Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

44-TADQIQ MAQOLASI

Farzandlaringiz katta bo‘lganida Xudoga xizmat qiladimi?

Farzandlaringiz katta bo‘lganida Xudoga xizmat qiladimi?

Iso o‘sib-ulg‘ayar va borgan sayin donoligi oshardi. Tangrining va odamlarning nazarida iltifotga sazovor bo‘lardi. LUQO 2:52

134-QO‘SHIQ Farzandlar — Yahovadan merosdir

BU MAQOLADA *

1. Kishi chiqarishi mumkin bo‘lgan eng a’lo qaror bu qaysi?

KO‘PINCHA ota-ona chiqaradigan qarorlar farzandlariga uzoq vaqt davomida ta’sir qiladi. Ota-ona noto‘g‘ri qarorlar chiqarsa, bu ularning farzandlariga muammolar tug‘dirishi mumkin. Biroq ular dono qarorlar chiqarib, farzandlariga mamnuniyat baxsh etadigan baxtli hayotga ega bo‘lishga ko‘maklasha oladilar. Albatta, buning uchun farzandlar ham dono qarorlar chiqarishi zarur. Kishi chiqarishi mumkin bo‘lgan eng a’lo qaror bu sevuvchi samoviy Otamiz Yahovaga xizmat qilishdir. (Zab. 73:28)

2. Iso hamda uning ota-onasi qanday dono qarorlar chiqarishgan?

2 Isoning ota-onasi farzandlariga Yahovaga xizmat qilishga ko‘maklashish uchun qattiq bel bog‘lagan. Ular chiqargan qarorlar Yahovaga xizmat qilish hayotlarining asosiy maqsadi bo‘lganini isbotlashgan. (Luqo 2:40, 41, 52) Xuddi shunday Iso ham dono qarorlar chiqargan. Bu esa unga Yahovaning niyatida o‘z vazifasini bajarishga ko‘maklashgan. (Mat. 4:1–10) Iso mehribon, sadoqatli hamda jasoratli bo‘lib ulg‘aygan. Xudoni sevuvchi har qanday ota-ona u kabi farzandi borligidan baxtiyor bo‘lib faxrlangan bo‘lardi.

3. Ushbu maqolada qaysi savollarga javob topamiz?

3 Ushbu maqolada quyidagi savollarga javob topamiz: Yahova Isoga taalluqli qanday dono qarorlar chiqargan? Yusuf va Maryam chiqargan qarorlardan masihiy ota-onalar nimani o‘rganishlari mumkin? Iso chiqargan qarorlardan-chi, masihiy yoshlar qanday saboq olishlari mumkin?

YAHOVADAN O‘RGANING

4. Yahova Isoga taalluqli qanday dono qaror chiqargan?

4 Yahova Iso uchun ajoyib ota-ona tanlagan. (Mat. 1:18–23; Luqo 1:26–38) Maryamning Muqaddas Kitobda keltirilgan samimiy so‘zlaridan u Yahovani hamda Uning Kalomini qattiq sevganini bilsak bo‘ladi. (Luqo 1:46–55) Shuningdek, Yusuf Yahovaning buyrug‘iga itoat qilib xudotars ekanini va Uni mamnun qilish istagi borligini ko‘rsatgan. (Mat. 1:24)

5, 6. Yahova O‘g‘li nimalarni boshdan kechirishiga yo‘l qo‘ygan?

5 E’tibor bergan bo‘lsangiz, Yahova Iso uchun boy-badavlat ota-onani tanlamagan. Iso tug‘ilganidan so‘ng, Yusuf va Maryam keltirgan qurbonlik ular kambag‘al bo‘lganini ko‘rsatyapti. (Luqo 2:24) Hoynahoy, Nosiradagi uyi yaqinida Yusufning kichik bir ustaxonasi bo‘lgan va o‘sha yerda u duradgor bo‘lib ishlagan. Ehtimol, ularning ko‘p pullari yoki narsalari bo‘lmagan. Chunki vaqt o‘tib ularning yettita yoki undan ham ko‘p farzandi bo‘lgan. (Mat. 13:55, 56)

6 Yahova Isoni muayyan xavflardan himoya qilgan, biroq U O‘g‘lini barcha qiyinchiliklardan xalos etmagan. (Mat. 2:13–15) Masalan, Isoning unga ishonmagan qarindoshlari bo‘lgan. Boshida oila a’zolari Isoni Masih sifatida qabul qilmaganida, bu uning ruhini qanchalar tushirgan bo‘lsa kerak-a? (Mark 3:21; Yuhan. 7:5) Qolaversa, Yusuf o‘lganida, ehtimol, Iso hali yosh bo‘lgan va bu unga og‘riq keltirganga o‘xshaydi. Yusufning o‘limi to‘ng‘ich farzand sifatida Iso otasining ishini davom ettirishini anglatgan bo‘lishi mumkin. (Mark 6:3) Iso ulg‘ayar ekan, oilasiga qanday g‘amxo‘rlik qilishni o‘rgangan. Balki u oilasini ta’minlash uchun qattiq mehnat qilishiga to‘g‘ri kelgandir. Shu bois, kun bo‘yi ishlab charchash nima ekanini u juda yaxshi bilgan.

Ota-onalar, farzandingizni Xudoning Kalomidan maslahat izlashga o‘rgatish orqali, uni hayotning o‘nqir-cho‘nqirlariga tayyorlang (7-xatboshiga qarang.) *

7. a) Turmush qurgan juftliklarga qaysi savollar ularga ota-onalik vazifasini bajarishga ko‘maklashadi? b) Hikmatlar 2:1–6 ga ko‘ra, ota-ona bolasiga nimalarni o‘rgatishi kerak?

7 Oila qurgan va farzandli bo‘lishni xohlayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Yahovani hamda Uning Kalomini sevadigan kamtarin insonmizmi? Yangi tug‘iladigan qadrli chaqaloqqa g‘amxo‘rlik qilish uchun Yahova bizni tanlaydimi?» (Zab. 127:3, 4) Farzandingiz bor bo‘lsa, o‘zingizdan quyidagicha so‘rang: «Mehnatsevar bo‘lish muhimligini bolamga o‘rgatyapmanmi?» (Voiz 3:12, 13) «Shaytonning dunyosida duch kelishi mumkin bo‘lgan jismoniy va axloqiy zarardan bolamni himoya qilish uchun jon kuydiryapmanmi?» (Hik. 22:3) Farzandingizni u duch kelishi mumkin bo‘lgan barcha qiyinchiliklardan himoya qila olmaysiz. Buni qilish imkonsizdir. Biroq Xudoning Kalomidan maslahat izlashga o‘rgatish orqali, uni asta-sekin va sevgi ila hayotning o‘nqir-cho‘nqirlariga tayyorlay olasiz. (Hikmatlar 2:1–6 ni o‘qing.) Masalan, yaqiningiz haqiqatni tark etsa, Muqaddas Kitob yordamida farzandingizga Yahovaga sadoqatli qolish nega muhim ekanini tushunishga ko‘maklashing. (Zab. 31:23) Yoki yaqiningiz vafot etsa, farzandingizga qayg‘uni yengishga va tinchlikka erishishga yordam beradigan oyatlarni ko‘rsating. (2 Kor. 1:3, 4; 2 Tim. 3:16)

YUSUF VA MARYAMDAN O‘RGANING

8. Qonunlar 6:6, 7 ga binoan, Yusuf va Maryam nima qilishlari kerak bo‘lgan?

8 Yusuf va Maryam Yahova ota-onalarga bergan yo‘l-yo‘riqlarga amal qilgan. Bu tufayli Iso ulg‘ayganida Xudoning roziligini olgan. (Qonunlar 6:6, 7 ni o‘qing.) Yusuf va Maryam Yahovani qattiq sevgan va ularning asosiy maqsadi farzandlariga ham xuddi shunday sevgini payvand qilish bo‘lgan.

9. Yusuf va Maryam qanday muhim qarorlar chiqargan?

9 Yusuf va Maryam farzandlari bilan birga Yahovaga muntazam ravishda topinishni tanlagan. Shubhasizki, ular har hafta Nosiradagi ibodatxonada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarga hamda Quddusda nishonlangan yillik Fisih bayramiga borishgan. (Luqo 2:41; 4:16) Quddus tomon qilgan oilaviy sayohati davomida ular Iso va uning uka-singillariga o‘tmishda Xudoning xalqi bilan nimalar yuz bergani haqida aytib berishgandir. Ehtimol, yo‘l-yo‘lakay Muqaddas Kitobda tilga olingan joylarga kirib o‘tishgan. Oila a’zolari ko‘paygani sayin, hoynahoy, Yahovaga muntazam tarzda topinish Yusuf va Maryam uchun oson kechmagan. Lekin bunday yo‘l tutgani uchun ular mukofotlangan. Ular Yahovaga topinishni birinchi o‘ringa qo‘ygani bois, U bilan munosabatlari qalinlashgan.

10. Masihiy ota-onalar Yusuf va Maryamning misolidan nimalarni o‘rganishi mumkin?

10 Xudotars ota-onalar Yusuf va Maryamning misolidan nimalarni o‘rganishi mumkin? Eng asosiysi farzandingizga ham so‘zda, ham harakatda Yahovani qattiq sevishingizni ko‘rsating. Bolangizga berishingiz mumkin bo‘lgan eng a’lo tuhfa Yahovani sevishga ko‘maklashish ekanini tushuning. Farzandingizga berishingiz mumkin bo‘lgan eng muhim saboqlardan biri tadqiqni, ibodatni, yig‘ilishlarda hamda va’zgo‘ylik ishida qatnashishni odat tusiga aylantirishiga ko‘maklashishdir. (1 Tim. 6:6) Albatta, bolangizning moddiy ehtiyojlariga ham g‘amxo‘rlik qilishingiz zarur. (1 Tim. 5:8) Farzandingizga Shaytonning dunyosi o‘z nihoyasiga yetganda omon qolib, Xudoning yangi dunyosida yashash uchun moddiy narsalar emas, balki Yahova bilan qalin munosabatlar yordam berishini esdan chiqarmang *. (Hiz. 7:19; 1 Tim. 4:8)

Farzandlari Yahova bilan qalin munosabatlarga ega bo‘lishi uchun ko‘pgina masihiy ota-onalar dono qarorlar chiqarayotganini ko‘rish naqadar daldali! (11-xatboshiga qarang.) *

11. a) Qay yo‘sin 1 Timo‘tiyga 6:17–19 dagi maslahat farzand katta qilayotgan ota-onalarga dono qarorlar chiqarishga ko‘maklashadi? b) Oilangiz qanday maqsadlar qo‘ya oladi va bu qanday barakalar keltirishi mumkin? (« Qanday maqsadlar qo‘ya olasiz?» nomli ramkaga qarang.)

11 Farzandlari Yahova bilan qalin munosabatlarga ega bo‘lishi uchun ko‘pgina masihiy ota-onalar dono qarorlar chiqarayotganini ko‘rish naqadar daldali! Ular muntazam ravishda birgalikda topinadi. Yig‘ilishlarga va anjumanlarga qatnaydi. Qolaversa, xushxabarni va’z qiladi. Hattoki ba’zi oilalar kamdan-kam va’z qilinadigan hududda xizmat qila olyapti. Boshqalar esa Baytilga ekskursiyaga boradi yoki tashkilotimizning qurilish ishlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday qarorga kelib ular moddiy tomondan fidoyiliklar qilishi va ehtimol, ba’zi qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Lekin oladigan barakalari ularni chinakamiga ma’nan boyitadi. (1 Timo‘tiyga 6:17–19 ni o‘qing.) Bunday oilalarda katta bo‘lgan bolalar ko‘pincha o‘rgangan yaxshi odatlari bo‘yicha yashashda davom etadi va bundan afsuslanmaydi *. (Hik. 10:22)

ISODAN O‘RGANING

12. Iso o‘sib-ulg‘ayar ekan, nima qilishi kerak bo‘lgan?

12 Isoning ham samoviy Otasi, ham yerdagi ota-onasi doimo dono qarorlar chiqarishgan. Ammo Iso o‘sib-ulg‘ayar ekan, shaxsiy qarorlar chiqarishi kerak bo‘lgan. (Galat. 6:5) Har birimizda bo‘lganiday, unda ham iroda erkinligi kabi tuhfa bo‘lgan. U shaxsiy manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishi mumkin edi. Biroq u Yahova bilan qalin munosabatlarni rivojlantirishni tanladi. (Yuhan. 8:29) Qay yo‘sin bugungi kunda yoshlar uning misolidan foyda olishi mumkin?

Yoshlar, ota-onangizga doimo quloq soling (13-xatboshiga qarang.) *

13. Iso bolaligida qanday muhim qaror chiqargan?

13 Iso bolaligidan ota-onasiga itoatkor bo‘lishni tanlagan. U ota-onamdan ko‘proq narsani bilaman, deb aslo itoatsizlik qilmagan. Aksincha, «u ota-onasiga bo‘ysunib» yurgan. (Luqo 2:51) Iso to‘ng‘ich farzand sifatidagi mas’uliyatiga jiddiy qaragani shubhasiz. Shunisi aniqki, u oilasiga g‘amxo‘rlik qilish maqsadida tutingan otasidan hunar o‘rganish uchun og‘ir mehnat qilgan.

14. Iso Xudoning Kalomini qunt bilan o‘rganganini qayerdan bilamiz?

14 Ota-onasi Isoga u mo‘jizaviy tarzda tug‘ilgani hamda Xudoning xabarchilari u haqda nima degani borasida aytib berishgandir. (Luqo 2:8–19, 25–38) Iso eshitganlari bilan kifoyalanib qolmay, Muqaddas Yozuvlarni shaxsan tadqiq qilgan. Iso Xudoning Kalomini qunt bilan o‘rganganini qayerdan bilamiz? Iso hali bola bo‘lgan paytda Quddusdagi din muallimlari uning «fahm-idrokiga va berayotgan javoblariga lol qolgandi». (Luqo 2:46, 47) Qolaversa, Iso o‘n ikki yoshda bo‘lganida Yahova Otasi ekaniga ishonchi komil edi. (Luqo 2:42, 43, 49)

15. Qanday qilib Iso Yahovaning irodasini bajarishni tanlaganini ko‘rsatgan?

15 Iso Yahovaning niyatida o‘z vazifasini tushunganida, Uning irodasini bajarishni tanlagan. (Yuhan. 6:38) U ko‘plar undan nafratlanishini bilar edi va bu haqda o‘ylash uni tashvishga solgandir. Ammo u Yahovaga itoat etishni tanladi. Iso mil. 29-yili suvga cho‘mganida, uning hayotdagi asosiy maqsadi Yahova undan nimani talab qilgan bo‘lsa, shuni bajarish bo‘lgan. (Ibron. 10:5–7) Iso hatto azob ustunida jon berayotganida ham, Yahovaning irodasini bajarishga ikkilanmagan. (Yuhan. 19:30)

16. Farzandlar Isodan olishi mumkin bo‘lgan saboqlardan biri qanday?

16 Ota-onangizga quloq soling. Yusuf va Maryam kabi ota-onangiz nomukammal. Yahova ularga sizni himoya qilish va ta’lim berish vazifasini topshirgan. Ularning maslahatiga quloq solib, hokimiyatini hurmat qilsangiz «yaxshilik sizga yor» bo‘ladi. (Efes. 6:1–4)

17. Yoshua 24:15 ga ko‘ra, yoshlar o‘zlari uchun qanday qaror chiqarishlari kerak?

17 Kimga xizmat qilishingizni tanlang. Yahovaning kimligini, Uning irodasi nimadan iboratligini va u sizning hayotingizga qanday tegishli ekanini o‘zingiz uchun anglab oling. (Rim. 12:2) Shunda hayotingizdagi eng muhim qarorni — Yahovaga xizmat qilish qarorini chiqara olasiz. (Yoshua 24:15 ni o‘qing; Voiz 12:1) Muqaddas Kitobni muntazam o‘qib, uni tadqiq qilsangiz, Yahovaga bo‘lgan sevgingiz o‘sishda davom etib, Unga nisbatan imoningiz yanada mustahkamlanadi.

18. Yoshlar qaysi qarorni chiqarishi zarur va bu qanday natija keltiradi?

18 Yahovaning irodasini bajarishni hayotingizda birinchi o‘ringa qo‘yishni tanlang. Shaytonning dunyosi qobiliyatlaringizdan o‘z manfaatingiz yo‘lida foydalansangiz, baxtli bo‘lishingizga va’da beryapti. Biroq moddiy narsalar payida bo‘lsak, «ko‘pgina azoblarga duch kelib», o‘zimizni yaralashimizni bilamiz. (1 Tim. 6:9, 10) Lekin Xudoga quloq solib, Uning irodasini hayotimizda birinchi o‘ringa qo‘yishni tanlasak, muvaffaqiyatga erishib, «donolik bilan» yo‘l tutamiz. (Yoshua 1:8)

QANDAY YO‘L TUTISHNI TANLAYSIZ?

19. Ota-onalar nimani yodda tutishi kerak?

19 Ota-onalar, farzandlaringizga Yahovaga xizmat qilishga ko‘maklashishda jon kuydiring. Unga tayaning va U sizga dono qarorlar chiqarishingizga yordam beradi. (Hik. 3:5, 6) Unutmang: so‘zlaringiz emas, ko‘proq ishlaringiz farzandlaringizga o‘rnak bo‘ladi. Shu bois, ularga Yahovaning roziligini olishga ko‘maklashadigan qarorlar chiqaring.

20. Yoshlar Yahovaga xizmat qilishni tanlasa, qanday barakalarga ega bo‘ladi?

20 Yoshlar, ota-onangiz hayotingizda dono qarorlar chiqarishingizga yordam bera oladi. Lekin Xudoning roziligini olish-olmaslik sizga bog‘liq. Isoga taqlid qilib, sevuvchi samoviy Otangizga xizmat qilishni tanlang. Shunday yo‘l tutib, hozirning o‘zida mazmunli va ajoyib hayotga erishasiz. (1 Tim. 4:16) Kelajakda esa eng baxtiyor odamlar safida bo‘lasiz!

133-QO‘SHIQ Yahovaga yoshlikdan xizmat qiling

^ 5- x.b. Masihiy ota-onalar farzandlari ulg‘ayganida Yahovaning baxtiyor xizmatchilari bo‘lishini istaydi. Farzandlariga Yahovaga xizmat qilishga ko‘maklashish uchun ular qanday qarorlar chiqara oladi? Hayotda chinakam muvaffaqiyatga erishish uchun masihiy yoshlar qanday qarorlar chiqarishi lozim? Mazkur maqoladan ushbu savollarga javob topamiz.

^ 11- x.b. «Uyg‘oning!» jurnalining 2011-yil oktabr (rus) sonining 20-sahifasida keltirilgan «Ulardan-da yaxshiroq ota-onani tasavvur qila olmayman» nomli ramkaga va 1999-yil 8-mart (rus) sonining 25-sahifasida keltirilgan «Ota-onaga yo‘llangan o‘zgacha maktub» nomli maqolaga qarang.

^ 66- x.b. RASMGA SHARH. Maryam yosh Isoda Yahovaga nisbatan jo‘shqin sevgini payvand qilgan bo‘lsa kerak. Shu singari bugungi kunda onalar ham farzandlariga xuddi shunday sevgini payvand qila oladi.

^ 68- x.b. RASMGA SHARH. Hoynahoy, Yusuf oilasi bilan ibodatxonada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarni qadrlagan. Otalar ham oilasi bilan birga jamoat uchrashuvlariga qatnashni qadrlay oladi.

^ 70- x.b. RASMGA SHARH. Iso otasidan hunar o‘rgangan. Yoshlar ham bunda Isoga taqlid qilishi mumkin.