?

17 Muqaddas Kitob yozilgan paytda soxta topinish jinsiy axloqsizlikni ham o‘z ichiga olgan. (Ho‘sh. 4:13, 14) Ko‘plar bunday topinishni ma’qullagan, chunki ular axloqsizlik qilib, xursand bo‘lardi. Ammo buning quvonchi vaqtincha edi. Dovud: «Boshqa xudolarga xizmat qilayotganlar, dard-alamlarini ko‘paytiradi»,— deb yozgan. (Zab. 16:4) Qolaversa, ular soxta xudolarga atab bolalarni qurbonlikka keltirgan. (Ishayo 57:5) Yahova bunday zo‘ravonlikdan nafratlangan. (Yerm. 7:31) Shubhasizki, o‘sha paytda yashaganingizda, ota-onangiz Yahovaga ishonib, Unga itoat qilganidan minnatdor bo‘lardingiz.

18 Bugungi kunda ham soxta din jinsiy axloqsizlikka va hatto gomoseksualizmga ko‘z yummoqda. Lekin qadim zamonlardan beri qo‘shtirnoq ichidagi axloqiy erkinlikning oqibatlari umuman o‘zgarmagan desa bo‘ladi. (1 Kor. 6:18, 19) Odamlar «dard-alamlarini ko‘paytirgani» barchamizga ayon. Shunday ekan, qadrdon yoshlar, samoviy Otangizga quloq soling. Alloh foydangizni ko‘zlayotganiga butunlayin amin bo‘lib, Unga bo‘ysuning. Axloqsizlikning yomon oqibatlari haqida yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Shunda, vaqtincha huzur keltiradigan ko‘ngilxushlikning har qanday turi bir tiyinga qimmat ekanini ko‘rasiz. (Galat. 6:8) Yuqorida tilga olingan Joshua shunday dedi: «Erkinligimizdan istaganimizday foydalana olamiz, ammo undan noto‘g‘ri foydalanish mamnuniyat keltirmaydi».

19, 20. Yahovaga ishonadigan va Unga bo‘ysunadigan yoshlarni qanday barakalar kutmoqda?

19 Iso izdoshlariga quyidagilarni aytgan: «Mening so‘zlarimga rioya qilsangizlar, chindan ham mening shogirdlarimsiz. Sizlar haqiqatni bilib olasizlar va haqiqat sizlarni ozod etadi». (Yuhan. 8:31, 32) Shukurki, bu erkinlik tufayli biz soxta din, yanglish fikrlar va irim-sirimlardan yiroqdamiz. Bu hali hammasi emas. Kelajakda «Xudo farzandlarining ulug‘vor erkinligiga» ega bo‘lishimiz mumkin bo‘lgan paytni intiqib kutyapmiz. (Rim. 8:21) Hatto hozirning o‘zida Isoning so‘zlariga rioya qilib, qaysidir ma’noda erkin bo‘la olyapmiz. Shu yo‘sin, nafaqat bu haqida bilib olayotganingiz, shunga muvofiq yashayotganingiz uchun ham «haqiqatni bilib olasizlar».

20 Aziz yoshlar, Xudovand sizga ato etayotgan erkinlikni qadrlang. Undan donolik ila foydalaning va kelajak uchun mahkam poydevor tayyorlang. Yosh ukamiz shunday fikr bildirdi: «Yosh bo‘la turib erkinlikdan donolik ila foydalanish jiddiyroq qarorlar chiqarish kerak bo‘lib qolganda rosa asqatadi. Misol uchun, munosib ish topish yoki oila qurish-qurmaslik masalasida ham qo‘l keladi».

21. Qay yo‘sin «haqiqiy hayotga» erisha olasiz?

21 Bu yovuz dunyodagi hayot, hatto u qo‘shtirnoq ichida yaxshi kechayotgan bo‘lsa ham beqaror va qisqa. Hech birimiz ertaga nima bo‘lishini bilmaymiz. (Yoqb. 4:13, 14) Shunday ekan, «haqiqiy hayotga», ya’ni abadiy hayotga yetaklaydigan yo‘ldan yurishga intilsangiz to‘g‘ri ish qilgan bo‘lasiz. (1 Tim. 6:19) Albatta, Alloh bizni bu yo‘ldan yurishga majburlamayapti. Bu o‘zimizning tanlovimiz. Iloyim, Yahova «ulushingiz» bo‘lsin. U sizga berayotgan ko‘pgina «ne’matlar»ning qadriga yeting. (Zab. 103:5) Tangri sizga «ulkan shodlik» va «toabad baxt-saodat» ato eta olishiga ishoning. (Zab. 16:11)