Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

40-TADQIQ MAQOLASI

«Senga ishonib topshirilgan narsalarni saqla»

«Senga ishonib topshirilgan narsalarni saqla»

O‘g‘lim Timo‘tiy, senga ishonib topshirilgan narsalarni saqla. 1 TIM. 6:20

29-QO‘SHIQ Nomimizga munosib yashaylik

BU MAQOLADA a

1, 2. Timo‘tiyga birinchi maktub 6:20 ga binoan, Timo‘tiyga nimalar ishonib topshirilgan edi?

 GOHIDA biz uchun qadrli bo‘lgan narsalarni boshqalarga omonatga beramiz. Masalan, pulimizni bankka omonatga qo‘yishimiz mumkin. Bunday yo‘l tutganimizda, omonatimiz xavfsiz joyda bo‘lishiga, yo‘qotilmasligiga va o‘g‘irlanmasligiga umid qilamiz. Shu bois, biz uchun qadrli narsani biron kimga ishonib topshirish nimani anglatishini tushunamiz.

2 Timo‘tiyga birinchi maktub 6:20 ni o‘qing. Havoriy Pavlus Timo‘tiyga u qimmatli bir narsaga — Xudoning insoniyatga nisbatan niyati borasida aniq bilimga ega ekanini eslatgan. Shuningdek, unga «xushxabarni va’z etish» sharafi ishonib topshirilgan edi. (2 Tim. 4:2, 5) Pavlus Timo‘tiyni unga ishonib topshirilgan narsalarni saqlashga undagan. Timo‘tiy singari, bizga ham ayrim bebaho narsalar omonat qilib berilgan. Xo‘sh, bular nima ekan? Yahova bizga bergan xazinani nega saqlashimiz kerak?

ISHONIB TOPSHIRILGAN BEBAHO HAQIQATLAR

3, 4. Muqaddas Kitob haqiqatlari bebaho ekanining ayrim sabablari nima?

3 Yahova Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitobdagi bebaho haqiqatlardan iborat aniq bilimni bizga ochib bermoqda. Bu haqiqatlar bebahodir. Chunki ular yordamida Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lishimiz va hayotda chinakam baxtga erishishimiz mumkin. Mazkur haqiqatlarni qabul qilib, ularga muvofiq hayot kechirsak, soxta ta’limotlar-u axloqsiz ishlar qulligidan ozod bo‘lamiz. (1 Kor. 6:9–11)

4 Muqaddas Kitob haqiqatlari bebaho ekanining yana bir sababi shuki, Yahova ularni faqatgina «haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan» kamtarin insonlarga ochib beradi. (Havor. 13:48) Kamtarin insonlar bugungi kunda ishonchli va aqlli xizmatkor Muqaddas Kitob asosida ta’lim berishini tan oladi. (Mat. 11:25; 24:45) Ularning yordamisiz Muqaddas Kitobni o‘zimiz tushuna olmaymiz. Zero, Kalomni tushunishdan-da qimmatli narsa yo‘q. (Hik. 3:13, 15)

5. Yahova bizga yana nimani ishonib topshirdi?

5 Bundan tashqari, Yahova U va Uning niyatlari to‘g‘risidagi haqiqatlarni boshqalarga o‘rgatish sharafini bizga ishonib topshirdi. (Mat. 24:14) Biz va’z etayotgan xabar bebahodir. Sababi, bu xabar yordamida odamlar Yahovaning oila a’zosiga aylanib, abadiy hayotga erishish umidiga ega bo‘ladi. (1 Tim. 4:16) Xizmatda ko‘p hissa qo‘shyapmizmi yoki kammi, hozirda bajarilayotgan eng muhim faoliyatni qo‘llab-quvvatlayapmiz. (1 Tim. 2:3, 4) Tangrining xizmatdoshlari bo‘lish naqadar ulkan sharaf! (1 Kor. 3:9)

SIZGA ISHONIB TOPSHIRILGAN NARSALARNI MAHKAM USHLANG

Boshqalar haqiqatdan uzoqlashganda, Timo‘tiy Yahovaga xizmat qilishda davom etishi kerak edi (6-xatboshiga qarang.)

6. Tangrining xizmatdoshlari bo‘lish sharafini qadrlamagan ayrim kishilar bilan nima bo‘lgan?

6 Timo‘tiyning ayrim zamondoshlari Tangrining xizmatdoshlari bo‘lish sharafini qadrlamagan. Masalan, «Dimas dunyoning ishlariga mehr qo‘yib», Pavlus bilan xizmat qilish sharafidan voz kechgan. (2 Tim. 4:10) Figel va Hermogen esa, ehtimol, Pavlus singari ta’qiblarga duch kelib azob chekishdan qo‘rqqani tufayli xizmat qilmay qo‘ygan. (2 Tim. 1:15) Imeney, Filit va Iskandar bo‘lsa murtadlikka berilib, haqiqatni tark etishgan. (1 Tim. 1:19, 20; 2 Tim. 2:16–18) Bu kishilarning barchasi qachonlardir ma’nan mustahkam bo‘lganga o‘xshaydi, ammo ular nima chinakamiga bebaho ekanini unutib qo‘yishgan.

7. Shayton bizga qarshi qaysi usullarni qo‘llamoqda?

7 Yahova bizga ishonib topshirgan xazinalardan voz kechishimiz uchun Shayton nimalar qilmoqda? Uning ba’zi usullariga diqqat qarataylik. U o‘yin-kulgiyu ommaviy axborot vositalaridan foydalanib muayyan qadriyatlar, fikrlash tarzi va xulq-atvorni olg‘a suradi. Shayton ular bizni haqiqatdan uzoqlashtirishiga umid qiladi. Buning ustiga, va’z qilishni to‘xtatishimiz uchun u tengdoshlarning bosimi yoki ta’qiblar orqali bizni qo‘rqitishga urinadi. Haqiqatni tark etishimiz uchun Shayton bizni murtadlarning «“bilim”, deb atalgan ixtiloflar»ini tinglash tuzog‘iga ilintirmoqchi bo‘ladi. (1 Tim. 6:20, 21)

8. Deniel birodarimizning misolidan qanday saboq oldingiz?

8 Ehtiyot bo‘lmasak, bora-bora haqiqatdan uzoqlashib ketishimiz mumkin. Keling, videoo‘yinlar o‘ynashni juda yoqtirgan Denielning b misoliga diqqat qarataylik. U shunday deb bo‘lishdi: «Taxminan o‘n yoshligimda videoo‘yinlar o‘ynashni boshladim. Avvaliga men o‘ynagan o‘yinlar yomon emasdi. Lekin asta-sekin zo‘ravonlik va sehr-jodu bilan bog‘liq o‘yinlarga o‘tdim». Oxiri Deniel kuniga deyarli 15 soat videoo‘yinlar o‘ynaydigan bo‘ldi. U quyidagicha dedi: «Ich-ichimdan shuni tushunardimki, o‘ynayotgan o‘yinlarim va bunga qancha vaqt sarflayotganim meni Yahovadan uzoqlashtirayotgan edi. Ammo Muqaddas Kitob prinsiplariga amal qilishga majbur emasman, deb o‘zimni ishontirardim». Ha, ogoh bo‘lmasak, o‘yin-kulgi haqiqatdan uzoqlashib ketishimizga sabab bo‘lishi turgan gap. Agar bu yuz bersa, Yahova bizga bergan bebaho narsalarni oxiri qo‘ldan boy berishimiz mumkin.

QAY YO‘SIN HAQIQATNI MAHKAM USHLAY OLAMIZ?

9. Timo‘tiyga birinchi maktub 1:18, 19 ga ko‘ra, Pavlus Timo‘tiyni kimga o‘xshatgan?

9 Timo‘tiyga birinchi maktub 1:18, 19 ni o‘qing. Pavlus Timo‘tiyni askarga o‘xshatib, uni «yaxshi jang» qilishda davom etishga undagan. Bu tom ma’nodagi emas, balki ma’naviy jang bo‘lgan. Xo‘sh, qaysi jihatdan masihiylar jangda qatnashayotgan askarlarga o‘xshaydi? Masihning askarlari sifatida qaysi fazilatlarni rivojlantirishimiz kerak? Keling, Pavlusning misolidan olishimiz mumkin bo‘lgan beshta saboqqa diqqat qaratamiz. Bu saboqlar yordamida haqiqatni mahkam ushlay olamiz.

10. Xudojo‘ylik nima va nega uni namoyon etishimiz lozim?

10 Xudojo‘y bo‘ling. Yaxshi askar sadoqatli bo‘ladi. U sevimli insonini yoki qadrli narsasini himoya qilish uchun jon-jahdi bilan kurashadi. Pavlus Timo‘tiyni xudojo‘y bo‘lishga, ya’ni Xudoga hurmat ko‘rsatishga va sadoqatli qolishga undagan. (1 Tim. 4:7) Xudoni qancha ko‘p sevsak, haqiqatni mahkam ushlash istagimiz shuncha kuchayadi. (1 Tim. 4:8–10; 6:6)

Kun oxirida holdan toyganimizda, yig‘ilishga borishga o‘zimizni majburlashga to‘g‘ri kelar. Ammo bunday yo‘l tutib baraka olamiz (11-xatboshiga qarang.)

11. Nima uchun intizomli bo‘lishimiz kerak?

11 Shaxsiy intizomni rivojlantiring. Askar jangga doim tayyor turishni istasa, intizomli bo‘lishi kerak. Timo‘tiy Pavlusning yomon istaklardan qochish, ilohiy fazilatlarni rivojlantirish va imondoshlar bilan muloqot qilish kabi ilohiy ilhom ostida bergan maslahatlariga amal qilgani uchun ma’nan mustahkam qolgan. (2 Tim. 2:22) Bu shaxsiy intizomni talab qilgan. Biz ham tana istaklariga qarshi jangda g‘alaba qozonmoqchi bo‘lsak, intizomli bo‘lishimiz zarur. (Rim. 7:21–25) Shuningdek, eski o‘zlikni yechib tashlab, yangisini kiyishda davom etish uchun intizomli bo‘lishimiz kutiladi. (Efes. 4:22, 24) Bundan tashqari, kun oxirida holdan toyganimizda, yig‘ilishga borishga o‘zimizni majburlashga to‘g‘ri kelar. (Ibron. 10:24, 25)

12. Qay yo‘sin Muqaddas Kitobdan foydalanish qobiliyatimizni yaxshilay olamiz?

12 Askar qurollaridan foydlanishni mashq qilishi darkor. Mahoratli bo‘lish uchun u buni muntazam ravishda qilishi kerak. Shunga o‘xshab, biz ham Xudoning Kalomidan mahorat ila foydalanishni o‘rganishimiz lozim. (2 Tim. 2:15) Buning ayrim yo‘llarini yig‘ilishlarda bilib olishimiz mumkin. Lekin Muqaddas Kitob haqiqatlari bebaho ekaniga boshqalarni ishontirmoqchi bo‘lsak, doimiy ravishda shaxsiy tadqiq o‘tkazishimiz darkor. Xudoning Kalomi yordamida imonimizni mustahkamlashimiz lozim. Bu uni shunchaki o‘qishdan ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. O‘qiganlarimiz ustida mulohaza yuritishimiz, ularni to‘g‘ri tushunish va boshqalarga tushuntirib bera olish uchun adabiyotlarimiz asosida izlanish o‘tkazishimiz kerak. (1 Tim. 4:13–15) Shunda boshqalarga ta’lim berishda Xudoning Kalomidan foydalana olamiz. Darvoqe, bu ularga oyatlarni shunchaki o‘qib berishdan ko‘proq narsani anglatadi. Tinglovchilarga oyatni va u ularga qay yo‘sin tegishli ekanini anglashga yordam berishni istaymiz. Shaxsiy tadqiq jadvalimizga qat’iy amal qilib, boshqalarga ta’lim berish uchun Xudoning ilhomlantirilgan Kalomidan foydalanish qobiliyatimizni yaxshilay olamiz. (2 Tim. 3:16, 17)

13. Ibroniylarga 5:14 ga binoan, nima uchun zehnimizni ishga solishimiz kerak?

13 Zehningizni ishga soling. Askar xavfni ko‘ra olishi va undan qocha bilishi kerak bo‘lgan. Biz ham zarar keltirishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni oldindan aniqlab, xavfdan qochish uchun harakat qilishimiz lozim. (Hik. 22:3; Ibroniylarga 5:14 ni o‘qing.) Masalan, dam olish va o‘yin-kulgi turlarini donolik ila tanlashimiz kerak. Ko‘pincha teleshou va filmlarda axloqsiz xulq ko‘rsatiladi. Bunday xulq Xudoni ranjitadi va bizga zarar keltirishi muqarrar. Shuning uchun, Xudoga bo‘lgan sevgimizga asta-sekin putur yetkazadigan o‘yin-kulgidan qochamiz. (Efes. 5:5, 6)

14. Zehnini ishga solish Denielga qay yo‘sin yordam berdi?

14 Yuqorida tilga olingan Deniel zehnini ishga solib zo‘ravonlik va sehr-jodu bilan bog‘liq o‘yinlarni o‘ynash muammoga aylanganini tushundi. U muammosining yechimini topish uchun «Elektron kutubxona» yordamida izlanish o‘tkazdi. Bu unga qanday foyda keltirdi? U nomunosib videoo‘yinlar o‘ynashni to‘xtatdi. Shuningdek, Deniel onlayn o‘yinlariga obunalarini bekor qildi va boshqa o‘yinchilar bilan muloqotiga chek qo‘ydi. U quyidagicha dedi: «Videoo‘yinlar o‘ynashni to‘xtatdim va ochiq havoda biron nima bilan shug‘ullanishni yoki jamoatdagi do‘stlarim bilan vaqt o‘tkazishni boshladim». Hozirda Deniel kashshof va oqsoqol sifatida xizmat qilyapti.

15. Uydirmalar nimasi bilan xavfli?

15 Timo‘tiy singari biz ham zehnimizni ishga solib murtadlar tarqatadigan yolg‘on ma’lumot xavfli ekanini tushunishimiz kerak. (1 Tim. 4:1, 7; 2 Tim. 2:16) Misol uchun, ular imondoshlarimiz haqida uydirmalar tarqatishga yoki Yahovaning tashkilotiga nisbatan shubha uyg‘otishga urinishi mumkin. Bu kabi noto‘g‘ri ma’lumot imonimizni susaytirishi hech gap emas. Bunday targ‘ibotga aldanib qolishdan ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Nega deganda, bunday uydirmalarni «haqiqatdan uzoqlashgan va aqli buzuq odamlar» tarqatadi. Ularning maqsadi so‘roq-savollar va bahs boshlashdir. (1 Tim. 6:4, 5) Murtadlar ularning yolg‘onlariga ishonishimizni va imondoshlarimizdan gumon qilishimizni istaydi.

16. Nimalar bizni chalg‘itishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak?

16 Chalg‘itadigan narsalardan qoching. Timo‘tiy «Iso Masihning yaxshi askari sifatida» butun e’tiborini xizmatiga qaratishi va moddiy narsalarga hamda hayotidagi boshqa maqsadlariga haddan ortiq berilib ketmasligi lozim edi. (2 Tim. 2:3, 4) Timo‘tiy kabi biz ham ko‘proq moddiy narsalarga ega bo‘lish istagi bizni chalg‘itishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. «Aldamchi boylik» Yahovaga nisbatan sevgimizni, Kalomi uchun minnatdorchiligimizni va xizmat qilish istagimizni bo‘g‘ib qo‘yishi mumkin. (Mat. 13:22) Sodda hayot kechirishimiz hamda vaqtimiz-u kuchimizdan Xudoning Shohligini hayotimizda «hamisha birinchi o‘ringa» qo‘yish uchun foydalanishimiz zarur. (Mat. 6:22–25, 33)

17, 18. Yahova bilan do‘stligimizni himoyalash uchun nimalar qilishimiz mumkin?

17 Zudlik bilan harakat qilishga tayyor turing. Askar o‘zini qanday himoya qilish rejasini oldindan tuzishi zarur. Yahova bizga ishonib topshirgan narsalarni saqlab qolishni istasak, xavfga duch kelganda, zudlik bilan harakatga tushishimiz lozim. Xo‘sh, bunday yo‘l tutishimizga nima ko‘maklasha oladi? Xavfga ro‘baro‘ kelganimizda, qanday yo‘l tutishimiz borasida oldindan reja tuzishimiz zarur.

18 Masalan, ommaviy tadbirlarda tinglovchilardan ko‘pincha chiqish yo‘lagiga yaqinroq joylarda o‘tirishni so‘rashadi. Nima uchun? Chunki shunda favqulodda holat yuz bersa, ular tezda chiqib keta oladi. Internetdan foydalanganda, film yo teledastur tomosha qilganda axloqsiz sahnaga, ochiqchasiga ko‘rsatilgan zo‘ravonlikka yoki murtadlarning ma’lumotlariga to‘satdan duch kelishimiz mumkin. Shunday vaziyatlarda qaysi “chiqish yo‘lagini” tanlashimizni oldindan o‘ylashimiz kerak. Yuz berishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarga tayyor tursak, Yahova bilan do‘stligimizni himoyalash va Uning nazarida pok qolish uchun zudlik bilan harakat qilamiz. (Zab. 101:3; 1 Tim. 4:12)

19. Yahova bizga bergan xazinalarni asrasak, qanday barakalarga erishamiz?

19 Yahova bizga bergan xazinalarni — Muqaddas Kitobdagi bebaho haqiqatlarni va boshqalarga ta’lim berish sharafini asrashimiz kerak. Shunday yo‘l tutsak, vijdonimizni pok saqlaymiz, chinakamiga mazmunli hayot kechiramiz va boshqalarga Yahovani tanib-bilishga yordam berishdan quvonchga to‘lamiz. Xudoning madadi bilan bizga ishonib topshirilgan narsalarni asray olamiz. (1 Tim. 6:12, 19)

127-QO‘SHIQ Qay inson bo‘lay men?

a Biz haqiqatni bilish va uni boshqalarga o‘rgatish kabi ulkan sharafga egamiz. Bu maqola ushbu sharafni aslo yo‘qotmasligimizga yordam beradi.

b Ism o‘zgartirilgan.