Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

41-TADQIQ MAQOLASI

Tadqiq o‘tayotganlarga suvga cho‘mishga qay yo‘sin yordam bera olasiz? (1-qism)

Tadqiq o‘tayotganlarga suvga cho‘mishga qay yo‘sin yordam bera olasiz? (1-qism)

Masihning xati ekaningiz aniq ko‘rinib turibdi. Bu xat, xizmatchilar bo‘lmish biz tarafimizdan... yozilgan. 2 KOR. 3:3

78-QO‘SHIQ «Xudoning kalomini o‘rgatamiz»

BU MAQOLADA *

Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tgan kishi suvga cho‘mganini ko‘rishdan butun jamoat uchun naqadar quvonchli! Axir ular sevgi ila bunda o‘z hissasini qo‘shishgan (1-xatboshiga qarang.)

1. Qay yo‘sin 2 Korinfliklarga 3:1–3 oyatlari kishi bilan tadqiq o‘tib, suvga cho‘mishiga ko‘maklashish sharaf ekanini tushunishimizga yordam bermoqda? (Muqovadagi rasmga qarang.)

JAMOATINGIZ hududidan kimdir tadqiq o‘tib, suvga cho‘mganini ko‘rganingizda nimalarni his etasiz? Quvonchga to‘lishingiz shubhasiz! (Mat. 28:19) Bordi-yu, bu shogird bilan siz tadqiq o‘tgan bo‘lsangiz, uning suvga cho‘mganini ko‘rib, nihoyatda xursand bo‘lasiz! (1 Salon. 2:19, 20) U ma’nan o‘sib, suvga cho‘mgani siz va jamoatning boshqa a’zolari unga ko‘maklashish uchun ko‘p mehnat va astoydil xizmat qilganingizdan dalolatdir. Shu bois, yaqinda suvga cho‘mgan shogirdlarni nafaqat ular bilan tadqiq o‘tganlar, balki butun jamoat uchun tirik «tavsiyanoma»lar, deb atasak bo‘ladi. (2 Korinfliklarga 3:1–3 ni o‘qing.)

2. a) Qaysi muhim savol ustida mulohaza yuritishimiz kerak va nega? b) Muqaddas Kitob tadqiqi nima? (Izohga qarang.)

2 So‘nggi to‘rt yil davomida dunyo bo‘ylab har oy o‘rtacha hisobda taxminan 10 millionta Muqaddas Kitob tadqiqi * o‘tkazilganini ko‘rish naqadar daldali. Qolaversa, shu yillar mobaynida har yili o‘rtacha hisobda 280 000 dan oshiq odam Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mdi va Iso Masihning yangi shogirdi bo‘ldi. Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan millionlab odamlarning iloji boricha ko‘piga suvga cho‘mishga qay yo‘sin yordam bera olamiz? Yahova sabrini namoyon etib, odamlar Masihning shogirdi bo‘lishi uchun ularga vaqt hamda imkoniyat beryapti. Shu sababli, ular imkon boricha tezroq ma’nan o‘sib suvga cho‘mishlariga ko‘maklashish uchun jon kuydirishni istaymiz. Axir vaqt kutib o‘tirmaydi! (1 Kor. 7:29a; 1 Butr. 4:7)

3. Ushbu maqoladan Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazish borasida nimalarni bilib olamiz?

3 Hozirda shogird tayyorlash ishi juda muhim bo‘lgani bois, tadqiq o‘tayotganlarning iloji boricha ko‘prog‘iga suvga cho‘mishga yordamlashish uchun nima qila olishimiz borasida Yetakchi kengash filiallar bilan maslahatlashdi. Bu va galdagi maqolada tajribali kashshoflar, to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar hamda tuman nozirlaridan nimalarni o‘rganishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz *. (Hik. 11:14; 15:22) Ular Muqaddas Kitob tadqiqi yanada samarali bo‘lishi uchun tadqiq o‘tkazuvchilar va o‘rganayotganlar nima qilishlari mumkinligi haqida bo‘lishishdi. Bu maqolada Muqaddas Kitobni o‘rganayotgan har bir kishi ma’nan o‘sib suvga cho‘mish uchun qaysi beshta qadamni qo‘yishi lozimligi to‘g‘risida gap boradi. Ular bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazar ekanmiz, bu beshta qadamni qo‘yishlariga yordamlashishimiz zarur.

TADQIQNI HAR HAFTA O‘TING

Qiziquvchiga biron yerda o‘tirib tadqiq o‘tishni taklif qiling (4–6-xatboshilariga qarang.)

4. Ostonada tadqiq o‘tkazish borasida nimani tushunishimiz kerak?

4 Ko‘pgina imondoshlarimiz uy egasi bilan ostonada tadqiq o‘tkazadi. Muqaddas Kitobga nisbatan qiziqishni rivojlantirish uchun bu yaxshi boshlanish. Ammo odatda bunday suhbatlar juda qisqa bo‘ladi va hatto har hafta o‘tkazilmasligi mumkin. Kishining qiziqishini rivojlantirish uchun ba’zi va’zgo‘ylar ular bilan qanday bog‘lanish mumkinligi haqida ma’lumot beradi va tashriflar orasida Kalomga asoslangan qisqacha fikr bilan bo‘lishadi. Vaqti-vaqti bilan bo‘ladigan bunday suhbatlar oylab davom etishi, ammo samarali tadqiqqa aylanmasligi mumkin. Xo‘sh, odam Muqaddas Kitobni tadqiq qilish uchun yetarlicha vaqt ajratmasa va jon kuydirmasa, o‘zini Xudoga bag‘ishlab, suvga cho‘ma oladimi? Bu amrimahol!

5. Luqo 14:27–33 ga ko‘ra, Iso nimani ta’kidlagan va shogird tayyorlash ishida bu bizga qanday asqatadi?

5 Bir safar Iso kishi uning shogirdi bo‘lishni istasa, nima qilishi kerakligini misollar yordamida tushuntirgan. U imorat qurmoqchi bo‘lgan kishi va jangga otlanayotgan podshoh haqida aytib o‘tgan. Iso imoratni qurib bitirish uchun kishi «avvaliga o‘tirib qancha xarajat ketishini hisoblab olishi» lozimligini aytgan. Podshoh ham maqsadiga erishish uchun askarlarining kuchi yetish-yetmasligini «oldindan o‘tirib maslahatlashishi» zarur bo‘lgan. (Luqo 14:27–33 ni o‘qing.) Shu singari, Iso odam uning shogirdi bo‘lishni istasa, unga ergashish nimani anglatishi borasida chuqur o‘ylab ko‘rishi kerakligini aytmoqchi bo‘lgan. Shu sababli, biz bilan Muqaddas Kitobni o‘rganayotganlarni har hafta tadqiq o‘tishga undashimiz kerak. Buni qay yo‘sin qila olamiz?

6. Samarali tadqiqlar o‘tish uchun nima qila olamiz?

6 Ishni ostonada o‘tiladigan tadqiqlar vaqtini uzaytirishdan boshlang. Balki har safar tashrif buyurganingizda Muqaddas Kitobga asoslangan qo‘shimcha fikr bilan bo‘lisharsiz. Uy egasi uzoqroq davom etadigan suhbatlarga o‘rgangach esa biron yerda o‘tirib muhokamani davom ettirishni taklif qiling. Uy egasining javobi u tadqiqqa qanchalik jiddiy yondashayotganini ko‘rsatadi. Biroz vaqt o‘tgandan so‘ng tezroq ma’nan o‘sishiga ko‘maklashish uchun haftada ikki marta tadqiq o‘tish haqida qanday fikrda ekanini so‘rang. Albatta, haftasiga bir yo ikki marta tadqiq o‘tishning o‘zi yetarli emas.

HAR BIR TADQIQQA TAYYORLANING

Har bir tadqiqqa tayyorgarlik ko‘ring va qiziquvchiga ham qanday tayyorlanishni o‘rgating (7–9-xatboshilariga qarang.)

7. Qay yo‘sin tadqiq o‘tkazayotgan kishi muhokamalarga astoydil tayyorgarlik ko‘ra oladi?

7 Tadqiq o‘tkazar ekansiz, muhokamalarga astoydil tayyorgarlik ko‘ring. Masalan, ma’lumotni hamda keltirilgan oyatlarni o‘qib chiqishdan boshlashingiz mumkin. Asosiy fikrlarni tushunib oling. Dars yoki bobning nomi, sarlavhalar, xatboshilariga tegishli savollar, «o‘qing» deb belgilangan oyatlar, rasmlar hamda mavzuni tushuntirishda qo‘l keladigan videolar borasida mulohaza qiling. So‘ng tadqiq o‘tayotgan kishi haqida o‘ylab, u mavzuni osonlikcha tushunishi hamda uni amalda qo‘llay olishi uchun ma’lumotni sodda va aniq qilib taqdim etish haqida mulohaza yuriting. (Naxim. 8:8; Hik. 15:28a)

8. Havoriy Pavlusning Kolosaliklarga 1:9, 10 da keltirilgan so‘zlaridan tadqiq o‘tuvchilar uchun ibodat qilish borasida nimani bilib olyapmiz?

8 Tayyorgarlik ko‘rayotganingizda, tadqiq o‘tuvchi va uning ehtiyojlari borasida Yahovaga ibodat qiling. Muqaddas Kitob asosida ta’lim berayotganingizda kishining qalbini zabt eta olish uchun Yahovadan yordam so‘rang. (Kolosaliklarga 1:9, 10 ni o‘qing.) Qaysi ma’lumotni tushunish yoki qabul qilish u uchun qiyin bo‘lishini oldindan aniqlashga intiling. Unutmangki, maqsadingiz unga ma’nan o‘sib, suvga cho‘mishga yordam berishdir.

9. Muqaddas Kitobni o‘rganayotgan kishiga tadqiqqa tayyorgarlik ko‘rishga qanday ko‘maklasha olamiz? Tushuntiring.

9 Umid qilamizki, kishi Muqaddas Kitobni muntazam ravishda tadqiq qilgani tufayli Yahova hamda Iso u uchun nimalar qilganini qadrlab, ko‘proq bilim olishni istaydi. (Mat. 5:3, 6) Kishi tadqiqdan to‘liq foyda olish uchun bor diqqatini o‘rganilayotgan ma’lumotga qaratishi darkor. Buning uchun tadqiq o‘tuvchiga mavzuni oldindan o‘qish va ma’lumot unga qanday taalluqli ekani ustida mulohaza qilish orqali har bir tadqiqqa tayyorlanish muhim ekanini tushuntiring. Xo‘sh, tayyorgarlik ko‘rishiga siz qanday ko‘maklasha olasiz? Namuna ko‘rsatish uchun biron mavzuga birga tayyorlaning *. Savolga qay yo‘sin javob topishni ko‘rsating va faqatgina kalit so‘zlarni yoki jumlalarni belgilash javobni eslashiga yordamlashishini tushuntiring. Keyin esa o‘z so‘zlari bilan javob berishini so‘rang. Shunda u ma’lumotni qanchalik yaxshi tushunganini aniqlay olasiz. Ammo bu hali hammasi emas.

YAHOVA BILAN HAR KUNI SUHBATLASHISHNI O‘RGATING

Tadqiq o‘tayotgan kishiga Yahova bilan qay yo‘sin muloqot qilishni o‘rgating (10-, 11-xatboshilariga qarang.)

10. Nega Muqaddas Kitobni har kuni o‘qish muhim va bu ko‘proq foyda keltirishi uchun nima qilish lozim?

10 Har hafta tadqiq o‘tishdan tashqari, ba’zi ishlarni kunda qilish ham Kalomni o‘rganayotgan kishiga foyda keltiradi. U Yahova bilan suhbatlashishi lozim. Qanaqasiga? Yahovani tinglashi va Unga gapirishi kerak. U Muqaddas Kitobni har kuni o‘qish orqali Xudoni tinglay oladi. (Yoshua 1:8; Zab. 1:1–3) jw.org saytidagi bosib chiqarish mumkin bo‘lgan «Muqaddas Kitobni o‘qish jadvali»dan qanday foydalanishni ko‘rsating *. Qolaversa, Muqaddas Kitobni mutolaa qilishdan ko‘proq foyda olishi uchun o‘qiganlaridan Yahova haqida nimalarni o‘rgangani va bilib olganlarini qay yo‘sin hayotida tatbiq qilishi mumkinligi ustida mulohaza yuritishga undang. (Havor. 17:11; Yoqb. 1:25)

11. Qanday qilib tadqiq o‘tuvchi to‘g‘ri ibodat qilishni o‘rganadi va Yahovaga tez-tez ibodat qilish nima uchun muhim?

11 Tadqiq o‘tuvchini har kuni ibodatda Yahovaga murojaat qilishga undang. Har bir muhokamaning boshida va oxirida chin dildan ibodat qiling hamda ibodatlaringizda tadqiq o‘tuvchini ham tilga oling. U ibodatlaringizni tinglar ekan, o‘zi ham chin dildan va samimiy ibodat qilishni hamda Tangri Yahovaga Iso Masih nomidan murojaat qilishni o‘rganadi. (Mat. 6:9; Yuhan. 15:16) Muqaddas Kitobni har kuni o‘qish (Yahovani tinglash) va ibodat qilish (Yahovaga gapirish) tadqiq o‘tuvchiga Allohga yaqinlashishga qanchalar yordam berishini bir tasavvur qiling! (Yoqb. 4:8) Agar u bularni odat tusiga kirgizsa, o‘zini Xudoga bag‘ishlab suvga cho‘mishga undaydigan yana bir qadamni qo‘ya oladi.

YAHOVA BILAN SHAXSIY MUNOSABATLARGA EGA BO‘LISHGA KO‘MAKLASHING

12. Qay yo‘sin tadqiq o‘tuvchiga Yahova bilan munosabatlarni rivojlantirishga yordamlasha olasiz?

12 Tadqiq o‘tuvchilar Yahova haqida bilim olishini istaymiz. Ammo ularda bilib olganlarini amalda qo‘llash istagi paydo bo‘lishi uchun bu ularning qalbiga ta’sir qilishi lozim. Iso odamlarga ko‘p narsalarni o‘rgatgan va ularga undan ta’lim olish yoqqan. Shu bilan birga Iso odamlarning qalbini zabt eta olgani uchun ular unga ergashgan. (Luqo 24:14, 26, 31) Tadqiq o‘tuvchi Yahovani o‘zaro munosabatlarni rivojlantirsa bo‘ladigan real Shaxs, deb bilishi kerak. Shuningdek, Uni Otasi, Xudosi va Do‘sti sifatida ko‘rishi lozim. (Zab. 25:4, 5) Tadqiq davomida kishining diqqatini Xudoyimizning go‘zal fazilatlariga qarating. (Chiq. 34:5, 6; 1 Butr. 5:6, 7) Qaysi mavzuni ko‘rib chiqishdan qat’i nazar, shunday yo‘l tuting. Tadqiq o‘tuvchini Yahovaning go‘zal fazilatlari — sevgisi, mehribonligi va rahm-shafqati — uchun minnatdor bo‘lishga o‘rgating. Iso: «“Tangringiz Yahovani... seving”. Bu birinchi va eng muhim amrdir»,— deb aytgan. (Mat. 22:37, 38) Ha, tadqiq o‘tuvchiga Yahovani qattiq sevishga yordam bering.

13. Qanday qilib tadqiq o‘tuvchiga Yahovaning ajoyib fazilatlari to‘g‘risida bilib olishga ko‘maklashishingiz mumkin?

13 Tadqiq o‘tuvchi bilan suhbatlashganingizda Yahovani nima uchun sevishingiz haqida bo‘lishing. Shunda u Yahova bilan iliq shaxsiy munosabatlarni rivojlantirishi kerakligini tushunishi mumkin. (Zab. 73:28) Misol uchun, tadqiq qilinayotgan adabiyotda Yahova haqida nimanidir ochib beradigan va sizning qalbingizga ta’sir qiladigan biron fikr bordir. Bu Uning sevgisi, donoligi, adolati yoki qudrati bilan bog‘liq fikrdir. Uni tadqiq o‘tuvchiga ko‘rsatib, bu samoviy Otangizni nima uchun sevishingizning ko‘pgina sabablaridan biri ekanini aytsangiz bo‘ladi. Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan har bir kishi ma’nan o‘sib, suvga cho‘mish uchun yana bir qadamni qo‘yishi darkor.

JAMOAT UCHRASHUVLARIGA BORISHGA UNDANG

Tadqiq o‘tuvchini iloji boricha tezroq yig‘ilishlarga borishga taklif qiling (14-, 15-xatboshilariga qarang.)

14. Yig‘ilishlar borasida Ibroniylarga 10:24, 25 da nima deyilgan va qay yo‘sin bu tadqiq o‘tuvchiga ma’nan o‘sishga yordam bera oladi?

14 Barchamiz biz bilan Muqaddas Kitobni o‘rganayotganlar ma’nan o‘sib, suvga cho‘mishlarini istaymiz. Bunda ularga yordam berishning muhim bir yo‘li — jamoat uchrashuvlariga borishga undash. Tadqiq o‘tishda tajribali va’zgo‘ylar shuni bo‘lishishdiki, shu zahoti yig‘ilishlarga qatnay boshlagan tadqiq o‘tuvchilar ma’nan tezroq o‘sadi. (Zab. 111:1) Ba’zilar Muqaddas Kitobni o‘rganayotganlarga ma’naviy ta’limning yarmini tadqiqdan, qolgan yarmini esa jamoat uchrashuvlaridan olishini tushuntiradi. Tadqiq o‘tuvchi bilan birga Ibroniylarga 10:24, 25 ni o‘qib, yig‘ilishlarga borish unga qanday foyda keltirishini tushuntiring. Bundan tashqari, unga «Yig‘ilish zalida nimalar bo‘ladi?» * nomli videoni qo‘yib bering. Tadqiq o‘tuvchiga har hafta yig‘ilishlarga borishni hayotining muhim bir qismiga aylantirishga ko‘maklashing.

15. Tadqiq o‘tuvchini muntazam ravishda yig‘ilishlarga borishga undash maqsadida nima qila olamiz?

15 Tadqiq o‘tuvchi yig‘ilishlarga hali bormagan yoki ularga muntazam qatnamayotgan bo‘lsa, nima qilsangiz bo‘ladi? Yaqinda bo‘lgan uchrashuvlarda nimalarni bilib olganingizni jo‘shqinlik ila aytib bering. Bunday his-tuyg‘ularingizni ko‘rganida, unda ham yig‘ilishga borish istagi paydo bo‘lar. Unga ayni paytda tadqiq qilinayotgan «Qo‘riqchi minorasi» hamda «Hayot tarzimiz va xizmatimiz. Ta’lim dasturi»ni bering. Keyingi uchrashuvda nima muhokama qilinishini ko‘rsatib, qaysi joylari u uchun ayniqsa qiziq tuyulayotganini so‘rang. Tadqiq o‘tuvchi ilk uchrashuvdayoq ko‘rgan va eshitganlari u oldin borgan har qanday diniy yig‘ilishdan butunlayin farq qiladi. (1 Kor. 14:24, 25) U unga o‘rnak bo‘la oladigan va ma’nan o‘sib, suvga cho‘mishiga ko‘maklashadigan imondoshlar bilan tanishadi.

16. Tadqiq o‘tayotganlarga suvga cho‘mishga qay yo‘sin yordam bera olamiz va navbatdagi maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

16 Tadqiq o‘tayotganlarga suvga cho‘mishga qay yo‘sin yordam bera olamiz? Muqaddas Kitobni o‘rganayotgan kishini har hafta tadqiq o‘tishga va har bir mavzuga tayyorgarlik ko‘rishga undab, tadqiqqa jiddiy yondashishiga ko‘maklasha olamiz. Qolaversa, uni Yahova bilan har kuni suhbatlashishga va U bilan shaxsiy munosabatlarni rivojlantirishga undashimiz lozim. Tadqiq o‘tuvchini jamoat uchrashuvlariga borishga ham undashimiz darkor. (« Tadqiq o‘tuvchilar ma’nan o‘sib, suvga cho‘mish uchun nima qilishlari kerak?» nomli 12- sahifadagi ramkaga qarang.) Navbatdagi maqolada tadqiq o‘tayotganlarga suvga cho‘mishga yordam berish uchun yana qaysi beshta qadamni qo‘yishimiz lozimligi haqida gap boradi.

76-QO‘SHIQ To‘lasiz ne hisga?

^ 5- x.b. Kishiga biron nimani o‘rgatish unga «yangichasiga yoki boshqacha fikr yuritishga, his etishga yo bo‘lmasam harakat qilishga» yordamlashish demakdir. 2020-yil uchun tanlangan oyat, ya’ni Matto 28:19 bizga odamlar bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilish va ularni qay yo‘sin Masihning suvga cho‘mgan shogirdlari bo‘lishga o‘rgatish muhim ekanini eslatmoqda. Bu va navbatdagi maqolada ushbu juda muhim ishni bajarishda qanday qilib yaxshilanishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

^ 2- x.b. IBORA MA’NOSI. Kishiga asosiy ta’limotlarni bilib olishga ko‘maklashish uchun u bilan muntazam ravishda Muqaddas Kitob asosida suhbat qursangiz, bu tadqiq hisoblanadi. Muqaddas Kitob tadqiqi qanday o‘tkazilishini ko‘rsatganingizdan keyin, tadqiq ikki marotaba o‘tkazilib, uni davom ettirish ehtimoli bo‘lsa, hisobotga kiritishingiz mumkin.

^ 3- x.b. Bu maqolalar «Ilohiy xizmatimiz»ning 2004-yil iyul sonidan 2005-yil may sonlarida keltirilgan «Muqaddas Kitob tadqiqini samarali o‘tkazish» turkumidagi foydali fikrlarni ham o‘z ichiga oladi.

^ 9- x.b. «Qiziquvchini tayyorgarlik ko‘rishga o‘rgatish» nomli to‘rt daqiqali videoni tomosha qiling. jw.org saytidagi KUTUBXONA > VIDEOLAR > YIG‘ILISHLARIMIZ VA XIZMATIMIZ > MAHORAT OSHIRAMIZ sarlavhasi ostiga qarang

^ 10- x.b. MUQADDAS KITOB TA’LIMOTLARI > MUQADDAS KITOB TADQIQI UCHUN QO‘LLANMALAR sarlavhasi ostiga qarang.

^ 14- x.b. jw.org saytidagi KUTUBXONA > VIDEOLAR > YIG‘ILISHLARIMIZ VA XIZMATIMIZ > XIZMAT UCHUN MO‘LJALLANGAN VIDEOLAR sarlavhasi ostiga qarang.