O‘quvchilarning savollari
Nima uchun Yahovaning Shohidlari havoriy Pavlusni tepakal yoki kam soch bilan tasvirlashadi?
Aslida, Pavlusning ko‘rinishi qanday bo‘lganini hech kim aniq ayta olmaydi. Adabiyotlarimizdagi suratlaru tasvirlar arxeologik topilmalarga emas, tasavvurlarimizga asoslangan.
Lekin Pavlusning ko‘rinishi haqida ba’zi ma’lumotlar bor. Masalan, «Sion qo‘riqchi minorasi»ning 1902- yil 1- mart sonida shunday deyilgan: «Taxminan mil. 150- yili yozilgan “Pavlus va Teklaning ishlari” nomli kitobda Pavlusning ko‘rinishi haqida aytilgan va ehtimol, bu eng yaxshisi va haqiqatga yaqinroqdir. U “bo‘yi past, tepakal, oyoqlari qiyshiq, jismonan baquvvat, qoshlari tutashgan va burni kichik” qilib tasvirlangan».
Bir lug‘atda mazkur manba haqida quyidagicha fikr keltirilgan: «“Pavlus va Teklaning ishlari” kitobida birorta tarixiy haqiqat noto‘g‘ri yozilishi amrimahol». («The Oxford Dictionary of the Christian Church», 1997- yilgi nashr) «Pavlus va Teklaning ishlari» kitobi yozilganidan keyin bir necha asr o‘tgach, u keng tan olingan va 80 ta yunon qo‘lyozmalarida hamda boshqa tildagi nusxalarida mazkur kitobning borligi tasdiqlangan. Shunday ekan, Pavlusning ko‘rinishi borasidagi tasvirlar ayrim qadimiy manbalarga mosdir.
Pavlusning ko‘rinishidan ham muhimroq narsalar borligini inobatga olaylik. Pavlus xizmat qilib yurganida unga qarshi chiqqan ba’zilar u haqida: «Oramizda bo‘lganida zaif, gaplari esa e’tiborga loyiq emas»,— deyishgan. (2 Kor. 10:10) Ammo Pavlus Iso unga vahiyda ko‘ringanidan keyin masihiy bo‘lganini esdan chiqarmaylik. Bundan tashqari, Pavlus xalqlarga Isoning ismi haqida shohidlik berish uchun tanlangan kishi sifatida nimalar qilgani borasida o‘ylab ko‘rsak bo‘ladi. (Havor. 9:3–5, 15; 22:6–8) Shuningdek, u ilohiy ilhom ostida yozgan kitoblardan qanchalar foyda olishimiz to‘g‘risida fikr yuritaylik.
Pavlus masihiy bo‘lishidan oldin qanday yutuqlarga erishgani bilan maqtanmagan va ko‘rinishi haqida ham indamagan. (Havor. 26:4, 5; Filip. 3:4–6) U shunday aytgan: «Men havoriylarning eng kichigiman va havoriy deb nomlanishga ham noloyiqman». (1 Kor. 15:9) Keyinchalik u quyidagicha yozgan: «Bu inoyat, barcha muqaddas kishilardan eng kichigi bo‘lgan menga ko‘rsatildi. Toki men boshqa xalqlarga Masihning aql bovar qilmaydigan boyligi to‘g‘risidagi xushxabarni e’lon etayin». (Efes. 3:8) Mazkur xushxabar Pavlusning ko‘rinishidan ancha muhimroqdir.