Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Qudratli va mulohazakor

Qudratli va mulohazakor

Qanday yasalganimizni U [Yahova] yaxshi biladi, tuproq ekanimizni yodida tutadi. ZAB. 103:14

QO‘SHIQLAR: 51, 9

1, 2. a) Qudratli kishilardan farqli o‘laroq, Yahova odamlarga qanday munosabatda? b) Ushbu maqolada nima haqida gap boradi?

QUDRATLI va obro‘li kishilar ko‘pincha boshqalar «ustidan boshqarib», o‘zlarini ulardan ustun deb bilishadi. (Mat. 20:25; Voiz 8:9) Bu Yahovadan qanchalik farq qiladi-ya! Garchi u Qudratli Shaxs bo‘lsa-da, nomukammal odamlar bilan munosabat qilganda mulohazakorlik namoyon etadi. U mehribon va e’tiborli. Xudo his-tuyg‘ularimizni inobatga oladi va ehtiyojlarimizga diqqat qaratadi. Darhaqiqat, U «tuproq ekanimizni yodida tutadi» va hech qachon kuchimizdan ortig‘ini talab qilmaydi. (Zab. 103:13, 14)

2 Yahova xizmatchilari bilan munosabat qilganda mulohazakorlikni ko‘rsatgani borasida Muqaddas Kitobda ko‘pgina misollar bor. Keling, ulardan uchtasini ko‘rib chiqaylik. Birinchisi, yosh Shomuil oliy ruhoniy Elaxga hukm xabarini yetkazishi kerak bo‘lganida, Shomuilga yordam berish uchun U e’tiborli bo‘lgan. Ikkinchisi, Muso Isroil xalqini Misrdan olib chiqish uchun u yerga borishni xohlamagan. Ammo Yahova unga nisbatan sabr namoyon etgan. Uchinchisi, Yahova Isroil xalqini Misrdan olib chiqqanida mulohazakorlik ila yo‘l tutgan. Mazkur misollar ustida mulohaza yuritar ekanmiz, ular Yahova borasida nimani ochib berayotgani va olgan saboqlarimizni qay yo‘sin tatbiq etishimiz mumkinligiga diqqat qarating.

OTALARCHA E’TIBORLI

3. Bir kuni tunda Shomuil bilan qanday kutilmagan voqea yuz berdi va qanday savol tug‘ilyapti? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

3 Shomuil kichikligidanoq muqaddas chodirda «Yahovaga xizmat qilishni» boshlagan. (1 Shoh. 3:1) Bir kuni Shomuil dam olayotganida kutilmagan voqea yuz berdi *. (1 Shohlar 3: 2–10 ni o‘qing.) Shomuil kimdir uni chaqirayotganini eshitdi. Bu keksayib qolgan oliy ruhoniy Elaxning ovozi deb o‘ylab, Shomuil itoatkorlik ila uning yoniga yugurib bordi-da: «Labbay, meni chaqirdingizmi?» — deb so‘radi. Elax uni chaqirmaganini aytdi. Bu holat bir necha marotaba takrorlangach, Elax Shomuilni Xudo chaqirayotganini tushundi va keyingi safar qanday javob berishni aytdi. Yahova farishtasi orqali nozil bo‘lganida nima sababdan birinchi safardayoq O‘zini oshkor qilmadi? Muqaddas Kitobda bu haqda aytilmagan, lekin voqealar qanday tus olganidan shuni ko‘rishimiz mumkinki, Xudo Shomuilning his-tuyg‘ularini inobatga olgan.

4, 5. a) Shomuil Xudo unga topshirgan vazifaga qanday munosabat bildirdi va ertasi kuni nima bo‘ldi? b) Mazkur voqeadan Yahova haqida nimani bilib olyapmiz?

4 1 Shohlar 3:11–18 ni o‘qing. Yahova bergan qonunga binoan, bolalar yoshi ulug‘ kishilarni, ayniqsa yo‘lboshchilarni hurmat qilishi zarur edi. (Chiq. 22:28; Lev. 19:32) Ertasi kuni yosh Shomuil Elaxning oldiga borib, jasorat ila hukm xabarini aytayotganini tasavvur qilish qiyin. Aslida, Shomuil «ko‘rgan vahiysini Elaxga aytib berishdan qo‘rqdi». Lekin Xudo Shomuilni chaqirayotganini Elaxga aniq qilib ko‘rsatdi. Shuning uchun, Elax tashabbus ko‘rsatib, Shomuilga barchasini aytib berishni buyurdi. Shomuil itoatkorlik ila «hammasini aytib berdi».

5 Shomuilning so‘zlari Elax uchun yangilik bo‘lmagan. Zero, uning aytganlari bundan oldin kelgan ismi noma’lum payg‘ambarning so‘zlariga muvofiq edi. (1 Shoh. 2:27–36) Ushbu voqeadan Yahova qanchalik mulohazakor va dono ekanini ko‘ryapmiz.

6. Xudo yosh Shomuilga yordam berganidan qanday saboq olyapmiz?

6 Siz ham yoshmisiz? Shunday bo‘lsa, Shomuil bilan bo‘lgan voqealar Tangri Yahova qiyinchiliklaringizni va his-tuyg‘ularingizni tushunishini ko‘rsatyapti. Ehtimol, uyatchandirsiz yoki xushxabarni kattalar bilan bo‘lishishga, tengdoshlaringizdan ajralib turishga qiynalarsiz. Amin bo‘lishingiz mumkinki, Yahova sizga yordam berishni istaydi. Ibodatlarda yuragingizda borini Yahovaga to‘kib soling. (Zab. 62:8) Muqaddas Kitobda keltirilgan Shomuil kabi yoshlarning misoli borasida fikr yuriting. Siznikiga o‘xshash qiyinchiliklarni yengib o‘tgan yosh yoki yoshi katta imondoshingiz bilan suhbatlashing. Yahova ularga ba’zida kutilmagan tarzda ko‘maklashgani haqida aytib berishlari aniq.

MUSOGA NISBATAN MULOHAZAKORLIK

7, 8. Qay yo‘sin Yahova Musoga nisbatan mulohazakorlik namoyon etdi?

7 Muso 80 yoshda bo‘lganida Yahova unga mas’uliyatli vazifa topshirdi. Muso Isroil xalqini Misr qulligidan ozod etishi kerak edi. (Chiq. 3:10) Midiyonda 40 yil cho‘ponlik qilgach, bunday vazifani olganidan Muso o‘zini yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsa kerak. U: «Men kim bo‘libmanki, fir’avn huzuriga borib, Isroil xalqini Misrdan olib chiqsam?» — deb aytgan. Xudo uni: «Men sen bilan birga bo‘laman»,— deb ishontirgan. (Chiq. 3: 11, 12) Qolaversa, Xudo Isroil oqsoqollari «so‘zlaringga quloq solishadi» degan. Ammo shunda ham Muso: «Gaplarimga quloq solishmasa-chi?» — deb so‘ragan. (Chiq. 3:18; 4:1) Boshqacha qilib aytganda, Muso Xudoga qarshi chiqqan. Ammo Yahova sabrli bo‘lgan. Hatto bundan ortig‘ini ham qilgan. U Musoga mo‘jizalar yaratish qobiliyatini bergan. Muso bunday qobiliyatga ega bo‘lgan birinchi insondir! (Chiq. 4:2–9, 21)

8 Muso yaxshi gapira olmasligini aytib, uzrli sabablar keltirmoqchi edi. Biroq Tangri unga javob berib: «Gapirayotganingda senga yordam berib, nima deyishingni o‘rgatib turaman»,— dedi. Xo‘sh, Muso rozi bo‘ldimi? Yo‘q, chunki u Xudodan boshqa bir kishini yuborishini so‘radi. Shunda Yahovaning achchig‘i keldi. Ammo U jahlini tiya olgan. Yahova Musoning his-tuyg‘ularini inobatga olayotganini yana bir bor ko‘rsatib, uning o‘rniga gapirishi uchun Horunni tayinlagan. (Chiq. 4:10–16)

9. Yahova sabr-toqat va mulohazakorlikni namoyon etgani qay yo‘sin Musoga yordam berdi?

9 Ushbu voqeadan Yahova haqida nimani bilib oldik? Qodir Tangri sifatida Yahova Musoni tezda O‘ziga bo‘ysundirishi mumkin edi. Ammo U sabr-toqat va mehribonlik namoyon etib, kamtarin va itoatli xizmatchisini ishontirishga harakat qildi. Xo‘sh, bu ish berdimi? Bo‘lmasam-chi! Muso boshqalar bilan munosabat qilganda Yahova kabi mulohazakorlikni namoyon etgan ajoyib yo‘lboshchiga aylandi. (Sah. 12:3)

Boshqalar bilan muomala qilganda, Yahovaga taqlid qilyapsizmi? (10- xatboshiga qarang.)

10. Yahovaning mulohazakorligiga taqlid qilsak, qanday foyda olamiz?

10 Qanday saboq olsak bo‘ladi? Oila boshi, ota-ona yoki jamoat oqsoqolimisiz? Agar shunday bo‘lsa, demak muayyan hokimiyatga egasiz. Siz qaramog‘ingizdagi kishilarga mehribon, sabr-toqatli bo‘lib mulohazakorlikni namoyon etgan holda Yahovaga taqlid qilishingiz juda muhim. (Kolos. 3:19–21; 1 Butr. 5:1–3) Yahovaga hamda Isoga taqlid qilishga intilsangiz, boshqalar sizga bemalol murojaat qila oladi va ularga dalda baxsh eta olasiz. (Mat. 11: 28, 29) Boz ustiga, taqlid qilishga arzigulik o‘rnak ko‘rsatasiz. (Ibron. 13:7)

EHTIROM HISSINI UYG‘OTADIGAN MULOHAZAKOR QUTQARUVCHI

11, 12. Isroil xalqini Misrdan olib chiqqanida, ular o‘zini xavfsiz va himoya ostida his eta olishi uchun Yahova nima qilgan?

11 Isroil xalqi miloddan avvalgi 1513-yili Misrni tark etganda, ularning soni uch milliondan oshgan. Ularning uchinchi yo hatto to‘rtinchi avlodi bo‘lib, oralarida bolalar, keksalar va hatto kasal yoki nogiron bo‘lgan kishilar ham bor edi. Bunday ulkan olomonni Misrdan olib chiqish uchun aql-idrokli va e’tiborli Yo‘lboshchi kerak edi. Yahova Muso orqali aynan shunday Yo‘lboshchi ekanini isbotladi. Natijada, Isroil xalqi uyi deb bilgan yakkayu yagona joyni tark etayotganida o‘zini xavfsiz his qilgan. (Zab. 78: 52, 53)

12 Xalqi o‘zini xavfsiz va himoya ostida his eta olishi uchun Yahova nima qilgan? Avvalo, Yahova ular Misrdan «askarlar guruhiga o‘xshab tartib bilan» chiqishini tashkillashtirdi. (Chiq. 13:18) Shu tarzda tashkillashtirish tufayli Isroil xalqi hammasi Xudoning nazorati ostida ekaniga amin bo‘lgan. Bundan tashqari, Yahova «kunduzi bulut orqali, kechasi esa olov yorug‘i orqali» ular bilan ekanini bildirib turdi. (Zab. 78:14) Yahova go‘yoki ularga: «Qo‘rqmanglar. Men O‘zim sizlarni yo‘naltirib, himoya qilaman» deganday bo‘ldi. Ha, bunday ishontiruv juda muhim edi.

Yahova Isroil xalqiga Qizil dengizda qanday mo‘jiza ko‘rsatdi? (13- xatboshiga qarang.)

13, 14. a) Yahova Qizil dengizda Isroil xalqiga qanday mo‘jiza ko‘rsatadi? b) Yahova misrliklardan qudratliroq ekanini qay yo‘sin ko‘rsatadi?

13 Chiqish 14:19–22 ni o‘qing. Fir’avnning qo‘shini va Qizil dengiz orasida qolganingizni tasavvur qiling. Bu vaziyatga Tangri aralashadi. Bulut ustuni qarorgohdan ortga ko‘chganda misrliklar qorong‘ilikda qolib ketadi. Ammo qarorgohingizda mo‘jizaviy tarzda yorug‘lik turibdi. So‘ng Muso qo‘lini dengiz tomon cho‘zganda, sharqdan shamol esib dengiz ikkiga bo‘linganini ko‘rasiz. Shunda siz, oilangiz va uy hayvonlaringiz boshqa odamlar bilan birga tartib ila dengiz tubidan yurasiz. Buni qarangki, o‘zgacha bir narsaning guvohi bo‘lasiz! Dengiz tubi botqoq yoki sovuq emas, aksincha bemalol yura olishingiz uchun quruq va qattiq. Bu tufayli hatto eng sekin yuradigan kishi ham bemalol narigi tarafga o‘ta oladi.

14 Chiqish 14:23, 26–30 ni o‘qing. Shu paytda mag‘rur va nodon fir’avn ham ularning izidan ta’qib qilib dengiz tubiga tushadi. Bu safar ham Muso qo‘lini dengiz tomonga uzatadi. Endi qotib turgan ikkita suv devori qulaydi. Xuddi sunami to‘lqinlari bir-biriga urilganday, dengiz ikkita tarafdan birlashadi. Fir’avn va uning qo‘shini unga g‘arq bo‘ladi. (Chiq. 15:8–10)

15. Ushbu voqeadan Yahova haqida nimani bilib oldingiz?

15 Bu voqeadan ko‘rganimizday, Yahova tartib Xudosi va Uning bu fazilati tufayli biz xavfsizlik va himoyani his eta olamiz. (1 Kor. 14:33) Shuningdek, Yahova qo‘ylariga mehribonlik ila g‘amxo‘rlik qiladigan cho‘ponday ekanini amaliy yo‘llar bilan ko‘rsatdi. U xalqini sevgi ila O‘z quchog‘iga oladi, dushmanlaridan himoya qiladi. Ushbu zamonaning so‘ngida yuz beradigan voqealarga duch kelar ekanmiz, mazkur haqiqatni bilish ishonchimizni mustahkamlaydi. (Hik. 1:33)

16. Yahova Isroil xalqini yetaklaganini ko‘rib chiqishdan qanday saboq olyapmiz?

16 Bugungi kunda ham Yahova ma’naviy va jismoniy tarafdan O‘z xalqiga guruh sifatida g‘amxo‘rlik qilmoqda. Yaqinlashib kelayotgan buyuk musibat paytida ham U shunday qilishda davom etadi. (Vah. 7:9, 10) Shunday ekan, xoh yosh, xoh keksa, xoh sog‘lom, xoh nogiron bo‘lsin Xudoning xizmatchilari buyuk musibat paytida qo‘rqib, xavotirga tushmaydi *. Aksincha, ular boshqacha munosabatda bo‘ladi. Ular Isoning quyidagi so‘zlarini yodda saqlashadi: «Qomatingizni g‘oz tutib boshingizni ko‘taringlar, zero xalos bo‘lish vaqtingiz yaqinlashib qoldi». (Luqo 21:28) Qadimda fir’avn hujum qilgani kabi, xalqlar ittifoqi bo‘lmish Go‘g hujum qilganida ham ular jasoratli qolishadi. (Hiz. 38:2, 14–16) Nega Xudoning xalqi dadil bo‘ladi? Boisi, ular Yahova hech qachon o‘zgarmasligini biladi. O‘shanda U yana bir bor mulohazakor Qutqaruvchi ekanini isbotlaydi. (Ishayo 26:3, 20)

17. a) Yahova xalqiga g‘amxo‘rlik qilishi borasidagi Muqaddas Kitobdagi voqealardan qanday foyda olamiz? b) Navbatdagi maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

17 Ushbu maqolada Yahova mehribonlik va e’tibor bilan xizmatchilariga g‘amxo‘rlik qilishi, ularni yo‘naltirishi va yetaklashini ko‘rsatuvchi bir nechta misolni ko‘rdik, xolos. Bu kabi voqealar ustida mulohaza yuritar ekansiz, Yahovaning hatto sezilmas fazilatlarini ochib beruvchi tafsilotlarga ham diqqat qarating. Shunday yo‘l tutib, ushbu ajoyib fazilatlarni qalbingizu ongingizga chuqurroq jo qilib, Yahovaga bo‘lgan sevgingizni va imoningizni mustahkamlaysiz. Navbatdagi maqolada Yahovaga taqlid qilgan holda boshqalarga e’tiborli bo‘lishning bir nechta yo‘lini ko‘rib chiqamiz. Oila, jamoat va va’zgo‘ylik xizmatiga diqqat qaratamiz.

^ 3- x.b. Yahudiy tarixchisi Iosif Flaviyning so‘zlariga ko‘ra, Shomuil o‘shanda 12 yoshda bo‘lgan.

^ 16- x.b. Armageddondan omon qolganlarning ayrimlari nogiron bo‘lish ehtimoli bor degan xulosaga kelish mumkin. Iso odamlarning har turli darmonsizligu kasalliklarini davolaganda kelajakda ham shunday yo‘l tutishini ko‘rsatgan. U tirilganlarni emas, balki Armageddondan omon qolganlarni sog‘aytiradi. (Mat. 9:35) Chunki tirilganlarda sog‘lom tana bo‘lishi shubhasiz.