Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

28-TADQIQ MAQOLASI

Xudoning Shohligi boshqarmoqda!

Xudoning Shohligi boshqarmoqda!

Endi dunyo ustidan shohlik qilish Rabbimiz va Uning Masihiga tegishlidir. VAH. 11:15

22-QO‘SHIQ Shohlik yerga ham kelsin!

BU MAQOLADA *

1. Nimaga aminmiz va nega?

 DUNYODAGI ahvolni kuzatib ijobiy nuqtai nazarni saqlash qiyin bo‘lyaptimi? Oila a’zolarning bir-biriga bo‘lgan sevgisi soviyapti. Odamlar kundan-kunga zo‘ravon va xudbin bo‘lib ketyapti. Ko‘pchilikning hokimiyatga bo‘lgan ishonchi kamayyapti. Lekin bu voqealar sizga ishonch baxsh etishi mumkin. Nega? Chunki Muqaddas Kitobda bashorat qilinganidek «oxirzamonda» odamlar shunday bo‘ladi. (2 Tim. 3:1–5) Mazkur bashorat amalga oshayotganini hech bir inson inkor eta olmaydi. Bu Xudoning Shohligida Iso hukm surishni boshlaganining dalilidir. Ammo bu, Shohlik haqidagi bashoratlardan birginasi, xolos. So‘nggi yillarda amalga oshgan boshqa bashoratlarga diqqat qaratish imonimizni mustahkamlaydi.

Doniyor hamda Vahiy kitoblaridagi bashoratlar mozaika bo‘laklari kabi bir-biriga mos bo‘lib, bitta rasmni hosil qiladi va hozir qaysi bashorat amalga oshayotgan davrda yashayotganimizni aniqlashga yordam beradi (2-xatboshiga qarang.)

2. Bu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz va nega? (Muqovadagi rasmga sharh bering.)

2 Bu maqolada 1) Shohlik qachon o‘rnatilganini bilishga ko‘maklashadigan bashoratni, 2) Iso Shoh sifatida hozir bo‘lganini aniqlashga yordam beradigan va 3) Xudo Shohligining dushmanlari yo‘q bo‘lishi haqidagi bashoratlarni muhokama qilamiz. Ushbu bashoratlar mozaika bo‘laklari kabi bir-biriga mos bo‘lib, bitta rasmni hosil qilishini ko‘rib chiqamiz. Bu rasm hozir qaysi bashorat amalga oshayotgan davrda yashayotganimizni aniqlashga yordam beradi.

XUDO SHOHLIGINING O‘RNATILISHI

3. Doniyor 7:13, 14 bizni nimaga ishontiryapti?

3 Doniyor 7:13, 14 dagi bashorat Iso Masih Xudoning Shohligida eng yaxshi Shoh bo‘lishiga bizni ishontiryapti. Barcha xalqlardan bo‘lgan insonlar unga quvonch ila «xizmat qiladi» va uning o‘rniga hech qachon boshqa shoh tayinlanmaydi. Doniyor kitobining boshqa bir oyatida yetti davr deb nomlangan paytning oxirida Iso Shoh sifatida boshqarishni boshlashi bashorat qilingan. Bu hodisa aynan qachon sodir bo‘lganini aniqlashning iloji bormi?

4. Qanday qilib Doniyor 4:10–17 Iso aynan qaysi yili Shoh etib tayinlanganini aniqlashimizga ko‘maklashadi? (Izohga ham qarang.)

4 Doniyor 4:10–17 ni o‘qing. «Yetti davr» 2 520-yildan iborat paytni anglatadi. U mil. avv. 607-yili boshlangan. O‘shanda bobilliklar Yahova Quddusda tayinlagan oxirgi shohni taxtdan tushirishgan. Mil. 1914-yilning oxirida esa Yahova «qonuniy huquqi bor» Iso Masihni Samoviy Shohlikda Shoh etib tayinlagan *. (Hiz. 21:25–27)

5. «Yetti davr» haqidagi bashoratdan qanday foyda olishimiz mumkin?

5 Bu bashoratning foydasi. «Yetti davr» haqidagi bashoratni yaxshi tushunish Yahovaning barcha va’dalari o‘z vaqtida amalga oshishiga bizni ishontiradi. U Shohligini aniq vaqtda o‘rnatgani kabi boshqa bashoratlarni ham O‘zi belgilagan vaqtda amalga oshiradi. Ha, Yahovaning kuni «kechikmaydi!» (Xab. 2:3)

ISO MASIHNING SHOH SIFATIDA HOZIR BO‘LISHI

6. a) Iso osmonda boshqarayotganini ko‘rsatuvchi qanday dalil mavjud? b) Ushbu dalilni Vahiy 6:2–8 dagi bashorat qanday tasdiqlamoqda?

6 Yerdagi xizmatining oxirgi kunlarida Iso dunyoda sodir bo‘ladigan hodisalarni bashorat qilgan. Ular izdoshlariga u osmonda boshqarishni boshlaganini bilishga yordam berardi. Masalan, Iso urushlar, oziq-ovqat yetishmovchiligi va zilzilalar haqida aytgan. Qolaversa, «bir joyda, keyin boshqa joyda» o‘latlar yoki kasalliklar bo‘lishini ham bashorat qilgan. COVID-19 pandemiyasi buning yaqqol isbotidir. Muqaddas Kitobga ko‘ra, ushbu hodisalar Masih hozir bo‘lishining «belgisiga» kiradi. (Mat. 24:3, 7; Luqo 21:7, 10, 11) Iso o‘lganidan va osmonga qaytganidan 60-yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, havoriy Yuhannoga ushbu voqealar sodir bo‘lishi borasida qo‘shimcha dalillar bergan. (Vahiy 6:2–8 ni o‘qing.) Ushbu barcha hodisalar Iso osmonda 1914-yili Shoh etib tayinlanganidan beri sodir bo‘lyapti.

7. Nega Iso Shoh bo‘lganidan beri yer yuzidagi ahvol og‘irlashdi?

7 Nega dunyodagi ahvol Iso Shoh bo‘lganidan keyin og‘irlashdi? Vahiy 6:2 da muhim bir tafsilot keltirilgan, ya’ni Iso Xudoning Shohligida hukm surishni boshlagach, birinchi navbatda jang qildi. Qiziq, kim bilan? Iblis va uning jinlari bilan. Vahiy 12- bobga ko‘ra, Shayton mag‘lub bo‘ldi va jinlari bilan yer yuziga otildi. Buning dastidan yerning «holiga voy» bo‘ldi. Sababi Shayton qahr-g‘azabga minib, odamlarga hujum qilyapti. (Vahiy 12:7–12)

Hozirgi yomon ahvolni ko‘rib siqilyapmiz, lekin Muqaddas Kitobdagi bashoratlar amalga oshayotganini ko‘rganimizda, Xudoning Shohligi boshqarayotganiga amin bo‘lyapmiz (8-xatboshiga qarang.)

8. Shohlik haqidagi bashoratlar amalga oshayotganini ko‘rish bizga qanday foyda keltiradi?

8 Bu bashoratning foydasi. Dunyodagi ahvol va odamlarning xulqi sezilarli darajada o‘zgarishi Iso Shoh bo‘lganini tushunishga ko‘maklashyapti. Odamlarning xudbin va qo‘pol xatti-harakatlarini ko‘rganimizda siqilishning o‘rniga, bularning bari Muqaddas Kitobdagi bashorat to‘liq amalga oshayotganining isboti ekanini yodda tutamiz. Ha, Xudoning Shohligi boshqarmoqda! (Zab. 37:1) Armageddon yaqinlashgani sari dunyodagi ahvol tobora og‘irlashadi. (Mark 13:8; 2 Tim. 3:13) Mehribon samoviy Otamiz dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarning sababini tushunishimizga yordam berayotgani uchun minnatdormiz!

DUSHMANLARNING YO‘Q QILINISHI

9. Doniyor kitobidagi bashoratda so‘nggi jahon imperiyasi qanday tasvirlangan va u qachon hukmronlik qila boshlagan? (Doniyor 2:28, 31–35)

9 Doniyor 2:28, 31–35 ni o‘qing. Ushbu bashorat bugungi kunda amalga oshayotganini ko‘ryapmiz. Navuxodonosorning tushida Masih hukmronlik qilishni boshlaganidan so‘ng «oxirgi kunlarda» nima yuz berishi ochib berilgan. Isoning yerdagi dushmanlariga Muqaddas Kitobda aytilgan oxirgi jahon imperiyasi ham kiradi. U «temir va loydan bo‘lgan oyoq panjalari» sifatida tasvirlangan. Ushbu jahon imperiyasi allaqachon mavjud. Birinchi jahon urushi paytida Buyuk Britaniya va Qo‘shma Shtatlar o‘zgacha birlashma, ya’ni Angliya-Amerika ittifoqini tuzganda, u hukmronlik qila boshlagan. Shuningdek, Navuxodonosorning haykal haqidagi tushida bu jahon imperiyasining oldingilaridan qanday ikkita farqli tomoni borligi ko‘rsatilgan.

10. a) Doniyorning bashoratidan Angliya-Amerika ittifoqi haqida nimani bilib olyapmiz? b) Nimadan ehtiyot bo‘lishimiz lozim? (« Loydan ogoh bo‘ling!» nomli ramkaga qarang.)

10 Birinchidan, boshqa jahon imperiyalaridan farqli ravishda Angliya-Amerika ittifoqi oltin yoki kumush kabi metall emas, balki temir va loy qorishmasi sifatida tasvirlangan. Loy «odamzod»ni, ya’ni oddiy xalqni bildiradi. (Don. 2:43, izoh) Bugungi kunda odamlar saylovlarda ishtirok etishi, fuqarolik huquqlari uchun kurashishi, qo‘zg‘olonlar ko‘tarishi va ish joylarida o‘z huquqlarini talab qilishi tufayli ushbu jahon imperiyasi o‘zi xohlagan narsani amalga oshirishga qiynalyapti.

11. Angliya-Amerika jahon imperiyasining boshqarayotgani oxirzamonda yashayotganimizga bizni qay yo‘sin ishontiryapti?

11 Ikkinchidan, bahaybat haykalning oyoq panjalari sifatida tasvirlangan Angliya-Amerika jahon imperiyasi Muqaddas Kitobda bashorat qilingan so‘nggi imperiya. Undan keyin boshqa imperiya bo‘lmaydi. Armageddonda esa Xudoning Shohligi uni va boshqa barcha hukumatlarni yo‘q qiladi *. (Vah. 16:13, 14, 16; 19:19, 20)

12. Doniyorning bahaybat haykal haqidagi bashoratidan qanday foyda olishimiz mumkin?

12 Bu bashoratning foydasi. Doniyorning bashoratidan oxirzamonda yashayotganimizning isbotini ko‘rishimiz mumkin. 2 500-yildan ziyod vaqt oldin Doniyor Bobildan keyin to‘rtta jahon imperiyasi Xudo xalqi ustidan boshqarishini bashorat qilgan. Shuningdek, u Angliya-Amerika jahon imperiyasi oxirgisi bo‘lishini ayon qilgan. Xudoning Shohligi yer yuzidagi barcha hokimiyatlarni yaqinda yo‘q qilib, butun yer yuzi ustidan hukmronlik qilishini bilish bizga tasalli va umid baxsh etyapti. (Don. 2:44)

13. «Sakkizinchi podshoh» va «o‘nta podshoh» nimaning ramzi va ularga tegishli bashorat qanday amalga oshdi? (Vahiy 17:9–12)

13 Vahiy 17:9–12 ni o‘qing. Birinchi jahon urushi keltirgan vayronagarchiliklar Muqaddas Kitobdagi oxirzamon haqidagi boshqa bashorat amalga oshishiga turtki bo‘ldi. Boshliqlar dunyoga tinchlik keltirmoqchi bo‘lishdi. Shuning uchun, 1920-yili yanvarda ular Millatlar Ittifoqi (Millatlar Ligasi)ni tashkil qilishdi. Keyinchalik, uning o‘rniga 1945-yili oktabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti barpo qilindi. Ushbu tashkilot «sakkizinchi podshoh» deb nomlanadi. Lekin u jahon imperiyasi emas. Hukumatlar bu ittifoqni qo‘llab-quvvatlagani uchungina u kuchga ega. Muqaddas Kitobda bu hukumatlar majoziy ma’noda «o‘nta podshoh» deb atalgan.

14, 15. a) Vahiy 17:3–5 dan Buyuk Bobil haqida nimani bilib olyapmiz? b) Soxta dinni qo‘llab-quvvatlayotganlar bilan nima sodir bo‘lyapti?

14 Vahiy 17:3–5 ni o‘qing. Ilohiy ilhom ostida havoriy Yuhanno fohisha, ya’ni «Buyuk Bobil» haqida vahiy ko‘rgan. U soxta din imperiyasini bildiradi. Ushbu bashorat qanday amalga oshgan? Soxta din tashkilotlari uzoq vaqt davomida siyosiy kuchlar bilan yaqindan hamkorlik qilib, ularni qo‘llab-quvvatlagan. Lekin tez orada siyosiy kuchlar Yahova ularning «diliga solgan fikrni amalga oshirishadi». Natijasi qanday bo‘ladi? Ushbu siyosiy kuchlar, ya’ni «o‘nta podshoh» soxta din tashkilotlariga hujum qilib, ularni qirib tashlaydi. (Vah. 17:1, 2, 16, 17)

15 Qay yo‘sin Buyuk Bobilning oxiri yaqin ekanini bilsak bo‘ladi? Bu savolga javob topish uchun qadimgi Bobil shahri Furot daryosi bilan qisman himoyalanganini eslasak bo‘ladi. Vahiy kitobida Buyuk Bobilni qo‘llab-quvvatlayotgan millionlab insonlar himoya qiladigan «suvlar» bilan solishtirilgan. (Vah. 17:15) Ammo u yerda o‘sha suvlar qurib qolishi haqida ham yozilgan. (Vah. 16:12) Bu soxta din imperiyasi uni qo‘llab-quvvatlayotgan ko‘pgina tarafdorlarini yo‘qotishini anglatadi. Mazkur bashorat hozir amalga oshyapti. Chunki anchagina odamlar soxta dinni tark etib, muammolarining yechimini boshqa joydan qidiryapti.

16. Birlashgan Millatlar Tashkiloti mavjudligi va Buyuk Bobilning qulashi haqidagi bashoratdan qanday foyda olishimiz mumkin?

16 Bu bashoratning foydasi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining mavjudligi va ko‘p insonlar soxta dinni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortayotgani oxirgi kunlarda yashayotganimizning yana bir isboti. Buyuk Bobilning ramziy suvlari qurib boryapti, lekin soxta din tashkilotlari buning natijasida yo‘q bo‘lmaydi. Yuqorida tilga olinganiday, «o‘nta podshoh», ya’ni Birlashgan Millatlar Tashkilotini qo‘llab-quvvatlayotgan siyosiy kuchlar Yahova ularning «diliga solgan fikrni amalga oshirishadi». Ular to‘satdan soxta dinni vayron qilgani dunyoni hayratga soladi *. (Vah. 18:8–10) Buyuk Bobilning qulashi dunyoni larzaga solib, ko‘p qiyinchiliklar olib kelishi mumkin. Xudoning xizmatchilari quvonishi uchun kamida ikkita sabab bo‘ladi. Ancha vaqtdan beri Xudoning dushmani bo‘lmish soxta din yo‘q qilinadi va ularning bu yovuz dunyodan xalos bo‘lish vaqti yaqin. (Luqo 21:28)

KELAJAKKA ISHONCH BILAN KO‘Z TIKING

17, 18. a) Qay yo‘sin imonimizni mustahkamlashda davom etsak bo‘ladi? b) Keyingi maqolada nimani muhokama qilamiz?

17 Doniyor bashorat qilganiday, «aniq bilim mo‘l-ko‘l bo‘ladi». Bu rostdan ham shunday! Zamonamizga oid bashoratlar haqida aniq tushunchaga ega bo‘ldik. (Don. 12:4, 9, 10) Ushbu bashoratlarning aniqligi Yahovaga hamda Uning Kalomiga nisbatan chuqur ehtirom hissini uyg‘otadi. (Ishayo 46:10; 55:11) Shuning uchun, Xudoning Kalomini qunt bilan tadqiq qilish hamda boshqalarga U bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lishga yordam berish orqali imoningizni mustahkamlashda davom eting. Yahova Unga tayanganlarni himoya qiladi va ularga «bitmas-tuganmas tinchlik» beradi. (Ishayo 26:3)

18 Keyingi maqolada oxirzamondagi imonlilar jamoatiga tegishli bashoratlarni ko‘rib chiqamiz. Ushbu bashoratlar biz oxirzamonda yashayotganimizning qo‘shimcha isboti bo‘ladi. Qolaversa, hozir boshqarayotgan Shohimiz Iso sadoqatli izdoshlarini yo‘naltirayotganining yana bir daliliga diqqat qaratamiz.

61-QO‘SHIQ Shohidlar, jasur bo‘ling!

^ Tarixdagi eng qiziqarli davrda yashayapmiz! Hozir Xudoning Shohligi boshqaryapti. Bu Muqaddas Kitobda ko‘p marta bashorat qilingan. Ushbu maqolada o‘sha bashoratlarning ayrimlarini ko‘rib chiqib, Yahovaga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlaymiz. Qolaversa, bu hozir va yaqin kelajakda xotirjam bo‘lishimizga hamda Unga tayanishimizga ko‘maklashadi.

^ «Hayotdan toabad zavqlaning!» kitobining 32- darsi, 4- paragrafiga qarang va jw.org saytida «Xudoning Shohligi 1914-yili boshqarishni boshladi» nomli videoni tomosha qiling.

^ Doniyorning bashorati haqida ko‘proq bilib olish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning 2012-yil 15-iyun sonidagi 14–19- sahifalarga qarang.

^ Yaqin kelajakda nima yuz berishi haqida batafsil ma’lumot olish uchun «Xudoning Shohligi boshqarmoqda» kitobining (rus) 21- bobiga qarang.