Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

46-TADQIQ MAQOLASI

Jasoratli bo‘ling! Yahova yordamchingizdir

Jasoratli bo‘ling! Yahova yordamchingizdir

Seni hecham tashlab ketmayman va aslo tark etmayman. IBRON. 13:5

55-QO‘SHIQ Yovdan hech qo‘rqma!

BU MAQOLADA *

1. Muammolarni yenga olmay o‘zimizni yolg‘iz his qilganimizda bizga nima tasalli beradi? (Zabur 118:5–7)

MUAMMOGA duch kelganda hech kim sizga yordam bermaganidan o‘zingizni juda yolg‘iz his qilganmisiz? Ko‘plar, shu qatorda, Yahovaning sadoqatli xizmatchilari ham buni his etishgan. (3 Shoh. 19:14) Siz ham qachondir bunga duch kelsangiz, Yahovaning quyidagi va’dasini yodda tuting: «Seni hecham tashlab ketmayman va aslo tark etmayman». Shunda biz aminlik ila: «Yahova mening yordamchim, men qo‘rqmayman», — deb ayta olamiz. (Ibron. 13:5, 6) Havoriy Pavlus ushbu so‘zlarni taxminan mil. 61-yili Yahudiyadagi imondoshlariga yozgan edi. Bu so‘zlar Zabur 118:5–7 dagi (o‘qing) sano bastakorining his-tuyg‘ularini yodimizga solyapti.

2. Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz va nega?

2 Sano bastakori kabi Pavlus ham o‘z tajribasida Yahova uning Yordamchisi ekanini ko‘rgan. Misol uchun, taxminan 58-yili, ya’ni Ibroniylarga nomli maktubini yozishdan oldin, Pavlus bo‘ronli dengizda xavfli vaziyatga tushib omon qolgan edi. (Havor. 27:4, 15, 20) Bu safardan oldin va safar paytida Yahova turli yo‘llar bilan Pavlusga Yordamchi ekanini ko‘rsatgan. Biz ulardan uchtasini ko‘rib chiqamiz. Yahova Iso va farishtalar, hokimiyatga ega kishilar hamda imondoshlar orqali bu yordamni taqdim etgan. Pavlusning hayotida yuz bergan ushbu voqealarni ko‘rib chiqish, yordam so‘rab qilgan ibodatlarimizga javob berish haqidagi Yahovaning va’dasiga bo‘lgan ishonchimizni kuchaytiradi.

ISO VA FARISHTALARNING YORDAMI

3. Pavlus nima haqida o‘ylagan bo‘lishi mumkin va nega?

3 Pavlus yordamga muhtoj edi. Taxminan mil. 56-yili olomon uni Quddusdagi ma’bad tashqarisiga sudrab chiqib, o‘ldirmoqchi bo‘lgan. Keyingi kuni esa u Oliy Kengash a’zolarining oldiga olib kelingan va dushmanlar uni tilka-pora qilib yuborishlariga sal qolgan. (Havor. 21:30–32; 22:30; 23:6–10) O‘shanda Pavlus: «Bunday munosabatga yana qancha chidashim kerak?» — deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin.

4. Yahova Iso orqali Pavlusga qanday yordam bergan?

4 Pavlus qanday yordam olgan? Hibsga olinganidan keyingi kecha «Hazratimiz» Iso unga zohir bo‘lib shunday deb aytgan: «Dadil bo‘l! Quddusda men haqimda qanday shahodat bergan bo‘lsang, Rimda ham shunday qilishing kerak». (Havor. 23:11) Bu o‘z vaqtida berilgan dalda edi! Iso Pavlusni Quddusda shahodat bergani uchun maqtagan. So‘ng esa Pavlusga Rimda shohidlik qilish uchun u yerga eson-omon yetib borishini va’da qilgan. Bunday so‘zlardan keyin Pavlus o‘zini otasining quchog‘ida xavfsizlikda bo‘lgan bola kabi his etgan bo‘lsa kerak.

Dengizda bo‘ron ko‘tarilgan, farishta bu xavfli safardagi barcha omon qolishiga Pavlusni ishontirmoqda (5-xatboshiga qarang)

5. Yahova farishtasi yordamida Pavlusga qanday ko‘maklashgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

5 Pavlus yana qanday muammolarga duch kelgan? Quddusdagi bu voqealardan taxminan ikki yil o‘tgach, Pavlus Italiyaga borish uchun o‘tirgan kema kuchli bo‘ronga duch keladi. O‘shanda kema ekipaji va yo‘lovchilari halok bo‘lishiga sal qoladi. Lekin Pavlus bundan qo‘rqmaydi. Nega? U kemadagilarga quyidagicha degan: «Bu kecha men topinadigan Alloh O‘z farishtasini yubordi. U menga shunday deb aytdi: “Qo‘rqma, Pavlus. Sen podshohning oldida turishing kerak. Tangri sen bilan birga bo‘lganlarning hayotini saqlab qoladi”». Yahova farishtasi yordamida bundan oldin Iso orqali aytgan so‘zlarni yana takrorlaydi. Yahova va’da qilganidek Pavlus Rimga yetib keladi. (Havor. 27:20–25; 28:16)

6. Isoning qaysi so‘zlari bizga kuch ato etadi va nega?

6 Biz qanday yordam olamiz? Pavlusga o‘xshab Iso bizni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Misol uchun, Iso unga ergashganlarning barchasiga shunday va’da bergan: «Zamonaning oxirigacha men doimo sizlar bilan bo‘laman». (Mat. 28:20) Bu so‘zlar bizga ham kuch ato etadi. Nega? Chunki ba’zan chidash qiyin bo‘ladi. Masalan, yaqinimiz hayotdan ko‘z yumsa, biz bu og‘riq bilan kurashishimizga to‘g‘ri keladi. Boshqalar esa qarilik bilan bog‘liq qiyinchiliklar bilan kurashadi. Yana birovlar depressiyaga tushgani sababli og‘ir kunlarni boshdan kechiradi. Shunga qaramay, Iso «doimo», jumladan, qora kunlarda ham biz bilan bo‘lishini bilish olg‘a qadam bosish uchun bizga kuch beradi. (Mat. 11:28–30)

Farishtalar xushxabar e’lon etishda bizni qo‘llab-quvvatlaydi va yo‘naltiradi (7-xatboshiga qarang.)

7. Vahiy 14:6 ga ko‘ra, bugun Yahova bizga qanday yordam beryapti?

7 Xudoning Kalomi bizni Yahova yordam berish uchun farishtalaridan foydalanishiga ishontiryapti. (Ibron. 1:7, 14) Masalan, farishtalar «Shohlik haqidagi xushxabar» «har bir millat, qabila, til va xalqqa» e’lon etilishi uchun bizni qo‘llab-quvvatlaydi va yo‘naltiradi. (Vahiy 14:6 ni o‘qing; Mat. 24:13, 14;)

HOKIMIYATGA EGA KISHILARNING YORDAMI

8. Qanday qilib Yahova harbiy qo‘mondon orqali Pavlusga yordam bergan?

8 Pavlus qanday yordam olgan? Mil. 56-yili Iso Pavlusni Rimga borishiga ishontirgan edi. Biroq Quddusdagi ayrim yahudiylar pistirma uyushtirib Pavlusni o‘ldirishni rejalashtirgan. Rim harbiy qo‘mondoni Klavdiy Lusiy bundan xabar topib Pavlusga yordamga kelgan. Klavdiy darhol ko‘p askarlar himoyasi ostida Pavlusni Quddusdan taxminan 105 kilometr olisda joylashgan Kesariyaga jo‘natgan. Kesariyada hokim Feliks uni «Hirod saroyidagi soqchilarning qo‘liga» topshirishni buyurgan. Pavlus qotillarning qo‘lidan qutulib qolgan. (Havor. 23:12–35)

9. Qanday qilib hokim Fest Pavlusga yordam bergan?

9 Ikki yil o‘tgach, mil. 58-yili, Pavlus haliyam Kesariyada qamoqda o‘tirgan edi. Keyin Feliksning o‘rniga Fest hokim bo‘ldi. Yahudiylar Festdan Pavlusni hukm qilish uchun Quddusga olib kelishni so‘rashdi, ammo u rozi bo‘lmadi. Hoynahoy, hokim Pavlusni «yo‘lda o‘ldirish uchun pistirma qo‘yishgan»idan xabardor bo‘lgan. (Havor. 24:27–25:5)

10. Pavlus podshohning hukmini talab qilganda hokim Fest nima qilgan?

10 Keyin Pavlusning ishini Kesariyada ko‘rib chiqishgan. Fest «yahudiylarga yoqish maqsadida» Pavlusdan shunday deb so‘ragan: «Quddusga borib, shu ayblar bo‘yicha o‘sha yerda hukm qilinishni xohlaysanmi?» Pavlus Quddusda uni o‘ldirishlari mumkinligini, shuningdek, hayotini saqlab qolishi, Rimga yetib borishi va u yerda xizmatini ado etish uchun nima qilishi kerakligini ham bilgan. U: «Meni podshoh hukm etishini talab qilaman!» — degan. Fest maslahatchilari bilan kengashib, Pavlusga: «Podshohning hukmini talab qildingmi, uning oldiga borasan»,— deb aytgan. Festning ijobiy qarori Pavlusni dushmanlari qo‘lidan qutqargan. Ko‘p o‘tmay Pavlus Rimga — uni o‘ldirmoqchi bo‘lgan yahudiylardan uzoqqa yo‘l olgan. (Havor. 25:6–12)

11. Pavlus Ishayo payg‘ambarning qaysi so‘zlari ustida mulohaza yuritgan bo‘lishi mumkin?

11 Pavlus Italiyaga safari boshlanishini kutar ekan, Ishayo payg‘ambarning Yahovaga qarshi chiqqanlarga qarata aytgan mana bu ogohlantirishi ustida mulohaza yuritgan bo‘lsa kerak: «Reja tuzing, ammo u puchga chiqadi! Istaganingizni so‘zlang, biroq u amalga oshmaydi, zero, Tangrimiz biz bilan!» (Ishayo 8:10) Pavlus Xudo unga yordam berishini bilgan va bu uni bo‘lajak sinovlarga bardoshli bo‘lish uchun kuchli qilgan.

O‘tmishda bo‘lganidek, bugun ham Yahova hokimiyatga ega kishilarni Uning xizmatchilarini himoya qilishga undaydi (12-xatboshilariga qarang.)

12. Yuliy Pavlusga qanday muomala qilgan va natijasi qanaqa bo‘lgan?

12 Mil. 58-yili Pavlus kemada Italiyaga yo‘l oladi. U mahbus bo‘lgani uchun Yuliy ismli rimlik yuzboshi uni qo‘riqlab borgan. Shu vaqtdan e’tiboran, Yuliy Pavlusga yoki qo‘pol, yoki yaxshi muomala qilish hokimiyatiga ega edi. U o‘z hokimiyatidan qanday foydalangan? Keyingi kuni ular to‘xtash joyiga yetib kelishganida «Yuliy Pavlusga odamgarchilik ko‘rsatib, do‘stlari unga g‘amxo‘rlik qilishsin, deya ularning oldiga borishga ruxsat etdi». Keyin esa u hatto Pavlusning hayotini qutqarib qoldi. Qanday qilib? Askarlar mahbuslardan hech biri qochib ketmasin, deya ularni o‘ldirishga qaror qilishadi. Biroq yuzboshi ularni bunday qilishdan to‘xtatadi. Nega? U «Pavlusni qutqarishni istab» shunday qiladi. Yahova ushbu mehribon yuzboshidan foydalanib unga yordam va himoya berganini Pavlus tushungan bo‘lsa kerak. (Havor. 27:1–3, 42–44)

13-xatboshiga qarang.

13. Yahova hokimiyatga ega insonlardan qanday foydalanishi mumkin?

13 Biz qanday yordam olamiz? Agar bu Uning maqsadiga muvofiq bo‘lsa, Yahova qudratli muqaddas ruhidan foydalanib hokimiyatga ega insonlarga O‘zi istagan narsani qilishga turtki beradi. Shoh Sulaymon quyidagilarni yozgan edi: «Shohning yuragi Yahovaning qo‘lida oqar suvdaydir. Uni istagan tomonga yo‘naltiradi». (Hik. 21:1) Bu masal qanday ma’noga ega? Daryo suvini boshqa tomonga yo‘naltirish uchun odamlar kanal qazishadi. Shunga o‘xshab, Yahova ham O‘z ruhidan foydalanib hukmdorlarning fikrini O‘z maqsadiga uyg‘un bo‘lgan tomonga yo‘naltiradi. Bunday hol yuz bersa, mansabdor shaxslar Xudo xalqining manfaatiga xizmat qiladigan qarorlar chiqarishadi. (Ezra 7:21, 25, 26 ni solishtiring.)

14. Havoriylar 12:5 ga ko‘ra, kimlar haqida ibodat qilsak bo‘ladi?

14 Biz nima qila olamiz? «Podshohlar va yuqori mavqega ega kishilar» hayotimiz va xizmatimiz bilan bog‘liq qarorlar chiqarishi kerak bo‘lsa, biz ular uchun ibodat qilamiz. (1 Tim. 2:1, 2; Naxim. 1:11) Ilk masihiylarga o‘xshab biz qamoqda o‘tirgan birodar-u opa-singillarimiz uchun tinmay ibodat qilamiz. (Havoriylar 12:5 ni o‘qing; Ibron. 13:3) Bundan tashqari, birodar-u opa-singillarimizni qo‘riqlayotgan davlat xodimlari uchun ham ibodat qilamiz. Ular ham Yuliy kabi yo‘l tutishi va imondoshlarimizga «odamgarchilik ko‘rsatib» muomala qilishi uchun Yahovaga iltijo qilib, ularning fikrlash tarziga ta’sir etishini so‘raymiz. (Havor. 27:3)

IMONDOSHLARNING YORDAMI

15, 16. Qanday qilib Yahova Pavlusga imondoshlari Aristarx va Luqo orqali yordam bergan?

15 Pavlus qanday yordam olgan? Rimga safari davomida Yahova Pavlusga uning imondoshlari orqali qayta-qayta yordam ko‘rsatgan. Keling, ba’zi misollarni ko‘rib chiqamiz.

16 Pavlusning ikkita sadoqatli do‘sti Aristarx va Luqo u bilan Rimga yo‘l olishga qaror qilishadi *. Rimga eson-omon yetib borishlari haqida Iso ularni ishontirmaganga o‘xshaydi. Ammo shunday bo‘lsa ham, ular Pavlusning yonida bo‘lish uchun ixtiyoriy ravishda o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yishgan. Faqatgina Rimga ketayotganda bo‘ronga tushib qolishganida ularning hayoti saqlab qolinishini tushunishgan. Aristarx bilan Luqo Kesariyada kemaga chiqishganida, ikkita jasoratli imondoshi orqali unga yordam bergani uchun Pavlus Yahovaga chin dildan ibodat qilgan bo‘lsa kerak. (Havor. 27:1, 2, 20–25)

17. Qanday qilib Yahova Pavlusga imondoshlari orqali yordam bergan?

17 Ushbu safari davomida imondoshlari Pavlusga ko‘p marotaba yordam bergan. Misol uchun, Sidondagi bandargohga yetib kelishganida, «do‘stlari unga g‘amxo‘rlik qilishsin, deya» Yuliy Pavlusga ularning oldiga borishga ruxsat bergan. Undan keyin Puteol shahrida Pavlus va uning hamrohlari birodarlarini topishgan. Birodarlar ulardan o‘sha yerda «yetti kun» qolishni iltimos qilgan. O‘sha yerlik masihiylar Pavlusning va hamrohlarining kam-ko‘stini qoplagan. Pavlus esa daldali voqealarni so‘zlab berib, mezbonlarga katta quvonch baxsh etgani shubhasiz. (Havoriylar 15:2, 3 ni solishtiring.) Dalda olishganidan keyin Pavlus va uning hamrohlari safarlarini davom ettirishgan. (Havor. 27:3; 28:13, 14)

Pavlus bilan bo‘lganidek, Yahova bizga ham imondoshlarimiz orqali yordam beradi (18-xatboshilariga qarang.)

18. Pavlus Xudoga minnatdorchilik bildirishiga va dalda olishiga nima sabab bo‘lgan?

18 Pavlus Rim tomon borar ekan, uch yil oldin bu shahardagi jamoatga yozgan quyidagi so‘zlarini eslagan bo‘lishi mumkin: «Ko‘p yillardan beri oldingizga borish niyatidaman». (Rim. 15:23) Lekin mahbus sifatida u yerga borishini xayoliga ham keltirmagan. Rimdagi birodarlar uni qarshi olish uchun chiqishganini ko‘rganida Pavlus rosa dalda olgan bo‘lsa kerak! «Pavlus ularni ko‘rib Allohga shukrona aytdi va ko‘ngli ko‘tarildi». (Havor. 28:15) U yerda imondoshlar bo‘lgani uchun Pavlus Xudoga minnatdorchilik bildirgan. Nega? Chunki Yahova yana bir bor imondoshlar orqali unga yordam berganini ko‘rgan.

19-xatboshiga qarang.

19. Butrusning birinchi maktubi 4:10 da aytilganiday, qanday qilib Yahova boshqalarga yordam berishda bizdan foydalana oladi?

19 Biz nima qila olamiz? Jamoatingizda kasallik yoki boshqa muammolar dastidan azob chekayotgan birodar-u opa-singillarni bilasizmi? Balki ularning yaqini vafot etgandir. Agar kimdir yordamga muhtoj ekanidan xabar topsak, yaxshi so‘z aytish va savob ish qilish uchun Yahovadan yordam so‘rasak bo‘ladi. So‘zlarimiz-u ishlarimiz imondoshlarimiz muhtoj bo‘lgan daldaga aylanishi mumkin. (1 Butrus 4:10 ni o‘qing.) * Shunda bizdan yordam olgan kishilar Yahovaning: «Seni hecham tashlab ketmayman va aslo tark etmayman», — degan va’dasi ularga ham tegishli ekaniga yana bir bor ishonch hosil qiladi. Bu sizni quvonchga to‘ldirishi shubhasiz!

20. Nega aminlik ila «Yahova mening yordamchim», deya olamiz?

20 Pavlus va uning hamrohlari bilan bo‘lganidek, biz ham hayot yo‘lida kuchli bo‘ronlardan o‘tamiz. Shu bilan bir paytda, Yahova biz bilan bo‘lgani uchun jasoratga to‘lamiz. U Iso va farishtalar orqali bizga yordam beryapti. Shuningdek, agar bu Uning maqsadiga uyg‘un bo‘lsa, hokimiyatga ega insonlar orqali bizga yordam taqdim etadi. Yahova muqaddas ruhidan foydalanib xizmatchilarining qalbida imondoshlariga yordam qo‘lini cho‘zish istagini uyg‘otadi. Ko‘pchiligimiz buni shaxsan his etganmiz. Shu bois, biz ham Pavlus kabi aminlik ila: «Yahova mening yordamchim, men qo‘rqmayman. Inson menga nima ham qila olardi?!» — deyish uchun asosli sababimiz bor. (Ibron. 13:6)

38-QO‘SHIQ U sizni mustahkamlaydi

^ 5- x.b. Ushbu maqolada qaysi uchta yo‘l orqali Yahova havoriy Pavlusga muammolarni yengishga yordam berganini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, Yahova o‘tmishda O‘z xizmatchilariga qanday yordam berganini bilib olamiz. Bu bizni hozir boshdan kechirayotgan hayot bo‘ronlaridan o‘tishimizga Yahova yordam berishiga ishontiryapti.

^ 16- x.b. Ilgari Aristarx va Luqo Pavlusga safarlari davomida hamrohlik qilishgan. Ushbu sadoqatli kishilar Pavlus Rimda qamoqda bo‘lganida uning yonida bo‘lishgan. (Havor. 16:10–12; 20:4; Kolos. 4:10, 14)

^ 19- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2009-yil 15-yanvar soni 13-, 14- sahifalari, 5–9-xatboshilariga qarang.