Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Hayvonlarni qalin sifatida berish mumkin edi

Bilasizmi?

Bilasizmi?

Nima uchun qadimda isroilliklar qalin to‘lagan?

QADIMDA to‘y masalasi kelishib olinayotganda, kuyov kelinning oilasiga qalin to‘lagan. Bu qimmatbaho buyum, hayvon yoki pul bo‘lishi mumkin edi. Ba’zida esa kuyov kelinning oilasi uchun ishlab bergan. Masalan, Yoqub Rohilani xotinlikka olish niyatida u uchun yetti yil ishlab berishga rozi bo‘lgan. (Ibt. 29:17, 18, 20) Qiziq, bu urf-odatning maqsadi nima edi?

Kerol Meyyers ismli ilohiyotshunos shunday dedi: «Qiz endi otasining uyida ishlamagani tufayli u qilgan mehnatning — bu qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullangan oilalarda muhim edi — bahosini to‘lash niyatida qalin berilishi mumkin edi». Shuningdek, bu nikoh rishtalari bilan bog‘lanayotgan oilalarga o‘zaro yaqin munosabatlarni mustahkamlashga yordam berardi. O‘sha oila a’zolar bir-birini og‘ir paytlarda qo‘llab-quvvatlay olardi. Bundan tashqari, qalin qiz unashtirilganini va endi otasi emas, eri unga g‘amxo‘rlik va uni himoya qilishini tasdiqlardi.

Qalin to‘lash ayolni go‘yoki biron buyumday sotib olish mumkinligini anglatmasdi. Bir kitobda quyidagicha yozilgan: «Kelinning oilasiga muayyan miqdorda pul yoki shu bahoga teng biron narsa berish Isroilda nikohni sotib olsa bo‘ladi degan taassurot qoldirishi mumkin edi. Lekin bu ayolning oilasi uchun yordam bo‘lgan, xolos. Chunki buyog‘iga u ular bilan yashamasdi». («Ancient Israel —Its Life and Institutions»)

Ba’zi mamlakatlarda odamlar qalin to‘lashda davom etyapti. Masihiy ota-ona qalin berishni so‘raganida, haddan tashqari ko‘p talab qilmasligi lozim. Shu yo‘sin ular: «Mulohazakor ekaningiz hamma odamlarga ma’lum bo‘lsin»,— degan maslahatga amal qiladi. (Filip. 4:5; 1 Kor. 10:32, 33) Bunday yo‘l tutib, ular «pulparast» yoki ochko‘z emasligini ko‘rsatadi. (2 Tim. 3:2) Qolaversa, masihiy ota-ona katta qalin talab qilmasa, kuyov uni to‘lash uchun to‘yni ortga surish bosimini his qilmaydi. Yoki uni to‘lashga puli yetishi uchun kun bo‘yi ishlash maqsadida kashshoflikni qoldirishga majbur bo‘lmaydi.

Ba’zi mamlakatlarda qancha qalin to‘lash qonun tomonidan belgilanadi. Bunday vaziyatda masihiy ota-onalar qonunga bo‘ysunadi. Nega deganda, Muqaddas Kitob masihiylarni «hukmron hokimiyatga» va Xudoning qonunlariga zid bo‘lmagan qonunlarga bo‘ysunishga undayapti. (Rim. 13:1; Havor. 5:29)