2-TADQIQ MAQOLASI
«Ongingizni yangilab, o‘zingizni o‘zgartiringlar»
Tangrining yaxshi, maqbul, komil irodasi nimada ekanini aniqlash uchun ongingizni yangilab, o‘zingizni o‘zgartiringlar. RIM. 12:2
88-QO‘SHIQ Ochib ber menga yo‘llaringni
BU MAQOLADA a
1, 2. Suvga cho‘mgandan keyin nima qilishda davom etishimiz kerak? Tushuntiring.
UYINGIZNI qanchalik tez-tez yig‘ishtirasiz? Ehtimol, ko‘chib kelishingizdan oldin u yerni chinniday tozalab chiqqansiz. Lekin aytaylik, boshqa bunday qilmasangiz, nima bo‘ladi? Albatta, u yerni tezda chang bosib, kir bo‘lib ketadi. Uyingizni ozoda saqlash uchun muntazam ravishda yig‘ishtirishingiz lozim.
2 Fikrlarimiz va shaxsiyatimiz bilan ham xuddi shunday qilishimiz kerak. Albatta, suvga cho‘mishdan oldin «tana va ruhiyatimizni bulg‘aydigan har qanday narsadan o‘zimizni poklash» uchun kerakli o‘zgarishlar qilganmiz. (2 Kor. 7:1) Lekin havoriy Pavlus aytganiday, «bundan buyon» ham o‘zgarishda davom etish muhim. (Efes. 4:23) Nega? Chunki dunyo bizga o‘z ta’sirini o‘tkazib, Yahovaning nazarida nopok qilib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun fikrlarimizni, shaxsiyatimizni va istaklarimizni doimo tekshirib turishimiz lozim.
«ONGINGIZNI YANGILASHDA» DAVOM ETING
3. Ongimizni yangilash nimani anglatadi? (Rimliklarga 12:2)
3 Ongimizni yangilash, ya’ni fikrlash tarzimizni o‘zgartirish uchun nima qilishimiz darkor? (Rimliklarga 12:2 ni o‘qing.) Ongimizni yangilash bu shunchaki yaxshi ishlar qilishni anglatmaydi. Biz ichki dunyomizni tekshirib turishimiz va Yahovaning me’yorlariga mos hayot kechirish uchun qo‘ldan kelgancha kerakli o‘zgarishlar qilishimiz lozim. Bu bir marta emas, balki muntazam davom etishi kerak.
4. Qay yo‘sin dunyo fikrlarimizga ta’sir qilishidan qochishimiz mumkin?
4 Mukammallikka erishganda har bir ishimiz bilan Yahovani mamnun qila olamiz. Hozir esa bunday qilish uchun ko‘p ter to‘kishimizga to‘g‘ri keladi. Pavlus Rimliklarga 12:2 da Xudoning irodasi nimada ekanini aniqlash uchun ongimizni yangilab turishimiz kerakligini aytgan. Bu dunyo fikrlash tarzimizni shakllantirishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Buning uchun avvalambor maqsadlarimizga va qarorlarimizga kim — Yahova yoki dunyo — ta’sir qilayotganini aniqlash uchun o‘zimizni tekshirishimiz lozim.
5. Yahovaning kuni yaqin ekanini unutmaslik uchun o‘zimizga qanday savollar bersak bo‘ladi? (Rasmga qarang.)
5 Quyidagi fikrga e’tibor bering. Yahova Uning «kuni kelishini kutib, uni esda» saqlashimizni istaydi. (2 Butr. 3:12) O‘zingizdan shunday so‘rang: «Hayot tarzimdan ushbu zamonaning oxiri yaqin ekanini tushunayotganim ko‘rinyaptimi? Oliy ta’lim va ish borasidagi qarorlarim bilan Yahovaga xizmat qilish eng muhimi ekanini ko‘rsatyapmanmi? Xudo menga va oilamga g‘amxo‘rlik qilishiga ishonamanmi yoki hadeb moddiy narsalar borasida tashvishlanamanmi?» Tangri Yahovaning irodasiga muvofiq nimaiki qilmaylik, U judayam mamnun bo‘ladi. (Mat. 6:25–27, 33; Filip. 4:12, 13)
6. Nima qilishda davom etishimiz muhim?
6 Muntazam ravishda fikrlarimizni tekshirib, kerakli o‘zgarishlar qilishimiz muhim. Pavlus korinfliklarga shunday deb yozgan: «Imondamisizlar yoki yo‘qmi, o‘zingizni sinab, qanday inson ekaningizni tekshirib turinglar». (2 Kor. 13:5) «Imonda» bo‘lish vaqti-vaqti bilan yig‘ilishlarga borish va xizmatga chiqishdan ko‘prog‘ini o‘z ichiga oladi. Bunga fikrlarimiz, niyatlarimiz va istaklarimiz ham kiradi. Shuning uchun, Xudoning Kalomini o‘qish, U kabi fikrlashni o‘rganish va Uning irodasiga muvofiq yo‘l tutish orqali ongimizni yangilashda davom etishimiz lozim. (1 Kor. 2:14–16)
«YANGI O‘ZLIKNI KIYIB OLING»
7. Nima qilishimiz lozim va nega bu oson bo‘lmasligi mumkin? (Efesliklarga 4:31, 32)
7 Efesliklarga 4:31, 32 ni o‘qing. Fikrlash tarzimizni o‘zgartirishdan tashqari «yangi o‘zlikni kiyib olishimiz» kerak. (Efes. 4:24) Buning uchun bel bog‘lab harakat qilishimiz darkor. Boshqa ishlar bilan birga adovat, qahr-u g‘azab kabi illatlarni o‘zimizdan soqit qilishimiz kerak. Nega bu oson bo‘lmasligi mumkin? Sababi, ulardan ba’zilari qalbimizda chuqur ildiz otgandir. Masalan, Muqaddas Kitobda ba’zi insonlar «achchig‘i tez» va «jizzaki» bo‘lishi haqida aytilgan. (Hik. 29:22) Salbiy xislatlarni hatto suvga cho‘mganimizdan keyin ham nazorat qilishimizga to‘g‘ri kelar. Buni quyidagi misoldan ko‘rsak bo‘ladi.
8, 9. Qay yo‘sin Stivenning misoli eski o‘zlikni yechishda davom etish muhimligini ko‘rsatyapti?
8 Stiven ismli birodar ham jahlini tiyishga qiynalardi. U shunday dedi: «Hatto suvga cho‘mganimdan keyin ham fe’l-atvorimni o‘zgartirishda davom etishim lozim edi. Bir safar uyma-uy xizmat qilganimda mashinamdan radiopriyomnikni o‘g‘irlab ketishdi va men o‘g‘rining ortidan quvib ketdim. Unga endi yetay deganimda u radioni tashlab qochib ketdi. Bu haqida boshqalarga aytib berdim va oqsoqol mendan: “Stiven, agar unga yetib olganingizda nima qilar edingiz?” — deb so‘radi. Bu savol meni o‘ylantirib qo‘ydi va tinchlikparvarlik ustida ko‘proq ishlashga undadi» b.
9 Stivenning misolidan shuni ko‘rishimiz mumkinki, salbiy xislatlarni nazorat qilyapman, deb o‘ylaganimizda ular nogahon paydo bo‘lishi hech gap emas. Agar bu siz bilan ham sodir bo‘lsa ruhingiz tushmasin va o‘zingizni ayblamang. Havoriy Pavlus: «To‘g‘ri bo‘lgan narsani qilmoqchi bo‘lsam, yonimda yomonlik turadi»,— deb bejizga aytmagan. (Rim. 7:21–23) Barchamiz nomukammal bo‘lganimiz uchun uyimizni, ya’ni ichki dunyomizni kir va chang kabi bo‘lgan illatlardan tozalab turishimiz lozim. Buni muntazam ravishda qilishimiz kerak. Qanaqasiga deysizmi?
10. Qay yo‘sin illatlar bilan kurasha olamiz? (1 Yuhanno 5:14, 15)
10 Kurashayotgan illatingiz haqida Yahovaga ibodat qilib ayting. Bunday qilar ekansiz, U sizni eshitishiga va yordam berishiga amin bo‘ling. (1 Yuhanno 5:14, 15 ni o‘qing.) Yahova uni mo‘jizaviy tarzda soqit qilmaydi, lekin unga qarshi tura olishingiz uchun sizni mustahkamlaydi. (1 Butr. 5:10) Ibodatingizga yarasha yo‘l tutib, eski o‘zligingizni qaytarishi mumkin bo‘lgan ishlarni qilmang. Misol uchun, bu illatni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan filmlar, teledasturlar va hikoyalardan yiroqlashing. Qolaversa, buzuq niyatlar ongingizda in qurishiga yo‘l qo‘ymang. (Filip. 4:8; Kolos. 3:2)
11. Yangi o‘zlikni kiyish uchun nima qila olamiz?
11 Eski o‘zlikni yechib tashlash bilan birga yangi o‘zlikni ham kiyib olish juda muhim. Xo‘sh, buni qanday qilsa bo‘ladi? Yahovaning fazilatlarini bilib olganingizda Unga taqlid qilishga intiling. (Efes. 5:1, 2) Masalan, Muqaddas Kitobda Yahova kechirimli ekani haqida o‘qiganda, o‘zingizdan: «Boshqalarni kechiryapmanmi?» — deb so‘rang. Yoki u kambag‘allarga rahm-shafqatli ekani to‘g‘risida o‘qiganda, o‘zingizga: «Moddiy jihatdan qiynalayotgan imondoshlarimga shu kabi rahm-shafqatni amalda ko‘rsatyapmanmi?» — degan savolni bering. Yangi o‘zlikni kiyish orqali tinmay ongingizni yangilang. Bunday qilar ekansiz, o‘zingizga nisbatan haddan tashqari talabchan bo‘lmang.
12. Qay yo‘sin Muqaddas Kitob Stivenga o‘zgarishga yordam berdi?
12 Yuqorida tilga olingan Stiven asta-sekin yangi o‘zlikni kiyishga muvaffaq bo‘ldi. U quyidagicha bo‘lishdi: «Suvga cho‘mganimdan keyin ko‘p marotaba ig‘voli vaziyatlarga duch keldim. Kimdir jahlimni chiqarmoqchi bo‘lganida vaziyatni yumshatishga va o‘zimni tuta olishga o‘rgandim. Bu kabi vaziyatlarni to‘g‘ri hal qila olganim uchun ko‘plar, shu jumladan, rafiqam meni maqtaydi. Hatto o‘zimga o‘zim hayron qolaman. Lekin bu o‘zgarishlarga o‘zim erishmadim. Bularning bari Muqaddas Kitobning kuchli ta’siri tufayli sodir bo‘ldi».
YOMON ISTAKLAR BILAN KURASHISHDA DAVOM ETING
13. Qay yo‘sin noto‘g‘ri istaklarni yenga olamiz? (Galatiyaliklarga 5:16)
13 Galatiyaliklarga 5:16 ni o‘qing. To‘g‘ri ishlarni qila olishimiz uchun Yahova muqaddas ruhini saxiylik ila beryapti. Muqaddas Kalomni o‘qiganimizda va yig‘ilishlarga qatnaganimizda, muqaddas ruh bizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘yamiz. Biz kabi to‘g‘ri ishlar qilishga harakat qilayotgan birodar-u opa-singillar bilan yig‘ilishlarda vaqt o‘tkazish juda daldali. (Ibron. 10:24, 25; 13:7) Yahovaga sidqidildan ibodat-u iltijoda zaifliklarimizni yengishga yordam berishini so‘raganimizda, bu kurashda g‘olib chiqishimizga U ko‘maklashadi. Bunday yo‘l tutish bizni noto‘g‘ri istaklardan xalos etmasa-da, ular bilan kurashishga yordam beradi. Galatiyaliklarga 5:16 da aytilganiday, muqaddas ruhga muvofiq yo‘l tutganlar «tana istaklarini qondirmaydi».
14. Nega Xudoga ma’qul keladigan istaklarni rivojlantirishda davom etish muhim?
14 Ma’naviy ishlar jadvalini tuzgan bo‘lsak, unga amal qilishda va Xudoga ma’qul keladigan istaklarni rivojlantirishda davom etishimiz o‘ta muhim. Negaki, dushmanlarimizning biri hech qachon dam olmaydi. Bu dushman noto‘g‘ri yo‘l tutish vasvasasidir. Hatto suvga cho‘mganimizdan keyin ham noma’qul ishlar, masalan, qimor o‘ynash, spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish yoki pornografiya ko‘rish bizni o‘ziga tortar. (Efes. 5:3, 4) Bitta yosh birodar shunday bo‘lishdi: «O‘z jinsimdagi insonlarga ishqiy tuyg‘ular paydo bo‘lish istagi bilan rosa kurashaman. Bu tuyg‘u yo‘q bo‘lib ketadi, deb o‘ylagandim. Biroq bu hozir ham davom etyapti». Xo‘sh, noma’qul istaklar juda ham kuchli bo‘lganda sizga nima yordam berishi mumkin?
15. Hamma insonlar yomon istaklar bilan kurashayotganini bilish nega daldali? (Rasmga qarang.)
15 Noo‘rin istaklar bilan kurashar ekansiz, shuni unutmangki, siz yolg‘iz emassiz. Muqaddas Kitobda: «Sizlar odamlar yo‘liqayotgan oddiy vasvasalarga duch kelyapsizlar»,— deb aytilgan. (1 Kor. 10:13a) Ushbu so‘zlar Korinfda yashagan masihiylarga qaratilgan edi. Ularning ba’zilari zinoga qo‘l urgan, o‘z jinsidagi insonlar bilan jinsiy aloqada bo‘lgan va ichkilikka ruju qo‘ygandi. (1 Kor. 6:9–11) O‘sha masihiylar suvga cho‘mganidan keyin yomon istaklar bilan boshqa kurashmagan deb o‘ylaysizmi? Bu unday emas. Ular moylangan bo‘lganiga qaramay, haliyam nomukammal edi. Shubhasizki, ular noo‘rin istaklar bilan kurashishda davom etgan. Ha, buni bilish daldali. Chunki siz qarshi turayotgan istak bilan boshqa inson ham kurash olib borgan. Azizlar, ushbu so‘zlarni yodda tuting: «Imonda mustahkam bo‘ling... Bilinglarki, dunyodagi barcha imondoshlaringiz xuddi shunday qiyinchiliklarga duchor bo‘lishyapti». (1 Butr. 5:9)
16. Qanday istakka qarshi turishimiz kerak va nega?
16 Vaziyatimni hech kim tushunmaydi, deb o‘ylash tuzog‘idan qoching. Chunki bunday fikrlar sizni umidsizlikka tushirib, o‘zingizga bo‘lgan ishonchni susaytirishi mumkin. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Xudo O‘z so‘ziga sodiqdir va dosh bera olmaydigan darajada vasvasa qilinishingizga U yo‘l qo‘ymaydi. Aksincha, vasvasa paytida chiday olishingiz uchun ilojini ham beradi». (1 Kor. 10:13b) Yomon istak qanchalik kuchli bo‘lmasin, Yahovaga sodiq qola olamiz. Uning yordami bilan yomon istakka qarshi turishimiz mumkin.
17. Noo‘rin istaklarni nazorat qilishga nima yordam berishi mumkin?
17 Doimo shuni yodda tuting: nomukammal bo‘lganimiz uchun vaqti-vaqti bilan noo‘rin istaklar paydo bo‘lib turadi. Biroq yomon istaklarga berilmay, ularni darrov rad eta olasiz. Esingizda bo‘lsa, Yusuf Po‘tifarning xotinidan tezda qochib ketgan edi. (Ibt. 39:12) Ha, yomon istaklarga berilmaslik qo‘lingizdan keladi!
KURASHNI DAVOM ETTIRING
18, 19. Ongimizni yangilashga harakat qilayotib, o‘zimizga qanday savollarni berishimiz kerak?
18 Ongimizni yangilab turish Yahovaning irodasiga muvofiq fikr yuritishni va harakat qilishni o‘z ichida oladi. Shunga muntazam ravishda o‘zimizdan quyidagicha so‘rasak bo‘ladi: «Ishlarimdan oxirat yaqinligini tushunayotganim ko‘rinyaptimi? Yangi o‘zlikni kiyishda yaxshilanyapmanmi? Tana istaklariga qarshi turish uchun muqaddas ruh menga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘yyapmanmi?»
19 O‘zingizni tekshirganingizda mukammallikni kutmang. Aksincha, erishgan yutuqlaringizdan xursand bo‘ling. Agar nimanidir o‘zgartirishingiz kerakligini ko‘rsangiz, tushkunlikka tushmang. Buning o‘rniga Filippiliklarga 3:16 dagi quyidagi maslahatga amal qiling: «Nimaga erishgan bo‘lsak, kelinglar, bundan buyon ham odat tusiga kirgan shu tartibga binoan yo‘l tutaylik». Bunday yo‘l tutar ekansiz, ongingizni yangilash uchun qilayotgan harakatlaringizga Yahova baraka berishiga amin bo‘ling.
36-QO‘SHIQ Qalbingizni asrang
a Havoriy Pavlus imondoshlarini ushbu yozuv dunyoga uyg‘unlashmaslikka undagan. Bu maslahat bizga ham tegishli. Dunyoning nuqtai nazari bizga ta’sir qilmayotganiga amin bo‘lishimiz kerak. Agar fikrlarimiz Yahovaga ma’qul kelmayotganini sezsak, uni o‘zgartirishda davom etishimiz lozim. Buni qanday qilishimiz mumkinligini ushbu maqolada ko‘rib chiqamiz.
b «Qo‘riqchi minorasi»ning 2015-yil 1-iyul sonidagi «Hayotim tobora izidan chiqib ketayotgan edi» nomli maqolaga qarang.
c RASMGA SHARH. Yosh birodar oliy ma’lumotli bo‘laymi yoki to‘la vaqtli xizmatni boshlaymi deb fikr yurityapti.