Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

1918. Yuz yil avval

1918. Yuz yil avval

«Qo‘riqchi minorasi»ning 1918-yili 1- yanvar sonida shunday yozilgan edi: «1918-yili nimalar yuz beradi?» O‘sha paytda Yevropada Birinchi jahon urushi avjiga chiqqan edi, lekin Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari va dunyodagi boshqa odamlar uchun bu yilning boshida bo‘lgan ishlar tufayli vaziyat yaxshi tomonga o‘zgaradiganday tuyulgan.

TINCHLIK

1918-yili 8- yanvarda AQSH prezidenti Vudro Vilson bo‘lib o‘tgan AQSH kongressida ma’ruza so‘zlab, «adolat va tinchlik» bo‘lishi uchun 14 ta prinsipga rioya qilish muhim ekanini ta’kidlagan. Prezidentning fikricha xalqlar o‘zaro ochiq muloqotda bo‘lishi, qurolli kuchlarni qisqartirishi va «xalqlar birga hamkorlik qilishi» «ozmi-ko‘pmi» foyda keltirishi mumkin edi. Keyinchalik ushbu «14 ta prinsip» Millatlar Ittifoqini tashkil etilishida va Versal sulh shartnomasini tuzishda qo‘l kelgan. Shunday qilib, Birinchi jahon urushi yakun topgan.

QARSHILIKLAR

1917-yili * notinchliklar bo‘lganiga qaramay, Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari ham tinchlik bo‘lishiga umid bog‘lashgan. «Qo‘riqchi Minorasi Muqaddas Kitob va Adabiyot Jamiyati»ning yillik majlisida muayyan voqealar yuz bergan.

Baytildan chetlatilgan bir nechta birodar 1918-yili 5- yanvarda bo‘lib o‘tgan bu majlisda tashkilotimizdagi boshqaruvni o‘z qo‘liga olmoqchi bo‘lgan. Tuman noziri bo‘lgan sadoqatli birodarimiz Richard Barber bu majlisning boshida ibodat qilgan. 1917-yilning va’zgo‘ylik hisobotidan so‘ng, tashkilotimizning boshqaruvi kimning zimmasiga o‘tishi masalasida saylov o‘tkazilgan. Birodarimiz Barber nomzod sifatida Jozef Ruterford va yana oltita akamizni taklif qilgan. Lekin qarshi chiqqanlar tarafidagi himoyachi boshqa yettita birodarni, jumladan, Baytildan chetlatilgan haligi kishilarni ham nomzod sifatida taklif qilgan. Ular tanlanmadi. Ko‘pchilik tomonidan birodarimiz Ruterford va yana oltita akamiz saylandi.

Bu majlisda bo‘lgan ko‘p birodarlarimizning fikricha, «ilgarigi anjumanlarga qaraganda, ayniqsa bu safar Yahovaning ko‘magi juda sezildi». Biroq ularning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi.

«OCHILGAN SIR»

Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari bir necha oy davomida «Ochilgan sir» kitobini tarqatishdi. Bu kitobni o‘qigan samimiy kishilar Muqaddas Kitobdagi haqiqatga qiziqish bildirishdi.

Kanadada tuman noziri bo‘lgan Krist birodarimiz bir juftlik bu kitobni o‘qib, besh hafta o‘tgach haqiqatni qabul qilgani haqida so‘zlab bergan. U: «Eri va xotini ham qiziqish ko‘rsatib, tezda ma’nan o‘smoqda»,— deb aytgan.

Bu kitobni olgan boshqa kishi ham bilib olganlarini shu zahoti do‘stlariga ayta boshlagan ekan. Xushxabar uning ustiga «tushgan». U quyidagicha bo‘lishgan: «Uchinchi avenyuda ketayotganimda, yelkamga bir narsa kelib tushdi, bu g‘isht deb o‘yladim. Ammo bu “Ochilgan sir” kitobi edi. Uni olib, uyimda o‘qib chiqdim... Keyin bilishimcha, bu kitob tufayli g‘azabga mingan bir ruhoniy uni derazadan otib yuborgan ekan... Ushbu ruhoniy aytgan ma’ruzalari yoki qilgan boshqa ishlariga qaraganda, bu kitobni derazadan otib yuborgani uchun anchagina odamlar haqiqatni bilib olgan... Bu ruhoniyning g‘azabi tufayli hozir Xudoni sharaflayapmiz».

Ushbu ruhoniyning munosabatidan hayron emasmiz. Bu kitob isyonkorona ruhda va urushga qarshi fikrlardan iborat degan ayblov bilan Kanadada 1918-yili 12- fevralda man etildi. Ko‘p vaqt o‘tmay, Qo‘shma Shtatlar ham shunday yo‘l tutdi. Tashkilotimizni boshqarayotgan birodarlarga qarshi dalillar topish maqsadida hukumat tomonidan Baytilda va Pensilvaniya (Nyu-York) hamda Kaliforniyadagi ofislarda tintuv o‘tkazildi. «Ochilgan sir» kitobi urushga qarshi fikrlardan iborat va «Ayg‘oqchilik akti»ga muvofiq emas degan ta’kidlov bilan 1918-yili 14- martda AQSH Adliya vazirligi tomonidan man etildi.

QAMOQ

1918-yili 7- mayda Adliya vazirligi tomonidan Jovanni Dechekka, Jorj Fisher, Aleksandr Makmillan, Robert Martin, Frederik Robison, Jozef Ruterford, Uilyam van Amburg va Kleyton Vudvort birodarlarimiz hibsga olindi. Ular «qonunbuzarlik, jinoyatchilik, qonunga bo‘ysunmaslik, xoinlik, Qo‘shma Shtatlarning harbiy va dengiz kuchlarida xizmat qilishdan bosh tortganlikda» ayblandi. 1918-yili 3- iyunda ularning ishi bo‘yicha sud boshlandi, lekin bu ayblovlarning barida ular aybdor deb tan olinish ehtimoli kam edi. Nima uchun?

Qo‘shma Shtatlar hukumati bu birodarlarni «Ayg‘oqchilik akti»ni buzishda ayblab, uni «targ‘ibotga qarshi yaxshi qurol» deb atadi. «Ayg‘oqchilik akti» «adolatni ko‘zlab, yaxshi niyat ila haqiqatni» yozganlarni himoya qilishi mumkin edi. Lekin 1918-yili 16- mayda AQSH kongressi unga o‘zgarish kiritishni rad etdi. «Ochilgan sir» kitobi bahslarning muhim qismiga aylandi. Bu masala bo‘yicha AQSH kongressi rasmiy ravishda quyidagilarni tan oldi: «Targ‘ibotlarning eng xavflisi “Ochilgan sir” kitobidir... Asosiy maqsadi askarlarning nazarida hurmatimizni pasaytirish,.. harbiy xizmatda ishtirok etishdan to‘xtatishga qaratilgan».

1918-yili 20- iyunda maslahatchilar ishtirokidagi sud majlisi bu sakkizta birodarni aybdor deb tan oldi. 21- iyunda esa sudya qarorni e’lon qildi. U shunday dedi: «Bu kishilar tomonidan shiddat ila tarqatilgan diniy targ‘ibotlar nemis qo‘shinining bo‘linishidan ham ancha xavfliroq... Ular og‘ir jazoga tortilsin». Ikki hafta o‘tgach, bu sakkizta birodar Jorjiya shtatining Atlanta shahridagi qamoqxonaga yuborilib, 10–20 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

VA’ZGO‘YLIK FAOLIYATI DAVOM ETADI

O‘shanda Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari shiddatli qarshiliklar ostida edi. AQSH Federal tergov byurosi faoliyatimizni sinchkovlik ila o‘rganib chiqdi va minglab hujjatlarni nashr etdi. Ularga binoan birodarlarimiz va’z qilishni to‘xtatmaslikka qat’iy qaror qilgan.

Orlandodagi (Florida shtati) pochtada ishlagan bir kishi Federal tergov byurosiga shunday xat yozgan: «[Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari] asosan kechki payt uyma-uy va’z qilib yurishadi. [...] Ular barcha qarshiliklarga qaramay, va’zgo‘ylikni to‘xtatmayapti».

Qurolli kuchlarda yuqori lavozimli xodim Yetakchi kengash a’zosi Frederik Frensning faoliyati haqida byuroga hisobot yo‘llab: «Frederik Frens “Ochilgan sir” kitobining bir necha ming nusxalarini sotishda ishtirok etmoqda»,— deb yozgan.

Keyinchalik Yetakchi kengashda xizmat qilgan Charlz Fekel ham shiddatli ta’qibga duch kelgan. U ham bu kitobni tarqatgani uchun hibsga olingan va hukumat shaxsiy xatlarini tekshirardi. U Baltimordagi (Merilend shtati) qamoqqa bir oyga yuborilib, «avstriyalik dushman» deb tan olindi. Birodarimiz tergovchilarga g‘ayrat ila shohidlik berayotganda Pavlusning 1 Korinfliklarga 9:16 dagi so‘zlarini eslagan. U yerda: «Xushxabarni e’lon etmasam, mening holimga voy!» — deyilgan *.

G‘ayrat ila va’z qilishdan tashqari imondoshlarimiz Atlantadagi qamoqxonada o‘tirgan birodarlarni ozod etishsin deb iltimosnoma yozishgan. Anna Gardner shularni eslaydi: «Barchamiz muayyan ish bilan band edik. Birodarlarimiz qamoqda bo‘lganda, imzolar yig‘ishga kirishdik. Uyma-uy yurib, minglab imzolar oldik. Biz odamlarga bu sadoqatli masihiylar adolatsizlarcha ozodlikdan mahrum etilgan deb aytardik».

ANJUMANLAR

O‘sha og‘ir zamonda o‘tkazilgan anjumanlar birodarlarimizni ma’nan mustahkamlab turardi. «Qo‘riqchi minorasi»da shunday yozilgan: «Bir yil ichida 40 dan ziyod anjuman o‘tkazilgan... O‘sha paytdagi hamma anjumandan ajoyib hisobotlar kelardi. Ilgari hamma anjumanlar yozning oxirida yoki kuzning boshida bo‘lardi; hozir esa yil davomida har oy o‘tkaziladi».

Samimiy kishilar xushxabarni qabul qilishgan. Klivlendda (Ogayo shtati) o‘tgan bir anjumanga taxminan 1 200 ta odam kelgan va 42 ta kishi suvga cho‘mgan. Ulardan biri yosh bola edi. «Bu dunyodagi odamlardan farqli ravishda, u Xudodan minnatdor bo‘lib, o‘zini Unga bag‘ishlagan edi».

KEYIN NIMA BO‘LADI?

1918-yilning oxirida Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari oldinda ularni nima kutayotganini bilishmasdi. Bruklindagi ba’zi binolarimiz sotildi va Bosh idoramiz Pittsburgga (Pensilvaniya shtati) ko‘chirildi. Mas’uliyatli birodarlarimiz qamoqda bo‘lgan paytda, 1919-yili 4- yanvarda yilgi majlis o‘tkazilishi rejalashtirildi. Qiziq, nimalar yuz berdi?

Birodarlarimiz faoliyatini to‘xtatmagan. Ularning imoni shunchalik mustahkam bo‘lganki, 1919-yil uchun Ishayo 54:17 dagi: «Senga qarshi yasalgan hech bir qurol g‘alaba qozonmaydi»,— deb aytilgan so‘zlarni tanlashgan. Birodarlarimiz vaziyat kutilmaganda o‘zgarishiga tayyorgarlik ko‘rishgan. Bu ularning imoni kuchli bo‘lishiga va kelajakdagi buyuk ishlar uchun tayyor turishiga hissa qo‘shardi.

^ 6- x.b. 2017-yilgi «Yahova Shohidlarining yilnomasi»ning (rus) 172–176- sahifalaridagi «1917. Yuz yil avval» nomli maqolaga qarang.

^ 22- x.b. Charlz Fekelning tarjimai holi «Qo‘riqchi minorasi»ning 1969-yili 1- mart sonida (ingl.) keltirilgan.