8- TADQIQ MAQOLASI
Maslahatingiz «qalbni shod» etyaptimi?
Moy va xushbo‘y tutatqi qalbni shod etadi, chin dildan maslahat bergan do‘st ham shundaydir. HIK. 27:9
102-QO‘SHIQ «Muhtojlarga yordam bering»
BU MAQOLADA *
1, 2. Maslahat berish borasida bir birodarimiz nimani o‘rgandi?
KO‘P YILLAR avval ikkita oqsoqol qaysidir vaqt davomida yig‘ilishlarga bormagan opamiznikiga tashrif buyurdi. Ulardan biri yig‘ilishlarga borishga undaydigan bir nechta oyatni o‘qib berdi. U bu suhbat opamizga dalda berdi, deb o‘yladi. Lekin ular ketayotganida opamiz: «Eh birodarlar, qanday muammolarga duch kelayotganimni bilsangiz edi»,— dedi. Ikkita oqsoqol opamizning muammolari va sharoiti haqida hech narsa so‘ramay maslahat bergandi. Natijada, opamiz ularning maslahatidan foyda olmadi.
2 O‘tmishga qarab, oyatlarni o‘qigan oqsoqol shunday dedi: «O‘shanda imondoshimiz menga hurmatsizlik qildi, deb tushungandim. Hozir o‘ylab qarasam, mos keladigan oyatlarni o‘qibman-u, lekin mos keladigan savollarni bermabman. Masalan, undan: “Qanday qiyinchiliklarni boshdan kechiryapsiz? Sizga qanday yordam bera olaman?” — deb so‘rashim mumkin edi». Bu oqsoqol o‘ziga qimmatli saboq oldi. Hozirda u hamdard va yordam berishga tayyor cho‘pon sifatida xizmat qilyapti.
3. Jamoatda kimlar maslahat berishi mumkin?
3 Cho‘ponlar sifatida oqsoqollar kerak bo‘lganida maslahat berishga mas’uldir. Lekin ba’zida jamoatdagi boshqalar ham maslahat beradi. Masalan, birodar, opa yoki singil do‘stiga Muqaddas Kitob asosida maslahat berishi mumkin. (Zab. 141:5; Hik. 25:12) Yo bo‘lmasa, yoshi katta opamiz singlimizga Titusga 2:3–5 da tilga olingan masalalar bo‘yicha maslahat berar. Albattaki, ota-onalar farzandlariga tez-tez maslahat berib, ularni to‘g‘rilab turadi. Bu maqola birinchi navbatda oqsoqollarga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, maslahat berish borasidagi fikrlarni ko‘rib chiqish barchamiz uchun foydalidir. Ular amaliy, undovchi va «qalbni shod etadigan» tarzda maslahat berishimizga yordam beradi. (Hik. 27:9)
4. Bu maqolada nimalarni muhokama qilamiz?
4 Bu maqolada maslahat berish borasida quyidagi to‘rtta savolni muhokama qilamiz: «1) Qaysi niyatda maslahat beryapman? 2) Chindan ham maslahat berish lozimmi? 3) Maslahatni kim berishi kerak? 4) Qanday qilib foydali maslahat berish mumkin?»
QAYSI NIYATDA MASLAHAT BERYAPMAN?
5. Oqsoqollar maslahatni sevgi ila bersa, nega uni qabul qilish osonroq kechadi? (1 Korinfliklarga 13:4, 7)
5 Oqsoqollar birodar-u opa-singillarni yaxshi ko‘radi. Ba’zida ular kimdir ma’naviy xavf ostida ekanini ko‘rsa, unga maslahat berish orqali sevishini ko‘rsatadi. (Galat. 6:1) O‘sha inson bilan gaplashishdan oldin oqsoqol havoriy Pavlus quyida aytib o‘tgan sevgining ba’zi qirralari ustida mulohaza yuritishi mumkin: «Sevgi sabr-toqatli va mehribondir. [...] Sevgi har narsani ko‘taradi, hamma narsaga ishonadi, har narsaga umid qiladi, hamma narsaga chidaydi». (1 Korinfliklarga 13:4, 7 ni o‘qing.) Bu oyatlar ustida mulohaza yuritish oqsoqolga qaysi niyatda maslahat berayotganini va birodariga qanday nuqtai nazarda ekanini tekshirishga yordam beradi. Kishi oqsoqollar uni yaxshi ko‘rgani uchun maslahat berayotganini tushunsa, uni qabul qilishi osonroq bo‘ladi. (Rim. 12:10)
6. Pavlus qanday o‘rnak qoldirdi?
6 Pavlus oqsoqol sifatida yaxshi o‘rnak ko‘rsatgan. Masalan, Salonikadagi imondoshlari maslahatga muhtoj bo‘lganida, Pavlus ularga bu haqda yozishga ikkilanmagan. Ammo u maktublarida birodarlarining imon va sevgi ila qilayotgan mehnatiga hamda sabr-bardoshiga diqqat qaratgan. Qolaversa, Pavlus ularning sharoiti haqida o‘ylagan hamda hayoti oson emasligini va ular ta’qiblarda sabr-bardoshli ekanini aytib o‘tgan. (1 Salon. 1:3; 2 Salon. 1:4) Bundan tashqari, u ular boshqa masihiylar uchun o‘rnak ekanini yozgan. (1 Salon. 1:8, 9) Pavlusning iliq maqtovlarini o‘qib Salonikadagi masihiylarning boshi ko‘kka yetgan bo‘lsa kerak. Shubhasizki, Pavlus ularni qattiq yaxshi ko‘rgan. Shuning uchun, salonikaliklarga yo‘llagan ikkita maktubida u samarali tarzda maslahat bera olgan. (1 Salon. 4:1, 3–5, 11; 2 Salon. 3:11, 12)
7. Nega ba’zilar maslahatga salbiy munosabat bildirishi mumkin?
7 Maslahatni noto‘g‘ri tarzda bersak nima bo‘lishi mumkin? Tajribali bitta oqsoqol shunday dedi: «Ba’zilar maslahatga salbiy munosabat bildiradi. Ular maslahat noto‘g‘ri bo‘lgani uchun emas, balki u sevgi ila berilmagani uchun bunday qiladi». Xo‘sh, bu borada bizga nima yordam berishi mumkin? Agar maslahatni jahl bilan emas, sevgi ila bersak, uni qabul qilish osonroq kechadi.
CHINDAN HAM MASLAHAT BERISH LOZIMMI?
8. Maslahat berishdan oldin oqsoqol o‘ziga qanday savollar berishi kerak?
8 Oqsoqol maslahat berishga shoshilmasligi kerak. Bunday qilishdan oldin u o‘zidan shunday so‘rasa bo‘ladi: «Chindan ham nimadir deyishim kerakmi? Uning xatti-harakati noto‘g‘ri ekaniga aminmanmi? Muqaddas Kitobga zid yo‘l tutyaptimi yoki shunchaki nuqtai nazarlar farq qilyaptimi?» Oqsoqollar donolikni namoyon etib «o‘ylamay so‘zlashdan» qochishadi. (Hik. 29:20) Oqsoqol kimgadir maslahat berishga ikkilansa, boshqa oqsoqoldan Muqaddas Kitobga zid yo‘l tutilyaptimi yoki yo‘qmi so‘rashi mumkin. (2 Tim. 3:16, 17)
9. Kiyinish va pardoz-andoz borasida maslahat berishda Pavlusdan qanday saboq olyapmiz? (1 Timo‘tiyga 2:9, 10)
9 Quyidagi vaziyatni olaylik. Aytaylik, oqsoqol imondoshining kiyinish tarzi va pardoz-andozidan biroz xavotirlanyapti. U o‘ziga shunday savol berib ko‘rishi mumkin: «Imondoshimga biron nima aytish uchun Muqaddas Kitob asosida sababim bormi?» Oqsoqol vaziyatga kengroq qarashni istab, boshqa oqsoqol yoki ma’nan yetuk masihiy bilan fikrlarini bo‘lishar. Ular kiyinish va pardoz masalasidagi Pavlusning maslahatlarini birgalikda ko‘rib chiqishi mumkin. (1 Timo‘tiyga 2:9, 10 ni o‘qing.) U keng qamrovli prinsiplarni keltirgan. Ularga ko‘ra, masihiylar munosib tarzda, fahm-farosat va or-nomus bilan kiyinishi kerak. Pavlus nima mumkin va nima mumkin emasligi borasida qoidalar ro‘yxatini keltirmagan. Aksincha, u har bir masihiy Muqaddas Kitob prinsiplarini qo‘llab, didiga mos ravishda kiyinishga haqli ekanini tushungan. Shu bois, maslahat berish-bermaslik borasida qaror chiqarayotganda, oqsoqollar kishining tanlovi u fahm-farosatli va or-nomusli ekanini ko‘rsatyaptimi yo yo‘qmi o‘ylab ko‘rishi kerak.
10. Boshqalarning qarorini hurmat qilishimizga nima yordam beradi?
10 Ikkita ma’nan yetuk masihiy har xil qaror chiqarishi mumkinligini yodda tutsak yaxshi bo‘lardi. Lekin bu ulardan biri to‘g‘ri, boshqasi esa noto‘g‘ri yo‘l tutishini anglatmaydi. Bizning fikrimizcha to‘g‘ri bo‘lgan me’yorlarni imondoshlarimizga o‘tkazmasligimiz kerak. (Rim. 14:10)
MASLAHATNI KIM BERISHI KERAK?
11, 12. Maslahat berish kerak bo‘lganida oqsoqol o‘ziga qanday savollarni berishi kerak va nega?
11 Maslahat berish kerak deb hisoblansa uni kim berishi kerak? Bolalar yoki turmush qurgan opa-singillarga maslahat berishdan oldin oqsoqol oila boshi bilan kelishib oladi. Sababi oila boshi masalani o‘zi hal qilishni istar yoki oqsoqol ularga maslahat berayotganida, u ham o‘sha yerda bo‘lishni xohlar *. Qolaversa, 3- xatboshida aytilganiday, ba’zida yoshi katta opamiz singlimizga maslahat berishi mumkin.
12 Yana bir omilni inobatga olish kerak. Oqsoqol o‘ziga shunday savol berib ko‘rsa bo‘ladi: «Men maslahat bersam yaxshimi yoki uni boshqa odam bersa o‘rinlimi?» Masalan, o‘zini arzimas his qilayotgan imondoshimizga shu kabi qiyinchilikni boshdan o‘tkazgan oqsoqol maslahat bersa, ehtimol, yaxshiroq bo‘lardi. U bu imondoshimiznikiga o‘xshash tuyg‘ularni boshdan kechirgani tufayli hamdardlikni yaxshiroq namoyon eta oladi. Imondoshimiz esa uning aytganlarini tayyorlik ila qabul qilishi mumkin. Lekin kimdir Muqaddas Kitob asosida qandaydir o‘zgarish qilishi kerak bo‘lsa, uni bunga undashda barcha oqsoqollar mas’uldir. Shu bois, oqsoqol shunga o‘xshash vaziyatni boshidan o‘tkazmagan bo‘lsa ham u maslahat beradi.
QANDAY QILIB FOYDALI MASLAHAT BERISH MUMKIN?
13, 14. Nega oqsoqollar tinglashi muhim?
13 Tinglashga tayyor bo‘ling. Oqsoqol maslahat berishdan avval tayyorlanadi va o‘ziga shunday savollar berib ko‘radi: «Birodarimning vaziyati haqida nimalarni bilaman? Hayotida nima yuz beryapti? Men xabardor bo‘lmagan qiyinchiliklari bormikin? Hozir u nimaga muhtoj?»
14 Yoqub 1:19 dagi prinsip maslahat beradiganlarga ajoyib tarzda qo‘l keladi. Yoqub shunday yozgan: «Har bir kishi tinglashga tayyor bo‘lsin. So‘zlashga va g‘azablanishga esa shoshilmasin». Oqsoqol vaziyatdan xabardorman, deb o‘ylashi mumkin. Lekin aslida ham shundaymi? Hikmatlar 18:13 bizga quyidagini eslatyapti: «Tinglamasdan javob berish, ahmoqlik va sharmandalikdir». Vaziyatdan xabardor bo‘lish uchun siz maslahat bermoqchi bo‘lgan kishining o‘zidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘rasangiz bo‘ladi. Bu gapirishdan oldin tinglashni o‘z ichiga oladi. Maqolaning boshida tilga olingan oqsoqol qanday saboq olganini eslang. U suhbatni tayyorlab kelgan fikrlari bilan emas, balki quyidagi savollar bilan boshlashi kerakligini tushungan: «Qanday qiyinchiliklarni boshdan kechiryapsiz? Sizga qanday yordam bera olaman?» Oqsoqollar vaziyatdan to‘liq xabardor bo‘lish uchun vaqt ajratsa, birodar-u opa-singillarga ko‘proq yordam va dalda berishi mumkin.
15. Qay yo‘sin oqsoqollar Hikmatlar 27:23 dagi prinsipni amalda qo‘llay oladi?
15 Suruvni yaqindan bilib oling. Maqolaning boshida aytilganiday, maslahat foyda keltirishi uchun bir nechta oyatni o‘qishning yoki bir-ikkita tavsiya berishning o‘zi yetarli emas. Imondoshlarimiz ularga g‘amxo‘rlik qilayotganimizni, ularni tushunayotganimizni va ularga yordam berishni istayotganimizni his qilishi kerak. (Hikmatlar 27:23 ni o‘qing.) Oqsoqollar birodar-u opa-singillari bilan yaqin do‘st bo‘lishi lozim.
16. Foydali maslahat berishda oqsoqollarga nima yordam beradi?
16 Oqsoqollar imondoshlarida ular faqatgina noto‘g‘ri yo‘l tutganida maslahat berish uchun gaplashadigan shaxs sifatida taassurot qoldirmasligi kerak. Aksincha, ular imondoshlar bilan tez-tez suhbatlashishi va qiyinchilikka duch kelayotganida, ularga g‘amxo‘rlik qilishi lozim. Bitta tajribali oqsoqol shunday deb bo‘lishdi: «Bunday yo‘l tutsangiz, imondoshlar bilan bo‘lgan munosabatingiz yanada qalinlashadi. Shunda maslahat berishga to‘g‘ri kelganda bu osonroq kechadi». Shuningdek, maslahat olayotgan kishiga ham uni qabul qilish uncha muammo tug‘dirmaydi.
17. Ayniqsa qachon oqsoqol sabrli va mehribon bo‘lishi lozim?
17 Sabrli va mehribon bo‘ling. Agar biron kishi Muqaddas Kitobga asoslangan maslahatni avvaliga qabul qilishni xohlamasa, ayniqsa, sabrli va mehribon bo‘lish kerak. Oqsoqol imondoshi u bergan maslahatni darrov qabul qilmasa yoki unga amal qilmasa, achchiqlanmasligi lozim. Muqaddas Kitobda Iso haqida shunday deyilgan: «Bukik qamishni sindirmaydi, lipillayotgan pilikni ham o‘chirmaydi». (Mat. 12:20) Shunday ekan, oqsoqol maslahat berilayotgan kishi uchun ibodat qilishi mumkin. Masalan, u Yahovadan o‘sha kishiga baraka berishini, nega u bu maslahatga muhtoj ekanini va unga amal qilishi kerakligini tushunishiga yordam berishini so‘rar. Maslahat olgan birodar unga aytilgan so‘zlar ustida fikr yuritib ko‘rishi uchun vaqt kerak bo‘lar. Agar oqsoqol sabrli va mehribon bo‘lsa, o‘sha birodar uchun maslahatga amal qilish osonroq bo‘ladi. Albattaki, maslahat Xudoning Kalomiga asoslangan bo‘lishi kerak.
18. a) Maslahat berish borasida nimalarni yodda tutishimiz kerak? b) Ramka va rasmga binoan, ota-ona nimani muhokama qilyapti?
18 Xatolaringizdan saboq oling. Nomukammal ekanmiz, ushbu maqolada keltirilgan tavsiyalarga mukammal darajada amal qila olmaymiz. (Yoqb. 3:2) Xatolarga yo‘l qo‘yamiz, bu yuz berganida ulardan saboq olishga harakat qilishimiz kerak. Birodar-u opa-singillarimiz ularga bo‘lgan sevgimizni his qilsa, so‘zimiz yoki ishimiz bilan ularni xafa qilganimizda, bizni kechirishi osonroq bo‘lar. (« Ota-ona uchun eslatma» nomli ramkaga ham qarang.)
NIMALARNI BILIB OLDIK?
19. Qay yo‘sin birodaru opa-singillarning qalbini shod eta olamiz?
19 Ko‘rib chiqqanimizday, foydali maslahat berish oson emas. Maslahat beradiganlar ham, uni oladiganlar ham nomukammal. Ushbu maqoladagi prinsiplarni yodda saqlang. Maslahatni to‘g‘ri niyat bilan berayotganingizga amin bo‘ling. Shuningdek, imondoshingiz maslahatga muhtoj ekaniga hamda uni aynan siz berishingiz kerakligiga ishonch hosil qiling. Imondoshingiz boshdan kechirayotgan qiyinchiliklarni tushunish uchun maslahat berishdan oldin unga savollar bering va diqqat ila tinglang. Vaziyatga uning nuqtai nazari bilan qarashga intiling. Muloyim bo‘ling va birodar-u opa-singillar bilan bo‘lgan do‘stligingizni mustahkamlang. Maqsadni, ya’ni maslahatimiz nafaqat foydali, balki «qalbni shod etishi» kerakligini yodda saqlang. (Hik. 27:9)
103-QO‘SHIQ Cho‘ponlar — Alloh bergan hadyalar
^ 5- x.b. Maslahat berish doim ham oson emas. Xo‘sh, bunday qilishimizga to‘g‘ri kelganida, qay yo‘sin boshqalarga foyda keltiradigan va dalda baxsh etadigan tarzda maslahat bera olamiz? Ushbu maqola birinchi navbatda oqsoqollarga qalbni shod etadigan tarzda maslahat berishga ko‘maklashadi.
^ 11- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2021-yil fevral sonidagi «Jamoatdagi oqsoqollarning hokimiyatini tushunish» nomli maqolaga qarang.