Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Nima uchun «mo‘l-ko‘l hosil beramiz»?

Nima uchun «mo‘l-ko‘l hosil beramiz»?

Mo‘l-ko‘l hosil berib mening shogirdlarim ekaningizni isbotlasangiz, Otamni sharaflagan bo‘lasiz. YUHAN. 15:8

QO‘SHIQLAR: 45, 10

1, 2. a) O‘limidan oldingi kechada Iso shogirdlari bilan nima haqida suhbatlashdi? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.) b) Nega va’z qilishimiz kerakligining sabablarini yodda tutish muhim? d) Nimani muhokama qilamiz?

O‘LIMIDAN oldingi kechada Iso havoriylari bilan uzoq suhbat qurdi va ularni qattiq yaxshi ko‘rishida ishontirdi. Shuningdek, u oldingi maqolada muhokama qilingan tok haqidagi masalni keltirdi. Ushbu masal orqali Iso shogirdlarini Shohlik haqidagi xabarni va’z etishda sabotli bo‘lib, «mo‘l-ko‘l hosil berishga» undadi. (Yuhan. 15:8)

2 Ammo Iso nafaqat shogirdlari nima qilishi kerakligini, balki nima uchun bunday yo‘l tutish lozimligini ham aytib o‘tdi. U shogirdlari xizmatni davom ettirishi uchun sabablar keltirdi. Xo‘sh, nega mazkur sabablarni ko‘rib chiqish biz uchun muhim? Va’z qilishimiz kerakligining sabablarini yodda tutsak, «hamma xalqlarga shahodat berishda» sabotli bo‘lishga intilamiz. (Mat. 24:13, 14) Keling, va’z qilishimizga asos bo‘la oladigan Muqaddas Kitobdagi to‘rtta sababni muhokama qilaylik. Bundan tashqari, hosil keltirishda sabotli bo‘lishimizga yordam beradigan Yahovaning to‘rtta hadyasi haqida bilib olamiz.

YAHOVANI ULUG‘LAYMIZ

3. a) Yuhanno 15:8 ga ko‘ra, va’z qilishimiz uchun qanday sabab bor? b) Isoning masalidagi uzum nimani bildiradi va nega bunday taqqoslash o‘rinli?

3 Voizlik qilishimizning asosiy sabablaridan biri odamlar oldida Yahovani ulug‘lash va Uning ismini muqaddas qilishdir. (Yuhanno 15:1, 8 ni o‘qing.) E’tibor bering, Iso Otasi Yahovani uzum yetishtiruvchi bog‘bonga qiyoslagan. O‘zini tok, izdoshlarini esa novda bilan solishtirgan. (Yuhan. 15:5) Shunday qilib, masaldagi uzum Isoning shogirdlari keltiradigan hosilni, ya’ni ular qilayotgan va’zgo‘ylik ishini bildiradi. Iso havoriylariga: «Mo‘l-ko‘l hosil berib,.. Otamni sharaflagan bo‘lasiz»,— deb aytgan. Yaxshi uzum beradigan tok uni yetishtirgan bog‘bonga sharaf keltirganidek, biz ham eng a’losini berib, Shohlik haqidagi xushxabarni va’z etsak, Yahovani sharaflaymiz yoxud ulug‘laymiz. (Mat. 25:20–23)

4. a) Qay yo‘sin Xudoning ismini muqaddas tutamiz? b) Allohning ismini muqaddas tutish sharafi sizda qanday tuyg‘ularni uyg‘otmoqda?

4 Qay yo‘sin va’zgo‘ylik ishimiz Xudoning ismini muqaddas qiladi? Biz Allohning ismini yanada muqaddas qila olmaymiz. Zero, bu ism mutlaq ma’noda muqaddasdir. Ishayo payg‘ambar nima deganiga e’tibor bering: «Qo‘shinlar Sarvari Yahovani muqaddas Zot deb biling». (Ishayo 8:13) Biz Yahovaning ismi barcha ismlar orasida eng buyuk ekanini tushunib va odamlarga bu ism haqida bilishga yordamlashib, uni muqaddas tutgan bo‘lamiz. (Mat. 6:9, izoh) Masalan, Yahovaning ajoyib fazilatlari va Uning insoniyatga nisbatan o‘zgarmas niyati to‘g‘risidagi haqiqatni va’z qilib, odamlarga Shayton Tangri Yahova haqida aytgan barcha narsa yolg‘on ekanini ko‘rishga yordamlashamiz. (Ibt. 3:1–5) Qolaversa, odamlarga Yahova «shon-sharaf va kuch-qudratni egallashga» loyiq ekanini tushunishga ko‘maklashib, Uning ismini muqaddas tutamiz. (Vah. 4:11) 16 yildan beri kashshoflik qilayotgan Rune ismli imondoshimiz: «Koinotning Yaratuvchisi to‘g‘risida shohidlik berish imkonim bo‘lganidan minnatdorman. Bu menda xizmatni davom ettirish istagini uyg‘otadi»,— deb bo‘lishdi.

YAHOVANI HAMDA ISONI SEVAMIZ

5. a) Yuhanno 15:9, 10 ga ko‘ra, va’z qilishimiz uchun qanday sabab bor? b) Sabotli bo‘lish muhim ekanini Iso qanday ko‘rsatgan?

5 Yuhanno 15:9, 10 ni o‘qing. Yahovaga va Isoga bo‘lgan samimiy sevgimiz Shohlik haqidagi xabarni va’z etishimiz uchun muhim sababdir. (Mark 12:30; Yuhan. 14:15) Iso shogirdlariga nafaqat ular uni sevishi kerakligini, balki uning «muhabbatidan ayrilmaslikni» aytgan. Sababi, yillar davomida Masihning haqiqiy shogirdi sifatida yashash uchun sabr-bardosh kerak. Yuhanno 15:4–10 da Iso «ayrilmaslik» so‘zini takror-batakror qaytarib, sabotli bo‘lish muhim ekaniga urg‘u bergan.

6. Isoning muhabbatidan ayrilmoqchi emasligimizni qanday namoyon eta olamiz?

6 Isoning muhabbatidan ayrilishni istamasligimizni va uning marhamatiga sazovor bo‘lmoqchi ekanimizni qay yo‘sin namoyon eta olamiz? Oddiy qilib aytganda, Isoga itoatkor bo‘lib, ya’ni uning amrlarini bajarib buni ko‘rsata olamiz. Iso bizga aynan o‘zi qilgan ishlarni bajarishni buyurgan. Zero, u shunday degan: «Men Otamning amrlarini bajo keltirib, Uning sevgisidan ayrilmadim». Ha, Iso bizga o‘rnak qoldirgan. (Yuhan. 13:15)

7. Itoatkorlik va sevgi qay yo‘sin o‘zaro bog‘liq?

7 Bundan oldin Iso havoriylariga itoatkorlik va sevgi bog‘liq ekanini tushuntirib: «Amrlarimni qabul qilib, ularga amal qilgan kishi meni sevadi»,— deb aytgan edi. (Yuhan. 14:21) Bundan tashqari, va’z qilish borasidagi Isoning amriga itoat etib, Yahovaga bo‘lgan sevgimizni namoyon etamiz. Boisi, Isoning amrlarida Yahovaning fikrlash tarzi aks etgan. (Mat. 17:5; Yuhan. 8:28) Sevgimizga javob tariqasida, Yahova hamda Iso bizni mehr-muhabbatida saqlaydi.

ODAMLARNI OGOHLANTIRAMIZ

8, 9. a) Va’z qilishimiz uchun yana qanday sabab bor? b) Qanday qilib Hizqiyo 3:18, 19 va 18:23 dagi so‘zlar bizni tinmay va’z qilishga undayapti?

8 Va’z qilishda davom etishimizning yana bir sababi odamlarni ogohlantirishdir. Masalan, Muqaddas Kitobda Nuh «adolat yo‘lini xabarlab yurgani» haqida aytilgan. (2 Butrus 2:5 ni o‘qing.) U To‘fondan oldin e’lon qilib yurgan xabar, yaqinlashib kelayotgan falokat haqidagi ogohlantirishni o‘z ichiga olgan bo‘lishi mumkin. Nima uchun bunday xulosa qilyapmiz? Isoning ta’kidloviga e’tibor bering: «To‘fondan oldin, Nuh payg‘ambar kemaga kirguncha, odamlar yeb-ichishgan, uylanib, erga tegishgan. Ammo To‘fon kelib barini qirib tashlamaguncha, ular parvo qilishmagan. Inson O‘g‘li hozir bo‘lganida ham xuddi shunday bo‘ladi». (Mat. 24:38, 39) Odamlarning befarqligiga qaramay, Nuh unga topshirilgan xabarni sadoqat ila va’z qilgan.

9 Bugungi kunda biz odamlarga Shohlik haqidagi xabarni va’z qilish orqali, insoniyatga nisbatan Xudoning irodasi qanday ekanini bilib olishlariga imkon beryapmiz. Yahova singari biz ham odamlar xushxabarga diqqat qaratib, abadiy «yashashi»ni istaymiz. (Hiz. 18:23) Shu bilan birga, uyma-uy va ommaviy joylarda va’z qilib, imkon boricha ko‘proq odamlarni Xudoning Shohligi kelishi va ushbu yovuz dunyoni yo‘q qilishi haqida ogohlantiryapmiz. (Hiz. 3:18, 19; Don. 2:44; Vah. 14:6, 7)

YAQINIMIZNI SEVAMIZ

10. a) Matto 22:39 ga ko‘ra, va’z qilishimiz uchun qanday sabab bor? b) Qay yo‘sin Pavlus va Sila Filippi shahridagi qamoqxona nazoratchisiga yordam berdi?

10 Tinmay va’z qilishimizning yana bir muhim sababi yaqinimizga bo‘lgan sevgimizdir. (Mat. 22:39) Bu sevgi mazkur ishda sabotli bo‘lishga undaydi. Sababi, vaziyatlari o‘zgargani tufayli insonning qalb holati ham o‘zgarishini tushunamiz. Misol uchun, havoriy Pavlus va uning hamkori Sila bilan yuz bergan voqeani ko‘rib chiqaylik. Filippi shahrida dushmanlari ularni qamoqxonaga tashlashdi. Yarim kechasi qo‘qqisdan zilzila yuz berdi va qamoqxona silkinib, eshiklari ochilib ketdi. Shunda qamoqxona nazoratchisi mahbuslar qochib ketdi, deb o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Ammo Pavlus baland ovozda unga: «Joningizga qasd qilmang!» — dedi. Vahima bosgan nazoratchi: «Najot topishim uchun nima qilishim kerak?» — deb so‘radi. Ular: «Hazratimiz Isoga ishoning, shunda... najot topasiz»,— deya javob qaytarishdi. (Havor. 16:25–34)

Yahovaga, Isoga va yaqinimizga bo‘lgan sevgi bizni va’z qilishga undaydi (5-, 10- xatboshilariga qarang.)

11, 12. a) Qamoqxona nazoratchisi haqidagi voqea xizmatimiz bilan qanday bog‘liq? b) Nima sababdan tinmay va’z qilishni istaymiz?

11 Qamoqxona nazoratchisi haqidagi voqea va’zgo‘ylik ishimiz bilan qanday bog‘liq? E’tibor bering, zilzila yuz berganidan keyingina nazoratchining qalb holati o‘zgardi. Shunga o‘xshab, Muqaddas Kitobdagi xabarga oldin e’tibor qilmagan ayrim kishilarning hayotida kutilmaganda sodir bo‘lgan o‘zgarishlar tufayli qalb holati o‘zgargan va ular yordam izlayotgan bo‘lishi mumkin. Masalan, kimdir anchadan beri ishlab yurgan ishini to‘satdan yo‘qotib, ruhan ezilayotgandir. Yoki boshqalar turmushi barbod bo‘lgani bois qayg‘u chekayotgandir. Yana kimlardir jiddiy kasallikka yo‘liqqanidan siqilayotgandir. Yo bo‘lmasa, yaqinini yo‘qotganidan qalbi tilka-pora bo‘layotgandir. Bu kabi vaziyatlar yuz berganda, ko‘ngli cho‘kkan ba’zi kishilar oldinlari e’tibor qilmagan savollar, masalan, hayot mazmuni haqida o‘ylay boshlashi ehtimoldan yiroq emas. Balki ular ham: «Najot topishim uchun nima qilishim kerak?» — deb o‘ylayotgandir. Bunday insonlarni uchratganimizda, ular hayotida ilk bor umid baxsh etuvchi xabarimizni tinglash istagini bildirishi mumkin.

12 Shunday ekan, sadoqat ila va’z qilishda davom etib, odamlar eshitishga tayyor bo‘lganda, ularga tasalli baxsh eta olamiz. (Ishayo 61:1) 38 yildan beri to‘la vaqtli xizmat qilayotgan Sharlotta quyidagicha fikr bildirdi: «Bugungi kunda odamlar boshi berk ko‘chaga kirib qolganday. Ularda xushxabarni eshitish imkoni bo‘lishi lozim!» 34 yildan buyon kashshoflik qilayotgan Eyvora shunday dedi: «Hozirgi paytda har qachongidan ham ko‘proq odamlar hissan ezilgan. Men ularga yordam berishni juda istayman. Bu meni va’z qilishga undaydi». Chindan ham, yaqinlarimizga bo‘lgan sevgimiz tinmay va’z qilishimiz uchun arzigulik sababdir!

SABOTLI BO‘LISHGA YORDAM BERADIGAN HADYALAR

13, 14. a) Yuhanno 15:11 da qanday hadya haqida aytib o‘tilgan? b) Qay yo‘sin Isoning quvonchini his eta olamiz? d) Quvonch xizmatimizga qanday ta’sir qiladi?

13 O‘limidan oldingi kechada Iso havoriylariga hosil keltirishda sabotli bo‘lishlariga yordam beradigan hadyalarni ham aytib o‘tgan. Qiziq, bu qaysi hadyalar ekan? Ular bizga qanday foyda keltiradi?

14 Quvonch hadyasi. Isoning va’z qilish amriga bo‘ysunish og‘irmi? Aslo! Tok haqidagi masalni keltirgach, Iso Shohlik xabarchilari, ya’ni biz quvonchni his etishimizni aytgan. (Yuhanno 15:11 ni o‘qing.) Darhaqiqat, Iso bizni uning quvonchini his etishga ishontirgan. Qanday deysizmi? Yuqorida aytib o‘tilganiday, u o‘zini tok, shogirdlarini esa novdalar bilan solishtirgan. Novdalar tokdan uzilmas ekan, uning poyasidan suv va o‘g‘itlar bilan oziqlanishi mumkin. Shunga o‘xshab, Isoning izidan og‘may u bilan birlikda bo‘lsak, biz ham u Otasining irodasini bajarib tuygan quvonchni his etamiz. (Yuhan. 4:34; 17:13; 1 Butr. 2:21) 40 yildan oshiq vaqt mobaynida kashshoflik qilayotgan Hane ismli opamiz shunday dedi: «Xizmatdan so‘ng his etadigan quvonchim Yahovaning ishini davom ettirishimga kuch beradi». Rostdan ham, quvonch hatto qiyinchiliklar bor hududlarda ham voizlik ishini davom ettirishimizga kuch baxsh etadi. (Mat. 5:10–12)

15. a) Yuhanno 14:27 da qanday hadya haqida aytib o‘tilgan? b) Nima uchun tinchlik hissi sabr-bardosh bilan hosil keltirishga yordam beradi?

15 Tinchlik hadyasi. (Yuhanno 14:27 ni o‘qing.) O‘sha kecha sal oldin Iso havoriylariga: «O‘z tinchligimni sizlarga beryapman»,— deb aytgan. Qay yo‘sin bu hadya — uning tinchligi — hosil keltirishda davom etishimizga yordam beradi? Sabr-bardosh ila va’z qilar ekanmiz, Yahovani hamda Isoni mamnun etayotganimizni bilib, qalbimizda doim tinchlikni sezamiz. (Zab. 149:4; Rim. 5:3, 4; Kolos. 3:15) 45 yildan beri to‘la vaqtli xizmatda ishtirok etayotgan Ulf ismli birodar: «Va’zgo‘ylikda charchasam-da, bu ish menga haqiqiy mamnuniyat baxsh etib, hayotimni yanada mazmunli qiladi»,— deb aytdi. Ha, so‘nmas ichki xotirjamlik hissi kabi baraka uchun minnatdormiz!

16. a) Yuhanno 15:15 da qaysi hadya haqida aytib o‘tilgan? b) Qanday qilib havoriylar Isoning do‘stlari bo‘lib qolishgan?

16 Do‘stlik hadyasi. Iso havoriylari quvonchni «to‘laligicha» his etishlarini istagan va fidoyi sevgini ko‘rsatish muhim ekanini ularga tushuntirgan. (Yuhan. 15:11–13) U davom etib: «Sizlarni do‘stlarim deb atayman»,— degan. Isoning do‘sti bo‘lish bebaho hadyadir. Xo‘sh, havoriylar Isoning do‘sti bo‘lib qolish uchun nima qilishlari zarur edi? Ular «mo‘l-ko‘l hosil berishlari» kerak edi. (Yuhanno 15:14–16 ni o‘qing.) O‘shanda taxminan ikki yil avval Iso havoriylariga quyidagi yo‘l-yo‘riqni bergan edi: «Yo‘lda ketayotib: “Osmon Shohligi yaqinlashib qoldi”,— deb e’lon qilinglar». (Mat. 10:7) Shu yo‘sin, o‘sha oxirgi kechada Iso ularni voizlik ishida sabr-bardoshli bo‘lishga undagan. (Mat. 24:13; Mark 3:14) Isoning amrini bajarish qiyin bo‘lgan, ammo ular muvaffaqiyat qozonishgan va shu asnoda uning do‘stlari bo‘lib qolishgan. Qanaqasiga? Bu boshqa bir hadyaning yordami tufayli bo‘lgan.

17, 18. a) Yuhanno 15:16 da qaysi hadya haqida aytib o‘tilgan? b) Mazkur hadya Isoning shogirdlariga qanday yordam bergan? d) Bugungi kunda bizni qaysi hadyalar mustahkamlayapti?

17 Ibodatlar ijobat bo‘lish hadyasi. Iso: «Mening nomimdan Otamdan nimaiki so‘rasangiz, U sizlarga beradi»,— deb ta’kidlagan. (Yuhan. 15:16) Bu hadya havoriylarni mustahkamlagani turgan gap *. Havoriylar Iso tez orada o‘lishini oxirigacha tushunishmagan. Lekin Isoning o‘limi ular yordamsiz qolishini anglatmas edi. Ular Shohlik xabarini va’z qilish amrini bajarish uchun yordam so‘rab ibodat qilganda, Yahova ularga javob berishga tayyor edi. Chindan ham Isoning o‘limidan ko‘p o‘tmay, ular Yahova ibodatlariga javob berganini ko‘rishdi. (Havor. 4:29, 31)

Yordam so‘rab qilgan ibodatlarimizga Yahova javob berishi shubhasiz! (18- xatboshiga qarang.)

18 Bugun ham xuddi shunday. Sabr-bardosh bilan hosil keltirsak, Isoning do‘stlari bo‘lishdan quvonch topamiz. Bundan tashqari, xushxabarni va’z etishda qiyinchiliklarga duch kelganda, Yahovaga yordam so‘rab ibodat qilsak, U javob berishga tayyor ekaniga amin bo‘lishimiz mumkin. (Filip. 4:13) Ibodatlarimizga javob olish va Isoning do‘sti bo‘lish barakasi uchun naqadar minnatdormiz! Yahovaning mazkur hadyalari tinmay hosil keltirishimiz uchun bizni mustahkamlaydi. (Yoqb. 1:17)

19. a) Nima uchun tinmay va’z qilmoqchimiz? b) Xudoning ishini o‘z nihoyasiga yetkazishga bizga nima yordam beradi?

19 Ushbu maqolada ko‘rib chiqqanimizday, Yahovani ulug‘lash, Uning ismini muqaddas tutish, Unga va Isoga bo‘lgan sevgimizni namoyon etish, odamlarni ogohlantirish hamda yaqinimizni sevishimizni ko‘rsatish uchun tinmay va’z qilamiz. Qolaversa, ushbu ishni o‘z nihoyasiga yetkazish uchun quvonch, tinchlik, do‘stlik va ibodatlarimizning ijobat bo‘lishi kabi hadyalar bizni mustahkamlaydi. Yahova «mo‘l-ko‘l hosil berish» uchun jon kuydirayotganimizni ko‘rib juda quvonyapti.

^ 17- x.b. Iso havoriylar bilan qurgan suhbatda, ularning ibodatlari ijobat bo‘lishiga qayta-qayta ishontirgan. (Yuhan. 14:13; 15:7, 16; 16:23)