Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

51-TADQIQ MAQOLASI

«Yahova... ruhan ezilganlarni... qutqaradi»

«Yahova... ruhan ezilganlarni... qutqaradi»

Yahova qalbi o‘ksiganlarga yaqindir, ruhan ezilganlarni U qutqaradi. ZAB. 34:18

30-QO‘SHIQ Do‘stim, Otam va Rabbim

BU MAQOLADA *

1, 2. Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

BA’ZIDA umrimiz qisqa va kunlarimiz «g‘am-tashvishga to‘la» ekani haqida o‘ylab qolishimiz mumkin. (Ayub 14:1) Tabiiyki, gohida buning dastidan ruhan ezilamiz. Yahovaning ko‘pgina qadimgi xizmatchilari ham bunday his-tuyg‘ularni boshdan kechirgan. Ayrimlari hatto o‘lishni istagan. (3 Shoh. 19:2–4; Ayub 3:1–3, 11; 7:15, 16) Ammo bu xizmatchilar ishongan Tangri Yahova ularga doimo dalda bergan va mustahkamlagan. Ularning misollari bizga tasalli berish uchun va o‘rnak sifatida yozib qoldirilgan. (Rim. 15:4)

2 Bu maqolada ruhan ezilishga sabab bo‘lgan qiyinchiliklarni boshdan kechirgan Yahovaning xizmatchilariga diqqat qaratamiz. Xususan, Yoqubning o‘g‘li Yusuf, beva Naima va kelini Rut, 73-sanoni yozgan levi va havoriy Butrusning misollarini ko‘rib chiqamiz. Qay yo‘sin Yahova ularni mustahkamlagan? Ularning misollaridan shaxsan har birimiz qanday saboq olsak bo‘ladi? Bu savollarning javoblari quyidagi so‘zlar chin ekaniga bo‘lgan ishonchimizni oshiradi: «Yahova qalbi o‘ksiganlarga yaqindir, ruhan ezilganlarni U qutqaradi». (Zab. 34:18)

YUSUF O‘TAKETGAN ADOLATSIZLIKKA DUCH KELGAN

3, 4. Yusuf yoshligida u bilan nima yuz berdi?

3 Yusuf ikkita bashoratli tush ko‘rganida taxminan 17 yoshda edi va ularning ikkalasi ham Xudodan bo‘lgan. Mazkur tushlarga ko‘ra, bir kun kelib Yusuf hurmatga sazovor bo‘lishi va oilasida muhim o‘rin egallashi kerak edi. (Ibt. 37:5–10) Lekin Yusuf bu tushlarni ko‘rganidan ko‘p o‘tmay uning hayoti tubdan o‘zgarib ketdi. Hurmat ko‘rsatish u yoqda tursin, akalari uni qullikka sotib yuborishdi. U Po‘tifar ismli misrlik amaldorning xonadoniga qul sifatida olib kelindi. (Ibt. 37:21–28) Ha, qisqa vaqt ichida Yusuf otasining suyukli o‘g‘lidan Misrdagi butparast amaldorning uyidagi arzimas qulga aylandi. (Ibt. 39:1)

4 Bu yerda Yusufning vaziyati yanada chigallashdi. Po‘tifarning xotini Yusufga tuhmat qilib, uni zo‘rlamoqchi bo‘lganlikda aybladi. Po‘tifar esa bu ishning tagiga yetmay Yusufni zindonga tashladi va endi unga temir kishan solingan edi. (Ibt. 39:14–20; Zab. 105:17, 18) Yusuf hali yosh edi va zo‘rlashga uringani to‘g‘risidagi tuhmat unga qanday ta’sir qilgani borasida bir o‘ylab ko‘ring. Ustiga-ustak, bu haqida eshitgan odamlar Yusufning Xudosi Yahova haqida yomon gaplar aytgan bo‘lishi mumkin. Chindan ham, bularning bari Yusufni ruhan ezgani hech gap emas.

5. Qanday qilib Yusuf tushkunlikni yenga oldi?

5 Yusuf qul bo‘lganida va zindonga tashlanganida vaziyatini o‘zgartira olmasdi. Xo‘sh, qay yo‘sin u ijobiy nuqtai nazarni saqlay oldi? Yusuf endi qila olmaydigan ishlariga diqqat qaratmadi, aksincha, unga topshirilgan vazifani sidqidildan bajarishga intildi. Eng asosiysi, Yusufning hayotida Yahova eng muhim Shaxs bo‘lib qoldi. Bu tufayli Xudo uning barcha ishlariga rivoj berdi. (Ibt. 39:21–23)

6. Qay yo‘sin Yusuf ko‘rgan tushlaridan dalda olgan bo‘lishi mumkin?

6 Ehtimol, Yusuf ilgari ko‘rgan bashoratli tushlari ustida mulohaza yuritib ham dalda olgandir. Bu tushlariga binoan, Yusuf bir kun kelib oilasi bilan ko‘rishishi hamda vaziyati yaxshilanishi lozim edi. Shunday bo‘ldi ham! Yusuf taxminan 37 yoshda bo‘lganida uning bashoratli tushlari ajoyib tarzda amalga osha boshladi. (Ibt. 37:7, 9, 10; 42:6, 9)

7. Butrusning birinchi maktubi 5:10 ga ko‘ra, qiyinchiliklarda bardoshli bo‘lishimizga nima yordam beradi?

7 Bundan qanday saboqlar olyapmiz? Yusufning hikoyasi shuni eslatadiki, bu dunyo beshafqat va odamlar bizga nisbatan adolatsizlarcha yo‘l tutadi. Hatto imondoshimiz qalbimizni og‘ritishi mumkin. Biroq Yahovani Qoyamiz va Boshpanamiz deb bilsak, haddan ortiq tushkunlikka tushmaymiz va Unga xizmat qilishda davom etamiz. (Zab. 62:6, 7; 1 Butrus 5:10 ni o‘qing.) Esingizda bo‘lsa, Yahova Yusufga bashoratli tushlarni berganida, u taxminan 17 yoshda edi. Shubhasizki, Tangri yosh xizmatchilariga ishonadi. Bugungi kunda ham ko‘p yoshlarning vaziyati Yusufnikiga o‘xshaydi. Ular ham Yahovaga ishonadi. Hatto ularning ba’zilari Xudoga sodiq qolgani tufayli qamoqqa tashlanmoqda. (Zab. 110:3)

QAYG‘UGA BOTGAN IKKITA AYOL

8. Naima va Rut bilan nima yuz berdi?

8 Qattiq ocharchilik dastidan Naima va uning oilasi Yahudodagi uyini tark etib, Mo‘abda musofirlar sifatida yashashiga to‘g‘ri keldi. Bu yerda Naimaning eri Elimalek vafot etdi va u ikkita o‘g‘li bilan yolg‘iz qoldi. Vaqt o‘tib uning ikkita o‘g‘li ham Rut va O‘rpa ismli mo‘ablik ayollarga uylandi. Taxminan o‘n yil o‘tgach esa o‘g‘illari ham vafot etdi va ularning farzandlari yo‘q edi. (Rut 1:1–5) Bu uchta ayol qanchalik qayg‘uga botganini bir tasavvur qiling! To‘g‘ri, Rut va O‘rpa qayta turmushga chiqishi mumkin edi, ammo keksa Naima-chi, kim unga g‘amxo‘rlik qilardi? Naima shunchalik ruhan ezildiki, hatto bir safar quyidagicha dedi: «Meni Naima emas, Mara deb chaqiringlar. Chunki Qodir Tangri hayotimni achchiq qildi». Qalbi tilka-pora bo‘lgan Naima Baytlahmga qaytishga qaror qildi va Rut u bilan ketdi. (Rut 1:7, 18–20)

Xudo Naima va Rutga topinuvchilariga tushkunlik va g‘amginlikni yengishga yordam berishini isbotladi. U siz uchun ham shunday yo‘l tutishiga aminmisiz? (8–13-xatboshilariga qarang.) *

9. Rut 1:16, 17, 22 ga ko‘ra, qay yo‘sin Rut Naimaga dalda berdi?

9 Qiziq, Naimaga nima yordam berdi? Bu mehr-sadoqat edi. Masalan, Rut Naima bilan qolib unga mehr-sadoqat ko‘rsatdi. (Rut 1:16, 17, 22 ni o‘qing.) Baytlahmda Rut o‘zi va Naima uchun boshoq terish maqsadida og‘ir mehnat qildi. Natijada bu yosh ayol yaxshi nom orttirdi. (Rut 3:11; 4:15)

10. Qanday qilib Yahova Naima va Rut singari muhtojlikda bo‘lganlarga sevgisini ko‘rsatgan?

10 Yahova isroilliklarga bergan qonundan Uning Naima va Rut singari muhtojlarga nisbatan rahmdilligini ko‘rsa bo‘ladi. U xalqiga hosilini yig‘ayotganda uning chekkalaridagi hosilni to‘liq o‘rib olmaslikni, balki ularni kambag‘allarga qoldirishni aytgandi. (Lev. 19:9, 10) Shu bois, Naima va Rut yegulik so‘rab yurishiga to‘g‘ri kelmagan. Ular o‘rinli tarzda bunga ega bo‘la olardi.

11, 12. Qay yo‘sin Boz Naima va Rutni baxtli qildi?

11 Rut boshoq tergan dalaning egasi Boz ismli boy kishi edi. U Rut qaynonasiga ko‘rsatgan sadoqati-yu sevgisidan qattiq ta’sirlandi va bu uni qarindoshlik burchini o‘tab ularning oilasi uchun mol-mulkini sotib olishga hamda Rutga uylanishga undadi. (Rut 4:9–13) Bu juftlik o‘g‘illi bo‘lib, ismini Obid qo‘yishdi va u shoh Dovudning bobosi bo‘ldi. (Rut 4:17)

12 Naima jajjigina Obidni qo‘llarida ushlab, Yahovaga qalbidagi minnatdorchilik tuyg‘ularini izhor etganida, quvonchga to‘lganini bir ko‘z oldingizga keltiring! Ammo Naima va Rut uchun eng yaxshisi hali oldinda. Ular tirilishganida Obid va’da qilingan zurriyot — Iso Masihning ajdodi bo‘lganini bilib olishadi.

13. Naima va Rutning misolidan qanday saboqlar olyapmiz?

13 Bundan qanday saboqlar olyapmiz? Qiyinchiliklardan o‘tayotganimizda, tushkunlikka tushishimiz va hatto qalbimiz tilka-pora bo‘lishi mumkin. Muammoning yechimini topolmay, o‘zimizni to‘rt devor ichida qolganday his qilishimiz hech gap emas. Bunday paytlarda samoviy Otamizga to‘liq ishonib, imondoshlarimizga yaqin bo‘lib qolishimiz darkor. To‘g‘ri, balki Yahova qiyinchiligimizni yo‘q qilmas. Masalan, U Naimaning eri va o‘g‘illarini tiriltirmadi. Lekin U bizga yordam beradi va gohida buni birodar-u opa-singillarimizning yaxshiliklari orqali amalga oshiradi. (Hik. 17:17)

YAHOVAGA XIZMAT QILISHNI TO‘XTATISHIGA SAL QOLGAN LEVI

73-sano bastakoriga Yahovaga xizmat qilmaydiganlar muvaffaqiyatga erishganday tuyulganida, qoqinishiga sal qolgan. Bu biz bilan ham yuz berishi mumkin (14–16-xatboshilariga qarang.)

14. Nima sababdan bir levi qattiq tushkunlikka tushgan?

14 Zaburning 73-sanosini bir levi yozgan. Ha, unda Yahovaga topinadigan joyda xizmat qilish kabi ajoyib sharaf bo‘lgan. Lekin hayotining bir pallasida hatto u tushkunlikka tushgan. Xo‘sh, buning sababi nimada edi? U yovuz va takabbur kishilarga hasad qila boshlagan. U yomon ishlar qilishni istagani uchun emas, balki ularning hayoti gullab-yashnayotganday ko‘ringani tufayli bunday his-tuyg‘ularga berilgan. (Zab. 73:2–9, 11–14) Ular boylikka to‘la va tashvishlardan holi yaxshi hayot kechirayotganday tuyulgan. Bularni ko‘rib, o‘sha levi tushkunlikka tushgan va: «Men bekorga qalbimni pok saqlab, aybsiz ekanimni ko‘rsatish uchun behudaga qo‘limni yuvgan ekanman»,— deb yozgan. Darvoqe, u ma’naviy jar yoqasida bo‘lgan.

15. Zabur 73:16–19, 22–25 ga binoan, qay yo‘sin 73- sano bastakori tushkunlikni yenga oldi?

15 Zabur 73:16–19, 22–25 ni o‘qing. So‘ng o‘sha levi «Xudoning muqaddas maskaniga» kirdi. Bu yerda, ehtimol, Yahovaga topinadigan imondoshlari orasida u ibodat ila vaziyatini xotirjamlikda va xolisona baholay olgan. Natijada u nodonlarcha fikr yuritayotganini va uni Yahovadan uzoqlashtiradigan xavfli yo‘lda ekanini ko‘ra boshlagan. Qolaversa, u yovuzlar «sirpanchiq» yerda ekanini va «ularning umri dahshatli» yakun topishini tushungan. Darhaqiqat, 73- sanoni yozgan levi vaziyatga Yahovaning nuqtai nazari bilan qaragandan so‘ng hasad va tushkunlikdan qutula oldi. Bunday qilgach esa u yana xotirjamlikka ega bo‘lib, quvona boshladi. O‘sha levi Yahovaga shunday dedi: «Sen bor ekansan, yerda ham menga hech narsa kerak emas».

16. Bir levining misolidan qanday saboqlar olyapmiz?

16 Bundan qanday saboqlar olyapmiz? Go‘yoki gullab-yashnayotganday tuyulayotgan yovuzlarga hasad qilmaylik. Ularning quvonchi yuzaki hamda vaqtinchalikdir; kelajagi esa qisqa. (Voiz 8:12, 13) Ularga hasad qilsak, tushkunlikka tushishimiz va hatto Yahova bilan do‘stligimizni yo‘qotishimiz turgan gap. Shu bois, muvaffaqiyatli bo‘lib ko‘ringan yovuzlarga hasad qila boshlasangiz, o‘sha levining o‘rnagiga ergashing. Xudoning sevgi ila bergan maslahatini amalda qo‘llang va Uning irodasini bajaradiganlar bilan muloqot qiling. Yahovani har narsadan va har kimdan ko‘proq sevsangiz, chinakam baxtga erishasiz. Shunda «haqiqiy hayot»ga eltuvchi yo‘lda qolasiz. (1 Tim. 6:19)

BUTRUS ZAIFLIKLARI TUFAYLI TUSHKUNLIKKA TUSHGAN

Butrus tushkunlikni yengib, diqqatini Xudoga xizmat qilishga qaratgani ustida mulohaza yuritish bizga ko‘maklashishi yoki biz mazkur misol yordamida boshqalarni qo‘llab-quvvatlashimiz mumkin (17–19-xatboshilariga qarang.)

17. Butrus nimalar tufayli tushkunlikka tushgan?

17 Havoriy Butrus g‘ayratli bo‘lgan, lekin u his-tuyg‘ularga berilishi va nimani o‘ylasa, shuni gapirishi mumkin edi. Natijada ba’zida u o‘ylamay aytgan gaplari va qilgan ishlaridan afsuslanardi. Masalan, Iso havoriylariga azob chekishi va o‘lishi to‘g‘risida aytganida, Butrus unga ta’na qilib: «Bu ko‘rgiliklar zinhor boshingizga tushmasin»,— degandi. (Mat. 16:21–23) O‘shanda Iso Butrusni tuzatdi. Bir to‘da odam Isoni hibsga olishga kelganida esa Butrus shoshilib harakat qildi va oliy ruhoniy qulining qulog‘ini kesib tashladi. (Yuhan. 18:10, 11) Iso yana bir bor bu havoriyni tuzatdi. Shuningdek, Butrus boshqa havoriylar Masihni deb qoqinib qolsa ham, u aslo bunday qilmasligini aytib maqtandi. (Mat. 26:33) Lekin u o‘ziga haddan ortiq ishongani tufayli odamlardan qo‘rqish tuzog‘iga ilindi va Isodan uch marta tondi. Qattiq qayg‘uga botgan Butrus «tashqariga chiqib, achchiq-achchiq yig‘ladi». (Mat. 26:69–75) U Iso: «Meni kechirarmikin?» — deb o‘ylagan bo‘lsa kerak.

18. Qay yo‘sin Iso Butrusga tushkunlikni yengishga yordam berdi?

18 Lekin Butrus tushkunlik uni Yahovaga xizmat qilishdan to‘xtatishiga yo‘l qo‘ymadi. Xato qilganidan so‘ng Butrus yana oyoqqa turdi va keyinchalik u boshqa havoriylar bilan birga tilga olingani haqida o‘qiymiz. (Yuhan. 21:1–3; Havor. 1:15, 16) Xo‘sh, unga nima yordam berdi? Butrus Iso u uchun ibodat qilib, imoni kuchli bo‘lishini so‘raganini esladi. Qolaversa, Iso uni qaytishga va birodarlarini mustahkamlashga undagandi. Yahova o‘sha samimiy ibodatga javob berdi. Keyinchalik Iso Butrusga shaxsan ko‘rindi va shubhasizki, bu unga dalda berdi. (Luqo 22:32; 24:33, 34; 1 Kor. 15:5) Bir safar barcha havoriylar tuni bilan urinib, baliq tuta olmaganida Iso ularga ko‘rindi. O‘shanda u Butrus uni qanchalik yaxshi ko‘rishini aytishiga imkon berdi. Iso qadrli do‘stini kechirdi va unga ko‘proq vazifani ishonib topshirdi. (Yuhan. 21:15–17)

19. Qanday qilib Zabur 103:13, 14 yordamida o‘zimizga Yahovaning nazari bilan qaray olamiz?

19 Bundan qanday saboqlar olyapmiz? Iso Butrusga qilgan muomalasidan uning rahm-shafqatini va u Otasining shaxsiyatini mukammal tarzda aks ettirishini ko‘ryapmiz. Shunday ekan, xatolarga yo‘l qo‘ysak, Yahova bizni aslo kechirmaydi, deb o‘ylamasligimiz kerak. Unutmang, Shayton o‘zimizni aynan shunday his qilishimizni istaydi. Buning o‘rniga esa, keling, o‘zimizga va bizga qarshi gunoh qilganlarga Otamizning rahm-shafqat-u sevgiga to‘la nazari bilan qarashga harakat qilaylik. (Zabur 103:13, 14 ni o‘qing.)

20. Kelasi maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

20 Yusuf, Naima va Rut, levi hamda Butrusning misollari bizni «Yahova qalbi o‘ksiganlarga yaqin» ekaniga ishontirmoqda. (Zab. 34:18) Ba’zida U qiyinchiliklarga duch kelishimizga va tushkunlikka tushishimizga yo‘l qo‘yadi. Ammo Yahovaning ko‘magi bilan qiyinchiliklar ustidan g‘alaba qozonganimizda imonimiz mustahkamlanadi. (1 Butr. 1:6, 7) Kelasi maqolada nomukammalligi yoki qiyin vaziyati tufayli ruhan ezilgan sadoqatli xizmatchilarini Yahova qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlashini yanada chuqurroq ko‘rib chiqamiz.

7-QO‘SHIQ Yahova — kuch-qudratimizdir

^ 5- x.b. Yusuf, Naima, Rut, bir levi va havoriy Butrus ruhan ezilishlariga sabab bo‘lgan qiyinchiliklarga duch kelishgan. Ushbu maqolada qay yo‘sin Yahova ularga dalda berganini va mustahkamlaganini ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, mazkur kishilarning misollaridan qanday saboq olishimiz va Yahova ularga sevgi ila yordam berganidan nimani o‘rganishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz.

^ 56- x.b. RASMGA SHARH. Naima, Rut va O‘rpa turmush o‘rtoqlarini yo‘qotganidan tushkunlikka tushib, g‘amga botgan. Keyinchalik Naima, Rut va Boz Obid tug‘ilganidan quvonchga to‘lishgan.