Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

3-TADQIQ MAQOLASI

Yahova muvaffaqiyatga erishishimizga yordam beryapti

Yahova muvaffaqiyatga erishishimizga yordam beryapti

Yahova Yusuf bilan edi. Shu sababli, Yusufning ishlari yurishdi. IBT. 39:2

30-QO‘SHIQ Do‘stim, Otam va Rabbim

BU MAQOLADA a

1, 2. a) Nega qiyinchiliklarga duch kelayotganimizdan hayron emasmiz? b) Bu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

 YAHOVANING xalqi sifatida qiyinchiliklarga duch kelganda hayron qolmaymiz. Muqaddas Kitobda aytilganiday, «Xudoning Shohligiga ko‘p qayg‘ulardan o‘tib kirishimiz kerakligini» tushunamiz. (Havor. 14:22) Ba’zi muammolarimiz faqatgina yangi dunyoda to‘liq hal bo‘ladi. U yerda «o‘lim, motam, faryod va og‘riq boshqa bo‘lmaydi». (Vah. 21:4)

2 Yahova bizni qiyinchiliklardan mo‘jizaviy tarzda himoya qilmaydi, ammo ularni yengishimizga ko‘maklashadi. Havoriy Pavlus Rimdagi masihiylarga nima deb yozganiga e’tibor bering. Avval u birodarlar yo‘liqqan bir qancha muammolarni sanab o‘tgan. Keyin: «Bizni sevganning yordami bilan, biz barcha narsa ustidan butunlay g‘alaba qozonyapmiz»,— deb aytgan. (Rim. 8:35–37) Demak, muammolar paytida ham Yahova muvaffaqiyat qozonishimizga yordam bera oladi. Keling, U Yusufga qanday ko‘maklashganini va bizni qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlashini bilib olaylik.

VAZIYATIMIZ BIRDAN O‘ZGARGANIDA

3. Qay yo‘sin Yusufning hayoti kutilmaganda o‘zgardi?

3 Yoqub boshqa o‘g‘illaridan ko‘ra Yusufni ko‘proq yaxshi ko‘rardi va bu yaqqol ko‘rinardi. (Ibt. 37:3, 4) Buning oqibatida Yusufning akalari unga hasad qilishardi. Bir kuni ular imkoniyatdan foydalanib, Yusufni midiyonlik savdogarlarga sotib yuborishdi. Ular uni yuzlab kilometr uzoqlikda bo‘lgan Misrga olib borib, fir’avn soqchilarining boshlig‘i Po‘tifarga sotishdi. Ko‘rib turganimizday, Yusufning hayoti tubdan o‘zgardi. Oldin u otasining sevikli o‘g‘li edi, hozir esa misrlik arzimas qul. (Ibt. 39:1)

4. Yusuf kabi qanday qiyinchiliklarga duch kelishimiz mumkin?

4 Muqaddas Kitobning bir tarjimasida «hamma insonlar bilan yomon narsalar bo‘lib turadi», deb aytilgan. (Voiz 9:11, «Holy Bible—Easy-to-Read Version») Ba’zan «odamlar yo‘liqayotgan oddiy» qiyinchiliklarga duch kelamiz. (1 Kor. 10:13) Yoki Isoning shogirdi bo‘lganimiz uchungina bosim ostida qolamiz. Misol uchun, imonimiz tufayli ustimizdan kulishlari, qarshi chiqishlari yoki hatto ta’qib qilishlari mumkin. (2 Tim. 3:12) Qanday muammoga duch kelmaylik, Yahova muvaffaqiyatga erishishimizga yordam beradi. U Yusufga qanday ko‘maklashgan?

Yusufni Misrga qul sifatida sotib yuborishganida ham Yahova uni qo‘llab-quvvatlashda davom etgan (5-xatboshiga qarang.)

5. Po‘tifar Yusuf haqida qanday xulosaga kelgan? (Ibtido 39:2–6)

5 Ibtido 39:2–6 ni o‘qing. Po‘tifar Yusuf qobiliyatli va mehnatkash ekanini payqagan. U buning sababini ham bilgan. Po‘tifar Yahova Yusufning «har qanday ishiga» baraka berayotganini ko‘rgan b. Vaqt o‘tib, Yusuf unga xizmat qila boshlagan va uning butun xonadoni ustidan bosh etib tayinlangan. Natijada Po‘tifarning ishlari yurishib ketgan.

6. Yusuf nimalarni his qilgan bo‘lishi mumkin?

6 Keling, vaziyatga Yusufning nazari bilan qarab ko‘raylik. U eng ko‘proq nimani xohlagan deb o‘ylaysiz? Po‘tifar unga e’tibor berib, taqdirlashinimi? Ehtimol, u tezroq ozod bo‘lib, otasining oldiga qaytishni hamma narsadan ko‘proq xohlagan. Yusuf Po‘tifarning uyida ko‘p muhim ishlarni bajarganiga qaramay, haliyam butparast xo‘jayinga xizmat qilgan. Yahova Po‘tifarning qalbiga Yusufni ozod qilish fikrini solmagan. Vaqt o‘tib, Yusufning vaziyati battarlashib ketgan.

VAZIYAT YANADA YOMONLASHGANIDA

7. Qay yo‘sin Yusufning vaziyati yanada yomonlashgan? (Ibtido 39:14, 15)

7 Ibtido 39- bobda aytilganiday, Po‘tifarning xotini Yusufga mahliyo bo‘lgan va qayta-qayta o‘ziga rom etishga harakat qilgan. Yusuf har safar bunga qarshi turgan. Oxir-oqibat ayolning jahli chiqib, Yusufni uni zo‘rlamoqchi bo‘lganlikda ayblagan. (Ibtido 39:14, 15 ni o‘qing.) Po‘tifar buni eshitganida Yusufni zindonga tashlagan. U bir necha yil mobaynida u yerda qolib ketgan. (Ibt. 39:19, 20) Zindon zim-ziyo bo‘lgan va Yusuf o‘zini juda umidsiz his qilgan. (Ibt. 40:15) Shuningdek, Muqaddas Kitobda uning oyoqlariga zanjir urilgani va bo‘yniga temir kishan solingani aytilgan. (Zab. 105:17, 18) Uning vaziyati yanada yomonlashgan. U ishonchli quldan mahbusga aylangan.

8. Vaziyat yomonlashganda nimaga amin bo‘lishimiz mumkin?

8 Sidqidildan ibodat qilganingizga qaramay qiyinchiligingiz battarlashganmi? Ha, bunday bo‘lib turishi mumkin. Chunki Yahova Shayton boshqarayotgan bu dunyoda bizni mo‘jizaviy tarzda qiyinchiliklardan himoya qilmaydi. (1 Yuhan. 5:19) Ammo shuni yodda tutingki, Xudo nimalarni boshdan kechirayotganingizni biladi va sizga g‘amxo‘rlik qiladi. (Mat. 10:29–31; 1 Butr. 5:6, 7) Bundan tashqari, U: «Seni hecham tashlab ketmayman va aslo tark etmayman»,— deb va’da beryapti. (Ibron. 13:5) Yahova chorasiz tuyulgan vaziyatda ham sizga yordam beradi. Keling, U Yusufga qanday ko‘maklashganini bilib olaylik.

Yusuf zindonda bo‘lganida va mahbuslar ustidan boshliq etib tayinlanganida Yahova u bilan bo‘lgan (9-xatboshiga qarang.)

9. Yahova zindonda Yusuf bilan birga ekani qay yo‘sin namoyon bo‘ldi? (Ibtido 39:21–23)

9 Ibtido 39:21–23 ni o‘qing. Zindondagi vaziyat og‘ir bo‘lgan bir paytda Yahova Yusufning ishi yurishishiga yordam berdi. Qanday qilib? Po‘tifar bilan bo‘lganiday, Yusuf zindon boshlig‘ining hurmati va ishonchiga sazovor bo‘ldi. Keyinchalik u barcha mahbuslarni Yusufning ixtiyoriga topshirdi. Muqaddas Kitobda aytilishicha, «zindon boshlig‘i Yusufning qo‘liga topshirgan hech bir narsasidan tashvishlanmas edi». Shunday qilib, Yusuf bel bog‘lab mehnat qilardi. Ha, vaziyat kutilmaganda o‘zgardi. Amaldorning xotinini zo‘rlashda ayblangan mahbusga qanaqasiga shunday ishonchli vazifa topshirildi? Buning bitta sababi bor. Ibtido 39:23 da yozilganiday, «Yahova Yusuf bilan birga edi va Yahova uning har bir ishiga rivoj berdi».

10. Yusuf nega o‘zini muvaffaqiyatsiz his qilgan bo‘lishi mumkin? Tushuntiring.

10 Yusuf o‘zini qanday his qilgan? Nohaq ayblanib, zindonga tashlangach, u o‘zini hamma narsada muvaffaqiyatli deb bilganmi? Yusuf aslida nimani xohlagan? Zindon boshlig‘ining nazarida iltifot topishnimi? Hoynahoy, u oqlanib ozod etilishni istagan. Yusuf hatto ozod etilish arafasida turgan mahbusdan fir’avnga u haqda aytib, uni ozod etishini so‘ragan. (Ibt. 40:14) Afsuski, o‘sha mahbus buni unutgan. Natijada Yusuf yana ikki yil zindonda qolib ketgan. (Ibt. 40:23; 41:1, 14) Lekin Yahova uni qo‘llab-quvvatlashda davom etgan. Qanday qilib?

11. Yahova Yusufga qanday qobiliyat ato etgan va bu irodasini amalga oshirishda qanday qo‘l kelgan?

11 Yusuf zindonda bo‘lganida fir’avn ikkita tush ko‘radi va ularning ma’nosini bilmoqchi bo‘ladi. U Yusuf tushlarni ta’birlash qobiliyatiga ega ekanini bilganida uni ozod etadi. Yahovaning ko‘magi bilan u tushlarni tushuntiradi va fir’avnga yaxshi maslahat beradi. U Yahova Yusuf bilan ekanini tushunganda, uni Misrda oziq-ovqat mahsulotlarini taqsimlashda bosh etib tayinlaydi. (Ibt. 41:38, 41–44) Keyinchalik, u yerda va Yusufning oilasi yashagan Kan’on yurtida ocharchilik yuz beradi. Yusuf bu vaziyatda ularga yordam bera olardi. Shu yo‘sin, Masih kelib chiqishi kerak bo‘lgan nasl saqlanib qolardi.

12. Qay yo‘sin Yahova Yusufning ishi yurishishiga yordam bergan?

12 Yusufning hayotidagi qiziqarli hodisalar borasida o‘ylab ko‘ring. Po‘tifar arzimas qulga e’tibor qaratishiga kim sababchi bo‘lgan? Zindon boshlig‘i Yusuf kabi oddiy mahbusga marhamat ko‘rsatishining ortida kim turgan? Nega fir’avn o‘zgacha tushlarni ko‘rgan va Yusufga ularni ta’birlashga kim yordam bergan? Uni muhim lavozimga tayinlashga fir’avnni kim undagan? (Ibt. 45:5) Shubhasizki, aynan Yahova tufayli Yusufning ishlari doim yurishgan. Qolaversa, akalari uni o‘ldirmoqchi bo‘lganiga qaramay, Yahova vaziyatni o‘zgartirgan va irodasini amalga oshirgan.

QAY YO‘SIN YAHOVA SIZNI QO‘LLAB-QUVVATLAYDI?

13. Yahova hayotimizdagi har bir vaziyatga aralashadimi? Tushuntiring.

13 Yusuf bilan bo‘lgan voqeadan qanday xulosa chiqarishimiz mumkin? Yahova hayotimizdagi har bir vaziyatga aralashadimi? Yomon vaziyatlar yaxshilikka bo‘lishi uchun hodisalarni yo‘naltiradimi? Muqaddas Kitobga ko‘ra, yo‘q. (Voiz 8:9; 9:11) Ammo shuni bilamizki, qiyinchiliklarga duch kelganimizda, Yahova bundan xabardor bo‘ladi va yordam so‘raganimizda bizni eshitadi. (Zab. 34:15; 55:22; Ishayo 59:1) Eng muhimi esa muammoni yenga olishimiz uchun U bizni qo‘llab-quvvatlaydi. Qanday qilib?

14. Yahova og‘ir paytda bizga qanday yordam beradi?

14 Yahova biz muhtoj bo‘lgan paytda tasalli va dalda berish orqali ko‘maklashadi. (2 Kor. 1:3, 4) Turkmanistonda imoni uchun ikki yil qamoqda o‘tirgan Aziz ismli birodarning misolini olaylik. U quyidagicha bo‘lishdi: «Sud bo‘lgan kuni bitta birodar Ishayo 30:15 ni ko‘rsatdi. U yerda: “Xotirjam bo‘lib Menga tayansangiz, kuchli bo‘lasiz”,— deb yozilgan. Ushbu so‘zlar doim xotirjam bo‘lishimga va har narsada Xudoga tayanishga yordam bergan. Qamoqda bo‘lganimda bu oyat menga asqatdi». Siz ham yordamga muhtoj bo‘lganingizda, Yahova tasalli va dalda bergan vaziyatlarni eslay olasizmi?

15, 16. Torining misolidan qanday saboq oldingiz?

15 Ko‘p hollarda qiyinchilik ortda qolganidan keyin Yahova bizga yordam berganini payqaymiz. Tori opamizda ham shunday bo‘ldi. O‘g‘li Meyson saraton bilan olti yil kurashganidan keyin hayotdan ko‘z yumdi. Bu Tori opamizning qalbini tilka-pora qildi. U shunday bo‘lishdi: «Ona uchun bundan-da dahshatli vaziyat bo‘lmasa kerak. O‘zimizning qiynalishimizga qaraganda, farzandimizning azobini ko‘rish yanada og‘irroq. Ota-onalar buni yaxshi tushunadi».

16 Tori uchun bu vaziyat juda qiyin bo‘lgan bo‘lsa-da, Yahova uni yengishga qay yo‘sin yordam berganini eslagan. U shunday bo‘lishdi: «O‘g‘lim kasal bo‘lgan paytda Yahova menga juda ko‘p yordam bergan. Misol uchun, ba’zida Meyson ahvoli og‘irligi tufayli uni yo‘qlab kelganlar bilan ko‘risha olmagan bo‘lsa-da, birodar-u opa-singillarimiz mashinada ikki soat yo‘l yurib kasalxonaga kelishardi. Qabulxonada yordam berishga tayyor imondoshlarimiz doim bo‘lardi. Ular moddiy ehtiyojlarimizga ham g‘amxo‘rlik qilishardi. Hatto eng og‘ir paytda ham kerakli narsalarimiz bo‘lgan». Yahova Tori va Meyson bardoshli bo‘la olishlari uchun ularga kerakli yordamni bergan. (« Yahova biz muhtoj bo‘lgan barchasini o‘z vaqtida bergan» nomli ramkaga qarang.)

BARAKALARINGIZNI KO‘ZDAN QOCHIRMANG

17, 18. Qiyinchilik paytida Yahova yordam berayotganini tushunishga va Unga minnatdorchilik bildirishga nima yordam beradi? (Zabur 40:5)

17 Zabur 40:5 ni o‘qing. Masalan, alpinist tog‘ cho‘qqisiga chiqmoqchi bo‘ladi. U yo‘lida to‘xtab, atrofidagi chiroyli manzarani tomosha qiladi. Shunga o‘xshab, biz ham muntazam ravishda to‘xtab, Yahova qiyin vaziyatlarda qanday yordam bergani haqida fikr yuritishimiz lozim. Kunning oxirida o‘zingizdan shunday so‘rab ko‘ring: «Bugun Yahova menga qanday baraka berdi? Qiyinchiligim tugamagan bo‘lsa ham uni yengishimga Yahova qanday ko‘maklashyapti?» Xudo sizga yordam bergan hech bo‘lmasa bitta vaziyatni eslashga harakat qiling.

18 Qiyinchiligimiz tugashi haqida ibodat qilishimiz shubhasiz. Bu to‘g‘ri va o‘rinli. (Filip. 4:6) Lekin hozirning o‘zida ega bo‘lgan barakalarimizni ko‘zdan qochirmaslik lozim. Yahova sinovlarni yengish uchun kuch va yordam berishni va’da qilyapti. Shuning uchun, Uning qo‘lini hayotingizda ko‘rganingizda doim minnatdorchilik bildiring. Shunda Yusuf bilan bo‘lganidek, hatto qiyin damlarda ham Yahova muvaffaqiyatli bo‘lishingizga yordam berishini ko‘rasiz. (Ibt. 41:51, 52)

32-QO‘SHIQ Yahova tomon turing!

a Og‘ir qiyinchilik paytida ishimiz yurishmayotganday tuyulishi mumkin. Chunki muvaffaqiyatga qiyinchilik tugaganidan keyin erishsa bo‘ladi, deb o‘ylarmiz. Lekin Yusufning misoli buning aksini ko‘rsatadi, ya’ni Yahova qiyinchiliklar girdobida ham muvaffaqiyatga erishishimizga yordam beradi. Ushbu maqolada bu haqda so‘z yuritamiz.

b Muqaddas Kitobda Yusufning vaziyati yaxshi tomonga o‘zgargani bor-yo‘g‘i bir nechta oyatda yozilgan. Ammo bu bir necha yil mobaynida davom etgandir.