Mustahkamlaydigan sevgini ko‘rsatishda davom eting
Sevgi mustahkamlaydi. 1 KOR. 8:1
QO‘SHIQLAR: 25, 52
1. Iso shogirdlari bilan so‘nggi bor nima haqida suhbatlashgan?
ISO shogirdlari bilan so‘nggi bor suhbatlashar ekan, sevgi so‘zini deyarli 30 marotaba tilga olgan. U shogirdlari bir-birini sevishi kerakligini alohida ta’kidlagan. (Yuhan. 15:12, 17) Bu sevgi shunchalik namoyon bo‘lishi kerak ediki, ular Masihning haqiqiy shogirdi ekani yaqqol ko‘rinishi darkor edi. (Yuhan. 13:34, 35) Bu oddiy his-tuyg‘ular emas. Iso bundan-da yuksakroq fazilatga, ya’ni fidoyi sevgiga ishora qilgan. U quyidagicha degan: «Kim o‘z do‘stlari uchun jonini bersa, bundan buyukroq sevgi yo‘qdir. Men bergan amrlarga rioya qilsangiz, mening do‘stlarim bo‘lasiz». (Yuhan. 15:13, 14)
2. a) Xudoning xalqi orasida nimani ko‘rishimiz mumkin? b) Ushbu maqolada qaysi savollarga javob topamiz?
2 Yahovaning xizmatchilari namoyon etayotgan samimiy va fidoyi sevgi hamda mustahkam birlik ular Uning xalqi ekanini ko‘rsatmoqda. (1 Yuhan. 3:10, 11) Yahovaning xizmatchilari millati, qabilasi, tili va kelib chiqishi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Masihning sevgisini aks ettirayotgani naqadar ajoyibdir! Shunday deb qiziqishimiz mumkin: «Nega ayniqsa bugungi kunda sevgi muhim? Qay yo‘sin Yahova hamda Isoning sevgisi bizni mustahkamlaydi? Qanday qilib har birimiz Masih singari “mustahkamlaydigan” sevgini namoyon eta olamiz?» (1 Kor. 8:1)
NEGA AYNIQSA BUGUNGI KUNDA SEVGI MUHIM?
3. Ushbu «nihoyatda og‘ir paytlar» odamlarga qanday ta’sir qilmoqda?
3 Hayot «g‘am-tashvishga to‘la» bo‘lgani sabab, ushbu «nihoyatda og‘ir vaqtlar»da ko‘plar turli darajada hissiy qiyinchiliklar dastidan azob chekyapti. (Zab. 90:10; 2 Tim. 3:1–5) Behisob odamlar o‘zini hayotdan charchaganday his qilyapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili 800 000 dan oshiq odam o‘z joniga qasd qiladi. Bu deyarli har 40 soniyada bir kishi nobud bo‘lyapti degani. Afsuski, ba’zi masihiylar ham bu kabi bosimlarga chiday olmay, o‘z joniga qasd qildi.
4. Xudoning qaysi xizmatchilari o‘lishni istagan?
4 Qadimda Xudoning ayrim sadoqatli xizmatchilari duch kelgan vaziyati tufayli ruhi tushib hatto o‘lishni istagan. Masalan, Ayub og‘riq ichida nola qilib: «Hayotimdan nafratlanaman, umrim davom etishini istamayman»,— deb aytgan. (Ayub 7:16; 14:13) Yunus payg‘ambar esa vaziyat u kutganday tus olmagani uchun ko‘ngli tushib: «Ey Yahova, o‘tinaman, jonimni olib qo‘ya qol, chunki yashaganimdan ko‘ra o‘lganim yaxshiroq»,— degan. (Yunus 4:3) Bundan tashqari, sadoqatli Ilyos payg‘ambar duch kelgan vaziyati dastidan qattiq qayg‘urib, o‘ziga hatto o‘lim tilagan. U shunday degan: «Bo‘ldi, yetar! Ey Yahova, jonimni ola qol». (3 Shoh. 19:4) Lekin Tangri Yahova o‘sha sodiq xizmatchilarini qadrlagan va ular yashashini xohlagan. Tangri bu tuyg‘ulari uchun ularni tanqid qilmagan. Aksincha, xizmatini davom ettira olishsin deya, ularga salbiy tuyg‘ularini yengishlariga yordam berib, mustahkam bo‘lishlari uchun ularni O‘z sevgisida ishontirgan.
5. Nima sababdan aynan hozir birodaru opa-singillarimiz sevgimizga muhtoj?
5 Birodaru opa-singillarimiz o‘zlarini hayotdan charchaganday his qilmas, ammo ularning ko‘pi tang vaziyatlar bilan kurashib, mustahkamlaydigan sevgiga muhtojdir. Misol uchun, ba’zilar quvg‘unlaru zo‘ravonliklarga chidab kelmoqda. Boshqalar esa ish joyida tanqid yoki g‘iybatning qurboniga aylanmoqda. Ustiga-ustak, ular ishni belgilangan muddatda tugatishga yoki haddan ortiq ishlashiga to‘g‘ri kelgani uchun holdan toymoqda. Yana kimlarningdir oiladagi muammolari tufayli madori qurimoqda. Ehtimol, ular imondoshimiz bo‘lmagan turmush o‘rtog‘i tomonidan tanqidlarga duch kelayotgandir. Bu va boshqa bosimlar oqibatida, jamoatdagi ko‘plarning jismonan va hissan sillasi qurigan. Xo‘sh, ruhi tushganlarga taslim bo‘lmaslikka kim yordam bera oladi?
YAHOVANING SEVGISI SIZNI MUSTAHKAMLASIN
6. Qay yo‘sin Yahova xizmatchilarini mustahkamlaydi?
6 Yahova O‘z xizmatchilarini so‘nmas sevgisida ishontirib mustahkamlaydi. Sadoqatli isroilliklar uchun Yahovaning quyidagi so‘zlarini eshitish naqadar dalda baxsh etgan bo‘lsa kerak: «Sen Men uchun qadrlisan, seni hurmatga loyiq topdim, seni sevdim... Vahimaga tushma, Men sen bilanman». (Ishayo 43:4, 5) Yahovaning xizmatchisi ekansiz, U sizni juda ham sevishiga amin bo‘lishingiz mumkin *. Xudoning Kalomida haq topinuvchilar haqida shunday va’da yozilgan: «U qudratli Xudo, seni qutqaradi. U sen uchun behad quvonadi». (Zaf. 3:16, 17)
7. Qaysi ma’noda Yahovaning sevgisi bolasiga g‘amxo‘rlik qilayotgan onaning sevgisiga o‘xshaydi? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)
7 Masihiylar qanday qiyinchiliklarga duch Ishayo 66:12, 13) Ona bolasini quchog‘ida ko‘tarib, tizzalarida erkalashini bir tasavvur qiling! Bunday ta’sirli misol yordamida Yahova O‘z xizmatchilarini qanchalar qattiq sevishini ko‘rsatgan. Shaxsan siz ham Yahovaga aziz va qadrli ekaningizdan aslo shubhalanmang. (Yerm. 31:3)
kelmasin, Yahova ularni qo‘llab-quvvatlashni va tasalli berishni va’da qilmoqda. Muqaddas Kitobda: «U sizlarni emizib, quchog‘ida ko‘tarib yuradi, tizzalarida erkalaydi. Ona o‘g‘lini yupatgani kabi, Men ham sizlarni yupataman»,— deb yozilgan. (8, 9. Qay yo‘sin Masihning sevgisi bizni mustahkamlay oladi?
8 Qolaversa, masihiylarda Xudoga yaqin bo‘lish uchun quyidagi asos bor: «Alloh insoniyatni shu qadar qattiq sevdiki, hatto ular uchun yagona O‘g‘lini berdi. Toki unga ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki mangu hayotga ega bo‘lsin». (Yuhan. 3:16) Iso ham o‘z hayotini biz uchun qurbon qilib, sevgisini ko‘rsatdi. Bu sevgi bizni undovchi ajoyib kuchdir! Xudoning Kalomida yozilgan va’daga ko‘ra, hatto qayg‘u-alam yoki azob «Masihning sevgisidan» bizni mahrum eta olmaydi. (Rim. 8:35, 38, 39)
9 Qiyinchiliklar tufayli jismonan, hissan yoki ma’nan azob chekkanimizda, Masihning sevgisi sabotli qolishimiz uchun bizga kuch baxsh eta oladi. (2 Korinfliklarga 5:14, 15 ni o‘qing.) Hatto tabiiy ofat va quvg‘unlarga duch kelganimizda, umidimiz puchga chiqqanda yoki qalbimizni tilka-pora qiladigan qiyinchiliklar girdobida qolganimizda, Masihning sevgisi bizga madad bo‘lib taslim bo‘lmaslikka undashi mumkin.
IMONDOSHLARIMIZ SEVGIMIZGA MUHTOJ
10, 11. Ruhi tushganlarga kim yordam berishi kerak? Tushuntiring.
10 Yahova imonlilar jamoati orqali ham sevgisini namoyon etib, bizni mustahkamlaydi. Har birimiz imondoshlarimizga nafaqat ma’naviy, balki hissiy jihatdan sevgimizni ko‘rsatib, ularni mustahkamlasak, Xudoning sevgisiga javob qaytara olamiz. (1 Yuhan. 4:19–21) Havoriy Pavlus masihiylarni shunday deb undagan: «Hozir ham qilayotganingizdek, bir-biringizga dalda berib, bir-biringizni qo‘llab-quvvatlanglar». (1 Salon. 5:11) Darhaqiqat, nafaqat oqsoqollar, balki jamoatdagi barcha Yahova hamda Isoga taqlid qilgan holda birodaru opa-singillarga tasalli berib, ularni mustahkamlashi mumkin. (Rimliklarga 15:1, 2 ni o‘qing.)
Luqo 5:31) Oqsoqollar va jamoatdagilar bunday yordam ko‘rsatish uchun maxsus ta’lim olmaganini kamtarinlik ila tan olishlari lozim. Ammo jamoat a’zolari va oqsoqollar ruhi tushganlarga tasalli berishda, kuchsizlarga yordamlashishda va hamma odamlarga sabr-toqatli bo‘lishda muhim ahamiyat kasb etishadi. (1 Salon. 5:14) Barcha masihiylar ruhi tushgan kishini mustahkamlash uchun unga hamdardlik va sabr-toqat namoyon etib, tasalli baxsh etuvchi so‘zlarni aytishi kerak. Siz ham tasalli va dalda manbaimisiz? Qanday yordam berishni bilsangiz, bu harakatlaringizni yanada samarali qiladi.
11 Hissiy zo‘riqishga yo‘liqqan ba’zi imondoshlarimiz tibbiy yordam olishi zarur. (12. Jamoat a’zolari sevgi ila qo‘llab-quvvatlagan imondoshimizning misolini keltiring.
12 Qay yo‘sin sevgimiz orqali hissan azob chekayotganlarni mustahkamlay olamiz? Yevropadagi bir imondoshimiz quyidagicha bo‘lishdi: «Ba’zida o‘z jonimga qasd qilish kabi fikrlar bilan kurashaman. Lekin meni qo‘llab-quvvatlaydigan do‘stlarim bor. Jamoatimdagilar hayotimni saqlab qolishgan. Birodaru opa-singillar doim dalda berib, o‘z sevgisini ko‘rsatadi. Depressiyaga yo‘liqqanimni faqatgina bir necha kishi bilsa-da, jamoat a’zolarining bari menga yordam beradi. Bir juftlik mening ma’naviy ota-onamday. Ular menga mehribonlik ila g‘amxo‘rlik qiladi va kuniga 24 soat yonimda bo‘lishga tayyor». To‘g‘ri, hamma ham birday yordam bera olmasligi mumkin. Biroq qo‘llab-quvvatlash uchun samimiyat ila aytgan so‘zlarimiz hissan azob chekayotgan kishiga ijobiy ta’sir qilishi turgan gap *.
QAY YO‘SIN BOSHQALARNI SEVGIMIZ ILA MUSTAHKAMLAY OLAMIZ?
13. Boshqalarni mustahkamlashni istasak, nima qilishimiz zarur?
13 Yaxshi tinglovchi bo‘ling. (Yoqb. 1:19) Boshqalarni hamdardlik ila tinglash sevgidan dalolatdir. Azob chekayotgan kishining his-tuyg‘ularini tushunish uchun xushmuomalalik va hamdardlikni namoyon etgan holda savollar berishingiz mumkin. Shu yo‘sin imondoshingizga rahmdillik ko‘rsatib, uni mustahkamlay olasiz. U uchun chin dildan sevgi ila qayg‘urayotganingiz yuzingizdan ko‘rinib tursin. Bordi-yu, imondoshingiz biron narsa haqida batafsil gapirishni istasa, sabrli bo‘lib gapini bo‘lmang. Sabr-toqat bilan tinglasangiz, his-tuyg‘ularini yaxshiroq tushuna olarsiz. Bu tufayli u sizga ishonadi va uni mustahkamlash uchun aytayotgan so‘zlaringizga quloq solishga moyilroq bo‘ladi. Chin dildan qayg‘urayotganingizni ko‘rsatsangiz, u sevgingizdan tasalli oladi.
14. Nima uchun tanqid qilishdan qochish kerak?
14 Tanqid qilmang. Depressiyaga yo‘liqqan kishini tanqid qilsak, bu uni yanada ezadi. Buning ustiga, sevgi ila mustahkamlash uchun qilayotgan harakatlarimiz puchga chiqishi hech gap emas. Zero, «o‘ylamay aytilgan gap qilichday jarohatlaydi, dononing tili esa shifo beradi». (Hik. 12:18) Albatta, depressiyaga chalingan insonlarni og‘riq keltiradigan so‘zlarimiz bilan atayin «jarohatlamaymiz». Lekin hatto bila turib «jarohatlamasak-da», natijasi juda og‘riqli bo‘lishi turgan gap. Boshqalarni sevgi ila mustahkamlashni istasak, hamdardlik ko‘rsatib, o‘zimizni ularning o‘rniga qo‘yib ko‘rishimiz lozim. (Mat. 7:12)
15. Boshqalarni sevgi ila mustahkamlashda qanday ajoyib qo‘llanmalarga egamiz?
15 Xudoning Kalomidan foydalanib tasalli bering. (Rimliklarga 15:4, 5 ni o‘qing.) Taskin va tasalli baxsh etishda Muqaddas Yozuvlar xazinadir. Boisi, Muqaddas Kitob «sabr-bardosh va tasalli baxsh etadigan Alloh»dan kelgan. Taskin baxsh etuvchi oyatlardan tashqari, bu borada tadqiq o‘tkazish uchun ajoyib qo‘llanmalarga egamiz. Masalan, «Qo‘riqchi Minorasi Jamiyati nashrlarining ko‘rsatkichi» va «Yahovaning Shohidlari izlanish olib borishi uchun qo‘llanma»dan foydalanishimiz mumkin. Mazkur qo‘llanmalar yordamida har qanday muammo bilan kurashganda dalda baxsh etuvchi Muqaddas Kitobga asoslangan fikrlarni topishimiz mumkin. Qolaversa, ular hamdard bo‘lishimizga ko‘maklashib, sevgi ila qilayotgan urinishlarimizni samaraliroq qiladi.
16. Depressiyaga tushgan imondoshimizga dalda berishni istasak, qaysi fazilatlarni namoyon etishimiz lozim?
16 Rahmdil va xushmuomala bo‘ling. Boshqalarni mustahkamlab, ularga dalda berganda mazkur fazilatlarni namoyon etib samimiy sevgimizni ko‘rsatamiz. Yahova «rahmdil Ota va har qanday vaziyatda tasalli beradigan Allohdir». U O‘z xizmatchilariga «mehr-shafqat» ko‘rsatadi. (2 Korinfliklarga 1:3–6 ni o‘qing; Luqo 1:78; Rim. 15:13) Bu borada Pavlus quyidagi so‘zlarni yozib, a’lo o‘rnak qoldirgan: «Sizlarga xuddi bolalarini pahpahlab boqadigan ona kabi yumshoq muomala qilganmiz. Xullas, biz sizlarga shu qadar ko‘ngil bog‘lagan edikki, faqat Allohning xushxabarini emas, balki o‘z jonimizni ham berishga tayyor edik, chunki biz sizlarni sevib qolgandik». (1 Salon. 2:7, 8) Xudo kabi rahmdil bo‘lsak, ruhi tushgan kishilarning ibodatiga javob bo‘lishimiz mumkin.
17. Qanday nuqtai nazar imondoshlarimizni sevgi ila qo‘llab-quvvatlashimizga yordam beradi?
17 Imondoshlaringizdan mukammallikni kutmang. Birodaru opa-singillarga nisbatan muvozanatli nuqtai nazarda bo‘ling. Imondoshlardan mukammallikni kutish noto‘g‘ri bo‘lardi, buning natijasida ko‘nglimiz qolishi mumkin. (Voiz 7:21, 22) Shuni unutmangki, Yahova xizmatchilaridan biron nima talab qilsa, ularning imkoniyatlarini inobatga oladi. Biz ham Unga taqlid qilsak, boshqalarning kamchiliklariga chidashga tayyor bo‘lamiz. (Efes. 4:2, 32) Ular o‘zlarini kam hissa qo‘shayotganday his etmasligi uchun, ularni maqtashni maqsad qiling. Bu ularga dalda berishi mumkin. Imondoshlarni samimiyat ila maqtasak, sevgi ila mustahkamlagan bo‘lamiz. Bu tufayli ular ado etayotgan muqaddas xizmatidan «suyunishga sabab topadi». Ularni boshqalar bilan solishtirib, ko‘nglimiz qolganini aytishning o‘rniga, ularni maqtash yaxshiroqdir. (Galat. 6:4)
18. Boshqalarni sevgi ila mustahkamlash uchun qanday sababimiz bor?
18 Yahovaning suruvidagi har bir odam U uchun va o‘z jonini qurbon qilgan Iso uchun juda qadrli. (Galat. 2:20) Biz ham birodaru opa-singillarimizni yaxshi ko‘ramiz. Shuningdek, ular haqida mehribonlik va sevgi ila g‘amxo‘rlik qilishni istaymiz. Dalda manbai bo‘lish uchun «kelinglar, tinchlik keltiradigan va bir-birimizni mustahkamlashga ko‘maklashadigan narsalar payida bo‘laylik». (Rim. 14:19) Jannatda hech qanday tushkunlik bo‘lmaydigan paytni intiqib kutyapmiz! O‘shanda kasallik, urush, meros bo‘lib o‘tadigan o‘lim, quvg‘un, oiladagi zo‘ravonlik va puchga chiqqan umidlar bo‘lmaydi. Masihning Ming yillik boshqaruvi tugagach esa, barcha insonlar mukammallikka erishadi. Oxirgi sinovdan o‘tganlar «Xudo farzandlarining ulug‘vor erkinligiga ega bo‘lib» Uning yer yuzidagi farzandlariga aylanadi. (Rim. 8:21) Iloyo, barchamiz mustahkamlovchi sevgini ko‘rsatishda davom etib, bir-birimizga quvonch va mukofotga erishishga ko‘maklashaylik!
^ 6- x.b. «Yahova Taologa yaqinlashing» nomli kitobning (rus) 24- bobiga qarang.
^ 12- x.b. O‘z joniga qasd qilish kabi fikrlar bilan kurashish borasidagi amaliy maslahatlarni «Uyg‘oning!» jurnalidagi «Nima uchun yashash kerak? Yashash uchun uchta sabab» (2014-yil aprel, rus), «Hayotdan charchaganday tuyulganda» (2012-yil yanvar, rus) va «Yashash arziydi» (2001-yil 22- oktabr, rus) nomli maqolalardan topishingiz mumkin.