Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Sevinch ilohiy fazilatdir

Sevinch ilohiy fazilatdir

TABIIYKI, odamlar xursand bo‘lib yashashni istaydi. Ammo ushbu oxirzamonda har bir kishi «nihoyatda og‘ir» qiyinchiliklarga duch kelmoqda. (2 Tim. 3:1) Adolatsizlik, sog‘liq muammolari, ishsizlik, tushkunlik va boshqa tashvishlaru qayg‘ular tufayli ba’zilar asta-sekin sevinchini yo‘qotmoqda. Hatto Xudoning xizmatchisi ham tushkunlikka tushib, quvonchidan mahrum bo‘lishi hech gap emas. Agar siz bilan ham shunday bo‘lgan bo‘lsa, qanday qilib yana sevina olasiz?

Ushbu savolga javob topishdan avval aslida haqiqiy sevinch nima ekanini va boshqalar qiyinchiliklarga qaramay qay yo‘sin uni saqlab qolishganini ko‘rib chiqaylik. Shuningdek, sevinib yashash va hatto quvonchimizga quvonch qo‘shish uchun nima qilishimiz mumkinligini bilib olamiz.

SEVINCH BU NIMA?

Biz sevinchni shunchaki shodlik va xursandchilik bilan adashtirmasligimiz lozim. Masalan, ko‘p ichib olganidan keyin mast kishining kayfiyati chog‘ bo‘ladi. Ammo o‘ziga kelgach, u kulmaydi va yana qayg‘u hamda tashvishga to‘la hayotiga qaytadi. Uning bir lahzalik xursandchiligi haqiqiy sevinch emasdi. (Hik. 14:13)

Bundan farqli o‘laroq, sevinch qalbda chuqur ildiz otgan fazilatdir. Bu fazilatga «biron-bir yaxshi narsaga ega bo‘lish yoki uni kutishda paydo bo‘ladigan tuyg‘u», deb ta’rif berilgan. Sevinch vaziyat yomon yoki yaxshi bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zgarmaydigan xursandchilik va mamnunlik holatidir. (1 Salon. 1:6) To‘g‘ri, odamning nimadandir ruhi tushishi mumkin, lekin baribir qalbida sevinchni his etadi. Masalan, havoriylar Masih haqida gapirgani uchun savalangandi. Ammo ular «Isoning ismi uchun haqoratga sazovor bo‘ldik, deb Oliy Kengashdan suyunib chiqib ketishdi». (Havor. 5:41) Albatta, ular savalangani uchun xursand bo‘lmagan, balki Xudoning xizmatchilari sifatida Unga sodiq qolganidan haqiqiy sevinchni his etgan.

Biz bunday sevinch bilan tug‘ilmaganmiz va u o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Nega? Sababi, haqiqiy sevinch muqaddas ruh samarasidir. Xudoning muqaddas ruhi yordamida sevinch fazilatini o‘z ichiga oluvchi «yangi o‘zlikka» burkanishimiz mumkin. (Efes. 4:24; Galat. 5:22) Sevinchni rivojlantirganda tashvishlar bilan kurashishimiz osonroq bo‘ladi.

TAQLID QILISHGA ARZIGULIK MISOLLAR

Xudo yerni biz bugun tez-tez guvohi bo‘layotgan yomon narsalar emas, balki yaxshi narsalar uchun yaratgan. Ammo odamlarning yovuz ishlari Yahovani sevinchidan mahrum qilmadi. Muqaddas Kitobda: «Qudrat va shodlik Uning makonidadir»,— deb aytilgan. (1 Sol. 16:27) Bundan tashqari, xizmatchilari qilayotgan yaxshi ishlar ham Yahovaning qalbini quvontiradi. (Hik. 27:11)

Ishlar kutgandek bo‘lmasa, Yahovaga taqlid qilib haddan ortiq tashvishlanmasligimiz kerak. Sevinchimizni yo‘qotishdan ko‘ra, hozir ega bo‘lgan yaxshi narsalarga diqqat qaratib, kelajakda ishlar yanada yaxshiroq bo‘lishiga sabr-toqat qilishimiz lozim *.

Qiyinchiliklarga qaramay, sevinchini saqlab qolgan ko‘plab insonlarning misolini Muqaddas Kitobdan o‘qishimiz mumkin. Misol uchun, Ibrohim hayotiga xavf tug‘dirgan vaziyatlarga va boshqalar tomonidan qiyinchiliklarga duch kelgan. (Ibt. 12:10–20; 14:8–16; 16:4, 5; 20:1–18; 21:8, 9) Bunday bosimlarga qaramay, u qalbida sevinchni yo‘qotmagan. Qanaqasiga? Ibrohim Masihiy Shohlik boshqaruvi ostida yangi dunyoda yashash umidini yodida saqlagan. (Ibt. 22:15–18; Ibron. 11:10) Iso u haqida shunday degan: «Otangiz Ibrohim men qilayotgan ishlarni ko‘rishga umid bog‘lab, juda quvongandi». (Yuhan. 8:56) Biz ham kelajakdagi sevinch haqida fikr yuritib, Ibrohimga taqlid qilishimiz mumkin. (Rim. 8:21)

Ibrohim singari, havoriy Pavlus va uning hamkori Sila ham diqqatini Xudoning va’dalariga qaratishgan. Ular kuchli imonga ega edi va salbiy vaziyatlarga duch kelishsa ham, xursandchiligini yo‘qotishmagan. Masalan, ularni rosa savalab, qamoqxonaga tashlashganidan keyin ular «yarim kechada ibodat qilib, Allohga hamdu sanolar kuylab o‘tirishgan». (Havor. 16:23–25) Qolaversa, Pavlus va Sila umididan kuch olib, Isoning ismi uchun azob chekishganidan xursand edi. Biz ham ularga ergashgan holda Xudoga sadoqat ila xizmat qilish tufayli keladigan barakalarni yodda tutishimiz mumkin. (Filip. 1:12–14)

Bugun ham qiyinchiliklar qarshisida xursandchilikni saqlab qolayotgan ko‘pgina qadrdon imondoshlarimiz bor. Masalan, 2013- yili Filippin markaziga yopirilgan shiddatli «Xayyan» tayfuni 1 000 dan oshiq Yahova Shohidlarining uyini vayron qildi. Takloban shahrida uyini suv oqizib ketgan Jorj shunday dedi: «Bo‘lib o‘tganlarga qaramay, birodarlarimiz xursand. His qilayotgan quvonchimni tasvirlashga til ojiz». Ha, Yahova biz uchun nima qilgani borasida minnatdorchilik ila fikr yuritsak, har qanday qiyinchilikka duch kelganda xursand bo‘lib qola olamiz. Xo‘sh, xursand bo‘lishimiz uchun Yahova nima qildi?

XURSAND BO‘LISH UCHUN SABABLAR

Xudo bilan shaxsiy munosabatlarga ega ekanimiz xursand bo‘lishimiz uchun eng yaxshi sababdir, shunday emasmi?! Bir o‘ylab ko‘ring: biz Sarvari Koinotni yaqindan bilamiz. U Otamiz, Xudoyimiz va Do‘stimizdir. (Zab. 71:17, 18)

Shuningdek, biz hayot tuhfasini va rohat ko‘rib yashash qobiliyatini qadrlaymiz. (Voiz 3:12, 13) Ongli mavjudotlar sifatida Yahova bizni O‘ziga jalb qilgan. Shu sababli, biz uchun Uning irodasi nimadan iborat ekanini tushunamiz. (Kolos. 1:9, 10) Shuning uchun ham, hayotimizda haqiqiy ma’no va maqsad bor. Ko‘p insonlar esa hayotning mazmuni nimada ekanini tushunmaydi. Pavlus buni quyidagicha ta’kidlagan: «“Alloh Uni sevganlar uchun nimalarni tayyorlab qo‘yganini ko‘z ham ko‘rmagan, quloq ham eshitmagan va odamning xayoliga ham kelmagan”. Bizga esa Tangri bularni O‘z ruhi orqali ochib berdi». (1 Kor. 2:9, 10) Yahovaning irodasi va maqsadini anglaganimizdan nahot sevinchga to‘lmasak?!

Yahova xizmatchilari uchun yana nimalar qilgani borasida o‘ylab ko‘ring. Gunohlarimiz kechirilishi mumkinligini bilishdan baxtiyormiz, shunday emasmi?! (1 Yuhan. 2:12) Xudoning marhamati tufayli yaqinda bo‘ladigan yangi dunyoda yashash umidiga egamiz. (Rim. 12:12) Hozirning o‘zida Yahova tufayli aziz imondoshlarimiz bor. (Zab. 133:1) Bundan tashqari, Muqaddas Kitobdan shuni bilib olyapmizki, Yahova O‘z xalqini Shayton va uning jinlaridan himoya qiladi. (Zab. 91:11) Allohning ushbu barakalari ustida mulohaza yuritsak, xursandchiligimiz yanada oshganini sezamiz. (Filip. 4:4)

XURSANDCHILIGIMIZNI QANDAY OSHIRSAK BO‘LADI?

Biz yanada ko‘proq sevina olamizmi? Iso quyidagicha aytgan: «Sizlar menda bor bo‘lgan quvonchni to‘laligicha his eting deb, bularni sizlarga aytyapman». (Yuhan. 15:11) Bu so‘zlardan biz xursandchiligimizni oshirishimiz mumkinligi ko‘rinyaptimi? Xursandchilikni oshirishni olovni alangalatib turish bilan solishtirsa bo‘ladi. Olov o‘chmasligi uchun unga o‘tin tashlab turish kerak. Shunga o‘xshab, quvonchingizni oshirish uchun ma’nan oziqlanishingiz zarur. Unutmangki, sevinch muqaddas ruh samarasidir! Shunday ekan, Yahovadan doim muqaddas ruh so‘rab va Uning Kalomi ustida ibodat ila mulohaza yuritib xursandchiligingizni oshirishingiz mumkin. (Zab. 1:1, 2; Luqo 11:13)

Buning ustiga, Yahovani mamnun etadigan ishlar bilan band bo‘lib yanada ko‘proq sevina olasiz. (Zab. 35:27; 112:1) Nega deganda, biz Allohdan qo‘rqish, Uning amrlariga rioya qilish uchun yaratilganmiz va bu «insonning burchidir». (Voiz 12:13) Boshqacha qilib aytganda, biz Xudoning irodasini bajarish uchun yaratilganmiz. Shu sababli, Yahovaga xizmat qilganimizda zavq-shavqqa to‘lishimiz tabiiy *.

SEVINCHNING IJOBIY TA’SIRI

Ilohiy sevinchni rivojlantirganimiz sayin ichimizda o‘zimizni qanday his qilayotganimizdan ko‘proq foydani sezamiz. Masalan, qanday muammo bo‘lishidan qat’i nazar, osmondagi Otamizga quvonch ila xizmat qilganimizda, Uni yana ham mamnun etamiz. (Qonun. 16:15; 1 Salon. 5:16–18) Qolaversa, haqiqiy quvonchga ega bo‘lganimiz tufayli pulparastlikdan qochib, Xudoning Shohligi uchun ko‘proq fidoyilik ko‘rsatish yo‘llarini izlaymiz. (Mat. 13:44) Buning natijasida olgan barakalarimiz tufayli yanada quvonchga to‘lib, o‘zimizni yaxshiroq his etamiz va boshqalarga ham xursandchilik ulashamiz. (Havor. 20:35; Filip. 1:3–5)

«Agar hozir hayotingizdan xursand va mamnun bo‘lsangiz, kelajakda sog‘lom bo‘lishingiz ehtimoldan yiroq emas». Qo‘shma Shtatlardagi Nebraska Universiteti tadqiqotchisi sog‘liqqa oid bir necha izlanishlarni kuzatgach, mazkur so‘zlarni aytdi. Ushbu so‘zlar Muqaddas Kitobdagi quyidagi oyatga uyg‘undir: «Shod yurak shifobaxsh malhamdaydir». (Hik. 17:22) Ha, xursandchiligingiz oshgani sayin jismoniy sog‘lig‘ingiz ham yaxshilanishi turgan gap.

Ibodatda muqaddas ruh so‘rab, tadqiq o‘tkazib va Muqaddas Kitob borasida fikr yuritib, qiyinchiliklarda ham haqiqiy va abadiy quvonchi saqlab qola olamiz. Bundan tashqari, barakalarimiz ustida mulohaza yuritib, boshqalarning imoniga taqlid qilib va Xudoning irodasini bajarish payida bo‘lib quvonchimizga quvonch qo‘sha olamiz. Shunda, Zabur 64:10 dagi so‘zlar chin ekaniga amin bo‘lamiz: «Odil inson Yahova tufayli shod bo‘lib, Unda panoh topadi».

^ 10- x.b. Sabr-toqat fazilati «muqaddas ruh samarasi» turkumidagi keyingi maqolalarda ko‘rib chiqiladi.

^ 20- x.b. Xursandchiligingizni yanada oshirish uchun « Quvonchni oshirishning boshqa yo‘llari» nomli ramkaga qarang.