Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

43-TADQIQ MAQOLASI

Yahova O‘z tashkilotini boshqarmoqda

Yahova O‘z tashkilotini boshqarmoqda

«Bularning bari harbiy kuch va qudrat bilan emas, Mening ruhim yordamida sodir bo‘ladi»,— deb aytmoqda Qo‘shinlar Sarvari Yahova. ZAKR. 4:6

40-QO‘SHIQ Kimga tobe bo‘lding?

BU MAQOLADA *

1. Suvga cho‘mgan masihiylar nima qilishda davom etishlari kerak?

SIZ suvga cho‘mganmisiz? U holda Yahovaga bo‘lgan imoningizni va ixtiyoriy ravishda Uning tashkiloti bilan xizmat qilmoqchi ekaningizni ochiqchasiga namoyon etgansiz *. Albatta, Yahovaga bo‘lgan imoningiz o‘sishda davom etishi kerak. Shuningdek, bugungi kunda Yahova O‘z tashkilotidan foydalanayotganiga bo‘lgan ishonchingizni mustahkamlab turishingiz darkor.

2, 3. Yahova O‘z tashkilotini qanday yo‘llar bilan boshqarmoqda? Misollar keltiring.

2 Bugungi kunda Yahova tashkilotini O‘zining shaxsiyati, niyati va me’yorlarini aks ettiradigan tarzda boshqarmoqda. Keling, tashkilotida o‘z aksini topgan Yahovaning uchta fazilatini ko‘rib chiqamiz.

3 Birinchidan, Xudo yuzxotirchilik qilmaydi. (Havor. 10:34) Sevgi Yahovani «hamma insonlar uchun» O‘g‘lini «to‘lov sifatida» berishga undagan. (1 Tim. 2:6; Yuhan. 3:16) Tinglashni istovchi barchaga xushxabarni va’z qilishda Yahova O‘z xalqidan foydalanmoqda. Shu tariqa, imkon qadar ko‘proq odamlarga to‘lovdan foyda olishga U ko‘maklashmoqda. Ikkinchidan, Yahova tartib va tinchlik Xudosidir. (1 Kor. 14:33, 40) Shu bois, Unga topinadigan kishilar guruh sifatida tartib bilan, tinchlikda Unga xizmat qilishini kutishimiz o‘rinlidir. Uchinchidan, Yahova «Buyuk Ustoz»dir. (Ishayo 30:20, 21) Shu sababli, Uning tashkiloti ham jamoatda, ham va’zgo‘ylikda butun diqqatni ilhomlantirilgan Kalomi asosida ta’lim berishga qaratmoqda. Ilk masihiylar jamoati Yahova shaxsiyatining ushbu uchta qirrasiga qanday taqlid qilgan? Hozirgi kunda Yahovaning xalqi bu fazilatlarga qanday taqlid qilmoqda? Bugungi kunda Yahovaning tashkiloti bilan birga xizmat qilar ekansiz, muqaddas ruh sizga qanday yordam bera oladi?

XUDO YUZXOTIRCHILIK QILMAYDI

4. Havoriylar 1:8 ga ko‘ra, Iso izdoshlariga qanday vazifa topshirgan va ular qanday ko‘mak olishadi?

4 Birinchi asrda. Iso va’z qilib yurgan xabar barcha insonlarga umid bergan. (Luqo 4:43) U izdoshlariga o‘zi boshlab qo‘ygan ishni — «yerning chetlariga qadar» va’z qilishni davom ettirish vazifasini topshirgan. (Havoriylar 1:8 ni o‘qing.) Albattaki ular bu ishni o‘z kuchlari bilan bajara olishmasdi. Ular Iso va’da qilgan «yordamchi»ga, ya’ni muqaddas ruhga muhtoj edi. (Yuhan. 14:26; Zakr. 4:6)

5, 6. Muqaddas ruh Isoning shogirdlariga qay yo‘sin ko‘maklashgan?

5 Mil. 33-yil Hosil bayramida Isoning izdoshlariga muqaddas ruh berildi. Ushbu ruhning yordami bilan ular darhol va’z qila boshlashdi va qisqa vaqt ichida minglab odamlar xushxabarni qabul qildi. (Havor. 2:41; 4:4) Qarshiliklar paydo bo‘lganda shogirdlar qo‘rquvga berilib va’z qilishni to‘xtatishmadi, aksincha, Xudodan yordam so‘rashdi. Ular quyidagicha ibodat qilishdi: «Kalomingni gapirish uchun qullaringga jasorat ato et». Shunda ular muqaddas ruhga to‘lishdi va «Tangrining kalomini jasorat bilan» gapira boshlashdi. (Havor. 4:18–20, 29, 31)

6 Isoning shogirdlari boshqa qiyinchiliklarga ham duch kelishdi. Misol uchun, Muqaddas Yozuvlarning nusxalari ko‘p emasdi. Hozirgidek tadqiq uchun qo‘llanmalar yo‘q edi. Shogirdlar turli tillarda so‘zlashuvchi odamlarga va’z qilishardi. Bu barcha qiyinchiliklarga qaramay, o‘sha g‘ayratli shogirdlar imkonsiz ko‘ringan narsani — bir necha o‘n yil ichida xushxabarni «falak ostida bor jonzotga» va’z qilish ishini — amalga oshirishgan. (Kolos. 1:6, 23)

7. Qanday qilib Yahovaning xizmatchilari 100-yildan oshiqroq vaqtdan buyon Xudo ulardan nimani talab qilayotganini tushunib kelishmoqda va ular qanday ish bilan band?

7 Bugungi kunda. Yahova O‘z xalqini boshqarishda va ularga kuch berishda davom etmoqda. Buni U asosan ilhomlantirilgan Kalomi orqali amalga oshirmoqda. Unda Isoning xizmati va u boshlagan ishni shogirdlari davom ettirishlari haqidagi amr yozilgan. (Mat. 28:19, 20) Ushbu jurnalning 1881-yil iyul sonida shunday deyilgan edi: «Bizlar hurmat qozonish yoki boylik yig‘ish uchun emas, balki o‘zimizda borini berib xushxabarni va’z qilish uchun da’vat etilganmiz, moylanganmiz». «Bu faoliyat kimga topshirilgan?» nomli 1919-yilda nashr etilgan risolada quyidagilar aytilgandi: «Bu faoliyat ulkan bo‘lib ko‘rinyapti, lekin Hazratimizning yordami bilan biz albatta uning uddasidan chiqamiz». Darhaqiqat, ilk masihiylar kabi ushbu birodarlar ham muqaddas ruh ularga turli odamlarga va’z qilishga ko‘maklashishiga amin bo‘lib, jasorat ila o‘zlarini bu ishga bag‘ishlashgan. Biz ham bugun xuddi shunday ishonchga egamiz.

Yahovaning tashkiloti eng sara asboblardan foydalanib xushxabarni yoyib kelmoqda (8-, 9-xatboshilariga qarang.)

8, 9. Yahovaning tashkiloti xushxabar yoyilishida qanday usullardan foydalangan?

8 Yahovaning tashkiloti o‘zida bor bo‘lgan eng sara asboblardan foydalanib xushxabarni yoyib kelmoqda. Bunday asboblar sirasiga bosma adabiyotlar, «Yaratilish fotodramasi», fonograflar, karnay o‘rnatilgan mashinalar, radioeshittirishlar, oxirgi yillar esa raqamli texnologiyalar kiradi. Shuningdek, Xudoning tashkiloti tarixdagi ulkan tarjima ishini amalga oshirib kelmoqda! Nega? Chunki shu tariqa har turli insonlar xushxabarni ona tilida tinglay oladi. Yahova yuzxotirchilik qilmaydi. U xushxabar «har bir millat, qabila, til va xalqqa» e’lon etilishini bashorat qilgan. (Vah. 14:6, 7) U Shohlik xabarini barcha eshitishini istaydi.

9 Xushxabarni yetkazish qiyin bo‘lgan hududlarda, ehtimol, qo‘riqlanadigan uylarda yashaydiganlar haqida nima desa bo‘ladi? Bunday kishilarning aksariyati xushxabarni eshita olishi uchun, Yahovaning tashkiloti va’z qilishning turli usullaridan foydalana boshladi. Masalan, 2001-yili Yetakchi kengash Fransiyada, keyinchalik boshqa joylarda ham adabiyot aravachalaridan hamda adabiyot taqdim etishning boshqa yo‘llaridan foydalanishni ma’qulladi. Bu yaxshi natija keltirdi. 2011-yili Qo‘shma Shtatlarlarda, Nyu-York shahrining odam gavjum joylarining birida yangi dastur yo‘lga qo‘yildi. Birinchi yili 102 129 ta kitob va 68 911 ta jurnal tarqatildi. 4 701 nafar kishi Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni istadi! Ko‘ryapmizki, Yahova muqaddas ruhidan foydalanib bu ishni qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa, Yetakchi kengash adabiyot aravachalaridan hamda adabiyot taqdim etishning boshqa yo‘llaridan foydalanishga ruxsat berdi.

10. Xizmatimizni yaxshilash uchun nima qilsak bo‘ladi?

10 Siz nima qila olasiz? Yahova jamoat yig‘ilishlari orqali taqdim etayotgan ta’limdan to‘laqonli foydalaning. Va’zgo‘ylik guruhingiz bilan muntazam va’z qiling. Va’zgo‘ylik guruhingiz bilan hamkorlik qilib yaxshiroq va’z qilishni, ta’lim berishni o‘rganasiz va ularning yaxshi o‘rnagidan dalda olasiz. Qiyinchiliklarga qaramay va’z qilishda davom eting. Ochqich oyatimiz bizga eslatib turganidek, Xudoning irodasini o‘z kuchimiz bilan emas, balki muqaddas ruh bergan kuch yordamida bajara olamiz. (Zakr. 4:6) Axir biz Xudo bergan ishni bajaryapmiz.

YAHOVA TARTIB VA TINCHLIK XUDOSIDIR

11. Xudoning xalqi orasida tartib bo‘lishi uchun qanday qilib yetakchi kengash ahil bo‘lib mehnat qilgan?

11 Birinchi asrda. Xudoning xalqi orasida tartib va tinchlik bo‘lishi uchun Quddusdagi yetakchi kengash ahil bo‘lib mehnat qilgan. (Havor. 2:42) Misol uchun, mil. 49-yili sunnat masalasi ko‘tarilganda, yetakchi kengash muqaddas ruh boshqaruvi ostida uni ko‘rib chiqqan. Bu masala deb jamoat bo‘linganida edi, ular va’zgo‘ylikda yaxshi natijalarga erisha olishmasdi. Havoriylar-u oqsoqollar yahudiy bo‘lishsa ham, yahudiylarning urf-odatlari yoki bu ta’limotni olg‘a surganlarning ta’siriga berilishmagan. Aksincha, ular Xudoning Kalomidan va muqaddas ruhdan yo‘l-yo‘riq izlashgan. (Havor. 15:1, 2, 5–20, 28) Natijasi qanaqa bo‘ldi? Yahova ularning qaroriga baraka bergan, jamoatda tinchlik va birlik saqlab qolindi, shuningdek, va’zgo‘ylik ishi olg‘a surildi. (Havor. 15:30, 31; 16:4, 5)

12. Bugungi kunda Yahovaning tashkilotida tartib va tinchlik borligi nimadan ko‘rinyapti?

12 Bugungi kunda. Yahovaning tashkiloti Xudoning xalqi orasida tartib va tinchlik bo‘lishiga ko‘maklashib kelgan. Hali 1895-yili «Sion qo‘riqchi minorasi va Masih hozir bo‘lishining darakchisi» jurnalining 15-noyabr sonida Korinfliklarga birinchi maktub 14:40 ga asoslangan «Odob va tartib» deb nomlangan maqola chiqqan edi. Unda shunday deyilgandi: «Havoriylar ilk jamoatda tartib bo‘lishi uchun ko‘p narsalar yozishgan... Qadimda “nasihat olishimiz uchun yozilgan” narsalarga qat’iy amal qilish muhim». (Rim. 15:4) Ilk masihiylar davrida bo‘lganidek, hozirgi kunda ham Yahovaning tashkiloti jamoatlarda tartib va tinchlik bo‘lishi uchun ko‘p mehnat qilmoqda. Misol uchun, agar siz boshqa jamoatda — hatto boshqa mamlakatda — «Qo‘riqchi minorasi» tadqiqida ishtirok etsangiz, bu tadqiq qanday o‘tishini va qaysi maqola o‘rganilishini bilasiz. Darhol o‘zingizni o‘z uyingizdagidek his etasiz. Bunday birlikka faqatgina muqaddas ruh yordami tufayli erishsa bo‘ladi! (Zaf. 3:9)

13. Yoqub 3:17 ni yodda tutgan holda o‘zimizga qanday savollar bersak bo‘ladi?

13 Siz nima qila olasiz? Yahova Uning xalqi «tinchlik rishtalari orqali muqaddas ruhning birligini» saqlashini istaydi. (Efes. 4:1–3) Shu sababli o‘zingizdan quyidagicha so‘rang: «Men jamoatda birlik va tinchlik bo‘lishiga hissa qo‘shyapmanmi? Rahbarlikni zimmasiga olganlarga itoatkormanmi? Boshqalar meni ishonchli inson deb biladimi, ayniqsa menga jamoatda mas’uliyatlar topshirilgan bo‘lsa? Men ishni o‘z vaqtida bajaradigan, yordamga shay va xizmat qilishga intiluvchan insonmanmi?» (Yoqub 3:17 ni o‘qing.) Agar qaysidir sohada yaxshilanishingiz kerakligini ko‘rsangiz, muqaddas ruh so‘rab ibodat qiling. Muqaddas ruhga shaxsiyatingizni shakllantirishiga va xatti-harakatingizga ta’sir etishiga qanchalik ko‘p yo‘l qo‘ysangiz, imondoshlaringiz sizni shunchalik ko‘p sevib qadrlaydi.

YAHOVA BIZGA TA’LIM BERADI VA KERAKLI BARCHA NARSANI TAQDIM ETADI

14. Kolosaliklarga 1:9, 10 ga ko‘ra, Yahova O‘z xalqiga qanday ta’lim bergan?

14 Birinchi asrda. Xalqiga ta’lim berish Yahovaga juda yoqadi. (Zab. 32:8) U xalqi Uni tanib-bilishini, Uni sevishini va sevimli bolalari sifatida abadiy yashashini istaydi. Bularning barchasiga U bergan ta’lim tufayligina erishish mumkin. (Yuhan. 17:3) O‘z xalqiga ta’lim berishda Yahova ilk masihiylar jamoatidan foydalangan. (Kolosaliklarga 1:9, 10 ni o‘qing.) Iso va’da qilgan «yordamchi», ya’ni muqaddas ruh bunda katta ahamiyatga ega. (Yuhanno 14:16) Uning yordami bilan shogirdlar Xudo Kalomini yaxshiroq tushunishgan va keyinchalik Injil tarkibiga kirgan Isoning ko‘pgina so‘zlari-yu ishlarini ularning yodiga solgan. Bu bilimlar ilk masihiylarning imonini hamda Xudoga, Isoga va bir-biriga bo‘lgan sevgisini mustahkamlagan.

15. Yahovaning Ishayo 2:2, 3 dagi bashorati amalga oshayotganini nimalardan ko‘ryapsiz?

15 Bugungi kunda. Yahova «oxirgi kunlarda» barcha xalqlar Uning ramziy tog‘i oldiga oqib kelishini hamda ularga O‘z yo‘llarini o‘rgatishini bashorat qilgan. (Ishayo 2:2, 3 ni o‘qing.) Ushbu bashorat amalga oshayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Haq topinish boshqa barcha soxta dinlardan ancha yuksaltirildi. Bundan tashqari, Yahova ajoyib ma’naviy ziyofat uyushtirgan! (Ishayo 25:6) U «ishonchli va aqlli xizmatkor» orqali nafaqat mo‘l-ko‘l ozuqa taqdim etmoqda, balki maqolalar-u nutqlardan tortib multfilmlar-u videolargacha buni turli-tuman qilib bermoqda. (Mat. 24:45) Biz ham Ayubning do‘sti Elixu singari haqli ravishda: «[Xudoga] o‘xshash ustoz bormi?» — deb ayta olamiz. (Ayub 36:22)

Haqiqat qalbingizda muhrlanib qolsin va hayotingizda unga amal qiling (16-xatboshiga qarang.) *

16. Ma’nan o‘sish uchun nima qila olasiz?

16 Siz nima qila olasiz? Xudo Kalomini o‘qib tadqiq qilish natijasida bilib olganlaringizni hayotga tatbiq etishda Tangrining ruhi sizga yordam beradi. Quyidagi so‘zlarni aytgan sano bastakoriga o‘xshab ibodat qiling: «Ey Yahova, O‘z yo‘ling haqida menga ta’lim ber, toki haqiqat yo‘lingdan yurayin. Ismingdan qo‘rqishim uchun, yuragimni butun qil». (Zab. 86:11) Shuningdek, Yahova Kalomi va tashkiloti orqali taqdim etayotgan ma’naviy ozuqani iste’mol qilishda davom eting. Albatta maqsadimiz faqat bilim olish emas. Siz haqiqat qalbingizda muhrlanib qolishini va hayotingizda unga amal qilishni istaysiz. Yahovaning ruhi bunda sizga yordam beradi. Siz birodar-u opa-singillaringizga ham dalda berishni xohlaysiz. (Ibron. 10:24, 25) Nega? Chunki ular sizning ma’naviy oilangiz. Jamoat yig‘ilishlarida samimiy sharhlar berishga va dastur qismlaridagi topshiriqlaringizni a’lo darajada bajarishga ko‘maklashishi uchun Xudodan muqaddas ruh so‘rab ibodat qiling. Shu tariqa siz Yahovaga va Uning O‘g‘liga ular qadrli deb bilgan «qo‘zilar»ni yaxshi ko‘rishingizni ko‘rsatasiz. (Yuhan. 21:15–17)

17. Yahovaning tashkilotini sadoqat ila qo‘llab-quvvatlayotganingizni qanday ko‘rsata olasiz?

17 Yaqinda yer yuzida Xudoning ruhi boshqarayotgan yagona tashkilot qoladi. Shu bois, g‘ayrat ila Yahovaning tashkiloti bilan hamkorlik qiling. Sizga uchragan barcha insonlarga xushxabarni va’z qilib, Tangriga o‘xshab hammani sevishingizni ko‘rsating. Jamoatda birlik bo‘lishiga hissa qo‘shib, tartib va tinchlikni sevishda Unga taqlid qiling. «Buyuk Ustoz»ingiz uyushtirgan ma’naviy ziyofatda to‘laqonli oziqlanib Unga quloq soling. Shunda Shayton dunyosi o‘z yakuniga yetganda qo‘rquvga berilmaysiz. Aksincha, siz jasoratli bo‘lib, Yahovaning tashkiloti bilan sadoqat ila xizmat qilganlar qatorida turasiz.

3-QO‘SHIQ Qudratim, Umidim, Tayanchim O‘zing

^ 5- x.b. Hozir Yahova O‘z tashkilotini boshqarayotganiga ishonchingiz komilmi? Ushbu maqolada qanday qilib Yahova ilk masihiylar jamoatini boshqarganini va bugungi kunda O‘z xalqini qanday boshqarib kelayotganini muhokama qilamiz.

^ 1- x.b. IBORA MA’NOSI. Yahovaning tashkiloti samoviy va yer yuzidagi qismdan iborat. Ushbu maqolada «tashkilot» so‘zi ostida yerdagi qismi nazarda tutilgan.

^ 52- x.b. RASMGA SHARH. Videoda boshqalar ehtiyoj katta bo‘lgan o‘zga yurtlarda xizmat qilayotganini ko‘rgach, kashshof singlimizda ularning o‘rnagiga ergashish istagi paydo bo‘ladi. Nihoyat u o‘z maqsadiga erishadi.