Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

49-TADQIQ MAQOLASI

Boshqalar bilan muomala qilish borasida Levilar kitobidan nimalarni o‘rganyapmiz?

Boshqalar bilan muomala qilish borasida Levilar kitobidan nimalarni o‘rganyapmiz?

Yaqiningizni o‘zingizni sevganday sevinglar. LEV. 19:18

109-QO‘SHIQ Samimiy sevgi

BU MAQOLADA *

1, 2. O‘tgan maqolada nimani ko‘rib chiqdik va bu safar nimalarni muhokama qilamiz?

 OLDINGI maqolada Levilar 19- bobdan qanday amaliy saboqlar olishimiz mumkinligiga e’tibor berdik. Masalan, 3- oyatda aytilganiday, Yahova isroilliklardan ota-onasiga hurmat ko‘rsatishni talab qilgan. Hozirda ota-onamizga jismoniy, hissiy va ma’naviy tomondan g‘amxo‘rlik qilib, mazkur maslahatni amalda qo‘llashimiz mumkinligini bilib oldik. O‘sha oyatda Xudoning xalqiga Shabbatga amal qilish muhim ekani eslatilgandi. Bugungi kunda bu qonunga amal qilishimizga hojat bo‘lmasa-da, ma’naviy ishlar uchun muntazam vaqt ajratib uning ortidagi prinsipni qo‘llay olamiz. Bunday yo‘l tutib, Levilar 19:2 va 1 Butrus 1:15 da aytilganiday, muqaddas bo‘lish uchun jon kuydirayotganimizni ko‘rsatamiz.

2 Mazkur maqolada Levilar 19- bobni ko‘rib chiqishda davom etamiz. Bu bobda jismoniy imkoniyatlari chegaralangan kishilarga mehribon bo‘lish, ish masalasida halol bo‘lish hamda o‘zgalarga sevgi ko‘rsatish haqida saboqlar olamiz. Biz muqaddas bo‘lishni istaymiz, chunki Yahova muqaddas Xudo. Shunday ekan, keling, bu maqoladagi fikrlarni ko‘rib chiqaylik.

JISMONIY IMKONIYATLARI CHEGARALANGAN KISHILARGA MEHRIBON BO‘LING

Qulog‘i eshitmaydigan yoki ko‘zi ojiz insonga qanday muomala qilishimiz kerakligi haqida Levilar 19:14 da nima deyilgan? * (3–5-xatboshilariga qarang.)

3, 4. Levilar 19:14 ga ko‘ra, qulog‘i eshitmaydigan va ko‘zi ojiz odamlarga qanday muomala qilish kerak edi?

3 Levilar 19:14 ni o‘qing. Yahova Uning xizmatchilari jismoniy imkoniyatlari chegaralangan insonlarga mehribon bo‘lishini istagan. Masalan, U isroilliklarga: «Kar odamni la’natlamanglar»,— deb aytgan. Bunday la’natlash biror kishiga tahdid qilish yoki u haqda yomon gap aytishni o‘z ichiga olgan bo‘lishi mumkin. Qulog‘i eshitmaydigan insonga nisbatan bunday yo‘l tutish dahshatli, shunday emasmi? Chunki bunday kishi u haqda aytilgan so‘zlarni eshita olmasdi va o‘zini himoyalash uchun hech narsa deya olmasdi.

4 Bundan tashqari, 14- oyatdan shuni ko‘ryapmizki, Xudo xizmatchilariga: «Ko‘zi ojiz insonning yo‘liga to‘siq qo‘ymanglar»,— deb aytgandi. Bir manbada jismoniy imkoniyatlari chegaralangan odamlar haqida quyidagi fikr keltirilgandi: «Qadimgi Yaqin Sharqda ularga ko‘pincha nohaqlik qilishgan yoki shafqatsizlik ko‘rsatishgan». Bemehr odamlar ko‘zi ojiz insonga jarohat yetkazish yoki ustidan kulish uchun uning yo‘liga to‘siq qo‘ygan. Ha, bu sevgidan bo‘lmagan. Yahova esa mazkur amrni berib, xalqini jismoniy imkoniyatlari chegaralangan kishilarga rahm-shafqatli bo‘lishga o‘rgatgan.

5. Jismoniy imkoniyatlari chegaralanganlarga qay yo‘sin rahm-shafqat ko‘rsata olamiz?

5 Iso jismoniy imkoniyatlari chegaralangan insonlarga rahm-shafqat ko‘rsatgan. Esingizda bo‘lsa, u Yahyoga shunday xabarni yetkazgandi: «Ko‘rlar ko‘ryapti, cho‘loqlar yuryapti, moxovlar pok bo‘lyapti, karlar eshityapti, o‘liklar tirilyapti». Bu mo‘jizalarni ko‘rgan «odamlarning barchasi Tangriga hamd-u sanolar ayta boshladi». (Luqo 7:20–22; 18:43) Biz masihiylar Iso jismoniy imkoniyatlari chegaralangan kishilarga ko‘rsatgan nuqtai nazarga taqlid qilishdan xursandmiz. Shu bois, ularga nisbatan mehribon, e’tiborli va sabrlimiz. Albatta, Yahova bizga mo‘jizalar yaratish qudratini bermagan. Lekin barchaga, jumladan, jismonan yoki ma’nan ojiz insonlarga odamlar yer yuzidagi jannatda mukammal bo‘lishi va Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lishi to‘g‘risidagi xushxabarni va’z qilish sharafiga egamiz. (Luqo 4:18) Bu xushxabar tufayli hozirning o‘zida ko‘plar Xudoga hamd-u sano aytyapti.

ISH MASALASIDA HALOL BO‘LING

6. Qanday qilib Levilar 19- bob O‘nta amrni tushunishimizga yordam beryapti?

6 Levilar 19- bobdagi ayrim oyatlar O‘nta amrni yaxshiroq tushunishimizga yordam beradi. Masalan, 8- amrda: «O‘g‘rilik qilmanglar»,— deyilgan. (Chiq. 20:15) Ba’zilar birovning narsasini olmagan bo‘lsa, bu amrga amal qilyapman, deb o‘ylagandir. Ammo u boshqa yo‘llar orqali o‘g‘rilik qilgan bo‘lishi mumkin.

7. Qay yo‘sin savdogar o‘g‘rilik haqidagi sakkizinchi amrni buzishi mumkin edi?

7 Bordi-yu, savdogar unga tegishli bo‘lmagan narsani olmasa, men o‘g‘irlik qilmayapman degan fikrga borishi mumkin edi. Ammo uning savdo ishlari haqida nima desa bo‘ladi? Levilar 19:35, 36 da Yahovaning quyidagi so‘zlarini o‘qiymiz: «Uzunlik, og‘irlik yoki hajmni o‘lchaganda aldamanglar. Tarozingiz, tarozi toshlaringiz, quruq narsalar va suyuqliklar o‘lchovi to‘g‘ri bo‘lsin». Demak, savdogar mijozlarni aldash niyatida noto‘g‘ri tarozidan foydalansa yoki to‘g‘ri o‘lchab bermasa, bu o‘g‘rilikka teng. Levilar 19- bobdagi boshqa oyatlarda ham bu aniq aytilgan.

Levilar 19:11–13 ga ko‘ra, masihiy qay yo‘sin ish yuritayotgani borasida o‘ziga qanday savol berib ko‘rishi kerak? (8–10-xatboshilariga qarang.) *

8. Levilar 19:11–13 qay yo‘sin yahudiylarga sakkizinchi amr ortida turgan prinsipni tushunishga yordam bergan va bundan biz qanday foyda olishimiz mumkin?

8 Levilar 19:11–13 ni o‘qing. Levilar 19:11: «O‘g‘rilik qilmanglar»,— degan so‘zlar bilan boshlanadi. 13- oyatda: «O‘z yaqiningizni aldamanglar»,— deb yozilgan. Demak, kimdir ish masalasida aldasa, o‘g‘rilik qilgan bo‘ladi. Sakkizinchi amrda o‘g‘rilik qilish qoralangan, biroq Levilarda keltirilgan oyatlar yahudiylarga bu amr ortida turgan prinsipni, ya’ni har narsada halol bo‘lish kerakligini tushunishga yordam bergan. Halollik va o‘g‘rilik borasida Yahovaning nuqtai nazari ustida mulohaza qilsak, foyda olamiz. O‘zimizdan: «Levilar 19:11–13 asosida hayotimning biron-bir sohasida o‘zgarishim kerakmi? Ish masalasida halolmanmi?» — deb so‘rashimiz mumkin.

9. Levilar 19:13 dagi qonun ishchilarni qanday himoyalagan?

9 Masihiy boshqalarni ishga olganda ham halol bo‘lib yana bir narsani inobatga olishi kerak. Levilar 19:13 da: «Mardikorning ish haqini ertalabgacha saqlab qolmanglar»,— deb yozilgan. Qadimda Isroilda ko‘plar qishloq xo‘jalik ishlari bilan band bo‘lgan. Har bir ish kunining oxirida yollangan ishchilarga ish haqi to‘lanardi. Agar bu pul o‘sha kuni to‘lanmaganida, ular oilasiga g‘amxo‘rlik qila olmasdi. Yahova shunday deb tushuntirgan: «U bunga muhtoj va uning hayoti topgan puliga bog‘liq». (Qonun. 24:14, 15; Mat. 20:8)

10. Levilar 19:13 dan qanday saboq olyapmiz?

10 Bugungi kunda ish haqi har kuni emas, balki ikki haftada bir yoki bir oyda bir marta to‘lanadi. Lekin Levilar 19:13 dagi prinsip bugun ham ayni muddao. Ayrim ish beruvchilar nohaqlik qilib ishchilariga aslida ular loyiq bo‘lgan haqni to‘lamaydi. Sababi, ular chorasiz ekanini va maoshi kam bo‘lsa ham ishlashga majbur ekanini biladi. Qaysidir ma’noda ular mardikorning ish haqini «saqlab qolgan» yoki bermagan bo‘ladi. Ish yuritadigan masihiy bunga e’tiborli bo‘lishi kerak. Endi esa, keling, Levilar 19- bobdan yana qanday saboqlar olishimiz mumkinligiga diqqat qarataylik.

YAQININGIZNI O‘ZINGIZNI SEVGANDAY SEVING

11, 12. Iso Levilar 19:17, 18 ni iqtibos sifatida keltirib nimaga e’tibor qaratgan?

11 Xudo biz boshqa odamlarga shunchaki zarar keltirmaslikdan ko‘prog‘ini qilishimizni istaydi. Buni Levilar 19:17, 18 dan (o‘qing) bilib olishimiz mumkin. Yahova aniq qilib: «Yaqiningizni o‘zingizni sevganday sevinglar»,— degan. Masihiylar Xudoga ma’qul kelishni xohlasa, bunday yo‘l tutishi lozim.

12 Iso Levilar 19:18 dagi amr muhim ekanini qay yo‘sin ta’kidlaganiga e’tibor bering. Bir safar farziy undan: «Tavrotning qaysi amri eng muhim?» — deb so‘ragan. Javoban Iso Tangrimiz Yahovani butun qalbimiz, butun jonimiz va butun ongimiz bilan sevish «birinchi va eng muhim amr» ekanini aytgan. Keyin esa u Levilar 19:18 ni iqtibos sifatida keltirib shunday degan: «Ikkinchisi esa unga o‘xshash: “Yaqiningizni o‘zingizni sevganday seving”». (Mat. 22:35–40) Yaqinimizga sevgi ko‘rsatishning yo‘llari behisob. Ularning ba’zilarini Levilar 19- bobdan bilib olamiz.

13. Yusuf haqidagi bayonotni ko‘rib chiqayotib Levilar 19:18 dagi so‘zlarni qanday qilib yaxshiroq tushuna olamiz?

13 Yaqinimizga sevgi ko‘rsatishning yo‘llaridan biri Levilar 19:18 dagi maslahatga amal qilishdir. U yerda shunday yozilgan: «O‘ch olmanglar va... kek saqlamanglar». Aksariyatimiz odamlar hatto yillar davomida hamkasbi, maktabdoshi yoki oila a’zolariga kek saqlab yurishini bilamiz. Misol uchun, Yusufning o‘nta akasi unga kek saqlagan va oxiri dahshatli ishga qo‘l urgan. (Ibt. 37:2–8, 25–28) Lekin Yusuf ularga umuman boshqacha munosabat ko‘rsatgan. Akalaridan o‘ch olish imkoni bo‘lganda, Yusuf ularga rahm-shafqat namoyon etgan. Yusuf ularga kek saqlamagan. Aksincha, u keyinchalik Levilar 19:18 da yozilgan maslahatga muvofiq yo‘l tutgan. (Ibt. 50:19–21)

14. Levilar 19:18 ortidagi prinsiplar bugun ham amaliy ekanini nimadan ko‘rsak bo‘ladi?

14 Yusuf kek saqlamadi yoki o‘ch olmadi. Bu Xudoni mamnun qilishni istayotgan masihiylar uchun kechirimli bo‘lish borasida ajoyib o‘rnakdir. Qolaversa, bunday yo‘l tutish Isoning namunali ibodatiga muvofiq bo‘ladi. Chunki u bizga qarshi gunoh qilganlarni kechirishga undagan. (Mat. 6:9, 12) Shuningdek, havoriy Pavlus imondoshlariga: «Azizlarim, o‘zingiz uchun qasos olmanglar»,— deb maslahat bergan. (Rim. 12:19) Bundan tashqari, u: «Bir-biringizga chidamli bo‘linglar va hatto kimningdir boshqadan arz qilishga sababi bo‘lsa, uni chin dildan kechirsin»,— deb undagan. (Kolos. 3:13) Ha, Yahovaning prinsiplari o‘zgarmaydi. Levilar 19:18 ortidagi prinsiplar bugungi kunda ham amaliydir.

Tom ma’nodagi yarani tegavermaslik yaxshi bo‘lganidek, xafagarchilik haqida ham o‘ylamaslik yaxshi bo‘lardi. Uni ortda qoldirishga intilishimiz lozim (15-xatboshiga qarang.) *

15. Qaysi misol kechirish va unutish bizga yordam berishi mumkinligini tushunishimizga hissa qo‘shadi?

15 Bir misolga diqqat qarataylik. Yaralangan tuyg‘ularni tom ma’nodagi jarohatlarga o‘xshatish mumkin. Ba’zilari kichik, boshqalari esa kattaroq bo‘lar. Aytaylik, sabzavotlarni archiyotganda, barmog‘imizni kesib oldik. To‘g‘ri, bu og‘riqli bo‘ladi, lekin qisqa vaqt ichida og‘riq to‘xtaydi va jarohat olgan joy bitib ketadi. Bir yoki ikki kundan keyin balki qayerimiz kesilganini hatto bilmay qolarmiz. Shunga o‘xshab, bizga qarshi qilingan ba’zi narsalar unchalik muhim emasdir. Masalan, do‘stimiz bizni ranjitadigan gaplar aytishi yoki nimadir qilishi mumkin. Biroq uni osonlikcha kechiramiz. Ammo jarohatimiz jiddiyroq bo‘lsa, shifokorga murojaat qilamiz. U jarohatlangan joyni tikib, bint bilan bog‘lab qo‘yadi. Jarohatlangan joyni hadeb tegaversak, faqat o‘zimizga zarar yetkazamiz. Afsuski, qattiq xafa bo‘lgan inson shunday qilishi mumkin. U qanchalik qattiq xafa bo‘lgani va uni ranjitishgani haqida tinmay o‘ylar. Ammo kek saqlagan kishi faqat o‘ziga ziyon keltiradi. U Levilar 19:18 ga amal qilsa yaxshiroq bo‘lardi.

16. Isroilliklardan musofirlarga qanday muomala qilishi kutilardi va bundan qanday saboq olyapmiz? (Levilar 19:33, 34)

16 Yahova Isroil xalqiga yaqinini o‘zini sevganday sevishni aytganida, ular faqatgina o‘z irqi yoki millatidan bo‘lganlarni sevishi kerakligini anglatmagan. Ularga shuningdek, musofirlarni sevish amr etilgandi. Buni Levilar 19:33, 34 dagi (o‘qing) so‘zlardan ko‘rsak bo‘ladi. Isroilliklar musofirlarga «mahalliy aholi kabi» muomala qilishi va ularni o‘zlarini sevganday sevishi kutilardi. Masalan, ham isroilliklar, ham musofir-u kambag‘allar o‘rim-yig‘imdan qolgan boshoqlarni terishi mumkin edi. (Lev. 19:9, 10) Musofirlarni sevish to‘g‘risidagi prinsip bugungi masihiylarga ham tegishli. (Luqo 10:30–37) Qanaqasiga? Hozirda millionlab muhojirlar bor va ularning ayrimlari sizning hududingizda yashar. Muhojirlar xoh erkak, xoh ayol, xoh bola bo‘lsin, ularning bariga hurmat ila muomala qilishimiz kerak.

LEVILAR 19- BOB ORTIDAGI PRINSIPLAR

17, 18. a) Levilar 19:2 va 1 Butrus 1:15 bizni nimaga undashi kerak? b) Havoriy Butrus bizni qanday muhim ishda qatnashishga undagan?

17 Levilar 19:2 va 1 Butrus 1:15 da Xudoning xalqi muqaddas bo‘lishi kerakligi haqida aytilgan. Levilar 19 dagi boshqa ko‘p oyatlar yordamida Yahovaga ma’qul kelish uchun nima qilishimiz mumkinligini bilib olyapmiz. Bu oyatlarni ko‘rib chiqib, qilishimiz kerak bo‘lgan yaxshi va qochishimiz kerak bo‘lgan ba’zi yomon ishlarni aniqladik *. Yunoncha yozuvlardan Yahova o‘sha prinsiplarga amal qilishimizni xohlayotganini ko‘ryapmiz. Lekin havoriy Butrus yana bir fikrni qo‘shib qo‘ygan.

18 Turli ma’naviy ishlar bilan band bo‘lishimiz va ko‘p savob ishlar qilishimiz mumkin. Lekin havoriy Butrus yana bir narsaga alohida e’tibor qaratgan. Butun yurish-turishimizda muqaddas bo‘lishimiz kerakligini aytishdan avval u: «Zehningizni ishga solish uchun hozirlang»,— deb undagan. (1 Butr. 1:13, 15) Xo‘sh, bu ish nimani o‘z ichiga oladi? Butrus Masihning moylangan birodarlari ularni da’vat etgan Shaxsning «oliy fazilatlarini har yerda e’lon etishini» aytgan. (1 Butr. 2:9) Chindan ham Masihning barcha izdoshlari eng muhim ishda qatnashish sharafiga ega. Bu eng katta savob ish hisoblanadi. Muqaddas xalq sifatida va’z qilish va ta’lim berish ishida muntazam hamda g‘ayrat ila qatnashish o‘zgacha tuhfadir. (Mark 13:10) Levilar 19 dagi prinsiplarni qo‘llash uchun jon kuydirib, Xudoni va yaqinimizni sevishimizni ko‘rsatamiz. Qolaversa, butun yurish-turishimizda «muqaddas bo‘lishni» istayotganimizni isbotlaymiz.

111-QO‘SHIQ Yahova — chin shodlik Manbaidir

^ 5- x.b. Biz masihiylar Musoning Qonuni ostida emasmiz, lekin u yerda nima qilishimiz va nima qilmasligimiz kerakligi yozilgan. Bu fikrlarni bilib olish boshqalarga sevgimizni ko‘rsatishga va Xudoni mamnun qilishga ko‘maklashadi. Bu maqolada Levilar 19- bobdagi saboqlarni qanday qo‘llashimiz mumkinligi muhokama qilinadi.

^ 17- x.b. Oldingi va bu maqolalarda yuzxotirchilik ko‘rsatish, tuhmat qilish, qon iste’mol qilish, sehr-jodu bilan shug‘ullanish, folbinlik va jinsiy axloqsizlik haqida yozilgan oyatlarni muhokama qilmadik. (Lev. 19:15, 16, 26–29, 31) Ushbu sondagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.

^ 52- x.b. RASMLARGA SHARH. Yahovaning Shohidi qulog‘i eshitmaydigan birodarga shifokor bilan gaplashishga yordam beryapti.

^ 54- x.b. RASMLARGA SHARH. Ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanadigan birodarimiz ishchiga ish haqini beryapti.

^ 56- x.b. RASMLARGA SHARH. Imondoshimiz barmog‘idagi kichik jarohatni osonlikcha unutdi. Jarohat jiddiyroq bo‘lsa, u xuddi shunday qiladimi?