Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

29-TADQIQ MAQOLASI

O‘z yutuqlaringiz bilan suyuning!

O‘z yutuqlaringiz bilan suyuning!

Har kim o‘z ishini tekshirsin, shunda o‘zini boshqalar bilan solishtirmay o‘ziga qarasagina, suyunishga sabab topadi. GALAT. 6:4

34-QO‘SHIQ Benuqson bo‘lib yuring

BU MAQOLADA *

1. Nega Yahova bizni boshqalar bilan solishtirmaydi?

TANGRI YAHOVA xilma-xillikni yaxshi ko‘radi. Bu Uning ajoyib ijodlarida, jumladan, insonlarda yaqqol aks etgan. Har birimiz o‘zgachamiz. Shu bois, Yahova sizni boshqalar bilan aslo solishtirmaydi. U qalbingizni — ichki olamingizni ko‘radi. (1 Shoh. 16:7) U, shuningdek, sizning kuchli va zaif tomonlaringizni hamda kelib chiqishingizni inobatga oladi. Bundan tashqari, kuchingizdan ortig‘ini talab qilmaydi. Biz Yahovaga o‘zimizga Uning nuqtai nazari bilan qarash orqali taqlid qilishimiz kerak. Shunda «aqli raso» inson sifatida o‘zimiz haqimizda keragidan ortiq yoki keragidan kam o‘ylamaymiz. (Rim. 12:3)

2. Nega o‘zimizni boshqalar bilan solishtirish yaxshi emas?

2 Albatta, xizmatda samara keltirayotgan sadoqatli birodar-u opa-singillarimizning yaxshi misolini kuzatib foyda olishimiz mumkin. (Ibron. 13:7) Shunda, qay yo‘sin va’zgo‘ylik mahoratimizni yanada oshirish mumkinligini ko‘rarmiz. (Filip. 3:17) Lekin birovning yaxshi o‘rnagiga ergashish va qadrimizni pasaytirish uchun o‘zimizni u bilan solishtirish orasida farq bor. Bunday solishtirish sizda hasad paydo bo‘lishiga, tushkunlikka tushib, hatto o‘zingizni arzimas deb bilishingizga sabab bo‘lishi mumkin. Oldingi maqoladan bilib olganimizday, jamoatdagilar bilan raqobatlashish ma’naviy zarar keltirishi mumkin. Shu sababli, Yahova bizni sevgi ila quyidagicha undamoqda: «Har kim o‘z ishini tekshirsin, shunda o‘zini boshqalar bilan solishtirmay o‘ziga qarasagina, suyunishga sabab topadi». (Galat. 6:4)

3. Qanday ma’naviy yutuqlarga erishdingiz?

3 Yahova ma’naviy yutuqlaringiz bilan suyunishingizni xohlayapti. Masalan, suvga cho‘mgan bo‘lsangiz, bu maqsadga erishganingizdan xursand bo‘lishingiz mumkin. Bunday qarorni o‘zingiz chiqargansiz. Uni Xudoga bo‘lgan sevgi asosida qilgansiz. Endi esa suvga cho‘mganingizdan keyin qanday yutuqlarga erishganingiz haqida bir o‘ylab ko‘ring. Misol uchun, Muqaddas Kitobni shaxsan o‘qishga va tadqiq qilishga nisbatan sevgingiz oshdimi? Ibodatlaringiz yanada ma’noli va chin yurakdan bo‘ldimi? (Zab. 141:2) Va’zgo‘ylikda yanada gapga chechan va asboblarimizdan yanada samarali foydalanishga o‘rgandingizmi? Oilangiz bo‘lsa, Yahova sizga yaxshiroq er, rafiqa yoki ota-ona bo‘lishingizga yordam berdimi? Bu kabi sohalarda erishgan yutuqlaringizdan baxtiyor va juda mamnundirsiz.

4. Bu maqoladan nimalarni bilib olamiz?

4 Biz boshqalarga ma’naviy yutuqlaridan suyunishga ko‘maklasha olamiz. Shuningdek, ularga o‘zini boshqalar bilan solishtirishdan qochishga yordam bera olamiz. Ushbu maqolada ota-ona farzandiga, turmush o‘rtoqlar bir-biriga va oqsoqollar hamda boshqalar imondoshlariga qay yo‘sin yordam berishi mumkinligini bilib olamiz. Nihoyat, qobiliyatlarimiz-u vaziyatimizdan kelib chiqqan holda, erishib bo‘ladigan maqsadlar qo‘yishimizga yordam beradigan Muqaddas Kitobdagi ba’zi prinsiplarni ko‘rib chiqamiz.

OTA-ONALAR VA TURMUSH O‘RTOQLAR NIMA QILA OLADI?

Ota-onalar, farzandlaringizning harakatlarini qadrlayotganingizni ko‘rsating (5-, 6-xatboshilariga qarang.) *

5. Efesliklarga 6:4 ga ko‘ra, ota-ona nima qilishdan qochishi kerak?

5 Ota-ona farzandini boshqasi bilan solishtirishdan yoki uning kuchidan ortig‘ini talab qilishdan ehtiyot bo‘lishlari lozim. Agar ota-ona bunday qilsa, farzandining g‘ashini keltirishi hech gap emas. (Efesliklarga 6:4 ni o‘qing.) Satiko * ismli opamiz quyidagicha bo‘lishdi: «Maktabda ustozlarim sinfdoshlarimdan yaxshiroq o‘qishimni kutardi. Qolaversa, onam o‘qituvchimga va Yahovaning Shohidi bo‘lmagan otamga yaxshi shohidlik bo‘lishi uchun maktabda a’lo baholarga o‘qishimni istardi. Ha, onam imtihonlarimni xatosiz topshirishimni xohlardi, ammo bu imkonsiz edi. Maktabni bitirganimga ko‘p yillar bo‘lgan bo‘lsa-da, gohida Yahovaga qo‘limdan kelgan eng yaxshisini beryapmanmikin, deb o‘ylanib qolaman».

6. Ota-onalar Zabur 131:1, 2 dan qanday saboq olishi mumkin?

6 Ota-onalar Zabur 131:1, 2 dan (o‘qing) qimmatbaho saboq olishi mumkin. Shoh Dovud «buyuk narsalarga intilmagani» yoki erishish u uchun juda qiyin narsalar payida bo‘lmagani to‘g‘risida aytib o‘tgan. Uning kamtarligi va o‘z haddini bilishi uni «tinchlantirib, yupatdi». Ota-onalar Dovudning so‘zlaridan nimalarni o‘rganishi mumkin? Ular nafaqat o‘ziga nisbatan kamtarin yoki imkoniyatlari chegaralanganini tushunishi lozim, balki farzandiga kelganda ham shunday nuqtai nazarda bo‘lishi kerak. Ota-ona farzandiga erishib bo‘ladigan maqsadlar qo‘yishga yordam berish orqali kuchli va zaif tomonlarini inobatga olgan holda uni mustahkamlay oladi. Marina ismli imondoshimiz shunday dedi: «Onam hech qachon meni akam, ikkita ukam yoki boshqa bolalar bilan solishtirmagan. U barchaning qobiliyatlari turlicha ekanini va Yahova har birimizni qadrlashini aytardi. Onamdan minnatdorman. O‘zimni boshqalar bilan deyarli solishtirmayman».

7, 8. Qay yo‘sin er rafiqasini e’zozlashini ko‘rsata oladi?

7 Masihiy er xotinini e’zozlashi lozim. (1 Butr. 3:7) E’zozlash boshqalarga o‘zgacha e’tibor qaratishni va hurmat qilishni o‘z ichiga oladi. Masalan, er rafiqasidan kuchidan ortig‘ini talab qilmaydi. Qolaversa, uni boshqa ayollar bilan solishtirmaydi. Er bunday qilsa, bu xotiniga qanday ta’sir qilishi mumkin? Roza ismli opamizning eri Yahovaning Shohidi emas va u ko‘pincha opamizni boshqa ayollar bilan solishtiradi. Uning bemehr so‘zlari dastidan Roza nafaqat o‘zini yomon his qilardi, balki kimdir uni yaxshi ko‘rishiga deyarli ishonmay qo‘ydi. U quyidagicha dedi: «Yahova meni qadrlashini bilishga tez-tez muhtoj bo‘lardim». Bundan farqli ravishda, masihiy erdan xotinini e’zozlash kutiladi. Er bunday yo‘l tutish xotini va Yahova bilan bo‘lgan munosabatlariga ta’sir qilishini biladi *.

8 Xotinini e’zozlaydigan er unga bo‘lgan sevgisini izhor qiladi va uni maqtaydi. (Hik. 31:28) O‘tgan maqolada tilga olingan Katerinaning eri shunday yo‘l tutib, unga o‘ziga bo‘lgan past nuqtai nazar bilan kurashishga ko‘maklashdi. Katerinaning bolaligida onasi uni tanqid qilardi va boshqa qizlar, jumladan, do‘stlari bilan tez-tez solishtirardi. Oqibatda u haqiqatga kelganidan keyin ham o‘zini boshqalar bilan solishtirish orqali o‘ziga baho bera boshladi. Uning eri unga bu moyilligiga qarshi kurashishga hamda o‘ziga nisbatan to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishga ko‘maklashdi. U shunday dedi: «Erim meni sevadi, yaxshi ishlarim uchun maqtaydi va men uchun ibodat qiladi. Shuningdek, u menga Yahovaning ajoyib fazilatlarini eslatib turadi va salbiy fikrlash tarzimni to‘g‘rilashga ko‘maklashadi».

MEHRIBON OQSOQOLLAR VA BOSHQALAR NIMA QILA OLADI?

9, 10. G‘amxo‘r oqsoqollar bir opamizga o‘zini boshqalar bilan solishtirish moyilligini yengishga qanday yordam berdi?

9 Oqsoqollar o‘zini boshqalar bilan solishtirishga moyil bo‘lganlarga qay yo‘sin ko‘maklasha oladi? Bolaligida deyarli maqtov eshitmagan Xanuni ismli opamizning misoliga diqqat qarataylik. U quyidagicha eslaydi: «Men tortinchoq edim va boshqa bolalar mendan yaxshiroq, deb o‘ylardim. Esimni taniganimdan beri o‘zimni boshqalar bilan solishtirardim». Haqiqatga kelganidan keyin ham Xanuni o‘zini boshqalar bilan solishtirardi. Oqibatda u o‘zini jamoatda keraksizday his qilgan. Hozir esa u quvonch ila kashshoflik qilyapti. Xo‘sh, nuqtai nazarini o‘zgartirishga unga nima yordam berdi?

10 Xanunining aytishicha, mehribon oqsoqollar unga ko‘maklashdi. Ular uni jamoatda qadrli ekaniga ishontirib, sadoqatli bo‘lib qolayotgani uchun maqtadi. U quyidagicha yozdi: «Bir necha marta oqsoqollar yordamga muhtoj opalarga dalda berishimni so‘radi. Bu menga o‘zimni kerakli his qilishimga yordam berdi. Mehribon oqsoqollarimiz bir nechta singlimizga dalda berganim uchun minnatdorchilik bildirdi. Ular menga 1 Salonikaliklarga 1:2, 3 ni o‘qib berdi. Bundan rosa xursand bo‘ldim. G‘amxo‘r oqsoqollarimizdan minnatdorman. Yahovaning tashkilotidagi o‘rnimni juda qadrlayman».

11. Ishayo 57:15 ga binoan, «mazlum va bechoraga» qay yo‘sin ko‘maklasha olamiz?

11 Ishayo 57:15 ni o‘qing. Yahova «mazlum va bechoraga» g‘amxo‘rlik qiladi. Nafaqat oqsoqollar, balki barchamiz bu aziz birodar-u opa-singillarimizga dalda berishga ko‘maklasha olamiz. Buning bir yo‘li ularga samimiy qiziqish ko‘rsatishdir. Yahova biz ularni U qadrli qo‘zichoqlarini sevishiga ishontirishimizni istaydi. (Hik. 19:17) Qolaversa, kamtarlikni yo‘qotmay, qobiliyatlarimiz bilan maqtanmay birodar-u opa-singillarimizga yordam bera olamiz. Boshqalarda hasad tuyg‘usi paydo bo‘lishini xohlamaganimiz uchun o‘zimizga e’tibor jalb qilmaymiz. Aksincha, qobiliyat-u bilimimizdan foydalanib, bir-birimizga dalda berishni istaymiz. (1 Butr. 4:10, 11)

Iso hech qachon o‘zini boshqalardan ustun qo‘ymagani tufayli shogirdlari uning oldiga intilgan. U do‘stlari bilan muloqot qilishdan zavq olgan. (12-xatboshiga qarang.)

12. Nega soddadil odamlar Isoning yoniga intilgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

12 Iso izdoshlariga qanday munosabat ko‘rsatganini bilib olish orqali ko‘p narsalarni o‘rganishimiz mumkin. U yer yuzida yashagan eng ulug‘ inson bo‘lgan. Shu bilan birga «muloyim va soddadil» bo‘lgan. (Mat. 11:28–30) Iso yuksak aql sohibi va bilimdon ekani bilan maqtanmagan. U ta’lim berganida, oddiy qilib gapirardi va soddadil insonlarning qalbini zabt etadigan, tushunish oson bo‘lgan misollarni qo‘llardi. (Luqo 10:21) Mag‘rur din rahbarlaridan farqli ravishda, Iso boshqalar o‘zini Xudoning oldida ahamiyatga ega emasday his qilishiga sababchi bo‘lmagan. (Yuhan. 6:37) Aksincha, u oddiy odamlarga hurmat ila munosabat qilgan.

13. Qanday qilib Iso shogirdlariga mehribonligi va sevgisini ko‘rsatgan?

13 Iso shogirdlariga qilgan muomalasida uning mehribonligi va sevgisi aks etgan. U ularning qobiliyati-yu vaziyati turlicha bo‘lganini bilgan. Shu bois, ular bir xil vazifalarni bajara olmasdi yoki xizmatda bir xil samara keltirish qo‘lidan kelmasdi. Lekin Iso har birining chin dildan qilgan harakatini qadrlagan. Isoning bu boradagi nuqtai nazarini talantlar haqidagi masal ochib beryapti. Ushbu masalda xo‘jayin har bir quliga ularning «qobiliyatiga yarasha» ish tayinlagan. Ikkita tirishqoq qulning bittasi boshqasiga qaraganda ko‘proq foyda ko‘rgan. Biroq xo‘jayin ikkala qulni ham: «Barakalla, sen yaxshi, ishonchli qul ekansan»,— deb maqtagan. (Mat. 25:14–23)

14. Boshqalarga qilgan muomalamizda qay yo‘sin Isoga taqlid qila olamiz?

14 Iso biz bilan mehr va sevgi ila muomala qiladi. U qobiliyatlarimiz-u vaziyatimiz turlicha ekanini biladi va eng yaxshisini qilganimizda bizdan mamnun bo‘ladi. Boshqalar bilan muomala qilganda, Iso kabi yo‘l tutsak yaxshi bo‘lardi. Imondoshlarimiz boshqalar kabi ko‘p qila olmagani tufayli o‘zini noloyiq his qilishiga yoki uyalishiga sababchi bo‘lishni aslo istamaymiz. Aksincha, keling, Yahovaning xizmatida jon kuydirayotgan birodar-u opa-singillarimizni maqtash uchun imkon izlaylik.

ERISHA OLADIGAN MAQSADLAR QO‘YING

Erishish mumkin bo‘lgan maqsadlar qo‘yib va ularga erishib, quvonchni his qiling (15-, 16-xatboshilariga qarang.) *

15, 16. Singlimiz erisha oladigan maqsadlar qo‘yib, qanday foyda oldi?

15 Yahovaga xizmat qilish yo‘lida maqsadlar qo‘ysak, hayotimiz qiziqarli va mazmunli bo‘ladi. Biroq biz erisha oladigan maqsadlar qo‘yishimiz darkor. Ular boshqalarniki bilan bir xil bo‘lishi shart emas. Agar bunday qilsak, tushkunlikka tushib, ruhimiz susayishi hech gap emas. (Luqo 14:28) Midori ismli kashshof singlimizning misoliga diqqat qarataylik.

16 Midorining otasi Yahovaning Shohidi emas. U Midorini bolaligida ukalari va sinfdoshlari bilan solishtirib, kamsitardi. «O‘zimni arzimasday his qilganman»,— dedi Midori. Ammo yoshi ulg‘aygach, o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortdi. «Qalbimda tinchlik bo‘lishi va Yahovaning sevgisini his qila olishim uchun Muqaddas Kitobni har kuni o‘qiyman»,— deb aytdi u. Bundan tashqari, u erishib bo‘ladigan maqsadlar qo‘ydi va ularga erishish uchun kerak bo‘ladigan aniq narsalarni ibodatda so‘radi. Natijada Midori ma’naviy yutuqlaridan suyunadigan bo‘ldi.

YAHOVAGA O‘ZINGIZDAGI ENG YAXSHISINI BERISHDA DAVOM ETING

17. Fikrlash tarzimizni o‘zgartirishimizga nima yordam beradi va natijasi qanday bo‘ladi?

17 Salbiy tuyg‘ular-u fikr-xayollar bir kechaning o‘zida g‘oyib bo‘lishi amrimahol. Shuning uchun, Yahova bizni quyidagicha undayapti: «Bundan buyon fikrlash tarzingizni va munosabatingizni o‘zgartiringlar». (Efes. 4:23, 24) Buning uchun albatta ibodat qilishimiz, Xudoning Kalomini tadqiq qilishimiz va mulohaza yuritishimiz darkor. Ularga amal qiling va Yahovadan kuch berishini so‘rang. Uning muqaddas ruhi o‘zingizni boshqalar bilan solishtirish moyilligini yengishingizga ko‘maklashadi. Qolaversa, hasad yoki mag‘rurlik kabi salbiy xislatlar qalbingizda ildiz otgan bo‘lsa, Yahova ularni aniqlashingizga va ulardan qutulishingizga ko‘maklashadi.

18. Qay yo‘sin 2 Solnomalar 6:29, 30 dagi so‘zlardan tasalli olishingiz mumkin?

18 Ikkinchi Solnomalar 6:29, 30 ni o‘qing. Yahova qalbimizda nimalar kechayotganini biladi. U, shuningdek, qiyinchiliklarimizdan — bu dunyoning ruhi va nomukammalligimiz bilan kurashayotganimizdan xabardor. Yahova bu kabi salbiy ta’sirga qarshi turish uchun jon-jahdimiz bilan kurashayotganimizni ko‘rar ekan, Uning bizga bo‘lgan sevgisi kuchayadi.

19. Yahova bizga nisbatan his-tuyg‘ularini ifodalash uchun qanday misol keltirgan?

19 Bizga nisbatan nimalarni his qilishini tasvirlash maqsadida Yahova ona va uning chaqalog‘i orasidagi rishtalarni misol qilib keltirgan. (Ishayo 49:15) Reychel ismli onaning misoliga diqqat qarataylik. U quyidagicha yozdi: «Qizalog‘im Stefani muddatidan oldin tug‘ilgan. Uni ilk marta ko‘rganimda u mitti va nimjon edi. Ammo hayotining birinchi oyi davomida u kasalxonada yotdi va shifokor har kuni uni qo‘limga olishga ruxsat berdi. Bu yoqimli damlar yordamida o‘rtamizda yaqin rishtalar rivojlandi. Hozirda u olti yoshda va tengdoshlariga qaraganda kichikroq. Men uni judayam yaxshi ko‘raman, chunki u yashash uchun rosa kurashdi va hayotimga ko‘pdan-ko‘p quvonch keltirdi». Yahova Unga butun qalbimiz bilan xizmat qilish uchun kurashganimizni ko‘rganda, bizga nisbatan shunday kuchli sevgini his qilishini bilish naqadar daldali.

20. Yahovaning xizmatchisi sifatida suyunishingizga qanday sabab bor?

20 Yahovaga xizmat qilar ekansiz, oilasining qadrdon a’zosisiz va sizga o‘xshashi yo‘q. Yahova boshqalardan yaxshiroq bo‘lganingiz uchun sizni O‘ziga jalb qilmagan. U kamtarinligingizni, Undan o‘rganishga tayyor ekaningizni va o‘zgarishlar kiritishingizni bilgani uchun sizni O‘ziga jalb qilgan. (Zab. 25:9) Ishonavering, Yahova Unga xizmat qilish uchun eng a’losini qilayotganingizni qadrlaydi. Sabr-bardoshingiz va sadoqatingiz «qalbi toza, yaxshi inson» ekaningizdan dalolatdir. (Luqo 8:15) Shunday ekan, o‘zingizdagi eng yaxshisini Yahovaga berishda davom eting. Shunda o‘zingizga qarabgina «suyunishga sabab topasiz».

38-QO‘SHIQ U sizni mustahkamlaydi

^ 5- x.b. Tangri Yahova bizni boshqalar bilan solishtirmaydi. Biroq ba’zilarimiz osonlikcha bunday qilishga moyilmiz va o‘zimiz haqimizda salbiy fikrga boramiz. Ushbu maqolada nega o‘zimizni boshqalar bilan solishtirish ziyon keltirishi mumkinligini muhokama qilamiz. Qolaversa, oila a’zolarimiz-u jamoatdagilarga o‘ziga Yahova kabi nuqtai nazarda bo‘lishiga yordamlashish uchun nima qilishimiz mumkinligini bilib olamiz.

^ 5- x.b. Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

^ 7- x.b. Garchi bu yerda erlar haqida gap ketayotgan bo‘lsa-da, ko‘pgina prinsiplar xotinlarga ham tegishli.

^ 58- x.b. RASMGA SHARH. Oilaviy topinishda ota-ona Nuhning kemasini yasashda har bir farzandi qilgan harakatdan xursand.

^ 62- x.b. RASMLARGA SHARH. Kichkina farzandini yolg‘iz tarbiyalaydigan ona ko‘makchi kashshof bo‘lish uchun jadvaliga o‘zgarishlar kirityapti. Maqsadiga erishgach, u xursand.