Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Dushmaningizni bilasizmi?

Dushmaningizni bilasizmi?

Biz uning [Shaytonning] hiylalaridan bexabar emasmiz-ku. 2 KOR. 2:11

QO‘SHIQLAR: 49, 27

1. Adan bog‘ida Yahova dushmanimiz haqida nimalarni oshkor etgan?

ODAMATO ilonlar gapira olmasligini bilgani shubhasiz. U Momohavo bilan ilon orqali biron ruhiy mavjudot gapirgan deb taxmin qilgan bo‘lishi mumkin. (Ibt. 3:1–6) Ilk juftlik bu ruhiy shaxs kim ekani haqida deyarli hech narsa bilmagan. Shunday bo‘lsa-da, Odamato mehribon samoviy Otasidan ongli ravishda yuz o‘girib, Uning irodasiga qarshi chiqishda o‘sha notanish kimsaga qo‘shilgan. (1 Tim. 2:14) Shu zahotiyoq, Yahova ilk juftlikni yo‘ldan ozdirgan bu dushman haqida barchasini oshkor eta boshlagan va keyinchalik u yakson etilishini va’da qilgan. Biroq Yahova shuningdek, ilon orqali gapirgan bu ruhiy mavjudot xudojo‘y insonlarga muayyan vaqt ichida qarshi chiqishi haqida ogohlantirgan. (Ibt. 3:15)

2, 3. Nima uchun Masihning kelishidan oldin dushmanimiz haqida ko‘p narsa ayon etilmagan?

2 Yahova Unga qarshi isyon ko‘targan farishtaning ismini hech qachon aytmagan *. Ilk isyon ko‘tarilgandan taxminan 2 500 yil o‘tganiga qadar, Alloh bu dushmanning nomini hatto oshkor etmaslikka qaror qilgan. (Ayub 1:6) Ibroniycha yozuvlarning faqat uchta kitobida, ya’ni 1 Solnomalar, Ayub va Zakariyo kitobida u Shayton deb qalamga olingan. Uning ma’nosi «dushman». Nima uchun Masihning kelishidan oldin dushmanimiz haqida ko‘p narsa ayon etilmagan?

3 Ehtimol, Yahova Shayton va uning ishlari haqida Ibroniycha yozuvlarda juda ko‘p narsalar yozilib, unga ortiqcha e’tibor qaratishni xohlamagan. Bu yozuvlar bayon etilganining asosiy maqsadi, odamlar Masih kim ekanini anglab, unga ergashishidan iborat edi. (Luqo 24:44; Galat. 3:24) Masih paydo bo‘lganda esa, Yahova u va shogirdlari orqali Shayton hamda jinlar haqida hozir biz bilgan barcha narsani ochib bergan *. Bu o‘rinli edi, chunki Yahova Iso va moylangan masihiylar orqali Shayton va uning tarafdorlarini barbod qiladi. (Rim. 16:20; Vah. 17:14; 20:10)

4. Nega Iblis borasida haddan tashqari xavotirlanmaslik darkor?

4 Havoriy Butrus Shayton Iblis haqida «sherday bo‘kirib» yuribdi deb aytgan, Yuhanno esa uni «ilon» va «ajdaho» deya atagan. (1 Butr. 5:8; Vah. 12:9) Ammo Iblis borasida haddan tashqari xavotirlanmaslik darkor, chunki uning kuchi chegaralangan. (Yoqub 4:7 ni o‘qing.) Bizni Yahova, Iso va sadoqatli farishtalar himoya qilishmoqda. Ularning ko‘magi bilan dushmanimizga qarshi tura olamiz. Shunday bo‘lsa ham quyidagi uchta muhim savolga javob topishimiz lozim: Shaytonning ta’siri qanchalik kuchli? Qanday qilib u odamlarga ta’sir qilishga urinyapti? Uning kuchi nimada chegaralangan? Ushbu savollarni muhokama qilar ekanmiz, qanday saboq olishimizni ham bilib olamiz.

SHAYTONNING TA’SIRI QANCHALIK KUCHLI?

5, 6. Nima uchun odamlarning boshqaruvi insoniyat eng ko‘p muhtoj bo‘lgan o‘zgarishlarni qila olmaydi?

5 Farishtalarning anchaginasi Shaytonning isyoniga qo‘shilgan. To‘fondan oldin Shayton ularning ba’zilarini ayollar bilan jinsiy munosabat qilishga undagan. Muqaddas Kitobda majoziy ma’noda ushbu ajdaho samoviy yulduzlarning uchdan bir qismini sidirib yerga uloqtirilgani ta’riflangan. (Ibt. 6:1–4; Yahd. 6; Vah. 12:3, 4) Bu farishtalar Allohning oilasini tark etganda, Shayton orqali boshqariladigan bo‘lishdi. Lekin ular shunchaki qo‘zg‘olonchilar to‘dasi emas. Shayton Xudoning Shohligiga taqlid qilgan holda qalbaki hukumat barpo etib, uni o‘zi boshqaryapti. Ushbu ko‘zga ko‘rinmas hukumatda Shayton jinlarni tashkillashtirib, ularga boshqarish hokimiyatini taqsimlagan va bu dunyoda hukm surishi uchun huquq bergan. (Efes. 6:12)

6 Shayton bu hukumat orqali yer yuzidagi barcha hokimiyatlarni boshqaryapti. U Isoga «dunyoning barcha shohliklarini ko‘rsatgani» hamda unga: «Bu shohliklarning ustidan butun hokimiyatni va ularning hashamatini senga beraman. Zero bu hokimiyat menga berilgan va men uni kimga xohlasam, shunga beraman»,— deb aytgani uchun bunda shubhamiz yo‘q. (Luqo 4:5, 6) Shaytonning yovuz ta’siriga qaramay, ko‘pgina hukumatlar o‘z fuqarolarining manfaati uchun yaxshiliklar qiladi. Ayrim boshqaruvchilar odamlarga chin dildan yordam berishga intiladi. Biroq hech bir hukumat yoki boshqaruvchi insoniyat eng ko‘p muhtoj bo‘lgan o‘zgarishlarni qila olmaydi. (Zab. 146:3, 4; Vah. 12:12)

7. Shayton hukumat, soxta din va tijoratni qay yo‘sin qo‘llamoqda? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

7 Shayton va jinlar nafaqat hukumatlar, balki soxta din hamda tijorat vositasida ham «butun yer yuzini yo‘ldan ozdiryapti». (Vah. 12:9) Soxta din orqali u Yahova to‘g‘risida uydirmalar tarqatyapti. Buning ustiga, Iblis iloji boricha ko‘proq insonlardan Xudoning ismini yashirishga intilyapti. (Yerm. 23:26, 27) Oqibatda, Xudoga topinyapman deb o‘ylayotgan samimiy odamlar aldanib, jinlarga sig‘inishyapti. (1 Kor. 10:20; 2 Kor. 11:13–15) Shayton tijoratdan ham foydalanib, insonlarni yo‘ldan ozdiryapti. Masalan, bu dunyoda odatda ko‘proq pul va mol-mulkka ega bo‘lib, chinakam baxtga erishish mumkin degan fikr singdiriladi. (Hik. 18:11) Bu yolg‘onga ishongan kishilar hayotini Xudoga emas, «boylik» orttirishga sarflaydi. (Mat. 6:24) Ularning moddiy narsalarga bo‘lgan sevgisi hatto Allohga bo‘lgan sevgisini bo‘g‘ib qo‘yishi hech gap emas. (Mat. 13:22; 1 Yuhan. 2:15, 16)

8, 9. a) Odamato, Momohavo va isyonkor farishtalarning misolidan qanday ikkita saboq olyapmiz? b) Nega Shayton bu dunyoni boshqarayotganini bilish biz uchun foydali?

8 Odamato bilan Momohavo va isyonkor farishtalarning misolidan kamida ikkita muhim saboq olyapmiz. Birinchidan, faqat ikkita tomon bor va biz bittasini tanlashimiz zarur. Biz Yahovaga sodiq bo‘lib qolishimiz yoki Shaytonning to‘dasiga qo‘shilishimiz mumkin. (Mat. 7:13) Ikkinchidan, Shaytonga qo‘shilganlar ko‘radigan foyda cheklangan. Masalan, Odamato bilan Momohavo o‘zlari uchun nima yaxshi va nima yomon ekanini hal qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Jinlar ham yer yuzidagi hukumatlarni muayyan darajada boshqaradi. (Ibt. 3:22) Ammo Shayton taklif qilishi mumkin bo‘lgan narsalarning foydali tomonlariga qaraganda, zarari doim ko‘proqdir. (Ayub 21:7–17; Galat. 6:7, 8)

9 Nega Shayton bu dunyoni boshqarayotganini bilish foydali? Shu yo‘sin biz hozirgi hukumatlarga nisbatan to‘g‘ri nuqtai nazarga ega bo‘lib, va’zgo‘ylik ishini amalga oshira olamiz. Bilamizki, Yahova hukmron hokimiyatlarni hurmat qilishimizni istaydi. (1 Butr. 2:17) Biz Uning me’yorlariga zid bo‘lmagandagina, hokimiyatlar chiqargan qonunlarga bo‘ysunishimizni kutadi. (Rim. 13:1–4) Lekin biz biron siyosiy partiyani yoki boshqaruvchini qo‘llab-quvvatlamay, betaraf qolishimiz kerakligini ham bilamiz. (Yuhan. 17:15, 16; 18:36) Biz Shayton Xudoning ismi va obro‘yi borasida nimalar qilayotganini ko‘rayotganimiz bois, boshqalarga Xudo haqida haqiqatni aytib berish istagimiz kuchaymoqda. Uning ismi bilan atalishdan va uni aytib chaqirishdan faxrlanamiz. Ha, pul va mol-dunyoga bo‘lgan sevgiga qaraganda, Allohga bo‘lgan sevgi ancha qadrliroqdir. (Ishayo 43:10; 1 Tim. 6:6–10)

QANDAY QILIB SHAYTON ODAMLARGA TA’SIR QILISHGA URINYAPTI?

10–12. a) Shayton farishtalarni yo‘ldan urish uchun qaysi xo‘rakni qo‘llagan? b) Ko‘p isyonkor farishtalarning harakatidan nimani o‘rganyapmiz?

10 Shayton odamlarga ta’sir qilish maqsadida samarali usullarni qo‘llayapti. Misol uchun, u xo‘rakdan foydalanib ularni qarmoqqa ilintiradi. Qolaversa, ularni bo‘ysundirish niyatida qo‘rqitmoqchi bo‘ladi.

11 Shayton ko‘pgina farishtalarni xo‘rakka ilintirishda qanchalar muvaffaqiyatli bo‘lgani borasida mulohaza yuritib ko‘raylik. Qarmoqqa ilintirishdan avval, Shayton ularni nima vasvasa qilishi mumkinligi haqida ko‘p vaqt o‘ylagandir. Ayrim farishtalar xo‘rakka ilinib, ayollar bilan jinsiy munosabatda bo‘lishdi. Ulardan tug‘ilgan bahaybat zolim o‘g‘il bolalar esa boshqalarga zo‘ravonlik qilardi. (Ibt. 6:1–4) Shayton itoatsiz farishtalarni axloqsizlik qilish vasvasasiga tushiribgina qolmay, ehtimol, barcha insonlar ustidan boshqarish hokimiyatiga ega bo‘la olishlarini ham va’da qilgan. Uning maqsadi va’da qilingan zurriyot kelishiga to‘sqinlik qilish bo‘lgandir. (Ibt. 3:15) Ammo Yahova bunga yo‘l qo‘ymadi. U To‘fon orqali Shayton va isyonkor farishtalarning harakatlarini puchga chiqardi.

Shayton axloqsizlik, takabburlik va sehr-jodu orqali bizni qarmoqqa ilintirmoqchi (12-, 13- xatboshilariga qarang.)

12 Xo‘sh, bundan nimani o‘rganyapmiz? Axloqsizlik yoki takabburlik qarmog‘iga ilinish xavfini sira ham nazardan chetda qoldirmasligimiz zarur. Shaytonga qo‘shilgan farishtalarni oladigan bo‘lsak, ular bundan avval Xudoning huzurida juda ko‘p yillar xizmat qilishgan. Ha, hatto shunday yaxshi muhitda ham ularning ko‘pi qalbida yomon istaklar tomir otib, o‘sib chiqishiga yo‘l qo‘ygan. Shu singari, biz ham Xudo tashkilotining yer yuzidagi qismida ko‘p yillar xizmat qilayotgandirmiz. Biroq hatto ushbu ma’naviy pok muhitda ham, nopok istaklar nish urib chiqishi mumkin. (1 Kor. 10:12) Qalbimizni doim tekshirib turish, axloqsiz fikrlardan qochish va mag‘rurlikdan xalos bo‘lish naqadar muhim, shunday emasmi?! (Galat. 5:26; Kolosaliklarga 3:5 ni o‘qing.)

13. Shaytonning yana bir unumli xo‘ragi qanday va biz undan qay yo‘sin yiroqlasha olamiz?

13 Shaytonning yana bir unumli xo‘ragi sehr-jodu. Bugungi kunda u nafaqat soxta din, balki o‘yin-kulgi industriyasi orqali ham odamlarda jinlarga nisbatan qiziqish uyg‘otyapti. Masalan, kino, elektron o‘yinlar va hordiq chiqarishning boshqa usullari vositasida sehr-jodu qiziqarli qilib ko‘rsatiladi. Qanday qilib tuzoqqa tushishdan ehtiyot bo‘lishimiz mumkin? Allohning tashkiloti ma’qul va noma’qul ko‘ngilxushliklarning ro‘yxatini taqdim etadi deb o‘ylamasligimiz kerak. Har birimiz Xudoning me’yorlariga muvofiq tarzda o‘z vijdonimizni tarbiyalashimiz lozim. (Ibron. 5:14) Shu bilan birga, havoriy Pavlus ilohiy ilhom ostida: «Sevgingiz ikkiyuzlamachilikdan xoli bo‘lsin»,— deb aytgan maslahatga amal qilsak, dono yo‘l tutgan bo‘lamiz. (Rim. 12:9) O‘zimizga quyidagi savollarni bersak bo‘ladi: «Men tanlagan o‘yin-kulgilar ikkiyuzlamachi ekanimni ko‘rsatmayaptimi? Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan yoki men takroriy tashrif qiladigan kishi men tanlagan ko‘ngilxushlikni ko‘rsa, va’z qilayotganlarimni o‘zim ham amalda qo‘llayotganimga ishonadimi?» So‘zimiz va harakatlarimiz qanchalik ko‘p uyg‘un bo‘lsa, Shaytonning tuzoqlariga tushish xavfi ham shunchalik kamayadi. (1 Yuhan. 3:18)

Shayton taqiqlar, tengdoshlarning bosimi va oila a’zolarining qarshiligi orqali bizni qo‘rqitmoqchi (14- xatboshiga qarang.)

14. Shayton bizni qanday qo‘rqitmoqchi va biz buni qay yo‘sin yenga olamiz?

14 Shayton shuningdek, Yahovaga sadoqatsiz bo‘lib qolishimizni istab bizni qo‘rqitmoqchi. Misol uchun, u hukumatlardan foydalanib va’zgo‘ylik ishimizni taqiqlab qo‘yishi mumkin. Bundan tashqari, uning ta’siri ostida hamkasblarimiz yoki maktabdoshlarimiz Muqaddas Kitobdagi axloqiy me’yorlar bo‘yicha yashayotganimiz uchun bizni masxara qilishlari hech gap emas. (1 Butr. 4:4) Qolaversa, yig‘ilishlarga bormasligimiz uchun, yaxshi niyatlar ila yo‘l tutadigan oila a’zolarimizga ham u ta’sir o‘tkazishi mumkin. (Mat. 10:36) Qanaqasiga bularni yenga olamiz? Avvalo, bunday to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumlardan hayron bo‘lmasligimiz darkor. Negaki Shayton biz bilan jang qilyapti. (Vah. 2:10; 12:17) Shuningdek, bularning ortida muhim bir masala turganini unutmasligimiz kerak, ya’ni Shayton biz Yahovaga faqat oson bo‘lgandagina xizmat qilishimizni ta’kidlagan. Uning aytishicha, qiyinchiliklarga duch kelsak, Allohdan yuz o‘giramiz. (Ayub 1:9–11; 2:4, 5) Darhaqiqat, Shaytonning ta’kidlovi yolg‘on ekanini isbotlash uchun, Yahova bizga kuch berishini so‘rashimiz zarur. Unutmangki, U bizni aslo tark etmaydi. (Ibron. 13:5)

SHAYTONNING KUCHI NIMADA CHEGARALANGAN?

15. Shayton bizni istamagan biron ishni qilishimizga majburlay oladimi? Tushuntiring.

15 Shayton odamlarni o‘zlari istamagan biron ishni qilishga majburlay olmaydi. (Yoqb. 1:14) Aksariyat kishilar Shayton tarafida ekanligini hatto xayoliga ham keltirmaydi. Biroq haqiqatni bilgach, har bir inson kimga xizmat qilishini tanlashi kerak bo‘ladi. (Havor. 3:17; 17:30) Agar Allohning irodasini bajarishni afzal topsak, Shayton benuqsonligimizga hech qanday putur yetkaza olmaydi. (Ayub 2:3; 27:5)

16, 17. a) Shayton va jinlar qila olmaydigan yana qanday narsalar bor? b) Nega ovoz chiqarib ibodat qilishdan qo‘rqmasak bo‘ladi?

16 Shayton va jinlar qila olmaydigan yana boshqa narsalar ham bor. Masalan, Muqaddas Kitobda ular ongimizu qalbimizda nima borligini bilishga qodir ekanligi haqida hech narsa yozilmagan. Faqat Yahova hamda Iso buni qila oladi. (1 Shoh. 16:7; Mark 2:8) Suhbatlashsak yoki ovoz chiqarib ibodat qilsak-chi? Iblis yoki jinlar buni eshitib, undan bizga qarshi foydalanadi deb qo‘rqishimiz kerakmi? Javobi aniq: yo‘q. Qiziq, nega? Biz Yahovaning xizmatida qilayotgan yaxshi ishlarimizni Iblis ko‘rib qolishidan qo‘rqibgina o‘zimizni bundan tiymaymiz-ku. Demak, Iblis bizni eshitib qoladi deb, ovoz chiqarib ibodat qilishdan ham qo‘rqmasligimiz lozim. Muqaddas Kitobda ham Xudoning ko‘pgina xizmatchilari ovoz chiqarib ibodat qilgani haqida yozilgan. Ammo ular Iblis ibodatlarini eshitib qoladi, deb qo‘rqqaniga hatto ishora ham qilinmagan. (3 Shoh. 8:22, 23; Yuhan. 11:41, 42; Havor. 4:23, 24) Agar Xudoning irodasiga muvofiq gapirish va yo‘l tutish uchun qo‘limizdan kelganini qilsak, Iblis bizni abadiy hayotdan mahrum qiladigan ishni qilishga majburlay olmasligiga ishonsak bo‘ladi. Chunki Yahova bunga aslo yo‘l qo‘ymaydi. (Zabur 34:7 ni o‘qing.)

17 To‘g‘ri, dushmanimizni bilishimiz kerak, ammo undan qo‘rqmasligimiz lozim. Yahovaning ko‘magi bilan hatto nomukammal insonlar ham Shayton ustidan g‘alaba qozongan. (1 Yuhan. 2:14) Agar unga qarshi tursak, u bizdan qochadi. (Yoqb. 4:7; 1 Butr. 5:9) Shayton ayniqsa yoshlarni o‘z nishoniga olgan. Xo‘sh, ular qanday qilib Iblisga qarshi tura olishadi? Buni keyingi maqoladan bilib olamiz.

^ 2- x.b. Muqaddas Kitobda ayrim farishtalarning ismi yozilgan. (Hak. 13:18; Don. 8:16; Luqo 1:19; Vah. 12:7) Yahova har bir yulduzga nom bergan ekan (Zab. 147:4), barcha farishtalarga, jumladan, Shayton bo‘lib qolgan shaxsga ham ism bergan deb xulosa qilishimiz mumkin.

^ 3- x.b. Ibroniycha yozuvlarda «Shayton» so‘zi faqat 18, ammo Yunoncha yozuvlarda 30 martadan ortiq uchraydi.